Jarohatlarni davolash.
Jarohatni davolashda yaxshi natijalarga erishish uchun davolash ishlarini iloji boricha ertarok boshlash zarur va shunda albatta jarohat biologiyasiga ahamiyat berish kerak.
1. Mexanik antiseptika quyidagilardan iborat:
Jarohat tualeti – jarohat atrofi tozalanadi, bunda jarohat ichiga har xil iflosliklar tushmasligi uchun u 5% yod eritmasi bilan ishlanadi va ichiga shu eritma bilan namlangan salfetka qo’yiladi. Keyin jarohat atrofidagi junlar olib tashlanadi. Teriga 0,5% novshandil spirti, 2% xloramin eritmasi, 0,2% xlorgeksidin bilan jarohatdan chetga karatilib ishlov beriladi. Teri steril tampon bilan quritilib ikkinchi marotaba 5% yod eritmasi surtiladi. Jarohat atrofiga xirurgik ishlov berilgandan so’ng uning chetlari operatsion ilgaklar yordamida ochiladi, ichi o’lgan to’qima, ekssudat, yod jismlardan tozalanadi. Jarohat bushligi 3% vodorod perikisi, 2% xloratsid, xloramin, 1:5000 furatsillin yoki geksidin eritmasi bilan yuviladi.
Yangi jarohatga xirurgik ishlov berish. Bu usul birinchi marotaba Charukovskiy so’ng Fridrix tomonidan tavsiya qilingan. Ularning fikricha birinchi 6 soat ichida mikroorganizmlar faqat jarohat devorlarida bo’lib, to’qima ichiga utmaydi. B.V.Ognev tajriba qo’yib, jarohat boshlanishidan 0,5 soatdan so’ng mikroblarni regional limfa tugunlarida topgan. Ammo birinchi 6 – 12 soat ichida jarohatdan o’lgan to’qimalar kesib olib tashlansa, jarohat birlamchi tortilish asosida bitishi mumkinligini aniqlagan.
Xirurgik ishlov berish kuyidagilarga bo’linadi:
1. Birlamchi xirurgik ishlov, u esa yana 3ga bo’linadi
a) erta xirurgik ishlov (6 – 12 soatda);
b) qoldirilgan (24 – 36 soatda);
v) kechiktirilgan – yiringli yallig’lanish boshlanganda.
Aytib o’tilgan muddatlar ichida jarohatga quyidagi xirurgik ishlov beriladi:
a) Jarohatni kesib kengaytirish – eng oddiy usul bo’lib chuqur, tor, ezilgan to’qimalar, cho’ntaklar, yod jismlar mavjud, anaerob infeksiya rivojlanish xavfi bor jarohatlarda albatta qo’llanishi zarur. Kesish mahalliy og’riqsizlantirish ostida o’tkaziladi. Jarohat kengaytirilgandan so’ng ichi issik (40oC) gipertonik eritmalar bilan yuviladi va ichiga drenaj qo’yiladi yoki antiseptik kukunlar sepiladi. Jarohat ichiga ishlov berilgandan so’ng, ustiga yengil bog’lam qo’yiladi.
b) Jarohat to’qimalarini qisman kesib tozalash jarohatning birinchi fazasini ancha qisqartirishga yordam beradi va infeksiyaning oldini oladi. Bitish ikkilamchi tortilish bo’yicha kechadi. Qisman kesib tozalash anatomik bo’shliqlar, a’zolar, nervlarga shikast yetkazish xavfi bo’lganda qo’llanadi.
O’lgan to’qimalarni aniklash uchun jarohatga 0,5 – 1% brotimolblau yoki metilblau tomizdiriladi. Bir necha daqiqadan so’ng o’lgan to’qimalarning rangi sezilarli darajada o’zgaradi. Kesishdan avval mahalliy og’riqsizlantirish o’tkaziladi. O’lgan to’qimalar olib tashlangandan so’ng jarohat ichiga tritsillin yoki murakkab bakteriologik kukun sepiladi: Acidi borici 6,0; Yodoformii 2,0; Streptocidi; Natrii salicylici aa 1,0 keyinchalik operatsiya jarohatlarning 3/2 kismiga choklar qo’yilishi bilan tugaydi. Agar chok qo’yishning ilojisi bo’lmasa unda jarohatga faqat bog’lam qo’yiladi.
Jarohatdan yiringning oqishi kamayib granulyatsion to’qimalar yaxshi o’ssa va uni qoplasa jarohatga ikkilamchi choklar qo’yiladi. Bunda jarohat birlamchi tortilish bo’yicha bitadi. Ikkilamchi chokni qo’yish uchun tekshirilganda fibroplastlar, makrofaglar, fagotsitozli aktivlik mavjud bo’lishi kerak, ular bo’lmasa chok qo’yilmaydi.
Ikkilamchi choklarni qo’llashdan oldin kuniga 2–3 marotaba 2% xloratsid eritmasi bilan shimdirilgan dokali applikatsiyalar qo’llanadi, jarohat 3 marotaba 1:5000 furatsilin, 0,2 % xlorgeksidin eritmalari bilan yuviladi va yaxshi natija berish uchun 0,25% kanamitsin, 0,04 % gentamitsin applikatsiyalar qo’llanadi. Yuqorida aytilgan ishlar chok qo’yishdan 3 soat oldin tugatiladi.
Ikkilamchi choklarning ikki xili mavjud:
Dastlabki ikkilamchi chok – yangi granulyatsion to’qima o’sgan va xirurgik ishlov berilgan jarohatga qo’yiladi.
Kechiktirilgan ikkilamchi chok – jarohat tubidan chandiqlanish boshlangan, eski jarohatlarda qo’llanadi. Bunda jarohat chetlari asta – sekinlik bilan bir necha kun ichida biriktiriladi.
v) Jarohat devorlarini to’liq kesib olib tozalash yangi tasodifiy, o’q tekkan jarohatlarni aseptik jarohatga o’tkazish uchun eng yaxshi uslub. Bunda jarohat birlamchi tortilish bo’yicha bitadi. Kesishdan oldin qisqa novokain – antibiotikli qamal o’tkaziladi. Yaxshisi rompun, kombelen relaksantlari yoki narkoz qo’llash lozim.
Kesayotganda yangi hosil bo’ladigan jarohatga mikroblar tushmasligi uchun ichiga 1:1000 yodli spirt bilan namlangan tampon qo’yiladi. Kesim tirik, sog’lom to’qimalar chegarasida o’tkaziladi. Kesib bo’lgandan so’ng yangi aseptik jarohat ichiga murakkab kukun sepiladi va chetlariga choklar qo’yiladi. Agar to’liq kesib olib tozalash 6 – 12 soatdan so’ng o’tkazilsa unda choklar jarohat chetlarining 4/3 qismiga qo’yiladi va jarohat ichiga Vishnevskiy yoki sintomitsin linimenti bilan drenaj qo’yiladi. 3 kundan so’ng yiring va boshqa asoratlar bo’lmasa drenaj olinadi va jarohat butunlay tikiladi. Keyinchalik jarohat atrofida shish kuzatilsa, qo’shimcha qo’yilgan choklar olib tashlanib, jarohatga antiseptik ishlov beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |