Bank kapitalini tartibga solishning muammolari. Hozirgi paytda bank kapitalini
tartibga solish o‘tish davrida turibdi deyishimiz mumkin. Albatta, barcha banklar uchun
kapitalning minimal miqdorini o‘rnatishga asoslangan strategiya, tartibga solish
organlari uchun boshqaruvning eng oson usuli hisoblanadi. Ammo kapitalning
adekvatligini ta’minlashning bu oddiy usulida ham yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan
muammolar mavjud. Kapitalning minimal miqdorini o‘rnatish tizimi omonatchilar
tomonidan depozitlarni ommaviy tarzda qaytarib olish (depozitlarini yo‘qotayotgan
bank to‘lovga qobil bo‘lishiga qaramasdan) jarayonini tezlashtirishi mumkin. Bu
qanday amalga oshadi? Mijozlar bankning kapitali (bankning kapitalizatsiya
darajasining yetarli adekvatligi saqlangan holda ham) belgilangan darajadan kamayishi
holatiga, depozitlarini likvidatsiya qilish bilan javob berishadi.
Boshqa muammo, bank faoliyatida alohida bankning kapitalini tavsiflovchi
ko‘rsatkich haqiqatda nimani anglatishi mijozlar tomonidan to‘liq tushinilmasligidir.
Masalan, banklar o‘z kapitalining o‘rnatilgan minimal darajasiga ega bo‘lishi ularning
ishonchliligidan dalolat bermaydi.
Qo‘shimcha kapitalni jalb qilinishi masalalari. So‘nggi yillarda dunyoning barcha
banklari rivojlanishnii ta’minlash va omonatchilir riski darajasini kamaytirish uchun
qo‘shimcha kapitalni jalb qilish masalasiga alohida e’tibor berishmoqda. Qo‘shimcha
kapitalga bo‘lgan talabning oshishiga bank faoliyatini davlat tomonidan tartibga
solinishi va raqobat kurashining kuchayishi bilan bog‘liq bo‘lgan bir necha omillar o‘z
ta’sirini o‘tkazdi.
Eng asosiy omillardan biri inflyatsiyadir – u bank aktivlari va passivlari miqdorini
ko‘paytirgan holda xususiy kapital miqdorini kamaytirib yuboradi. Ikkinchi omil
sifatida iqtisodiyotning barqoror holatda emasligi chiqadi, chunki u bank
daromadlarining olinmasligi riskini ko‘paytiradi. Harajatlarning (ayniqsa depozitlar
bo‘yicha foiz to‘lovlarining) oshib borishi bank rivojlanishining bosh manbasi bo‘lgan
foyda darajasining pasayishiga olib keladi. Shuningdek, energiya manbalari va
ko‘chmas mulk baholari dinamikasining oshib borishi va qayta tartibga solish
jarayonidagi holatlar natijasida, kapital bozoridagi ko‘pchilik investorlar banklarni katta
riskli muassasa deb baholashmoqda.
Bank faoliyatini nazorat qiluvchi va tartibga soluvchi organlar banklardan yangi
xizmatlarni joriy qilish, yangi filiallarni tashkil etish chog‘ida bank kapitalining
minimal miqdorini shakllantirishga e’tiborni qaratishni qat’iy talab qilishmoqda. Yuqori
kapitalizatsiya darajasidagi banklar yangi tarmoqlarga kirib borishmoqda va o‘z ta’siri
doirasidagi hududlarni kengaytirib borishmoqda. «Kuchsiz» kapitalga ega banklar
tartibga solishning jiddiy ta’sirini his qilgan holda, o‘z faoliyatida ma’lum
chegaralanishlarga rioya qilishga majburdirlar. Kapital bo‘yicha tartibga solishning
zamirida «bank egalari o‘z tavakkali va riski ostida bankga ko‘proq mablag‘ qo‘yadilar,
bu esa bankrotlik ehtimoli va ortiqcha riskni kamaytiradi» degan tushuncha yotadi.
Natijada, xususiy kapital bank faoliyatini qanchalik ko‘p miqdorda ta’minlasa, bank
aksionerlari bank operatsiyalari sifatini nazorat qilishga shunchalik ko‘p e’tibor
qilishadi. Ammo tartibga solish organlari banklarga chegarasiz talablarni qo‘yisha
olishmaydi. Kapital hajmiga qo‘yilgan keragidan ortiqcha talablar, iqtisodiy o‘sishni
ta’minlovchi, banklarning kreditlash imkoniyatlarining kuchsizlantirib qo‘yishi
mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |