Lamarkning sistematika soxasidagi ishlari. Lamark Linney sistemasini qayta ko’rib chiqib, hayvonlarning original sistemasini yaratdi. U barcha hayvonlarni «umurtqalilar» va «umurtqasizlar» guruhiga, ularni esa o’z navbatida 14 ta sinfga va 6 ta pog’onaga ajratdi.
Lamark hayvonlarni sistemaga solishda ko’proq ichki, tashqi organlarining tuzilishiga e’tibor berdi. CHunonchi, eng sodda ko’rinishda bo’lgan tuban hayvonlarda, ya’ni infuzoriyalar sinfida qon tomirlar ham, hazm qilish organlari ham bo’lmaydi. Poliplar sinfida esa hazm qilish organi naydan iborat bo’lib, paypaslagichlari bor og’iz bilan tamomlanadi. Sistemaning ikkinchi pog’onasiga nurlilar va chuvalchanglar sinfi kiritilib, ularda hazm qilish organlaridan tashqari, ba’zi boshqa ichki organlar ham rivojlangan bo’ladi. Lekin ularda ko’z, uzunchoq — zanjirsimon miya, qon tomirlar, oyoq bo’lmaydi. Uchinchi pog’onaga hasharotlar, o’rgimchaksimonlar sinfi kiritilgan. Ular bo’g’imoyoqlari, ko’zi boshida joylashganligi, nervlari uzunchoq — zanjirsimon miyaga to’planganligi bilan xarakterlanadi. Traxeya nafas olish organi vazifasini bajaradi. O’rgimchaksimonlarda qon aylanish sistemasi sodda tuzilgan bo’ladi. To’rtinchi pog’onadagi qisqichbaqasimonlar, halqalilar, murtaoyoqlilar, mollyuskalar sinfining vakillarida qon aylanish sistemasi rivojlangan, nafas olish organlari esa takomillashgan, nervlar uzunchoq zanjirsimon miyaga, mollyuskalarda esa nerv tugunlariga to’plangan. Bu pog’onadagi hayvonlarda qon tomirlar arteriya va venalarga bo’linadi. Beshinchi pog’onaga baliqlar, reptiliyalar sinfi kiritilgan. Ularning yuragi ikki kamerali (baliqlarda) va uch kamerali (reptiliyalarda) bo’lgan. Lekin har ikkala holda ham yurak bir bo’lmaga ega, bu hayvonlar sovuqqonli, nervlari kalla suyagini to’ldirmaydigan bosh miyaga to’plangan bo’ladi. Oltinchi pog’onaga kiritilgan qushlar, sut emizuvchilar sinfi nerv sistemasining yanada takomillashganligi, ya’ni nervlar kalla suyagini to’ldiruvchi bosh miyaga to’planganligi, yuragi ikki bo’lmadan iboratligi, issiqqonliligi bilan farq qiladi. Lamark tuzgan hayvonlar sistemasi Linney sistemasiga qaraganda bir qancha afzalliklarga ega bo’lsada, unda ko’pgina kamchiliklarga yo’l qo’yilgan. Masalan, amfibiyalar bilan reptiliyalar sun’iy ravishda bir sinfga, bir teshiklilar (kloakalilar — o’rdakburun, yexidna) qushlar sinfiga, bulutlar, mshankalar, ba’zi pardalilar, gidroidlar poliplar sinfiga kiritilgan edi. Bunday kamchiliklarga qaramay, pog’onali tuzilishning asta-sekin takomillashishi printsipiga asoslangan Lamark hayvonot olamining genealogik sxemasini tuzishga muvaffaq bo’ldi. Uning sistemasi va genealogik sxemasi hayvonlar sistemasining keyingi rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |