Organik olamning gradatsiyasi. Lamark turlarning o’zgaruvchanligini qayd etish bilan birga, bu o’zgarishning sabablarini, evolyutsiya jarayonini harakatlantiruvchi kuchlarni tushuntirishga intildi. U organizmlarni sinflash ustida ishlar ekan, tuzilishiga qarab ularni tartib bilan joylashtirish mumkinligini aytgan. Lamark fikricha, barcha o’simliklar bilan hayvonlar azaldan doimiy bo’lmagan, balki ma’lum vaqtda rivojlangan. Hayot materiyaning muayyan bir tashkiliy va xarakteridan kelib chiqqan xossadan iborat. Birinchi sodda organizmlar tiriklikka xos xususiyatlarga ega bo’lmagan. Birlamchi organizmlar hayotiy xususiyatlarga ega bo’lishi uchun ular tanasiga tashqi muhitda keng tarkalgan «flyuidlar» (moddiy zarrachalar) kirib, ularga organizm sifatini berishi zarur. Lamarkcha tabiatning rivojlanishi hamisha sodda tirik jismlarning paydo bo’lishidan boshlangan. Binobarin, uning rivojlanish yo’li soddadan murakkabga, tubandan yuksakka tomon borgan.
Tirik mavjudotlar tuzilishining murakkablik formasiga qarab, tabiatda ma’lum bir bosqich — pog’ona bor. Lamark uni gradatsiya deb atagan. Gradatsiya printsipi umumiy biologik ahamiyatga ega bo’lib, evolyutsiya jarayonining asosiy yo’nalishi hisoblanadi. Gradatsiya printsipi, Lamark qayd etishicha, sinflar va boshqa yirik taksonomik guruhlarni bir-biriga taqqoslaganda ayniqsa ko’zga yaqqol tashlanadi.
Yangi paydo bo’lgan har bir sinf rivojlanishdagi yangi bir qadam bo’lib, ilgarigi sinfga nisbatan ancha yuksak yangi tuzilishdan iborat. Sinfdan kichik takson (turkum, oila, avlod, tur) larda gradatsiyani aniqlash mumkin emas. Tashqi muhit ta’sirida sinf ichida gradatsiya buziladi.
Tuzilish murakkabligini ifodalovchi pog’ona — gradatsiya g’oyasi yangi emas. U XVIII asrda keng tarqalgan «mavjudotlar narvoni» haqidagi mulohaza bilan uzviy borliqdir. Biroq Lamark ta’limotida bu nazariya tamomila o’zgacha ma’no kasb etgan. U birinchi marta har qanday murakkab forma o’ziga nisbatan sodda tuzilgan formadan izchillik bilan rivojlanishini ta’kidladi hamda pog’ona tushunchasiga tarixiy rivojlanish g’oyasini tatbiq etdi. Lamarkning gradatsiyali rivojlanish haqidagi ta’limotiga uning deistik qarashlari katta ta’sir ko’rsatdi, U organizmlarning gradatsiyali rivojlanishini muhitdan mustakil bo’lgan ichki intilishlarga bog’liq holda tushuntirdi hamda hayvonlarning ma’lum maqsad tomon asta-sekin murakkablashuvi yaratuvchi tomonidan oldindan belgilab berilgan, deb uqtirdi.
Ma’lumki, hayvonlarning gradatsiyali murakkablashuvga tomon «ichki nntilishi», «ichki maqsadi» to’g’risidagi Lamark mulohazalari avtogenetik, teleologik tushunchadan boshqa narsa emas. SHunga qaramay, uning bu ta’limoti tabiiy sistema tuzish sohasida bir qadam ilgariga siljish bo’ldi. CHunki u birinchi bo’lib infuzoriyalar, halqalilar, o’rgimchaksimonlar, qisqichbaqasimonlar sinfini alohida ajratdi. SHuningdek, ignaterililar poliplardan, murtaoyoqlilar mollyuskalardan ajratildi.
Agar gradatsiyali rivojlanish printsipiga muvofiq, organizmlar doim soddadan murakkablashish tomonga takomillashar ekan, u holda murakkab tuzilgan hayvonlar bilan sodda hayvonlarning hozirgi vaqtda mavjudligini qanday tushuntirish mumkin?
Lamarkning ta’kidlashicha, tuban organizmlar o’ziga o’xshash tuban organizmlarning urchishidan emas, balki murakkab o’lik moddaga «nozik suyuqliklar» (flyuidlar)ning ta’sir etishi bilan o’z-o’zidan paydo bo’lishi mumkin ekan. Flyuidlarning mavjudligi haqidagi tasavvurlar o’sha davrlarda keng tarqalgan edi. Bunday tasavvurlarga ko’ra, issiqlik, magnit va elektr hodisalari ham shu singari, «issiqlik», «magnit» va «elektr» flyuidlari tufayli vujudga keladi. Organizm yashayotgan muhitda ham flyuidlar ko’plab uchraydi. Lamark tasavvuriga ko’ra, ular tirik mavjudotlar tanasiga o’ng’aylik bilan kiradi va aylanib yurib, organlarda hamda butun organizmda barcha hayotiy jarayonlarni yuzaga chiqaradi. Bunday tasavvurlar Lamark flyuidlar harakatidan hayot sabablarini izlaganligidan dalolat beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |