Investitsiya darajasiga kutilayotgan sof foyda normasi va foiz stavkasidan tashqari boshqa quyidagi omillar ham ta‘sir ko’rsatadi: 1) Mashina va uskunalarni xarid qilish, ishlatish va ularga xizmat ko’rsatish xarajatlari; 2) Tadbirkorlardan olinadigan soliq miqdori; 3) Texnologik o’zgarishlar. Yalpi sarflar tarkibining investitsiya sarflariga oid qismi yalpi xususiy ichki iinvestitsiyalar deb yuritiladi. Shunga ko’ra yalpi va sof investitsiyalarni ham bir-biridan farqlash zarur. Yalpi investitsiyalar - joriy yil davomida iste‘mol qilingan asosiy kapitalni qoplashga muljallangan (amortizatsiya) hamda iqtisodiyotdagi kapital hajmiga har qanday sof qo’shimchalardan iborat barcha investitsion tovarlarni ishlab chiqarishni o’z ichiga oladi. Sof investitsiyalar esa joriy yil davomida qo’shimcha ravishda jalb qilingan investitsion tovarlardan iborat.
Jamg‘arma va investitsiya o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash muammolari.
Jamg‘arma va investitsiya o‘rtasidagi makroiqtisodiy muvozanatga erishish barqaror iqtisodiy o‘sishning sharti hisoblanadi. Biroq, bu muvozanatga erishish doimo oson kechavermaydi. Bunga sabab investitsiya darajasi hamda jamg‘arma darajasining boshqa-boshqa jarayon va holatlarga bog‘liqligi hisoblanadi.
Investitsiya va jamg‘arma o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash borasida bir qator nazariy qarashlar farqlanadi. Bu borada eng avvalo klassik iqtisodchilarning qarashlarini ko‘rib chiqamiz.
Klassik iqtisodchilar nuqtai nazaridagi eng markaziy holat – bu ular tomonidan foiz stavkasining ham investitsiyaning, ham jamg‘armaning funktsiyasi sifatida qaralishi hisoblanadi
Klassik modelni tuzishda tik o‘q bo‘yicha real foiz stavkasi, yotiq o‘q bo‘yicha esa jamg‘arma va investitsiya hajmi ko‘rsatkichlari joylashtirilgan. Investitsiya va foiz stavkasi o‘rtasida teskari funktsional bog‘liqlik mavjud: foiz stavkasi qanchalik yuqori bo‘lsa, investitsiya hajmi shu qadar past bo‘ladi va aksincha. Jamg‘arma esa to‘g‘ri, o‘suvchi funktsional bog‘liqlikka ega, ya’ni foiz stavkasining yuqori bo‘lishi jamg‘arma darajasining ham yuqori bo‘lishiga olib keladi. Iqtisodiyotdagi investitsiya va jamg‘arma hajmlari o‘rtasida muvozanat (E nuqta)ga erishish uchun foiz stavkasining r0 darajasi ta’minlanishi lozim. Foiz stavkasi darajasining muvozanat darajasidan chetlanishi (r1 – past va r2 – yuqori bo‘lgan holatlar) investitsiya va jamg‘arma hajmi o‘rtasidagi muvozanatning buzilishiga olib keladi. Foiz stavkasining r1 darajasida investorlar uchun qulay narxlarning vujudga kelishi investitsion resurslarga bo‘lgan talabni oshiradi, biroq bunday darajada jamg‘arma uchun rag‘bat pasayib ketadi. Natijada investitsion resurslar taqchilligi paydo bo‘ladi. r2 darajada esa barcha subyektlar uchun jamg‘armaning nafliligi oshadi, biroq bunday foiz darajasida barcha investorlar ham o‘z faoliyatining foydaliligini ta’minlay olmaydilar. Natijada jamg‘armaning ahamiyatli qismi investitsiyalarga aylana olmaydi.