O’zgartirgichlar Koʼchma telekommunikatsiya apparaturalarini elektr energiyasi bilan taʼminlashda birlamchi elektr energiyasi sifatida kichik kuchlanishli oʼzgarmas tok manbalari (galʼvanik elementlar, akkumulyatorlar, termogeneratorlar, quyosh va atom batereyalari) ishlatiladi. Turli xildagi telekommunikatsiya apparaturalarining elektr taʼminoti uchun esa turli nominaldagi oʼzgarmas va oʼzgaruvchan kuchlanishlar zarur boʼladi. Shuning uchun bir nominaldagi oʼzgaruvchan yoki oʼzgarmas kuchlanishni ikkinchi nominaldagi oʼzgaruvchan yoki oʼzgarmas kuchlanishga oʼzgartirish talab qilinadi. Bu vazifani oʼzgartirgichlar bajaradi. Oʼzgartirgichlar elektr taʼminot manbai kuchlanishini apparaturalar alohida qismlarini elektr taʼminoti uchun talab qilingan turdagi va nominaldagi kuchlanishlarga oʼzgartirib berish uchun xizmat qiladi.
Oʼzgartirgichlar ikki turga boʼlinadi. Oʼzgarmas tok energiyasini oʼzgaruvchan tok energiyasiga oʼzgartirib beruvchi oʼzgartirgichlar invertorlar deyiladi va oʼzgartirish jarayoni invertorlashdan iborat boʼladi.
Аgar oʼzgartirgich chiqishida oʼzgarmas kuchlanish olinishi talab qilinsa, u holda invertordan keyin toʼgʼrilagich va filьtr qoʼyiladi. Bunday bir kuchlanishli oʼzgarmas tok energiyasini boshqa kuchlanishli kuchlanishli oʼzgarmas tok energiyasiga oʼzgartiruvchi oʼzgartirgich konvertor deyiladi va oʼzgartirish jarayoni konvertorlashdan iborat boʼladi.
Invertor har qanday oʼzgartirgichning asosiy qismi hisoblanadi. Invertorlar quyidagi belgilariga qarab sinflarga boʼlinadi:
oʼzgartiriluvchi kattalik turiga qarab: tok invertorlari va kuchlanish invertorlari;
tiristorlar kommutatsiyasiga qarab: tarmoq orqali va avtonom;
yuklamaga nisbatan kommutatsiyalovchi sigʼimning ulanishiga qarab: ketma-ket, ketma-ket parallel va parallel. Yarim oʼtkazgichli oʼzgartirgichlarning afzalliklari ishonchlilik, yuqori FIK, kichik hajm va ekspluatattsion muddatning uzoqligidir.
Foydalanilgan adabiyotlar:
B. M. Mahkamjonov U. T. Аliev M.S. Sapaev Sh.K. Xudayberganov “O’quv qo’llanma” 2008
Maxammadjanov B.M., Yaskova M.E., Аliev U.T. “Электропитание устройств связи. Учебное пособие. “Toshkent, TATU 2005.