3. O‘rin holi ish-harakatning bo‘lish, boshlanish, yo‘nalish o‘rnini bildirib, qayerda? qayerdan? qayerga? qayergacha? kabi so‘roqlarning biriga javob bo‘ladi. O‘rin holi o‘rin ravishi, jo‘nalish, o‘rin-payt, chiqish kelishigidagi otlar hamda ko‘makchili ishlatilgan otlar, so‘z birikmasi bilan ifodalanadi, quyidagi misolllarimiz orqali buni ko‘ramiz. Masalan: Unda yuqoridan shitob bilan quyilib kelayotgan tiniq suv toshlarga urilib, qirg‘oqqa sapchib oqardi. (S.Ahmad) Afsus, oyoqlar ostida tuzoqlar ko‘p. (T.Malik) Osmoni falakka burgut qanotini tarang yozib uchadi. (S.Ahmad)
O‘rin holi ma’nosiga ko‘ra uch xil:
1) ish-harakatning bo‘lish o‘rnini bildirib, qayerda? so‘rog‘iga javob bo‘ladi. U o‘rin ravishi, o‘rin-payt kelishigidagi so‘zlar hamda ko‘makchiliishlatilgan so‘zlar bilan birgalikda o‘z o‘rni orqali ifodalanadi: Bostirmada g‘ildiraklari olingan... «Volga» mashinasi turibdi. (P.Qodirov) Yuqorida ... bola shitirlashni eshitgan zahoti bu tomonga qarab chopgan edi. (P.Qodirov) Ular yuqoridan shildirab tushayotgan suv bo‘yida archa bilan ayqashib o‘sgan zirk tagida o‘tirib ovqatlanishadi. (P.Qodirov)
2) ish-harakatning yo‘nalish o‘rnini yoki harakatning bo‘lishidagi eng so‘nggi chegarani bildirib, qayerga? qayergacha? so‘rog‘idan biriga javob bo‘ladi: U Tolibjonga ro‘para kelishdan qo‘rqib, so‘qmoqdan o‘ngga burildi... (S.Ahmad) Ishkomlar tunnel singari bir tekis olis-olislarga cho‘zilgan. (J.Abdullaxonov) Qo‘rg‘oshindek qora bulutlar Oyqor tog‘lari tomon o‘tib ketdi. (S.Ahmad) – Kelib turing, hola,- eshikkacha kuzatib qo‘ymoqchi bo‘ldi Qunduz. (J.Abdullaxonov)
3) ish-harakatning boshlanish o‘rnini ifodalab, qayerdan? so‘rog‘iga javob bo‘ladi: Ministrlikdan telefon qilishardi. (J.Abdullaxonov)
Ammo qayoqdandir hoshiya tortib kelayotgan qora bulut uning yuzini sholday bir nafas o‘rab turdi... . (J.Abdullaxonov) Temirjon haligina kutubxonadan olib kelib, divanga betartib sochib qo‘ygan kitoblariga qaradi. (J.Abdullaxonov)
4. Sabab holi ish-harakatning bajarilish sababini anglatib, nimaga? nima uchun? nima sababdan? kabi so‘roqlarning biriga javob bo‘ladi.
Sabab holini ko‘pincha «uchun», «sabali», «tufayli», «bois» kabi ko‘makchilari yoki chiqish kelishigi –dan affiksi shakllantiradi.
Sabab holi ravish, ot, olmosh, sifatdosh, so‘z birikmasi bilan ifodalanadi. Masalan: U tortinchoqligi, parishonholligi tufayli ayrimlarga g‘alatiroq ko‘rinayotganini ham seza boshladi. (J.Abdullaxonov)
Do'stlaringiz bilan baham: |