Mavzu: 7.
Hayotning mazmuni va unda insonning vazifasi.
Topshirdi: Raxmonov S
Tekshirdi: Ramatov J
2022-yil
Hayotning mazmuni va unda insonning vazifasi.
Inson hayotning tezoqarligini yodda tutishi, uning shomini kuzatishi, odamzod
hayotining bebaholigi haqida o‘ylashi, o‘lim haq ekanligini unutmasligi lozimligi
haqidagi fikrlarga biz falsafa fani shakllanish jarayonining ilk bosqichidayoq, G‘arb
falsafiy an’anasida ham, Sharq falsafasida ham duch kelishimiz mumkin. SHundan beri
o‘tgan ikki yarim ming yildan ko‘proq vaqt mobaynida bu borada deyarli hech qanday
o‘zgarish yuz bergani yo‘q, zero, avvalgidek, odamzodning hayot yo‘li tug‘ilish
vao‘lish sanalari bilan chegaralanadi. SHuningdek, birinchi sana doim muayyan, aniq
bo‘lsa, ikkinchi sana inson umrining oxirgi soniyalarigacha mavhum bo‘lib qoladi. Ayni
shu sababli hayotning mazmuni muammosi har bir inson qarshisida ertami-kechmi
ko‘ndalang bo‘ladi va u o‘ziga aniq va uzil-kesil javob topish mumkin bo‘lmagan
savollarni beradi. «Bu dunyoda nima uchun yashayapman», deb so‘raydi o‘zidan inson
va agar bu savolga o‘zi javob bermasa, o‘z hayotiga muayyan mazmun baxsh etmasa,
bu ishni uning o‘rniga hech kim va hech qachon bajarmasligini vaqto‘tishi bilan anglay
boshlaydi. Abadiyat qarshisida, o‘lim qarshisida har kim, oxir-oqibatda, o‘zi bilan o‘zi
tanho qoladi. Albatta, jamiyatda inson o‘zini bu darajada yolg‘iz his etmaydi, biroq,
ekzistensialistlar fikriga ko‘ra, bu hol toki inson boshqalarning ham o‘z hayoti borligi
va ular ham o‘z hayotining mazmuni va o‘zining vazifasi haqidagi o‘ta shaxsiy
muammolarni mustaqil echish zaruriyati qarshisida turganini anglab etgunga qadar
davom etadi. Bundan ekzistensializm falsafasida yolg‘izlik muammosi kelib chiqadi.
Aslida, mazkur muammo falsafiy antropologiyada ham inson borlig‘i tahlilidagi bosh
muammolardan biri hisoblanadi.
Hayotni tark etish bosqichlari. Biologik mavjudot sifatida har bir inson o‘limga
mahkumdir. Buni qadimgi mutafakkirlar ham yaxshi tushungan. Xususan,o‘z
muxoliflaridan birining: «O‘ttiz tiran seni o‘limga hukm etdi», degan gapiga Suqrot:
«Ularni esa, o‘limga tabiat hukm etgan», deb javob bergan. Ammo,odamzod ijtimoiy
mavjudot sifatida ham o‘limga mahkumdir. Hozirgi zamon fanida o‘lish jarayonining
to‘rt bosqichi farqlanadi. Bu bosqichlarga organizmda yuz beradigan va uning qarishini
tavsiflaydigan orqaga qaytarib bo‘lmaydigan biologik o‘zgarishlar sabab bo‘ladi.
Xususan, 25 yoshdan boshlab va ayniqsa, 45 yoshdan keyin insonda har kuni u
tug‘ilgan paytga qadar «jamlangan» va boshqa hech qachon yangilanmaydigan o‘n
minglab nerv hujayra (neyron)lari halok bo‘ladi. Ammo bosh miya qobig‘ida bunday
hujayralar soni 40 milliardga etadi va shu sababli «qariyotgan normal miya uchun bu
jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lmaydi, chunki unda yana o‘n milliardlab neyronlar normal
faoliyat ko‘rsatishda davom etadi» . Amalda insonning hayotni tark etishi u odamlardan
o‘zini olib qochib, jamiyatdan uzoqlashishi bilan tavsiflanadigan ijtimoiy o‘lim yuz
berganida boshlanadi. Surunkali giyohvand moddalarini iste’mol qilish, kashandalik,
ichki likbozlik, o‘z hayotidan doimiy norozilik ijtimoiy o‘limni bildiradi. So‘ngra ruhiy
o‘lim yuz beradi, bunda inson hayot tugagani va o‘limning muqarrar ekanligini va o‘z
hayoti davomida hech narsaga erisha olmaganini anglaydi. Miya o‘lishi bilan bosh miya
faoliyati butunlay to‘xtaydi, organizmning turli funksiyalarini boshqarish barham
topadi. Bu jarayon fiziologik o‘lim bilan yakunlanadi. Bunda insonning uni tirik
organizm sifatida tavsiflovchi barcha funksiyalari uzil-kesil to‘xtaydi.
Suitsid (lot. sui caedere – o‘zini o‘ldirish) – maqsadli ravishda o‘zini hayotdan mahrum
qilish, odatda, ixtiyoriy va mustaqil ravishda o‘z joniga qasd qilish. Suitsidga
mukammal ta’rifni fransuz sotsiologi Emil Dyurkgeym bergan. Uning talqini bo‘yicha,
shaxs tomonidan o‘zini kutayotgan natija haqida bila turib, sodir qilingan salbiy xatti-
harakatning bevosita yoki bilvosita natijasi bo‘lmish har bir o‘lim holati o‘z joniga qasd
qilishdir. (Emil Dyurkgeymning 1897 yilda nashr etilgan “Suiqasd” asari suitsidga oid
adabiyotning klassik namunasidir. Ushbu asarda olim mavjud statistik ma’lumotlarga
tayanib suiqasd nafaqat psixologik muammo, balki ijtimoiy ildizga ega xatar ekanligini
isbotlagan.). O‘z joniga qasd qilish jamiyatda, odamlar orasidagi munosabatlarda inson
o‘zi echa olmagan yoki odatiy, hammaga ma’qul bo‘lgan yo‘l orqali echishni istamagan
muammolar borligidan, shaxsiy musibat, umidsizlik va tushkunlik bilan bog‘liq tashvish
mavjudligidan darak beradi. O‘z joniga qasd qilishga ko‘pincha uzoq davom etadigan
kasallik, ba’zan esa nogironlik ham sabab bo‘lishi mumkin.
Adabiyotlarda uchraydigan suitsidal harakatning 3 turini ko‘rib chiqamiz:
▘ Namoyishkorana (demonstrativ)
▘ Affektli
▘ Haqiqiy
Demonstrativ hatti – harakatlar – bu boshqalar uni qutqarishni ko‘zlab, o‘z joniga qasd
qilishning bir ko‘rinishidir. Bunda o‘zgalarning diqqatini o‘ziga jalb qilish, o‘ziga
nisbatan boshqalarda qiziqish uyg‘otish, boshqalarning rahmli bo‘lish hissini keltirish,
tarafdor (hayrihoh bo‘lish), og‘ir gunohni (aybni) qilib, jazodan qochish, ranjiganlik
uchun o‘ch olish, adolatsizlik atrofdagilar ranjiganni ayblash holatlari uchraydi.
SHuningdek, 16 yoshli bir qiz bir nechta aspirin va paratsetamol tabletkalarini qabul
qilgan. Uning ta’kidlashiga bunga sabab onasi bir yigit bilan do‘stlashishiga qarshi
bo‘lganligi va uni tushunishni xohlamaslik bo‘lsa, u qizning bu tarzdagi hatti-harakatlari
og‘ir jarohatlanish natijasida o‘z sog‘lig‘iga suiqasd qilib kasalxonama-kasalxona
yurishi hayoliga kelmaganida.
Affektiv suitsidial hatti – harakat – yuqori affekt holatida ruy berishi bilan
xarakterlanadigan xulq–atvor tipi. Affekt holatidagi suitsidial harakatlar
saxnalashtirilgan (spektakl) shaklida bo‘lishi mumkin, ammo yanada haqiqiy niyatlar
ham bo‘lishi mumkin, hattoki o‘zoq yillar o‘tsa ham. Affektiv holatlar uzoqqa tuzilishi
shuni ko‘rsatadiki, suitsidial harakatlarda beqarorlik (ikkilanishlar) kuzatilishi mumkin.
Bir kuni 14 yoshli qizoloq otasi o‘gay ona bilan yashayotgan xonadonga keladi, agar
otasi uyga qaytmasa o‘zini o‘ldirishini aytadi, bunga javoban o‘gay ona qizning qo‘liga
pichoqni ushlatib, hoziroq shu ishni qilishi mumkinligini aytadi. Qiz pichoqni qo‘liga
olgan holda chap qo‘liga bir necha marta uradi.
Haqiqiy turdagi suitsidial harakatlar – uzoq vaqtlar puxta o‘ylangan, aniq bir maqsadga
qaratilgan bo‘ladi. O‘smir bu ishni qilishdan oldin, shu ishning xavfsizligini o‘ylab
qo‘yadi.
Oiladagi nosog‘lom psixologik muhit va oilaviy tarbiyadagi yo‘l qo‘yilayotgan
nuqsonlar hamda ta’lim jarayonida kuzatilayotgan nuqsonlar, bolalar va o‘smirlar
yashayotgan mahallalar hayoti, ularning psixologik muhiti voyaga etmaganlarda xulq
og‘ishining kelib chiqishiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Ma’lumki, ob’ektiv
shart-sharoitlar va ijtimoiy muhit voqeahodisalari o‘smirning ongi, xohish-irodasiga
bo‘ysunmagan holda ta’sir etadi va uning ongi, dunyoqarashi, shaxs sifatida shakllanish
va xulq-atvori mazmunini belgilab beradi. I.P.Pavlovning ta’kidlashicha, inson va
hayvon xulq-atvori mazmuni nafaqat nerv sistemasining tug‘ma xususiyatlari, balki
organizmga doimo ta’sir etib turuvchi tashqi ta’sirlar, ya’ni doimiy ravishda berib
boriladigan tarbiya yoki ta’lim jarayoniga ham ham bog‘liq bo‘ladi.
«Praksiologiya» (yunon. «praktikos» – «faol») – falsafaning inson faoliyatini
o‘rganishga bag‘ishlangan bo‘limlaridan biri. Faoliyat tushunchasi inson borlig‘ining
tabiati va mohiyatini, uning shaxsiy imkoniyatlari, ijtimoiy aloqalari va
munosabatlarini, inson ma’naviy dunyosi va moddiy amaliyot jabhasini teranroq
tushunish imkonini beradi. Inson faoliyati o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, hayvonlar
faolligidan butunlay farq qiladi. U individ va umuman jamiyat borlig‘ining alohida usuli
hisoblanadi.
Faoliyatning atributlari. Inson faoliyati o‘ta rang-barangdir. Yuqorida qayd etib
o‘tilganidek, faoliyat turlarini tasniflash uchun asos bo‘lib uning inson tomonidan
o‘zgartiriladigan ob’ekt: tabiat, jamiyat, insonning o‘ziga qaratilganligi xizmat qiladi.
Faoliyat atributlari (xossalari) faoliyatni motivlashtirish va amalga oshirish
mexanizmlarini tavsiflaydi. Faoliyat atributlari orasida, avvalo, sub’ektlilik va
moddiylik qayd etiladi.
Sub’ektlilik va moddiylik. Faoliyatning sub’ektliligi shu bilan izohlanadiki, u shaxsning
o‘tmishdagi tajribasi, uning ehtiyojlari va mo‘ljallari, motivlari va maqsadlari,
emotsiyalari va irodasini tavsiflovchi xususiyatlari, bilish qobiliyatlari va hokazolar
bilan belgilanadi. Faoliyatning moddiyligi insondan tashqarida joylashgan va uning
qo‘li bilan o‘zgartiriladigan tabiat va jamiyat kuchlariga qaratilganini anglatadi. Ammo
insonning o‘zi, uning o‘z-o‘zini kamol toptirishi, o‘z-o‘zini tarbiyalashi va shaxs o‘z
oldiga qo‘yadigan maqsadlarga erishishga qaratilgan tegishli harakatlar ham o‘zgartirish
faoliyatining predmeti bo‘lishi mumkin. Inson faoliyati mehnat qurollari yordamida
amalga oshiriladi. Uning hayvonlar faolligidan asosiy farqlaridan biri qurollilik
hisoblanadi. «Quruq qo‘l ham, o‘z ixtiyoriga tashlab qo‘yilgan aql ham katta kuchga
ega emas, – degan edi F.Bekon. – Ish qo‘lga ham, aqlga ham kerak bo‘lgan qurollar va
vositalar yordamida bajariladi» .
Faoliyatni tartibga solish mexanizmlari. Faoliyatni tartibga solishning umumiy
mexanizmlari qatoriga insonning dunyoga va o‘z-o‘ziga bo‘lgan munosabatlari tizimini
to‘la qamrab oladigan va madaniyat algoritmi bo‘lib xizmat qiladigan rang-barang
ijtimoiy qadriyatlar va me’yorlarni kiritish lozim. Xulq-atvor, odatlar va an’analarning
ijtimoiy-madaniy me’yorlari, qoidalarining mavjudligi va rivojlanishi inson faoliyatini
tartibga solish omili hisoblanadi. Me’yorlar muayyan sharoitda odamlar o‘zini qanday
tutishi lozimligini belgilaydi va inson faoliyatida bevosita ishtirok etib, ijtimoiy va
tabiiy sharoitlarga shaxsning moslashuvini ta’minlaydi, ijtimoiy jarayonning
uzluksizligini ta’minlovchi mexanizm hisoblanadi. Mazmuni, ijtimoiy mustahkamlash
usullari va ijtimoiy funksiyalariga ko‘ra me’yorlar har xil bo‘ladi.
Faoliyat maqsadlari, vositalari va usullarini qat’iy belgilovchi qoidalarning butun bir
turkumi mavjud. Bu qoidalar ijtimoiy amaliyotda yaratilgan narsalar dunyosini va
odamlar o‘rtasidagi munosabatlar dunyosini o‘zgartirish usullarini mustahkamlashga
xizmat qiladi. Bular standartlar – muayyan ishni bajarishda qat’iy rioya qilish lozim
bo‘lgan sifat, shakl va o‘lchamning qat’iy belgilangan namunasi; qoidalar – tegishli
holatlarda qanday ish ko‘rish lozimligini belgilovchi ko‘rsatmalar; etalonlar – faoliyatda
mo‘ljal sifatida foydalanish lozim bo‘lgan qat’iy belgilangan, standartlashtirilgan
qadriyatlardir.
Inson faoliyatini tartibga solishni ta’minlovchi ijtimoiy me’yorlar tizimida huquq
normalari va axloq me’yorlari alohida o‘rin egallaydi.
Huquq va axloq. Huquq – davlat tomonidan belgilangan va uning majburlov kuchiga
tayanadigan xulq-atvor umumiy normalarining majmui. Axloq ham jamoatchilik fikri,
ya’ni qilmishni ma’qullash yoki qoralash bilan mustahkamlanadigan xulq-atvor
qoidalari majmuidir.
Axloq va huquq normalari o‘zlari muhofaza qiladigan ijtimoiy munosabatlar mazmuni,
normativ talablarni mustahkamlash usullari, ularning shaxs xulq-atvoriga samarali
ta’siri darajasiga ko‘ra ajralib turadi. Axloq va huquq normalarining mazmuni o‘rtasida
jiddiy farq mavjud emas. Masalan, «o‘g‘rilik qilma» – bu ham axloqiy qoida, ham
huquq normasidir. Ammo huquq normalari o‘z tartibga solish doirasi bilan axloq
me’yorlari bilan tartibga solina- digan ijtimoiy munosabatlarning ulkan hajmini to‘la
qamrab olmaydi. Masalan, oilaviy munosabatlar sohasida huquq ota-onaga o‘z
farzandlarini tarbiyalash majburiyatini yuklaydi, lekin ota-onani bir-birini sevish, bir-
biriga g‘amxo‘rlik qilishga majburlamaydi. Huquq va axloq o‘rtasidagi farqni ular
ko‘rsatadigan ta’sirning samaradorlik darajasida ham ko‘rish mumkin. Bizning
nazarimizda, davlat majburlovi kuchiga tayanadigan huquq axloqqa qaraganda
samaraliroqdir. Ammo, muayyan sharoitda inson uchun huquq axloqiy me’yorlar nufuzi
qarshisida ojiz bo‘lishi mumkin. Bu hol, shaxsning qadriyatlarga munosabati mazmuni
bilan, muayyan inson qaysi axloqiy qadriyatlarga tayanishi, shuningdek, u yashaydigan
muhit, ya’ni individ fikrini qadrlaydigan referent guruhning qandayligi bilan
belgilanadi. Shu sababli axloqiy yo‘l tanlashda ayrim inson uchun ishlab chiqarish
jamoasi yoki maktab (talabalar) guruhining nufuzi muhim ahamiyat kasb etishi
mumkin, boshqa shaxs uchun esa diniy sekta yoki jinoiy guruh a’zolarining fikri
ustunlik qilishi mumkin. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, axloq jamoatchilik fikriga
tayanadi.
Ammo, inson xulq-atvoriga baho berish juda mushkul ish, chunki uning zamirida
muayyan sabablar yotadi, u muayyan sharoitda sodir etiladi, ob’ektiv oqibatlarga olib
keladi va maqsadga erishishning muayyan vositalarini tanlashni nazarda tutadi.
Jamoatchilik fikri shaxs xulq-atvoriga baho berishda ijtimoiy mustahkamlangan axloq
me’yorlariga amal qiladi, shaxs esa axloq haqidagi o‘z tasavvurlaridan kelib chiqadiki,
ular umumiy e’tirof etilgan me’yorlardan ancha farq qilishi mumkin. Muayyan
sharoitda bir individ o‘z vijdonining ovoziga quloq solsa, boshqa bir individ umumiy
qabul qilingan axloqiy tasavvurlarga qarab mo‘ljal oladi, ya’ni «har qanday vijdonli
odam» kabi ish ko‘radi. Birinchi yoki ikkinchi individning qilmishini axloqiy deb
hisoblash mumkinmi? Agar birinchi individ vijdonining ovozi umuminsoniy axloqiy
tamo yillarga mos kelsa, uning qilmishiga axloqiy jihatdan shubhali, murosasoz va
qo‘rqoq shaxs, chunki uning qilmishi jamoatchilikning qoralashidan qo‘rqish bilan
izohlanadi. Sirtdan belgilangan qilmish axloqiy sanalmaydi. Huquqiy majburlov va
jamoatchilik fikri yoki Tangri la’natidan qo‘rqish emas, balki shaxsning ichki mayli
axloqiy qilmishning muhim belgisi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |