4. Aniqlovchi ergash gapli qo‘shma gaplar. Bosh gapdagi olmosh bilan ifodalangan aniqlovchi vaziyatidagi bo‘lakni izohlab, to‘ldirib keluvchi ergash gaplar aniqlovchi ergash gap deyiladi. Masalan, «О‘zbekiston shunday diyorki, fasllari gulga o‘ralar» (U.) gapida «Fasllari gulga o‘ralar» ergash gapi bosh gapda shunday olmoshi bilan ifodalangan aniqlovchining ma’nosiga oydinlik kiritgan, uni izohlab kelgan.
Ilmiy manbalarda aniqlovchi ergash gaplarning bosh gapga quyidagi biriktiruvchi vositalar yordamida bog‘lanishi ko‘rsatiladi:
-ki: Bir o‘lkaki, tuprog‘ida oltin gullaydi. (O.)
-sa: Kimning diyonati kuchli bo‘lsa, uning xalq oldida e’tibori yuqori bo‘ladi.
Aniqlovchi ergash gapli qo‘shma gaplarda bosh gapning aniqlovchisi sifatida shunday, ba’zi, bir xil, ayrim, bir, ba’zi bir, hech bir, shunday bir, qaysi bir kabi nisbiy olmoshlari qo‘llanadi va ular ergash gap tomonidan aniqlanadi, izohlanadi:
1. Hech bir qiz yo‘qki, u sevgi haqida o‘ylamagan bo‘lsa. («Yoshlik».)
2. Ba’zi bir o‘smirlar borki, ular kattalarga taqlid qilishni xush ko‘rishadi. («Yoshlik».)
Ba’zan bosh gap tarkibida uning, unday havola bo‘laklari, ergash gap tarkibida esa ularga qarshilantirilgan kim, kimki, kimning havola bo‘laklari qo‘llanadi. Masalan: Kimning so‘zi to‘g‘ri bo‘lsa, uning ishi ham to‘g‘ri bo‘ladi.
Ergash gap ba’zan bosh gapdagi shu, u, o‘sha, uning, o‘shaning so‘zlari bilan ifodalangan aniqlovchining ma’nosini aniqlab, izohlab keladi. Bunda ergash gap tarkibida qaysi, qanday, qay kabi olmoshlar qatnashadi. Masalan: Qaysi odam to‘g‘ri va xalol bo‘lsa, biz o‘sha kishini e’zozlaymiz. («Saodat».)
Aniqlovchi ergash gapli qo‘shma gaplarda, asosan, ikki denotativ voqea o‘rtasidagi munosabat ifodalanadi. Havola bo‘laklarning ishtirokiga ko‘ra aniqlovchi ergash gapli qo‘shma gaplar ham bir havola bo‘lakli va ikki havola bo‘lakli gaplarga bo‘linadi. Masalan, «Shunday so‘zlar borki, ular kapalakka o‘xshab jumladan jumlaga engil ko‘chib yuraveradi» (A.Q.) gapi bir havola bo‘lakli qo‘shma gap, bosh gapda ham, ergash gapda ham alohida -alohida denotativ voqea ifodalangan.
N.Mahmudovning qayd etishicha, ba’zan havola bo‘lakli aniqlovchi bosh gapning ot kesimini aniqlab kelishi ham mumkin. Bunda bosh gapda ifodalangan denotativ voqeaning predikati bilan ergash gapdagi denotativ voqeaning sub’yekti bir narsadan iborat bo‘lishi mumkin. Masalan: «Sevgi shunday navbahorki, u tikandan gul qilur» (E.V.) gapida bosh gapning kesimi (navbahor) shunday havola bo‘lagi bilan aniqlangan, navbahor so‘zining ham, u olmoshning ham ayni matndagi denotati bitta narsa, ammo bu bitta narsa ikki denotativ voqea tarkibiga ikki xil uzv sifatida - predikat va sub’yekt sifatida kirgan. Bu umumiylik mazkur qo‘shma gapdagi mazmuniy munosabatni ta’minlagan. Bosh gap predikatining ergash gapdagi sub’yekt bilan denotativ bir xillikka ega bo‘lishi doimiy holat emas.21
Bir havola bo‘lakli aniqlovchi ergash gapli qo‘shma gaplarda mazmuniy-sintaktik nomuvofiqlik mavjud bo‘ladi, ulardagi mazmun ikki yoki undan ortiq denotativ voqea o‘rtasidagi munosabatdan iborat. Bosh gapda havola bo‘lak qaysi bo‘lakni aniqlasa, shu bo‘lakning denotati ergash gapda ham muayyan bo‘lakning denotati sifatida mavjud bo‘ladi.
Aniqlovchi ergash gapli qo‘shma gaplarning ikki havola bo‘lakli turida kimning -uning, kim-u, qanday-shunday, qaysi-o‘sha//shu tarzidagi o‘zaro zid havola bo‘laklar mavjud bo‘ladi. Masalan: Xalq qaysi yo‘ldan yursa, sen ham shu yo‘ldan yur. (O.)
Do'stlaringiz bilan baham: |