Kasallikni hisobga olishda aynan vertitsillyoz vilt uchun ta’riflangan usullar qo‘llaniladi.
Qarshi kurash choralari. Fuzarioz so‘lish kasalligi bilan kurashda vertitsillyoz viltga qarshi tavsiya qilingan deyarli barcha choralar qo‘llaniladi va yaxshi samara beradi. Shu bilan birga, fuzarioz so‘lishga chidamli yoki tolerant ingichka tolali g‘o‘za navlarini yaratish va amaliyotda qo‘llash olimlar tomonidan eng yuqori samarali va muammoni keskin yechishni ta’minlovchi usul sifatida qayd etilgan (Solovyeva, 1954; Karimov, 1976; Mahmudov, 1981, Mirpo‘latova va b.q., 1981; Sidorova, 1983 va boshqalar). Vertitsillyoz viltga qarshi yuqori darajada chidamli navlar dala sharoitida fuzarioz so‘lishga ham chidamli navlar yaratish vazifasini uyg‘unlashtirish imkonini beradi. Ayni chamonda parazit va xo‘jayin evolyutsiyasi bir-biriga bog‘liq holda kechishi va vaqt o‘tishi bilan parazitning chidamli navlarni ham zararlay oladigan irqlari paydo bo‘lishi fuzarioz so‘lishga chidamli yangi navlar yaratish sohasidagi tadqiqotlarni doimiy ravishda olib borish lozimligini ko‘rsatadi.
Urug‘lik sifatida zararlangan chigitni ishlatish qat’iyan man etiladi. Iqlimi nam mintaqalarda tuprog‘i fuzarioz so‘lish qo‘zg‘atuvchisi bilan zararlangan dalalarda yetishtirilgan paxtadan urug‘lik olmaslik lozim. Zamburug‘ tuproqda ekin ekilmagan va o‘simlik qoldiqlari mavjud bo‘lmagan sharoitda ham uzoq vaqt saqlanishini e’tiborga olib, kasallikka qarshi kurashda beda, sholi, jo‘xori, qovun, tarvuz, lavlagi, bug‘doy bilan almashlab ekish samara bermasligini (Solovyeva, 1954) ko‘zda tutgan holda, begona o‘tlarga qarshi kurash, o‘g‘it qo‘llash, urug‘lik chigit tayyorlash va ekish, tuproq qo‘zg‘atuvchi bilan zararlanishini ko‘rsatuvchi xaritalar tuzish va ulardan foydalanish xaqidagi tavsiyalarga amal qilish lozim.
Ko‘sak va tola kasalliklari
Bu kasalliklar dunyodagi g‘o‘za eqiladigan barcha mintaqalarda uchraydi, ammo hosilga ta’siri iqlim bilan bog‘liq holda farqlanadi. Ko‘sak va tola o‘suv davri seryog‘in mintaqalarda ekinning ko‘p qismida va kuchli, iqlimi quruq joylarda dalalarning kamroq qismida va past darajada zararlanadi. Misol uchun, tuprog‘i boy, iqlimi seryog‘in, o‘simliklar baland (152-183 sm) va qalin bo‘ladigan AQShning Luiziana va Missisipi shtatlarida ko‘sak chirishi keng tarqalgan va 1955-1981 yillarning ko‘p mavsumlarida 50 foizgacha hosil nobud bo‘lgan; havo namligi ancha past Texas va Oklaxoma shtatlarida esa bu kasallik jiddiy muammo emas va faqat 2 foizdan kam hosil yo‘qotilishiga sababchidir (Pinckard va b.q., 1981).
O‘zbekistonda (va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlarida) ko‘sak va tola odatda pishish davrida shikastlanadi. Kasallik tola va chigit sifati pasayishiga, ba’zan esa nobud bo‘lishiga olib keladi. Kasallik paydo bo‘lishi, tarqalishi va rivojlanishiga kuzgi yomg‘irlar, ekin baland, shoxlangan, qalin bo‘lishi tufayli quyosh nurlari o‘simlikning ko‘p qismiga yetib bormasligi va ekin orasida shamol yurishi kamayishi, yotib qolishi, mavsum so‘nggida keragidan ortiq suv qo‘yish, ko‘sak zararli hasharotlar bilan zararlanishi sabab bo‘ladi. Tola kasalliklari paxta terib olingandan so‘ng xirmonda va toylarda saqlash paytida namlik baland bo‘lganida ham kuzatiladi (Karimov, 1976; Rasulev, 1981; Peresipkin, 1987; Peresipkin va b.q., 1990).
Ko‘sak va tolada kasalliklar paydo bo‘lishi, tarqalishi va rivojlanishi haqidagi tasavvurlar 170 tagacha mikroorganizm, asosan zamburug‘ turlari bilan bog‘langan (Pinckard va b.q., 1981). Ularning ko‘pchiligi saprofit turlar bo‘lib bevosita shikastlay olmaydi, faqat ko‘sak ochilgan paytda yoki har xil ko‘sakni zararlovchi hasharotlar hosil qilgan teshik va yaralar («infeksiya darvozalari») orqali tolani zararlaydi. Shu bilan birga bir nechta haqiqiy parazit turlar ham mavjud bo‘lib, ular ko‘sakni bevosita zararlaydi. Haqiqiy parazitlarga Alternaria macrospora, Fusarium spp., Rhizoctonia solani.,Xanthomonas malvacearum (АҚШда yana Ascochyta gossypi,Glometella gossypi, Diplodia gossypina, Phomopsis spp.,), saprofitlar qatoriga esa- Alternaria, Aspergillis, Botrytis,Cepbalosporium, Cbaetomium, Curvularia, Mucor, Nematospora, Pestalotia, trichotbecium (AQShda Erwinia spp. bakteriyalari) va ba’zi boshqa turlar kiradi (Osipyan, 1975; Karimov, 1976; Rasulev, 1981, Pinckard va b.q., 1981; Peresipkin, 1987; Peresipkin va b.q., 1990; Davis va b.q., 1996). Qo‘yida O‘zbekistonda va ba’zi boshqa mamlakatlarda keng tarqalgan ko‘sak va tola kasalliklari haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |