Hozirgi zamon fe’llari ish-harakatning nutq so‘zlanib turgan paytda bajarilayotgan yoki bajarilmayotganini bildiradi, shaxs-son qo‘shimchalari zamon qo‘shimchalaridan keyin qo‘shiladi. Hozirgi zamon fe’llari ikki turga ajratiladi: 1) hozirgi zamon davom fe’llari ish-harakatning nutq so‘zlanib turgan paytda aniq davom etib turganini anglatadi: -yap, -moqda, -(a)yotib, -yotir qo‘shimchalari va tuslanish yordamida hosil qilinadi: kelyapti, bormoqda. Bu zamon turi yot, tur, o‘tir yur kabi ko‘makchi fe’llari yordamida ham yasaladi: yozib yotibdi, yozib turibdi, o‘qib yuribdi, gaplashib o‘tiribdi. Eslatma: -yotir, -yotib shakllari unli bilan tugagan fe’l asoslariga; -ayotir, -ayotib shakllari esa undosh bilan tugagan fe’l asoslariga qo‘shiladi. -yap shakli undosh bilan tugagan fe’l asoslarga qo‘shilib, -ayap tarzida talaffuz qilinsa ham, -yap yoziladi; 2) hozirgi-kelasi zamon fe’llari nutq so‘zlanib turgan paytda va undan keyin bo‘ladigan doimiy harakatni anglatadi; -a yoki -y qo‘shimchalari va tuslanish orqali hosil qilinadi: kelasan, o‘qiyman. Kelasi zamon fe’llari ish-harakatning nutq so‘zlanib turgan paytdan keyin bajarilish yoki bajarilmasligini anglatadi. Kelasi zamon fe’llari ikki turga bo‘linadi: 1) kelasi zamon gumon fe’llari ish-harakatning nutq so‘zlangandan keyin bajarilishi yoki bajarilmasligi mo‘ljallanishi, taxmin qilinishini ifodalaydi; -(a)r qo‘shimchasi va tuslanish yordamida hosil qilinadi: borarman, kelarsan, o‘qirman; 2) kelasi zamon maqsad fe’llari nutq so‘zlangan paytdan so‘ng bajarilishi maqsad qilib olingan ish-harakatni ifodalaydi; -moqchi, -digan qo‘shimchalari va tuslanish yordamida hosil qilinadi: boradiganman, yozmoqchimiz. Zamon shakllarining bir-biriga ko‘chishi. 1) o‘tgan zamon -di qo‘shimchasi bilan yasalgan shakli kelasi va hozirgi zamon ma’nolarida qo‘llanadi: Hozir qayoqqa ham bordik. Shundan so‘ng bilmadim, qancha vaqt o‘tdi. 2) -gan bilan yasalgan shakl hozirgi zamon ma’nosida qo‘llanadi: Birov kitob o‘qigan, kimdir shaxmat atrofida. 3) hozirgi zamon fe’lining kelasi zamon ma’nosida qo‘llanishi ket, bor, yubor, boshla kabi fe’llar doirasida uchraydi: Ularni poytaxtga o‘qishga yuboryapmiz. 4) hozirgi zamonning o‘tgan zamon ma’nosida qo‘llanishi ko‘p uchraydigan holatdir: Bir kun qarasam, darchani buzaman deb bolta ko‘tarib kelayotibdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |