Iqtisodiy sohaga nisbatan turlicha yondashuvlar mavjud. U tor ma’noda «turli predmet va xizmat turlarini ishlab chiqarish, taqsimlash, almashtirish va iste’mol qilish» deb tushuniladi. SHu ma’noda aytish mumkinki, «jamiyatning iqtisodiy soha»si tushunchasi «bazis» tushunchasiga mos keladi. Keng ma’noda esa iqtisodiy soha deganda barcha ijtimoiy ishlab chiqarish jarayoni tushuniladi: ishlab chiqarish usuli, ishlab chiqarish kuchlari va ishlab chiqarish munosabatlarining birligi, shuningdek iqtisodiyotning o‘zaro aloqadorligi va o‘zaro ta’sirlari yig‘indisi. O‘ta keng kategorial ma’noda sotsiumning iqtisodiy sohasi «tabiat bilan insonlar o‘rtasida individ va kishilar guruhining ongli faoliyati orqali o‘zaro aloqalarini» aks ettiradi.
Iqtisodiy soha asosida insonning ishlab chiqarish va mehnat faoliyati yotadi. Uning zarurligi insonning ehtiyojlari hayvonning ehtiyojlaridan tubdan farqlanishi bilan belgilanadi. Inson rivojlanishi bilan tabiatdan ajraladi. Bu jarayonda esa, jamiyatning iqtisodiy sohasi taraqqiyoti muhim rol o‘ynaydi. «Xususiy mulk» tushunchasi iqtisodiy tushunchalarning eng muhimlaridan hisoblanadi. Jamiyatning iqtisodiy sohasida ishlab chiqarish kuchlari va ishlab chiqarish munosabatlari muhim tuzilmaviy qismlari hisoblanadi. Iqtisodiy munosabatlar kishilar o‘rtasida ishlab chiqarish, taqsimlash, almashish va ne’matlarni iste’mol qilish jarayonlarida shakllanadigan iqtisodiy munosabatlardir. Ishlab chiqarish kuchlariga moddiy ishlab chiqarish jarayoni uchun zarur bo‘lgan «sub’ektiv (inson) va moddiy (texnika va mehnat qurollari) elementlar tizimi kiradi».
Jamiyatning siyosiy sohasi (yoki sodda qilib aytganda - siyosat) sotsium tuzilmasining asosiy qismlaridan biridir. Keng ma’noda «siyosat» va «siyosiy soha» tushunchalari bir-biriga mos keladi. Tor ma’noda siyosat deganda odamlarning, siyosiy kuchlarning hokimiyatga egalik qilishi, uni saqlab turish, mustahkamlash va amalga oshirishga qaratilgan ongli xatti–harakati tushuniladi. Jamiyatning har bir a’zosi ma’lum bir darajada: davlatning fuqarosi sifatida, siyosiy partiya yoki ijtimoiy-siyosiy tashkilotning a’zosi sifatida, mehnat jamoasi yoki jamoatning a’zosi sifatida siyosiy soha bilan bog‘liqdir.
Turli manfaatlarga ega bo‘lgan ijtimoiy guruh va jamoatlarning shakllanishi va faoliyat ko‘rsatishi ular o‘rtasidagi siyosiy munosabatlarning shakllanishida muhim bir asosga aylanadi. Antik davrdan beri «siyosiylik» so‘ziga ta’rif berishga harakat qilib kelindi. Masalan, Arastu barcha sohalar orasida siyosatga qat’iy ravishda birinchilikni bergan, jumladan, «agar barcha bilim va san’atlarning oxirgi maqsadi yaxshilik bo‘lsa, unda barcha bilim va san’atlar orasida eng oliy yaxshilik siyosatning maqsadidir», deb baho bergan edi.
Hozirgi zamondagi ijtimoiy-falsafiy fikrlarga binoan siyosat «davlat hokimiyati va shu jamiyat ichidagi davlat (shu jumladan, milliy davlat) tuzilmasi bo‘yicha katta ijtimoiy guruhlar o‘rtasidagi, shu jumladan, xalqaro maydonda davlatlar o‘rtasidagi munosbaatlar» sohasi sifatida tushuniladi. Keng ma’noda jamiyatning siyosiy tizimiga siyosiy faoliyat, siyosiy rejim, siyosiy nazariya va boshqalar kiradi. Tor ma’noda esa siyosiy soha jamiyat siyosiy tizimining sinonimi sifatida tushuniladi.
Jamiyatning siyosiy tizimi sotsiumning asosiy qismi hisoblanadi. U boshqa tizimlar – iqtisodiy, mafkuraviy, huquqiy, ma’naviy va boshqa tizimlar bilan o‘zaro aloqadorlikda va ta’sirda bo‘ladi.
Jamiyat siyosiy tizimining asosi, poydevori davlatdir. Davlatning asosiy vazifasi siyosiy hokimiyat va siyosiy boshqarishni ta’minlashdir. Davlatning asosiy belgilari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin: a) boshqa sotsiumlar ustidan oshkorona hukmronlik; b) suverenitet – ma’lum hududlardagi to‘liq hukmronlik; v) hukmronlik vakolatlari amal qiladigan hududning o‘zi (undan davlatni mamlakat deb tushunish kelib chiqadi); g) huquqiy hujjatlarni chop etish va ularning bajarilishini talab qilishga bo‘lgan mutlaq huquq; d) soliqlar va yig‘imlar undirish huquqi (davlat apparatini ta’minlash va boshqalar uchun).
Etimologik nuqtai nazardan «ijtimoiy» degan so‘z «jamiyat» atamasi bilan sinonimdir. U keng ma’noda «jamiyatning ijtimoiy sohasi»ni belgilaydi. SHu jihatdan jamiyatning hamma sohalar – iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy sohalari ijtimoiy sohalar deyiladi. Biroq shu bilan birga jamiyatning alohida ijtimoiy sohasi bo‘lib, u – har xil ijtimoiy guruhlar, turli darajada uYushgan elatlar (ijtimoiy qatlam, strategiya, etnoslar, ijtimoiy demokrafik guruhlar, alohida jamoalar va boshqalar) o‘rtasidagi munosabatlarni ifodalaydi. Ijtimoiy munosabatlarning xususiyatlari shundaki, ular jamiyatning hamma sohalariga kirib borgan. Ularni faqat iqtisodiy, siyosiy yoki ma’naviy munosabatlar, deb ajratish mumkin emas.
SHuni aytish mumkinki, ijtimoiy sohaning asosini individning ijtimoiylashuvi tashkil qiladi, ya’ni bunga uning me’yorlar, qadriyatlar, namunali xulq ko‘rsatmalarini bajarishi kiradi. Agar iqtisodiy va ma’naviy sohalarda individ moddiy va ma’naviy boyliklarni ishlab chiqaruvchi va ehtiyojlarni ta’minlovchi bo‘lsa, siyosiy sohada siyosatning ob’ekti va sub’ekti bo‘lsa, ijtimoiy sohada esa ijtimoiy individdir, ya’ni u sotsiumning (jamiyatning) a’zosidir. Individ sotsiumga turli guruh va birlashmalar orqali a’zo bo‘lgani uchun turli guruh va birlashmalarning faoliyati ijtimoiy sohaning asosiy mazmunini tashkil qiladi. Ijtimoiy birlashmalar va guruhlar jamiyatning ijtimoiy tuzilishini (strukturasini) tashkil qiladi.
Ijtimoiy struktura o‘z tabiatiga ko‘ra ob’ektiv xususiyatga ega bo‘lib, u qonun chiqaruvchining qarorlari bo‘yicha ta’sis etilishi yoki bekor qilinishi mumkin emas. Jamiyatning ijtimoiy strukturasi undagi guruhlarning o‘zaro aloqadorligi va o‘zaro ta’sirini ham o‘z ichiga oladi.
Jamiyat strukturasining quyidagi turlarini ajratish mumkin: demokrafik, etnik, ijtimoiy-sinfiy, joylashishiga ko‘ra hududiy, kasbiy-ma’rifiy, konfessional tuzilish va boshqalar.
Har bir individ yoshligi yoki keksaligi, shaharli yoki qishloqdan ekanligi, qaysi etnos, konfessiya vakili, sinf, kasbi va boshqa xususiyatlari bo‘yicha turli xil tuzilmaga kiradi. Jamiyatning demografik strukturasida aholining tarkibini jinsi, yoshi, mehnatga yaroqliligi, aholining zichligi va umumiy soni, o‘sish darajasi, migratsiyaning xarakteri, sog‘lig‘ining holati aks etadi.
Polietnik (ko‘pmillatli) va polikonfessiyaviy jamiyat uchun etnik va konfessiyaviy struktura dolzarbdir. Birinchi holatda ijtimoiy birlik, ya’ni qabila, millat, xalq (umuman -etnos) to‘g‘risida gap ketsa, ikkinchisida esa konfessiyaviy (diniy) birlashmalar ustida gap boradi. Agar jamiyatning etnik tuzilmasida etnik birliklarning rivojlangan shakli – millatlar mavjud bo‘lsa, u ko‘pmillatli bo‘ladi. Evropa, Amerika va Osiyodagi ko‘plab mamlakatlar shular jumlasiga kiradi. Agar etnik strukturasida qabilalar bo‘lsa, unday jamiyat polietnik bo‘ladi. Afrika, Okeaniya va Osiyoning qator mamlakatlaridagi jamiyatlar shular jumlasidandir.
Jamiyatning ijtimoiy-sinfiy strukturasiga kelsak, u sinflar, qatlamlar, tabaqalar, stratlardan iboratdir. Sinflar deganda odamlarning katta guruhlari tushuniladi, ular quyidagi sifatlari bilan farq qiladi: a) ijtimoiy ishlab chiqarish tizimidagi ma’lum o‘rni; b) ishlab chiqarish vositalariga munosabati; v) mehnat taqsimoti tizimidagi roli; g) foyda olish usuli; d) ijtimoiy boylikdagi ulushi bilan. Lekin bir qator guruhlar ham borki, ular sinflarga xos xususiyatlarga ega emas (ziyolilar, bYurokratiya, lYumpenlar va boshqalar), shunga qaramay ular baribir ijtimoiy strukturaning elementi hisoblanadilar.
Hozirgi zamon jamiyat falsafasida ijtimoiy strukturani o‘rganishda straktifikatsiyaviy yondashuv mavjud. Uning asoschilaridan biri P.A.Sorokinning yozishicha: «Ijtimoiy stratifikatsiya – bu ierarxiya darajasiga qarab differensiya qilingan odamlar (aholi)ning bir guruhlaridir. Uning asosi va mohiyati huquq va imtiyozlarning, javobgarlik va vazifalarning nomutanosib taqsimlanganligi, ijtimoiy qadriyatlarning mavjudligi yoki yo‘qligi, u yoki bu hamjamiyatga kiruvchi guruhlarni hokimiyati va a’zolar o‘rtasidagi ta’sirini bor-yo‘qligidan iborat».
Hududiy-yashash strukturasi «odamlarning yashash hududlariga, ayni bir yoki turlicha yashash joylariga mansubligi bilan bog‘liq holdagi o‘zaro munosabatlarini» ifodalaydi. Strukturaning bu turi tarixda yaxlit, agrar, qishloq jamiyati o‘zidan shaharlarni ajratib chiqargan davrda paydo bo‘lgan. Bu asosan mashg‘ulotlarning yangi turlari: hunarmandchilik, savdogarlik, keyinchalik – intellektual mehnat paydo bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi. SHaharlar faqat savdo-hunarmandchilik emas, mudofaa, ma’muriy-siyosiy, madaniy markazlar sifatida ham paydo bo‘ldi.
Hozirgi zamon jamiyati uchun kasbiy-ma’rifiy strukturaning ahamiyati kattadir. Sotsium qanchalik darajada rivojlangan bo‘lsa, bu struktura shunchalik murakkab va sertarmoq bo‘ladi. Bu tuzilma ijtimoiy mehnatning chorvachilik va dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq, qishloq xo‘jaligi, aqliy va jismoniy mehnatga bo‘lingach paydo bo‘ldi. Ba’zi kasb-hunarlar vaqt o‘tishi bilan eskirib, kerak bo‘lmay qoladi va ularning o‘rniga ulardan ham ko‘proq kasblar paydo bo‘ladi. Masalan, faqat birgina XX asr davomida deyarli hamma izvoshchilar yo‘q bo‘lib, uchuvchi va kosmonavtlar paydo bo‘ldilar. Uy shveysarlari yo‘q bo‘lib, ko‘psonli «sekYuriti»lar paydo bo‘ldilar. Ko‘psonli ko‘chirib yozuvchilar o‘rniga kompYuterlarda ishlovchi kotiblar paydo bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |