Mustahkamlash yangiliklar bo’yicha fikrlar.
Baholash. O’quvchilarni rag’batlantirish va baholash kundalik daftariga qayd etish.
Uyga vazifa. Barkamol avlod el yurt tayanchi. REFERAT tayyorlash.
Sana__________________9 sinf Milliy istiqlol g’oyasi Ma’naviyat qo’rg’oni mavzusi III chorak 19-dars
Ta’limiy maqsad: O’quvchilar ongiga “oila jamiyatning kichik bo’lagi”, “oiladagi ma’naviy iqlim” tushunchalarini chuqur singdirish.
Tarbiyaviy maqsad: O’quvchilarda oilaga bo’lgan hurmat-e’tibor, odob-ahloqqa doir tushunchalarni shakllantirish.
Rivojlantiruvchi maqsad: O’quvchilarning oila haqidagi fikrlash doirasini kengaytirish, ijobiy munosabatlarini shakllantirish.
Dars turi: Aralash
Darsda foydalaniladigan metodlar: Aqliy hujum, kartochkalar bilan ishlash, baxs-munozara, rezyume texnologiyasi.
Dars jihozi: Darslik, Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat – engilmas kuch” kitobi, mavzu bo’yicha tayyorlangan plakat.
Darsning borishi I.Tashkiliy qism: (3 daqiqa) Salomlashish. Davomatni aniqlash O’quvchilarni darsga hozirligini tekshirish.
II. Yangi darsning bayoni – 17 minut
O’qituvchi uyga berilgan vazifalar asosida o’quvchilardan oila haqidagi mustaqil tushunchalarini savol berish orqali so’raydi. Savol: Oila haqida nimalarni bilib oldingiz? O’quvchi: Oila – jamiyatning birlamchi o’zagi, ijtimoiy-madaniy birlik. Jamiyat ana shu kichik, ammo favqulodda muhim o’zaklardan tashkil topadi. Lekin, u shunchaki kichik jamoa emas, balki insonlar ittifoqidir. Oila ikki yoshning muhabbati, rizoligi va ittifoqidan paydo bo’ladigan olamdir. O’quvchi: O’zbeklar uchun oila – er-xotin, ularning bola-chaqalari, eng yaqin tug’ishganlaridan iborat kishilar guruhi, boshqacha aytganda, xonadondir. Shu ma’noda u odamlarning qon-qarindoshlik va ma’naviy munosabatlariga asoslangan ijtimoiy birlikdir. Savol: Nima uchun oilani jamiyatning kichik ko’rinishi deymiz? O’quvchi: Insonnning shakllanishi, hayotda o’z o’rnini topishi, el-yurt hurmatiga sazovor bo’lishida u voyaga etadigan oila muhiti hal qiluvchi rol o’ynaydi. Chunki oila shunday makonki, unda hayotning davomiyligini ta’minlovchi shaxs shakllanadi, milliy madaniyat, urf-odatlar, axloqiy qadriyatlar saqlanadi va rivojlanadi. Har bir oila ahil va totuv bo’lsa, demakki, jamiyatda ham tinchlik va hamjihatlikka erishadi, yurtda osoyishtalik va barqarorlik hukm suradi.O’quvchi: Oilada jamiyatda bo’lgani singari unda ham o’zining boshlig’i, shuningdek, uning izmi va ko’rsatmalari bilan u yoki bu ishni bajaruvchi a’zolari bo’ladi. Dono, tadbirkor, uzoqni ko’ra biladigan rahbarlardan jamiyat taraqqiyotini boshqarish talab etilsa, oila kattalari ham o’z uyining tinchligi, farovonligi, farzandlar kamoliga shunchalik mas’uldir. Savol: Xonadonning qut-barakasi nimalarga bog’liq ekan? O’quvchi: Oilada mehnat taqsimoti adolatli yo’lga qo’yilishi uning obodligi garovidir. Buning uchun ro’zg’or yumushlari oila a’zolari o’rtasida oqilona taqsimlanmog’i kerak. Mehnat taqsimoti to’g’ri yo’lga qo’yilgan, insoniy munosabatlar ustivor oilalarda esa ota-ona, farzandlar, kelinlar o’rtasida o’zaro hurmat-izzat bo’ladi.O’quvchi: Oilaning har bir a’zosi uning farovonligi uchun harakat qilishi kerak. Chunki bu maskandagi xotirjamlik, ko’ngilning to’qligi uning farovonligi evaziga qo’lga kiritiladi. Oila yumushlariga sarflanadigan pul pok yo’l bilan, halol mehnat evaziga topilishi zarur. Savol: Yurtimizda oila farovonligi uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda? O’quvchi: Oilaga munosabat bizda butunlay bo’lakcha – biz oilaparvar xalqmiz. Yurtimizda har yilning alohida nomlanishida ham chuqur ma’no bor. Har qaysi yilda butun xalqimiz, jamiyatimizning orzu-niyat va intilishlarini ifoda etadigan, ertangi kunimizning ravnaqiga xizmat qiladigan eng ustuvor yo’nalishlar bo’yicha samarali ishlar olib boriladi.O’quvchi: 1998 yil “Oila yili”, 1999 yil “Ayollar yili”, 2000 yil “Sog’lom avlod yili”, 2001 yil “Onalar va bolalar yili”, 2002 yil “Qariyalarni qadrlash yili”da olib borilgan ishlar va o’tkazilgan tadbirlarning zamirida oilaning manfaati ko’zlanganini aniq ko’rishimiz mumkin. Mana shunday savobli ishlarni davom ettirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan 2012 yil “Mustahkam oila yili” deb e’lon qilindi. Savol: Oiladagi ma’naviy iqlim deganda nimani tushunasiz? O’quvchi: Oiladagi ma’naviy iqlim deganda inson ruhiyatining, qalbining to’g’ri shakllanishiga o’ta muhim rol o’ynaydigan muhitni tushunamiz. Ayni iqlimning qanday bo’lishi yosh nasllarning qanday odam bo’lib etishishini belgilaydi. Agar tabiatdagi iqlimga qiyosan aytadigan bo’lsak, oila iqlimidagi sovuqlik uning bag’riga yosh nihollarning unib-o’sishiga yo’l qo’ymasa, chang-to’zonlar oila a’zolarini ko’zini ochirmaydi, emin-erkin nafas olishini cheklaydi. Va aksincha, ayni iqlimdagi iliqlik, yorug’lik, xush havo bu oilada kechagina dunyoga kelgan go’dakdan tortib keksalargacha – barchaning bahri dili yayrab hayot kechirishiga garov bo’ladi.O’quvchi: Oila iqlimi o’zaro hurmat, axloq odob, insoniy munosabatlar asosida quriladi. Bo’lajak ota-onaning sog’lig’i, nasl-nasabi, dunyoqarashi, ahloqiy tushunchalarning o’zaro mosligi, ularning turmush qurishga har tomonlama tayyorligi oilaning mustahkamligi, tinch-farovon hayoti, farzand tarbiyasida muhim kasb etadi. O’quvchi: Sohibqiron Amir Temur o’g’il uylantirishda kelin tanlashdan tortib farzandlarni tarbiya qilishgacha bo’lgan jarayonlarga shaxsan o’zi jiddiy e’tibor bergan. Har qanday davlatning qudrati – sog’lom fikrli, bilimli, xalq va vatan taqdiri uchun jonini tikishga tayyor farzandlarning ko’pligi bilan o’lchanadi. Qolaversa, biz mansub bo’lgan Sharq xalqlarida oila sha’ni va obro’sini saqlash, uni har qanday tajovuzlardan himoya qilish oilaning har bir a’zosi uchun ham farz, ham qarz sanaladi.Yuqoridagi tushunchalar bo’yicha o’quvchilar fikri aniqlangandan so’ng o’qituvchi tomonidan ajdodlarimizning farzandni tug’ilmasdan oldin tarbiyalay boshlash kerakligi xususidagi quyidagi rivoyatlar aytib beriladi:1-hikoyat U zamonda shuxrat qozongan Vafo hazratlari davlat odamlaridan tortib to eng oddiy odamlargacha mehribon edi. Bir kuni saqo (suv sotuvchi) kelib Vafo hazratlarining huzurida tiz cho’kib o’tirdi. Suv sotuvchi mahzun va g’amgin ko’rinishidan bir dardi borligi bilinib turardi. Vafo hazratlari saqodan so’radi:-Bolam, biror g’am darding bormi?-Yo’q, afandim, qanday aytaman, -deb javob berdi suv sotuvchi.-Bolam, gapiraver, uyalma, dardingni ayt, - dedi Vafo hazratlari.-Hazrat, sizning farzandingiz mening meshlarimni teshdi. Bugun oltinchi meshni bigiz bilan teshdi. Bilasiz, faqir odamman nima qilishni bilmay qoldim, - dedi suv sotuvchi-Xafa bo’lma, bolam! Men bir chorasini topaman. Hozircha mana bu pulga mesh sotib ol. Men ushbu hunuk ishning sababini bilay, - dedi Vafo hazrat.Suvchi battar siqilib, bo’ynini egib chiqib ketdi. Vafo hazratlari mulohaza qilib o’ylab o’yiga etmaydi. Nega farzandi bunday qilib qo’ydi. So’ng xotinini chaqirdi.- Bizning o’g’limiz suv tashuvchining meshlarini bigiz bilan teshibdi. Bu xunuk ish nega sodir bo’libdi.- Siz olib kelasiz, biz eymiz. Xarom narsa olib kelinsa, barcha gunoh, ayb sizdadir, - deb javob berdi xotini.Vafo hazrat “Men o’ylab topa olmadim, xatoyimni bilmadim. Mayli, sen borda, yaxshilab o’ylab ko’r. Bu ayb yo menda, yo senda”, - dedi. Xonim Vafo hazratlari huzuridan chiqib ketdi, bir ozdan so’ng qaytib keldi.- Hazrat! Mening esimga tushdi, - dedi xayajonlanib. - Men o’g’limizga xomilador ekanimda mehmonga bordim. O’shanda ularning uyida bir portaxolni (apelsin) ko’rdim. Katta yoshdagi qariya onalardan “agar xomilador ayol ko’ngli nimani tusasa, totib ko’rmasa, tug’iladigan bolasi bir ojizlik bilan tug’iladi” deb eshitgandim. Mezbondan so’rashga tortindim, ayb hisobladim. Bolaning biror a’zosiga putur etmasin, deb qo’rqib, uy egasidan bir piyola suv so’radim. U suvga chiqib ketganida yoqamdagi to’g’nog’ichni olib xontaxta ustidagi portaxolga suqib yaladim, - dedi. -Ofarin, mana hozir sening xatoying ma’lum bo’ldi. Tez ul xonadondan uzr so’ra, - dedi Vafo hazratlari.-Voy, afandim, ayb bo’lmaydimi? - deb e’tiroz bildirdi. Unga nima deyman. Shu arzimas ishdan nima bo’lardi.- Yo’q ul xonadonga borib halollik tila. Ollohning oldida birovning xaqqini katta-kichigi bo’lmaydi. Bilasanmi nima bo’ldi? Bizning farzandimiz olti yoshda. O’sha voqeadan so’ng olti-etti yil o’tgach, sening to’g’nog’iching o’g’ling qo’lida bigiz bo’ldi. U portaxol esa suv sotuvchining meshi bo’ldi. Sen qilgan xunuk ish davom etmoqda, yillar o’tib juvoldiz pichoqqa aylanmasin, - dedi Vafo hazratlari. 2-hikoyat Qadim zamonda bir yosh yigit o’zining halolligi, ilmli va mehnatkashligi bilan el-yurt orasida katta hurmat qozonibdi. Yigit haqidagi gap podshohning ham qulog’iga etib boribdi. Shoh yigitni saroyga chaqirtirib, u bilan suhbatlashibdi. Qarasa yigit aytganlariday har tamonlama aqlli ekan. Shoh uni saroydagi yaxshi lavozimlaridan biriga ishga olibdi. Yigitning ishi hammaga yoqibdi. Qisqa fursat ichida u yanada yuqori martabalarga erishibdi. Oradan vaqt o’tgach, yigit ta’til olib ota-onasini ko’rish uchun qishlog’iga boribdi. Borgan zahoti o’ziga qilingan yaxshilik uchun otasiga minnatdorchilik bildiribdi. Shunda otasi, “O’g’lim, yaxshilikni senga tug’ilmasingdan oldin qilganmiz. Onanga uylanganimdan so’ng, otasining uyida biror bir gumonli narsalardan eb qo’ygan bo’lsa, tug’iladigan farzandimga kasri urmasin deb 40 kun chilla saqladim. Halol mehnatim bilan topgan pullarim bilan onangni boqdim. Chiladan so’ng, 9 oyu 9 kundan so’ng sen tug’ilding”, – degan ekan. III. Rivoyatlar muhokamasi – 10 minut O’quvchilar rivoyat yuzasidan o’z fikr va mulohazalarni bayon etadilar. Kerakli joylarda o’qituvchi o’quvchilarga yordam berib turadi. IV. Xulosa -3 minut
Demak, oilada bola tarbiyasi birinchi navbatda ota-onaga bog’liqdir. Farzandlarni halol edirsa va tarbiyalasa ushbu oiladan doimo qut-baraka, omad, davlat va baxt saodat arimaydi. Shaxsning kelajagi oiladagi muhitga, unda tarbiyaning qanday amalga oshirishiga, tarbiyachi hisoblanmish ota-onaning o’z burch va vazifalariga qanday munosabatda bo’lishiga chambarchas bog’liqdir. Xonadondagi har bir kishining o’z burch va vazifalariga mas’uliyat bilan yondashuvi avvalo oila mustahkamligiga, oxir-oqibatda esa jamiyat farovonligiga erishishning muhim sharti omilidir. Prezidentimiz ta’kidlaganidek “Odobli, bilimdon va aqlli, mehnatsevar, imon-e’tiqodli farzand nafaqat ota-onaning balki butun jamiyatning eng katta boyligidir”. “Bu yorug’ olamda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, hayot abadiyligi, bebaho ne’mat bo’lmish farzand bor. Farzand bor ekan, odamzod hamisha kelajagini o’ylab, ezgu orzu intilishlar bilan yashaydi”. V. Mustahkamlash va baholash – 10 minut Quyidagi “Rezyume” texnologiyasi asosida o’quvchilar ibratli va nosog’lom oilalar haqidagi fikrlarini taqqoslaydilar. O’quvchilar savol-javobdagi ishtiroki hamda taqqoslashdagi fikrlari asosida baholanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |