Mustahkamlash: 1. Tasavvuf nima?
2. Tariqat nima?
3. Nechta tariqatni bilasiz?
Dars yakuni: baholarni e’lon qilish
Uyga vazifa: mavzuni o`qib savollarga javob yozish.
Fan: Din tarixi 9- sinf Mavzu: Diniy fundamentalizm va ekstremizm haqida
Maqsad: Ta`limiy : o`quvchilarga Diniy fundamentalizm va ekstremizm haqida ma’lumot berish
Rivojlantiruvchi: o`quvchilarni ogohlikka davat etish
Tarbiyaviy: o`quvchilarda diniy ekstremizm va fundamentalizmga qarshi immunitet yaratish
Dars usuli: Suhbat baxs-munozara
Dars jihozi: Elektron darslik, xarita, tarqatmalar, Prezentatsiya, AKT
Darsning borishi: Tashkiliy qism
Navbatchi axboroti
O`tilgan mavzuni so`rash
Yangi mavzuning bayoni: XX asrning oxirlarida xalqaro xavfsizlikka tahdid soluvchi global muammolar qatoriga diniy ekstremizm va fundamentalizm ofati qo‘shildi. Yadroviy urush xavfi, ekologik fojia kabi global muammolar insoniyat taqdiriga qanchalik vayronkor tahdid qilayotgan bo‘lsa, diniy ekstremizm va terrorizmning buzg‘unchilik ta’siri ko‘lami ulardan kam emas.
Diniy ekstremizm (lotinchada – extremum eng keyingi, oxirgi degan ma’nolarni anglatadi) ijtimoiy hayotda yuz berayotgan jarayonlar ta’sirida paydo bo‘ladi va uning ildizlari uzoq o‘tmishimizga borib taqaladi. Zero, diniy ekstremizm diniy dunyoqarash paydo bo‘lishi bilan yuzaga kelgan ijtimoiy voqelikdir. Faqat u turli tarixiy davrlarda xilma-xil ko‘rinish, shakl va mazmunda namoyon bo‘ladi.
G‘arbiy Yevropa mamlakatlarining mustamlakachilik siyosati (salib yurishlari, buyuk geografik kashfiyotlardan keyin jahonni bo‘lib olish uchun kurash), Usmoniy turk davlatining G‘arbiy Yevropaga tahdidi (XIV–XVI asrlar) diniy shiorlar asosida olib borilgan. Buyuk geografik kashfiyotlardan keyin G‘arbiy Yevropa jahon miqyosida iqtisodiy, harbiy-texnikaviy ustunlikka erishgan. Mazkur ko‘rsatkichlar bo‘yicha ortda qolgan xalqlar G‘arbning tajovuziga diniy shiorlar asosida birlashgan. Mazkur shiorlar xalqni an’anaviylikni saqlab qolish, jamiyatni G‘arbda ishlab chiqilgan «qolip»larga asosan modernizatsiyalashga qarshi kurashga da’vat etgan. XVIII asrning ikkinchi yarmida Saudiya Arabistonida ijtimoiy hayotni G‘arb modeli asosida zamonaviylashtirishga qarshi kurash jarayonida diniy fundamentalistik va ekstremistik vahhobiylik mazhabi yuzaga kelgan.
XX asrning oxirlarida diniy ekstremizm diniy-siyosiy harakat sifatida avj oldi. Shuning uchun ekstremistik ruhdagi diniy oqimlar o‘ta janggarilik, murosasizlik g‘oyalari bilan qurollangan, dunyoviy g‘oyalar va dindagi modernistik yo‘nalish tarafdorlarini ta’qib etuvchi, hatto terrorchilik vositasida jismonan yo‘q qilishgacha boruvchi ashaddiy aqidaparastlar harakati sifatida baholanadi. Ekstremizmning ilmiy adabiyotda yagona bir ta’rifi mavjud emas. Shunga qaramay, ekstremizm deganda radikal qarashlarga ega bo‘lgan, o‘z g‘oyasi yoki fikrini boshqalarga har qanday vositalar bilan singdirishga intiladigan kishilarning e’tiqodi tushuniladi. Diniy ekstremizm deganda dinning ijodiy tabiatini inkor etuvchi, dunyoviy xatti-harakatlarni diniy mafkura maqsadlariga bo‘ysundirishga urinuvchi harakat tarafdorlari nazarda tutiladi. Aslini olganda, diniy ekstremizm – fundamentalizmning bir ko‘rinishi. Diniy ekstremizm zaminida fundamentalizm yotadi.
Diniy ekstremizmning eng birlamchi xususiyati shundaki, u jamiyatda qabul qilingan ijtimoiy norma va qadriyatlarni inkor qiladi yoki ularga qarshi kurashadi. U siyosiy sahnaga chiqish, hokimiyat tepasiga kelish, davlat boshqaruv uslubini diniy o‘zanga burish kabilarga harakat qiladi. Diniy ekstremizm hodisalarni faqat yaxshi yoki yomon, qora yoki oq deb baholashga odatlangani uchun demokratiya va plyuralizmni inkor etadi. Diniy ekstremizmning manbai mutaassiblik (fanatizm)dir. Mutaassiblik kishilarning muayyan narsa, fikr yoxud g‘oyaga ko‘r-ko‘rona, uning chuqur mohiyatiga yetmasdan, butun vujudi bilan qattiq ishonishi, uni boshqa hamma narsa va g‘oyalardan to‘g‘riroq deb bilishi natijasida boshqalarga ham turli vositalar bilan singdirishga harakat qilishidir.
Diniy ekstremizm va mutaassiblik diniy fundamentalizmning negizida (lotincha fundmehtum – asos degan ma’noni anglatadi) vujudga keladi. XX asrning boshlarida «fundamentalizm» atamasi dindagi modernizatsiya jarayonlariga to‘sqinlikni aks ettiruvchi tushuncha sifatida ilk bor qo‘llana boshlangan. Shu davrda AQSHda «Fundamentlar (asoslar): haqiqatga shahodat keltirish» nomli risolalar to‘plami nashr qilingan. Unda xristianlikning fundamental nazariyalarini nimalar tashkil etishi izohlangan. To‘plam yuzasidan boshlangan munozaralarda dindagi fundamental ahamiyatga ega qadriyatlarni himoya qiluvchilar fundamentalistlar deb atala boshlangan. Yuqorida qayd etilgan misollardan xulosa qilganda, «diniy fundamentalizm» atamasi dastlab xristianlikka nisbatan qo‘llanila boshlagan. Albatta, atamaning dastlab kimga yoki nimaga nisbatan qo‘llanilganligi muhim emas, lekin hozir diniy fundamentalizm, ekstremizm va terrorizm deganda G‘arb va hatto ayrim Sharq mamlakatlarida islomni bayroq qilib oluvchi kimsalar va guruhlar o‘tmish tarixni esga olib qo‘ysalar aslo foydadan xoli bo‘lmaydi. Diniy fundamentalizm muayyan diniy e’tiqod, tarixiy davr yoki birgina mintaqaga xos ijtimoiy hodisa emas. Mazkur voqelik har qanday dinga xos xususiyat bo‘lib, turli tarixiy davrlarda dinning ajralmas yo‘ldoshi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. XX asrning 70-yillaridan boshlab islom davlatlarida diniy tiklanish va jonlanish hodisalariga nisbatan «fundamentalizm» atamasi qo‘llanila boshlagan. Hozirgi kunda kishilarda ziddiyatli his-tuyg‘uni uyg‘otuvchi «islom fundamentalizmi» atamasi shu vaqtdan boshlab jahon miqyosiga yoyilgan.
Diniy fundamentalizm deb diniy aqidalarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, ilohiy bashorat va mo‘jizalarni juz’iy tushunishni inkor qiluvchi qarashlar tizimiga aytiladi. Diniy ekstremizm va fundamentalizmning maqsadi quyidagilardan iborat:
a) dinning sofligini saqlab qolish niqobi ostida g‘araz maqsadli diniy tashkilotlar va guruhlarning siyosiy hokimiyatni qo‘lga olish va dindorlar nazoratida bo‘lgan hukumatni tuzishga intilishlari;
b) ko‘zlangan yovuz niyatga erishish uchun dinning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini saqlab qolish va yanada mustahkamlash maqsadida uni zaiflashtiruvchi har qanday jarayonlarga qarshi kurashish.