Mavzu: Dorivor o`simliklarni rivojlanish sohasidagi davlat qarorlari
Respublika hududlarida dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlashga doir ilmiy tadqiqotlarning yagona bazasini yaratish, xorijiy davlatlarning ilg‘or ilmiy ishlanmalarini o‘rganib borish, yetakchi ilmiy muassasalar bilan hamkorlik o‘rnatish hamda zamonaviy texnologiyalar, ilmiy ishlanmalarni respublikaga joriy etish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishni kuchaytirish maqsadida:
1. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Fanlar akademiyasining “Shifobaxsh” dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash markazi negizida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi (keyingi o‘rinlarda — Markaz)ni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
dorivor o‘simliklarni ilmiy asosda yetishtirish va qayta ishlash, ulardan oqilona foydalanishning yagona strategiyasini shakllantirish va amalga oshirish;
respublika hududidagi yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklar areallarini o‘rganish va zaxiralarini aniqlash, mavjud bioresurslar genofondini saqlash, onalik plantatsiyalarini tashkil etish;
urug‘lik materiallarini yetishtirish va tayyorlash, ko‘paytirish, kolleksion ko‘chatxonalar tashkil etish hamda ularning xomashyolarini qayta ishlash bilan bog‘liq ilmiy va amaliy tadqiqotlarni olib borish;
dorivor o‘simliklarni muayyan tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda madaniy holda yetishtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;
tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olib, madaniy holda yetishtiriladigan dorivor o‘simliklarning agrotexnologik xaritalarini Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi buyurtmasiga ko‘ra ishlab chiqish;
dorivor o‘simliklar kimyoviy tarkibini o‘rganish, mahsulotini standartlash va sertifikatlash;
dorivor o‘simliklarga bo‘lgan ichki va tashqi bozorlar talabini o‘rganish bo‘yicha marketing tadqiqotlarini o‘tkazish;
dorivor o‘simliklar yetishtiruvchi va qayta ishlovchi fermer xo‘jaliklari, tashkilotlar va boshqa subyektlar rahbarlari va mutaxassislarining malakasini oshirib borishga yo‘naltirilgan dasturlarni tayyorlash va o‘qitish tizimini tashkil etish.
3. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi Markazning o‘rmon fondi yerlarida namunaviy plantatsiyalar, laboratoriyalar barpo etish, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga tatbiq qilish maqsadida xususiy sektorni jalb etgan holda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va ilmiy-ishlab chiqarish klastyerlarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin. Bunda:
dorivor o‘simliklarni yetishtirish, ilmiy-ishlab chiqarish klastyerlari faoliyati bank kreditlari, tashabbuskorlar mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
dorivor o‘simliklarni klaster va kooperatsiya usulida yetishtirish bo‘yicha xalqaro moliya institutlarining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan aniq loyihalar Markaz tomonidan tijorat banklariga taqdim etiladi.
4. Belgilansinki:
Markazga tashqi va ichki bozor talablari hamda marketing natijalaridan kelib chiqib, har yili 1-iyunga qadar dorivor o‘simliklar ekinlarini joylashtirish bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi vazirligiga va O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga takliflar kiritish huquqi beriladi;
dorivor o‘simliklarni to‘plash (g‘amlash), ularni olib kirish va tashqariga olib chiqishga ruxsatnomalar berganlik, arizalarni ko‘rib chiqqanlik uchun undirilib, mahalliy budjetga yo‘naltiriladigan to‘lovlarning 20 foizi Markaz tomonidan tabiiy holda o‘suvchi, shu jumladan yo‘qolib borayotgan dorivor o‘simliklarni saqlash, xatlovdan o‘tkazish, ularning madaniy plantatsiyalarini yaratish, onalik ko‘chatzorlarini tashkil etish, dorivor o‘simliklarni yetishtirishga doir texnologik xaritalar ishlab chiqish xarajatlarini qoplash uchun yo‘naltiriladi;
Markaz amalga oshirilgan chora-tadbirlar, erishilgan yutuqlar, amaliyotdagi muammolar va ularning yechimi bo‘yicha takliflarni har chorakda taalluqliligiga qarab O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligiga taqdim etib boradi.
5. Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markaziga 1-ilovaga muvofiq ro‘yxatdagi muassasalar uslubiy va amaliy yordam berish uchun biriktirilsin.
Bunda, har bir muassasa tabiiy holda o‘suvchi, shu jumladan yo‘qolib borayotgan dorivor o‘simliklarni saqlash, xatlovdan o‘tkazish, ularning madaniy plantatsiyalarini yaratish, onalik maydonlari va ko‘chatzorlarini tashkil etish, dorivor o‘simliklarni yetishtirishga doir texnologik xaritalar ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar va ishlanmalar ishlab chiqish uchun mutaxassislarni biriktiradi.
6. Markaz Fanlar akademiyasi (B.S. Yuldashev), Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Y. Abduraxmanov), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A. Xodjayev) bilan birgalikda:
ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari tomonidan amalga oshirilgan dorivor o‘simliklarga doir ilmiy tadqiqotlar, yangi innovatsion ishlanmalar bo‘yicha ma’lumotlar bazasini shakllantirsin, shuningdek, ularning tizimli ravishda yangilab borilishini ta’minlasin;
tibbiyotda va xalq tabobatida faol qo‘llaniladigan dorivor o‘simliklar kolleksiyasi uchastkasi va genbankini tashkil etsin;
Markaz huzurida dorivor o‘simliklar xomashyosi va ulardan olinadigan mahsulotlarni sertifikatlash va standartlashtirish laboratoriyasini tashkil etsin. Bunda Qishloq xo‘jaligi vazirligi Markazning aniq hisob-kitoblariga asosan Jahon bankining “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida jalb etilgan kredit mablag‘laridan mazkur laboratoriyani tashkil etishga yo‘naltirish choralarini ko‘rsin.
2.Mavzu: intraduksiya sohasida faoliyat olib borilyotgan tashkilotlar Introduksiya (lot. introductio -joriy qilish), oʻsimliklar introduksiyasi — turli oʻsimliklar turlari va navlarini oʻz tabiiy arealidan ilgari uchramagan hududlarga koʻchirish (jalb etish). "I." tushunchasi 19-asrning 2-yarmidan buyon qoʻllanib kelinmoqda. Oʻsimliklar I.si nazariyasini shveysariyalik botanik A. De-kandol (1806—93) 1855-yilda asoslab bergan. N. I. Vavilov oʻzi yaratgan madaniy oʻsimliklarning kelib chiqish markazlari nazariyasi asosida 1920-yilda I.ning ilmiy asoslarini ishlab chikdi.
Hozir deyarli barcha qitʼalarda yetishtirilayotgan madaniy oʻsimliklarning koʻpchiligi turli geografik oʻlkalardan tarqalgan, "koʻchirib keltirilgan" oʻsimliklar hisoblanadi. 16—17-asrlarda Amerikadan Yevropaga makka-joʻxori, kartoshka, kungaboqar, pomidor, tamaki va boshqa tarqalgan boʻlsa, 17-asrdan boshlab Shim. Amerikada Yevropadan keltirilgan olxoʻri, olma, nok, kashtan va boshqa oʻstirildi, Avstraliyada makkajoʻxori, qovoq, zaytun, uzum, sitruslar paydo boʻldi. Oʻsimliklar tabiiy arealdan yangi hududlarga I. qilinganda turlar (navlar)ning hayotchanligi va I.ning maqsadi boʻlgan qimmatli xoʻjalik belgilarining yaxshilanishi yuz beradi: meva (urugʻ) hosildorligi koʻtariladi, fitomassa koʻpayadi, muhitning turli omillariga, kasallik, zararkunandalarga chi-damliligi ortadi va boshqa "Oʻz markazlari"dan I. etilishi oʻsimliklar arealini maʼlum doirada kengaytirdi va bu borada ayrim oʻsimliklarning bir-lamchi markazlar bilan boʻlgan aloqasi uziladi. Mas, yer yongʻoqning vatani — Shim. Argentina, biroq hozir yer yongʻoq eng koʻp ekvatorial Afrikada yetishtiriladi. Kartoshkaning vatani — Jan. Amerika boʻlsa ham, u dunyoning koʻpgina davlatlarida asosiy oziq mahsuloti hisoblanadi.
Oʻrta Osiyo ham koʻpgina madaniy oʻsimliklarning kelib chiqish marka-zi hisoblanadi va bu yerda ularning xilmaxil shakllari uchraydi. Shu bilan bir qatorda, 19-asrda va undan avval Oʻrta Osiyoga aholiga nomaʼlum boʻlgan oʻsimliklar keltirilgan, ular iqlimlashtirilib, asosiy ekinlarga aylangan. Oʻrta Osiyoda, shu jumladan, Oʻzbekistonda I. natijasida kartoshka, pomidor, shirin qalampir, baqlajon, karam, ayrim koʻkat va ziravorlar, yer yongʻoq, hurmo, limon, unabi kabi sab-zavotlar, poliz ekinlari, meva turlari tarqaldi.
Oʻsimliklar I.si uchun materiallar yigʻish maqsadlarida madaniy oʻsimliklarning birlamchi va ikkilamchi kelib chiqishi markazlariga ilmiy eks-peditsiyalar uyushtiriladi (mas, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti gʻoʻzaning yovvoyi turlarini yigʻish boʻyicha akademik A. Abdullayev boshchiligida 1975-yilda Meksika, 1984-yilda Peru, 1989—90 yillarda Shri Lanka, Hindiston, Xitoy, 1997-yilda Avstraliyaga ilmiy ekspeditsiyalar yuborgan). Botanika va seleksiya muassasalarida oʻsimliklar I.si va soʻngra ularni iqlimlashtirish ishlari olib boriladi.
20-asrning 30-yillarida Oʻzbekistonda tashkil etilgan ilmiy tashkilotlar ilmiy reja asosida jahon madaniy va yovvoyi oʻsimliklarining xilma-xil turlarini yigish, I. ishlarini boshladilar. Hozirgi Oʻzbekiston oʻsimlikshunoslik, Oʻzbekiston gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi, Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi, Botanika i. t. institutlari va Botanika bogʻida I.langan va mahalliy navlar asosida turli ekinlarning kolleksiyalari tashkil etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |