2.Ibtidoiy jamiyat.
diniy e'tiqod turlaridan yana biri sehrgarlikdir. Sehrgarlik deb odam, hayvon, predmet va ruhlarga g'ayritabiiy ta'sir etish maqsadida amalga oshiriladigan duolar, harakatlar va marosimlar tizimiga aytiladi.
U dushmanga ziyon-zahmat yetkazish, harbiy, davolash, mehnat va sevgi sehrgarliklari kabi turlarga bo'linadi. Sehrgarlikning maqsadi hayotiy muammolarni bevosita hal qilishdan iborat. Bunda sehrgar faqat o'z iqtidori va kuchiga tayanadi. Sehrgarlik juda keng qamrovli voqelik va undan ijtimoiy hayotning barcha sohalarida foydalanish mumkin.
Sehrgarlik amaliyotida duolar yoxud harakatlarning ta'siri va samaradorligi turli shart-sharoitlarga, jumladan tashqi ta'sirlarga ham bog'liq bo'ladi. Undagi tashqi ta'sirlarga e'tibor belgilarga ishonishni vujudga keltirdi. Bunday ishonch dastlab odamlarning muayyan harakatlariga ta'sir etuvchi shart-sharoitdan keyinchalik ularning taqdirini belgilaydigan e'tiqodga aylangan. Sehrgarlikning muhim xususiyatlaridan biri - fan bilan ayrim jihatlariga ko'ra yaqinligi. Fan tabiat va jamiyatda yuz berayotgan voqea va hodisalarning umumiy prinsiplari va qonuniyatlarini topishga xizmat qiladi. Unda tasodiflarning oldini olishga harakat qilinadi. Sehrgarlik ham voqea va hodisalarning makon va zamonda qat'iy belgilangan tartibini ishlab chiqishga intiladi. Bir xil sabab bir xil oqibatni keltirib chiqaradi. Sehrgar belgilangan marosim va duolarni aniq bajarsa, belgilangan maqsadiga erishadi. Tasodif bo'lishi mumkin emas. Hodisalarning ketma- ketligini faqat undan kuchliroq sehrgar buzishi mumkin.
Fan kabi sehrgarlik ham voqea va hodisalarning umumiy tartibini axtarib topishga va har qanday tasodiflarning oldini olishga intiladi. Sehrgarlikning hozirgacha ijtimoiy hayotda saqlanib qolishining muhim omillaridan biri uning zamonaviy fan yutuqlaridan keng foydalanishi yoki kishilarda shunday yolg'on tasavvurlar hosil qilishidir.
Sehrgarlikning ta'siri rivojlangan diniy tizimlarda ham saqlanib qolgan. Islomda payg'ambar, eshon va mullalarning g'ayritabiiy mo'jizalari to'g'risidagi hikoyalardan keng foydalaniladi. Duolar orqali g'ayritabiiy kuchlarga ta'sir etish mumkinligi tan olinadi. Masalan, islomda «kalimai shahodat»ning odamni turli yovuz kuchlardan himoya qilishi to'g'risidagi aqida mavjud.
Biz kundalik turmushimizda sehrgarlikning oq (davolaydigan) va qora (ziyon-zahmat yetkazadigan) sehrgarlik, munajjimlar bashorati, folbinlik kabi turlaridan foydalanishimiz mumkin. Ibtidoiy odamlar predmetlarni ham g'ayritabiiy kuchga ega deb hisoblaganlar. Ibtidoiy jamiyatda paydo bo'lgan bunday e'tiqod turi fetishizm (portugal tilida fetiko - sehrli, mo'jizakor degan ma'nolarni anglatadi) deb ataladi.
Fetishizm deb g'ayritabiiy kuchga ega mavjudotlarga va predmetlarga sig'inishga aytiladi. Fetishizm ruhlarning jonzodlar va predmetlarga «ko'chib o'tishi», narsalarda jon borligi va ularning g'ayritabiiy kuchga ega ekanligiga ishonishdan vujudga kelgan. Ibtidoiy odam xayolini o'ziga jalb qilgan istalgan predmetni fetish sifatida qabul qilishi mumkin edi. Uning obyekti hisoblangan predmetlar orasida eng ko'p tarqalganlari odam yoki hayvonlarning suyak qoldiqlari, qabr toshlari bo'lgan. Suyak qoldiqlari fetish egasini tabiiy ofatlardan, kasalliklardan, yovuz ruhlardan saqlaydi deb hisoblangan. Qabr toshlari vafot etgan kishining tinchligini qo'riqlaydigan ruhlar joylashgan predmet vazifasini o'tagan. Qabr joy- lashgan hududga sig'inish natijasida keyinchalik muqaddas qadamjolar vujudga kelgan. Bunday qadamjolarda maqbaralar, qo'rg'onlar qurilgan.
Qadimda jonsiz fetishlar bilan birga jonli fetishlardan ham foydalanilgan. Jonli fetishlarga sig'inish barcha xalqlarda mavjud bo'lgan. Eng ko'p tarqalgan jonli fetishlarga ilon, qarg'a, bo'ri, ayiq, ho'kiz singari hayvonlarni misol keltirish mumkin. Jonsiz fetishlar elatga xos xususiyatlarni ifodalamaganligi uchun, qabilada jonli fetishlar ko'p bo'lgan.
Fetishlar asosan kuchli ruhni o'zida mujassamlashtirgan va ijtimoiy hayotning ayrim sohalaridagi muammolarni hal etishga yordam bergan.
Fetishizmning ko'rinishlaridan biri butparastlikdir. But odam yoki hayvonning qiyofasi tasvirlangan predmet bo'lib, unda g'ayritabiiy kuch mujassamlashgan deb hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |