Bog'liq Davolash va prafilaktik ovqatlanishni tashkil qilishda texnologning o’rni
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining turg‘un davolash-profilaktika muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish va uning uchun haq to‘lash tartibi to‘g‘risida NIZOM
I. Umumiy qoidalar 1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining turg‘un davolash-profilaktika muassasalarida (keyingi o‘rinlarda tibbiyot muassasalari deb ataladi) ovqatlanishni tashkil etish va uning uchun haq to‘lash tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizomning talablari respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlariga va respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining o‘zini o‘zi to‘liq moliyalashtirish shartlarida faoliyat ko‘rsatadigan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilangan shaxslarning (bemorlarning) imtiyozli toifasini davolash xarajatlari, shu jumladan ovqatlanish xarajatlari yo‘llanmalar (orderlar) bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga qoplanadigan tibbiyot muassasalariga, ularning bo‘limlariga tatbiq etilmaydi.
2. Tibbiyot muassasalaridagi ovqatlanish nonushta, tushlik, tushlikdan keyingi ovqat va kechki ovqatlanishdan iborat bo‘ladi.
3. Tibbiyot muassasalarida shaxslarga (bemorlarga) nonushtalar bepul beriladi, ularga qilinadigan xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga qoplanadi.
4. Tibbiyot muassasalarida ovqatlanish uchun (nonushtalardan tashqari) haq to‘lash shaxsning (bemorning), uning qarindoshlarining yoki boshqa shaxslarning, tashkilotlarning, shu jumladan homiylarning va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
Tibbiyot muassasalarida homiylarning mablag‘larini sarflash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi, agar tibbiyot muassasalari bilan homiylar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa.
5. Tibbiyot muassasalarida quyidagilar ovqatlanish uchun haq to‘lashdan ozod qilinadilar:
a) ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha kasalliklarga chalingan shaxslar (bemorlar);
b) ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha shaxslar (bemorlar) toifalari.
6. Bemorlarning shifoxonada bo‘lish cheklangan muddatlarining tasdiqlangan standartlari bo‘yicha reanimatsiya tadbirlari va intensiv terapiyani talab qiluvchi kasalliklari va holatlari barham topganda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish chog‘ida davolanishni davom ettirishayotgan shaxslarning (bemorlarning) ovqatlanishi uchun haq to‘lashi ushbu Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
7. Tibbiyot muassasalari ovqat bloklarida yoki shartnoma shartlarida tibbiyot muassasalari buyurtmalariga ko‘ra ovqatlar tayyorlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi ixtisoslashtirilgan tashkilotlar (keyingi o‘rinlarda ixtisoslashtirilgan tashkilotlar deb ataladi) tomonidan tayyorlangan ovqatlar qiymati bo‘yicha ovqatlarga haq to‘lanadi.
Tibbiyot muassasalari bilan ixtisoslashtirilgan tashkilotlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarda, ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning barcha xarajatlari hisobga olingan holda, ovqatlarni sotish qiymati nazarda tutiladi.
8. Ta’minotining asosiy manbai budjet mablag‘lari hisoblanadigan tibbiyot muassasalarida ularning ovqat bloklarida ovqatlarni tayyorlash bilan bog‘liq boshqa (qo‘shimcha) xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga qoplanadi.
Shuningdek, pulli asosda tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasalarida ularning ovqat bloklarida ovqatlar tayyorlash bilan bog‘liq boshqa (qo‘shimcha) xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hamda pulli asosda tibbiy yordam ko‘rsatishdan tushadigan budjetdan tashqari tushumlar hisobiga qoplanadi.