2022 yilgi Davlat budjetining dastlabki parametrlari.
O‘zbekiston hukumati 2022 yilda YaIM 5,9 foizga o‘sishi, inflatsiya 9 foizga tushishini prognoz qilmoqda. Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini 3 foizgacha pasaytirish mo‘ljal qilinyapti. Ish haqi, ijtimoiy nafaqalar, stipendiyalar va pensiyalar miqdori inflatsiya darajasidan yuqori sur'atlarda oshiriladi. Bir nechta soliq stavkalari kamaytiriladi.
Foto: Shutterstock
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida 2021 yilning kutilayotgan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan makroiqtisodiy prognozlar, 2022 yil uchun Davlat budjetining loyihasi muhokama qilindi.
O‘zA xabariga ko‘ra, dastlabki statistik ma'lumotlar joriy yilning 9 oylik yakunlari bilan respublikada yalpi ichki mahsulot 6,9 foizga o‘sganini ko‘rsatmoqda.
Joriy yil yakuni bo‘yicha YaIM o‘sishi 6,5-7 foiz atrofida bo‘lishi, bunda sanoatda ishlab chiqarish hajmi – 9,1, qurilish ishlari hajmi – 6,6, xizmatlar sohasi – 8,6 va qishloq xo‘jaligi – 2,8 foizga ko‘payishi kutilmoqda.
Mamlakatning o‘rta muddatli makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozining asosiy ssenariysida kelgusi besh yilda YaIMning o‘rtacha o‘sish sur'ati 6,5 foizda bo‘lishi prognoz qilingan.
Xususan, 2022 yilda YaIMning 5,9 foizga o‘sishi, kelgusi yillarda esa o‘sish sur'atlarining bundan yuqori bo‘lishi hisob-kitob qilingan.
Hukumat oldida 2026 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM miqdorini 2 800 dollarga yetkazish va 2030 yilga borib esa 4000 dollardan oshirish va o‘rta daromadli mamlakatlarning yuqori guruhiga kirish vazifasi turibdi.
“Majlis davomida buni faqatgina belgilab olingan tarkibiy islohotlarni kechiktirmasdan, to‘laqonli amalga oshirish orqali mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini va ishlab chiqarish unumdorligini o‘stirish bilangina ta'minlash mumkinligiga alohida urg‘u berildi. Islohotlarni amalga oshirishga mas'ul bo‘lgan vazirlik va idoralar rahbarlarining faoliyatiga tanqidiy baho berildi”, – deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish, xususan, inflatsiya darajasini 2022 yilda 9 foizgacha, o‘rta muddatda 5 foizgacha pasaytirish, davlat qarzini mo‘'tadil darajada ushlab turish hamda davlat budjeti taqchilligini kelgusi yilda 3 foizdan oshirmaslik lozimligi belgilab olindi.
Ma'lum bo‘lishicha, 2021 yilda koronavirus pandemiyasi sharoitida kechiktirib bo‘lmas ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilish uchun Budjet qonuniga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali budjetdan 27 trillion so‘mdan ortiq qo‘shimcha mablag‘lar ajratilgan.
Xususan, “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari doirasida mahallalardagi ichki yo‘llarni qurish va ta'mirlash, bog‘chalar, maktablar va sog‘liqni saqlash obektlarini ta'mirlash va boshqa infratuzilma obektlariga jami 15,8 trillion so‘m, koronavirusga qarshi kurashish tadbirlariga qo‘shimcha 1,3 trillion so‘m ajratilgan.
Joriy yilda umumiy budjet taqchilligini YaIMga nisbatan 5,5 foizdan oshirmaslik uchun mas'ul vazirlik va idoralar rahbarlariga qo‘shimcha daromadlarni shakllantirish, joriy yilda amalga oshirish zarurati bo‘lmagan xarajatlarni maqbullashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |