I-bob.Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish sharoitida budjetdan tashqari pensiya jamg’armasi faoliyatini tashkil etishning nazariy asoslari 1.1. Mamlakatda pensiya ta’minotini amalga oshirishda budjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining o’rni va ahamiyati Pensiya jamg’armasi daromadlari manbalari O’zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksi, Budjet Kodeksi hamda O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi to’g’risida Nizomda belgilab qo’yilgan bo’lib, ularning undirilish tartibi bir qator qonun osti hujjatlar va yo’riqnomalar asosida amalga oshiriladi. Shu narsani alohida ta’kidlab o’tish kerakki, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 15- noyabrdagi “O’zbekiston Respublikasi Pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish choratadbirlari to’g’risida”gi 444-sonli Qaroriga asosan fondga undiriladigan majburiy to’lov va badallar Soliqlarga tenglashtirildi hamda “Soliq Kodeksi” orqali mustahkamlab qo’yildi. Pensiya jamg’armasiga majburiy ajratma va to’lovlarning undirish ishlari Davlat soliq qomitasi zimmasiga yuklatilgan.
O’zbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 37-moddasi Budjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga bag’ishlangan bo’lib, unda “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti, ijtimoiy nafaqalar to‘lash, kompensatsiya to‘lovlari va boshqa to‘lovlar bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan majburiy to‘lovlar, badallar, shuningdek, boshqa manbalardan tushadigan mablag‘larni jamlaydi”4 Budjet Kodeksining 53-moddasida Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining daromadlarini shakllantirish haqida so’z yuritilib, ular yagona ijtimoiy to‘lovning belgilangan miqdordagi tushumlari, fuqarolarning budjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga sug‘urta badallari, budjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga majburiy ajratmalar hamda boshqa daromadlar hisobidan shakllantiriladi.
Boshqa daromadlarga mehnatda mayib bo‘lganlik yoki kasb kasalligiga chalinganlik tufayli tayinlangan nogironlik pensiyalarini to‘lash xarajatlarining o‘rnini qoplash uchun taqdim etiladigan regress talablar (da’volar) bo‘yicha ish beruvchilar va fuqarolar tomonidan o‘rni qoplanadigan mablag‘lar tushumining bir qismi, O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining muddatidan oldin tayinlangan yoshga doir pensiyalarni to‘lash xarajatlarini qoplash hisobidan kiritiladigan mablag‘lari, yuridik shaxslarning imtiyozli pensiyalarni to‘lash xarajatlarini qoplash hisobidan kiritiladigan mablag‘lari, fuqarolarning ixtiyoriy tartibda to‘lanadigan sug‘urta badallari, majburiy to‘lovlar, badallar o‘z vaqtida to‘lanmaganligi uchun hisoblangan jarimalar va penyalar summasining bir qismi, mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda mayib bo‘lgan, kasb kasalligiga chalingan yoxud sog‘lig‘iga boshqacha shikast etkazilgan xodimga yuridik shaxs tugatilganda, qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi), fermer va dehqon xo‘jaligi qayta tashkil etilganda yoki tugatilganda zararning o‘rnini qoplash uchun to‘lanadigan nazarda tutilgan mablag‘lar, vaqtinchalik bo‘sh turgan mablag‘larni joylashtirishdan olingan daromadlar va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa manbalar kiradi.
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi to’g’risida Nizomda jamg’arma daromadlarining shakllantirish manbalari va tartibi quyidagichadir:5 a) majburiy to’lovlar va badallar:
- belgilangan miqdorlardagi yagona ijtimoiy to’lov tushumlari;
- alohida yuridik shaxslarning ijtimoiy sug’urta badallari;
- fuqarolarning sug’urta badallari;
- jismoniy shaxslar ayrim toifalarining sug’urta badallari;
- majburiy ajratmalar;
b) boshqa to’lovlar:
- "Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq tayinlangan mehnatda mayib bo’lganlik yoki kasb kasalligi oqibatida nogiron bo’lganlarga pensiyalar to’lash xarajatlarini qoplash uchun regressiv talablar (da’volar) bo’yicha ish beruvchilar va fuqarolardan undiriladigan mablag’larning 85 foizi;
- "Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq muddatidan oldin tayinlangan yoshga doir pensiyalarni to’lash xarajatlarini qoplash uchun o’tkaziladigan O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Bandlikka ko’maklashish jamg’armasi mablag’lari;
- "Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasiga muvofiq tayinlangan imtiyozli pensiyalarni to’lash xarajatlarini qoplash hisobiga o’tkaziladigan yuridik shaxslar mablag’lari;
- dehqon xo’jaliklari a’zolarining ixtiyoriy tartibda to’lanadigan sug’urta badallari; - hisoblangan jarimalar summasining bir qismi hamda majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlar o’z vaqtida to’lanmaganligi uchun penyalar (qonun hujjatlariga muvofiq davlat soliq xizmati organlarini ijtimoiy rivojlantirish va moddiy-texnik ta’minlash maxsus jamg’armasiga hamda Jamg’arma xodimlarini ijtimoiy rivojlantirish va moddiy rag’batlantirish jamg’armasiga undiriladigan summalardan tashqari);
- yuridik shaxs tugatilganda, qishloq xo’jaligi kooperativi (shirkati), fermer va dehqon xo’jaligi qayta tashkil etilganda yoki tugatilganda mehnat vazifalarini bajarish bilan bog’liq holda mayib bo’lgan, kasb kasalligiga chalingan yoki sog’lig’iga boshqacha shikast yetkazilgan xodimga yetkazilgan zararni qoplash uchun to’lanadigan summalar;
- qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar, shu jumladan, Davlat budjeti mablag’lari va ixtiyoriy badallardan iboratdir. Aytish joizki majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlarni o’tkazish Jamg’arma daromadlarining belgilangan tasniflariga muvofiq tushumlarning har bir turi bo’yicha Jamg’armaning banklardagi tegishli hisob raqamlari bo’yicha amalga oshiriladi.
Jamg’arma daromadlarini shakllantirish, undirish, hisoblab chiqish va o’z vaqtida to’lanishi va qonunchilikka rioya etilishi Davlat soliq qo’mitasi tomonidan amalga oshiriladi.
O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi Jamg’armaning ijro etuvchi apparatiga: Tushgan majburiy to’lovlar, badallar va to’lovlar to’g’risidagi, Jamg’armaga majburiy ajratmalar, badallar va boshqa to’lovlar turlari bo’yicha qarzlar to’g’risidagi tezkor hisobotni har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunigacha. Majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlarni hisoblash va to’lash to’g’risidagi hisobotni yuridik shaxslar tomonidan choraklik va yillik hisobot taqdim etilgandan keyin 15 kun mobaynida taqdim etadi. Budjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining soliq kodeksi bilan mustahkamlab qo’yilgan manbalar asosan yuridik va jismoniy shaxlardan undiriladigan yagona ijtimoiy to’lovning belgilangan me’rorlardagi miqdorlari, jismoniy shaxslardan undiriladigan sug’urta badallari hamda korxona va tashkilotlarning oborotidan undiriladigan majburiy ajratmalardir.
Soliq Kodeksining 312- moddasiga ko’ra budjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga majburiy ajratmalarni to’lovchilar quyidagilar hisoblanadi:
Yuridik shaxslar – O’zbekiston Respublikasi rezidentlari;
Oddiy shirkat ishlarni yuritish zimmasiga yuklatilgan (ishonchli shaxs) sherik (ishtirokchi) – yuridik shaxs.
Mazkur Kodeksga ko’ra notijorat tashkilotlar (ularning tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlari bundan mustasno), yagona soliq to’lovini va (yoki) yagona yer solig’ini to’lovchi yuridik shaxslar majburiy ajratmalar to’lashdan ozod etilgan.
Davlat budjeti belgilangan tartibda qabul qilingandan va kelgusi yil uchun uning asosiy parametrlari tasdiqlangandan keyin Jamg’armaning ijro etuvchi apparati 5 kun muddatda O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasiga Jamg’arma daromadlarining tasdiqlangan asosiy parametrlarini, Jamg’armaning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo’limlariga - turlar va mintaqalar bo’yicha kelgusi yilga Jamg’arma xarajatlarining asosiy parametrlarini yuboradi.
Jamg’arma daromadlarining o’z vaqtida va to’liq shakllanishini Davlat soliq qo’mitasi zimmasiga yuklatilgan bo’lsa, Pensiya fondining samarali, oqilona va adresli foydalanishini uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo’limlari a malga oshirishi belgilab qo’yilgan.
Barcha pul o’tkazmalari fondning banklardagi maxsus hisob raqamlari bo’yicha amalga oshiriladi. O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi va davlat soliq xizmatining hududiy organlari manbalar turlari bo’yicha Jamg’armaga majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlarning to’g’ri hisoblanishini, to’liqligi va o’z vaqtida to’lanishini nazorat qiladi, manbalar turlari va to’lovchilar bo’yicha jamg’armaga majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlar hisobi yuritilishini, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan jamg’armaga majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlar to’g’ri hisoblanishini, shuningdek, jamg’arma bilan o’zaro hisobkitobning holati tekshirilishini, qonun xujjatlariga muvofiq majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlarni hisoblash tartibi va to’lash muddatlari buzilganligi uchun yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan moliyaviy va ma’muriy javobgarlik choralari qo’llanilishini, yuridik shaxs bo’lmasdan turib tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanayotgan shaxslar va dehqon xo’jaliklari a’zolari tomonidan to’langan badallarning miqdorlari to’g’risidagi ma’lumotlar taqdim etilishini ta’minlaydi.Shu bilan birga Davlat soliq qo’mitasi Jamg’armaning ijro etuvchi apparatiga tushgan to’lovlar, badallar to’g’risidagi tezkor hisobotni har oyda hisobot oyidan keying oyning 10-kunigacha, majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlarni hisoblash va to’lash to’g’risidagi hisobotni kerak shaxslar tomonidan choraklik va yillik hisobot taqdim etilganidan keyin 15 kun mobaynida taqdim etadi.
Pensiya jamg’armasi daromadlari salmog’ining asosiy qismi Soliq qo’mitasi tomonidan undiriluvchi majburiy to’lovlar hisobiga shakllantiriladi. Soliq kodeksining XV bo’lim 51-52 boblari Pensiya jamg’armasiga undiriluvchi majburiy to’lovlarga bag’ishlangan. 51 bob “Yagona ijtimoiy to’lov va fuqarolarning budjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga sug’urta badallari” deb nomlangan bo’lib yagona ijtimoiy to’lov va sug’urta badallari jamg’armaning asosiy daromadlar manbai hisoblanadi. Yagona ijtimoiy to’lovni hisoblab chiqarish va to’lash tartibi “Soliq Kodeksi” va “Yagona ijtimoiy to‘lovning eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan yagona ijtimoiy to‘lovni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq hisoblab chiqariladi va to’lanadi.
YAIT to‘lovchilari YAITni O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan tartibda tegishli yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilangan stavka bo‘yicha, biroq:
- fermer xo‘jaliklari har bir xodimi uchun oyiga minimal ish haqining 50 foizi miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda;
- mikrofirmalar va kichik korxonalar (fermer xo‘jaliklari bundan mustasno) har bir xodimi uchun oyiga minimal ish haqining 65 foizi miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda;
- qolgan to‘lovchilar har bir xodim uchun oyiga bir minimal ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda YAIT hisoblashadi.
Hisoblab chiqarilgan YAIT summasi foyda solig‘i bo‘yicha soliq solinadigan foydani aniqlashda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 145-moddasiga muvofiq chegirib tashlanadi, ammo YAITni hisoblab chiqarishning tartibi buzilgan hollar aniqlanganda, davlat soliq xizmati organlari YAITning eng kam miqdoridan kelib chiqib, qonun hujjatlariga muvofiq penya hisoblagan holda, YAITni qo‘shimcha hisoblaydilar. Bunda davlat soliq xizmati organlari tomonidan qo‘shimcha hisoblangan YAIT summasi to‘lovchi ixtiyorida qoladigan foyda hisobidan undiriladi va foyda solig‘ini hisoblab chiqarishda soliq solinadigan foydadan chegirilmaydi.
YAIT hisoblab chiqarish va to‘lash uchun YAITning eng kam miqdorini to‘lovchilar hisobot oyida xodimlarning haqiqatda ishlagan kunlaridan va belgilangan stavkalardan kelib chiqqan holda jami korxona bo‘yicha YAITning eng kam miqdorini aniqlaydilar.
YAITning eng kam miqdori quyidagi formula asosida aniqlanadi:
MRyait =K/n * N, (1.1)
bu erda:
MRyait — YAITning bir oy uchun eng kam miqdori; K — bir oyda barcha xodimlarning haqiqatda ishlagan kunlari (bir kunda ishlagan soatlaridan qat’i nazar) soni, biroq korxonada o‘rnatilgan ish kunlari sonidan ortmagan holda. Xodimlarning haqiqatda ishlagan kunlariga, shuningdek yillik mehnat ta’tillariga va ish haqi saqlangan holda beriladigan ta’tillarga to‘g‘ri keladigan kunlar ham taalluqlidir. Bir oyda xodimlarning haqiqatda ishlagan kunlarini hisoblab chiqarishda quyidagilarning ishlagan kunlari kiritilmaydi:
- pasaytirilgan stavkalar bo‘yicha YAIT hisoblab chiqariladigan ixtisoslashtirilgan sexlar, uchastkalar va korxonalarda ishlovchi nogironlarning ish kunlari;
- kasanachilarning ish kunlari (YAIT bo‘yicha imtiyoz muddati tugagunga qadar);
- fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalarga muvofiq ishlar bajarayotgan (xizmatlar ko‘rsatayotgan) yakka tartibdagi tadbirkorlarning ish kunlari.