1756 yil dekabr oyida turkiy o`zbeklardan bo`lgan mang`it urug`iga mansub bo`lgan Muhammad Rahimni rasman taxtga o`tkazish marosimi bo`lib o`tdi. U taxtga o`tirgach bir qancha siyosiy-ma'muriy islohotlar o`tkazdi. Yangi hukmdorga yordam bergan qabilalar vakillari saroydagi oliy va yuqori mansablarga o`tkazildi. Isyonkor Shahrisabzliklar kuchini susaytirish uchun ilgari Shahrisabz viloyatiga tegishli Yakkabog` tumani alohidabeklik(viloyat) deb e'lon qilinib, Imomquli parvonachi Yakkabog` hokimi etib tayinlanadi. Rasmiy ravishda ham taxtni egallagan Muhammad Rahim Sharqiy Buxoroga: Hisor, Denov, Dushanbe, Termiz, Boysunga qarshi yangi harbiy yurishlarni amalga oshirdi va bu yerlarni ham o`ziga buysundirdi. Muhammad Rahim vaqtida (1753-1758) Buxoro amirligiga qarashli yerlar ancha qisqargan. Uning tarkibiga Buxoro, Samarqand, Miyonqol, Karmana, Qarshi, G`uzor, Karki, Chorjo`y, Shahrisabz viloyatlari kirib, Toshkent va Farg`ona viloyatlari xonlik tasarrufidan chiqib ketgan. Muhammad Rahim taxtga chiqish uchun oxirgi Ashtarxoniylardan bo`lgan Abulfayzxonni o`ldirishni buyurdi. Bunday siyosiy buyruq bir necha kundan keyin Eron shohi Nodirshoh bir to`da qizilboshlar tomonidan o`ldirilganidan so`ng amalga oshirildi, buning asosiy sababi esa Nodirshoh Muhammad Rahim taxtni egallashi uchun qarshilik ko`rsatuvchi asosiy kuch edi. Muhammad Rahimning davlat tepasiga kelishi ancha Eron qo`shinlari bilan bo`lib o`tgan siyosiy nizolar, janglar sababli oson kechmadi. Chunki bu paytda Buxoro davlatini boshqarishni, uning yangi hukmdorini eronliklar Abulfayzxonning voyaga yetmagan o`g`li Abdulmo`minni siyosiy sahnaga olib chiqish tarafdori edi. Muhammad Rahim davlatni boshqarishni boshlagandan so`ng o`zining ismini har kuni besh vaqt namozlarda qo`shib ayttirdi hamda pul tangalarida “Muhammad Rahim Bahodir Xon” deb yozdira boshladi.
Doniyolbiy otaliq vaqtida (1758-1785) ham o`zaro urushlar davom etib, Karmana, O`ratepa, Nurota, Sherobod, Boysun va boshqa joylarda mahalliy kuchlar bosh ko`tarib, poytaxt izmidan chiqishga harakat qilganlar. Doniyolbiy mang`it hukmronligi davrida (1759-1784) “Buxoroda davlat va din ishlarida buzuqlik ko`paydi”(Ahmad Donish). Bu markaziy hokimiyatga qarshi chiqishlarda ko`rinadi. Ayniqsa, turli o`zbek qabilalar va urug`lar o`rtasida nizolar siyosiy birlikning yo`qligi, markaziy boshqaruvning davlatchilikdagi ahamiyati tushunib yetilmaganligini mang`itlar davridagi o`zaro urushlar tasdiqlab turibdi.
Mamlakatda g`alayonlarning deyarli to`xtovsiz ravishda ko`tarilib turishi markaziy hokimiyatning obro`sini, qudratini tushirib yubordi. Iqtisodiy vaziyat ham nochor ahvolga kelib qoldi. 1784 yilda Buxoroda boshlangan qo`zg`olon taxtga yangi hukmdorni olib keldi. Qo`zg`olon bostirilgan bo`lsa-da, taxtdan voz kechish payti kelganligini anglagan Doniyolbiy vaziyat taqozosiga ko`ra, 1785 yilda hokimiyatni o`g`li Shohmurodga topshiradi.
Doniyolbiyning katta o`g`li Shohmurod hukmronligi davri (1785-1800)da Doniyolbiy joriy etgan soliqlardan bir qanchasi bekor qilindi, iqtisodiy hayot birmuncha yaxshilandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |