Mavzu:Buxoro amirligi tashkil topishi
Reja:
Buxoro o`zbek milliy davlatchiligi tarixi
Buxoro o`zbek milliy va madaniy faoliyati
Buxoro – Sharqning mashhur qadimgi shaharlari
Buxoro o`zbek milliy davlatchiligi tarixida siyosiy va madaniy faoliyatida eng rivojlangan shaharlardan, aniqrog`i shahar davlatlaridan biri bo`lgan.
Buxoro – Sharqning mashhur qadimgi shaharlaridan biri. Arxeologik ma'lumotlaga ko`ra, Buxoro davlatchiligiga miloddan avvalgi 1-ming yillik o`rtalarida asos solingan. Uning nomi ilk o`rta asr Xitoy manbalarida turlicha (An, Ansi, Ango, Buxo, Buku, Buxe, Buxuaer, Buxala, Buxoalo, Fuxu, Puxuala va boshqalar) atalgan. Bu atamalardan avvalgi uchtasi Buxoroning xitoycha nomlari bo`lib, qolgani “Buxoro” so`zining xitoy tilidagi talaffuzidir. O`rta asr arab manbalarida esa Buxoro Numijkat, Navmichkat, Bumichkat (Yangi qo`rg`on), Al-Madina as-sufriyya (Mis shahar), Fohira(Fahrli shahar) kabi nomlar bilan tilga olingan. Buxoro atamasi sanskritcha “vixora” so`zining turk-mo`g`ulcha shakli – “buxor” (ibodatxona) dan kelib chiqqan deb taxmin qilingan. Keyingi tadqiqotlarda bu atama so`g`diycha “bug`” yoki “bax” (tangri) hamda “oro” (jamol) so`zlaridan iborat bo`lib, “tangri jamoli” degan ma'noni anglatadi, degan fikrlar hozirgi kunda ilgari surilmoqda. Haqiqatdan ham Zarafshon daryosining quyi oqimida joylashgan Buxoro va uning atrofida joylashgan yerlar qadimda nihoyatda xushmanzara – hayvonot va o`simlik dunyosi betakror, ko`l va oqar suvlarga boy bo`lib, tarixchi Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asaridagi noyob va qimmatbaho ma'lumotlar buni tasdiq etadi.
Buxoroning islomga qadar bo`lgan siyosiy va huquqiy tarixi xususidagi ma'lumotlar milodning 7 – 8 asrlar bilan chegaralanadi. Buxoro 6 – 8 asrlar boshida Buxorxudotlar hokimligi poytaxti edi. 709 yili uni Arab xalifaligi fath etgan, 9 – 10 asrlarda esa u Somoniylar poytaxti bo`lgan. 999 yili Qoraxoniylar, 1220 yili esa Mo`g`ullar bosib olgan. 1370 yildan boshlab Amir Temur va Temuriylar davlati, 16 asr boshidan Shayboniylar (1533 yil bu davlat poytaxti Samarqanddan Buxoroga ko`chirilishi tufayli Buxoro xonligi deb atala boshlangan) va 1533 yildan 1601 yilgacha, 1601 yildan 1753 yilgacha Ashtarxoniylar sulolasi davlatni boshqargan, 1753 yildan to 1920 yilgacha esa turkiy o`zbeklardan bo`lgan Mang`itlar sulolasi Buxoro amirligiga asos solib, ushbu davlatni o`ziga xos davlat boshqaruvi, sud va sudlov, harbiy tuzum, tashqi diplomatiya asoslariga tayanib boshqargan. So`ng ulkan Buxoro amirligi 1920 yil 28 avgust – 2 sentabrda sho`rolar tomonidan amalga oshirilgan Buxoro bosqini natijasida bosib olingan.
1920 yil 8 sentabrdan Buxoro – Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR)ning poytaxti bo`lgan. 1925 yildan O`zSSR va 1991 yil 1 sentabrdan mustaqil O`zbekiston Respublikasi tarkibida.[1]
Buxoroni arxeologik jihatdan faol o`rganish ishlari 70 – 80 yillarga to`g`ri keladi. O`zbekiston FA arxeologiya institutining maxsus arxeologiya otradi (A.R.Muhammadjonov, I.Ahrorov, J.Mirzaahmedov, SH.Odilov) va O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Me'moriy yodgorliklarni ta'mirlash va asrash instituti otradi (YE.G.Nekrasova boshchiligida) tomonidn olib borilgan tadqiqotlar natijasida hozirgi Buxoro viloyati hududida miloddan avvalgi 4-3 ming yilliklardayoq ovchilik va baliqchilik bilan shug`ullangan, toshdan turli qurol va buyumlar yasash mahoratlari yuksak darajaga yetgan neolit davriga mansub qabilalar yashagani aniqlandi. Miloddan avvalgi 2-ming yillikning 2-yarmida Zarafshon daryosi o`zaniga yaqin yerlarga ayniqsa uning qadimgi tarmoqlari (Vobkentdaryo, Mohondaryo, Go`jayli va b.) havzalariga chorvador dehqon qabilalar kelib joylashib, ular botqoq yerlarda dehqonchilik qilish bilan birga yaylovlarda chorvachilik bilan ham mashhur bo`lganlar. Arxeologlar Qorako`l tumanidagi Zamonbobo degan joydan mazkur qabilalar manzilgohlardan birining qoldiqlarini topib o`rgandilar. Shu bois bu madaniyat fanda Zamonbobo madaniyati deb ataldi. Miloddan avvalgi 1-ming yillikda Buxoro vohasida asta-sekin sun'iy sug`orish tarmoqlari va mustahkamlangan qishloqlar vujudga kela boshlaydi. Zarafshon daryosining qadimgi tarmog`i – Shohrud bo`ylaridagi dastlabki qishloqlarning, jumladan hozirgi Buxoro o`rnida bo`lgan qishloqning barpo bo`lishi aynan shu davrga to`g`ri keladi. 1970 yillarda Buxoroning eski shahar qismida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida Buxoroni arxeologik jihatdan o`rganish tarixida birinchi marta materik qatlamga qadar yetib borishga va madaniy qatlamlanish chuqurligi 20 metrdan ortiq ekanligini aniqlashga muvaffaq bo`lindi.
Mir Arab madrasasi yaqinidagi arxeologik qazishma chog`ida materik qatlam ustida to`q jigarrang torf qatlami (40-70 sm) borligi, uning ichida esa yovvoyi va honaki hayvonlar suyaklari qoldiqlari hamda sopol idish va buyumlar parchalari ko`p ekanligi ma'lum bo`ldi. Torf qatlami madrasa tomon tobora qalinlasha borib, bino ostiga kelganda qalinligi 7,5 metrga yetgan. Bu esa qadimda Buxoro hududidan Zarafshon daryosi tarmoqlaridan biri – ilk o`rta asr manbalarida qayd etilgan “Rudi Zar” (“Oltin Irmoq”) ning o`tganligini isbotlaydi.
Arxeologik tadqiqotlar keyinchalik qurib qolgan mazkur tarmoqning har ikki qirg`og`i bo`ylab bir qancha mustahkamlangan qishloqlarning vujudga kelgani va ular Buxoroning eng qadimgi shahar o`zagini tashkil qilganini tasdiqlaydi. Shahar o`zagi 3 qism – “Oltin irmoq”ning o`ng qirg`og`ida joylashgan ark, ya'ni qal'a hamda uning o`ng va so`l qirg`oqlaridagi qishloqlardan iborat bo`lgan. Bu yerdan topilgan ko`plab ashyoviy dalillar, xususan, sopol idish va buyumlar Buxoro tarixining turli davrlari (miloddan avvalgi 1-ming yillikning 3 choragidan 20 asr boshlariga qadar)ga oid bo`lib, ulardan ikkitasi miloddan avvalgi 5 asrga taalluqli ekanligi aniqlandi. Bundan tashqari, Buxoro Arkida olib borilgan qazishmalar vaqtida yana ko`plab yangi va nodir ashyoviy dalillar topildiki, ular shaharning qadimgi tarixini o`rganishda muhim ahamiyatga egadir.
Shaharning yoshini aniqlash maqsadida butun Buxoro vohasi bo`ylab, chunonchi, yirik arxeologik yodgorliklar – Poykend, Qo`rg`oni Vardonze, Romitan, Varaxsha, Xoja Bo`ston, Qo`zimontepa, Oqsochtepa, va boshqa shahar xarobalarida keng arxeologik qazishmalar olib borildi. Konimex tumanida miloddan avvalgi 6-5 asrlarga doir yodgorliklar (Chordara shahar xarobasi, Qumrabod – 1, Qumrabod – 2, Arabon – 1, Arabon – 2 nomli mustahkamlangan qishloqlar, miloddan avvalgi VI asrga oid Shodibek va Qalqonota qo`rg`onlari topib o`rganildi (1975-1977). Ulardan yuqori darajada rivojlangan hunarmandchilik va me'morchilikka doir ko`plab ashyoviy dalillar topildi. O`sha davrga taalluqli qishloqlar qoldiqlari Jondor tumanidagi Xoja-xotin, Laylakxo`r, Boshtepa, Oqtepa va boshqa joylardan ham topildi.
Arxeologik tadqiqotlar jarayonida Buxoro davlatchiligi xususidagi yozma manbalarda keltirilgan ma'lumotlar bilan arxeologik topilmalar qiyoslanib, quyidagicha xulosaga kelindi. Zarafshon daryosining quyi oqimidagi dastlabki manzilgohlar jez davri (mil.av. 2 – ming yillikning 2 - yarmi)dayoq vujudga kelib ular sinchli yarim yerto`lalardan iborat bo`lgan (qurib qolgan Mohandaryo tarmog`i mintaqasida olib borilgan tadqiqotlar uni tasdiqlaydi); miloddan avvalgi 6-5 asrlarda Zarafshon daryosining yirik tarmog`lari deltalari joylashgan yerlarda mustahkamlanmagan manzlgohlar paydo bo`lgan. Miloddan avvalgi 4 asrda esa Buxoro arki qurilajak hudud baland mudofaa devori va keng handaq bilan o`rab olinib, uning etagida uchta mustahkamlangan manzilgoh joylashgan (bu xil manzilgohlar miloddan avvalgi 1 ming yillik boshidan O`rta Osiyoning dehqonchilik qilinadigan viloyatlariga xosdir). Mazkur manzilgohlardan biri Firobdiz, ikkinchisi Navmichkat, uchinchisi Buxoro deb atalgan. Keyinchalik bu uch manzilgoh o`zaro birlashib va to`xtovsiz taraqqiy etib borib kattagina shaharga – Buxoro vohasining savdo-hunarmandchilik va ma'muriy markaziga aylangan.
Buxoroning Buyuk Ipak Yo`li chorrahasida joylashganligi ilk davrlardan boshlab hunarmandchilik tarmoqlari (kulolchilik, temirchilik, misgarlik, zardo`zlik, zargarlik, shishasozlik, kandakorlik, badiiy kashtachilik, va h.k.) va savdo-sotiq ishlarining rivojlanishiga turtki bo`ldi.
Rossiya istilosi davrida bir necha mayda qayta ishlash korxonalari vujudga keldi. 20 asr boshida Buxoroda 12 ta mahalla, 360dan ortiq guzar, 250dan ziyod madrasa, 390ta masjid, qariyb 150ta karvonsaroy, 350ta hovuz bo`lgan. Buxoro madrasalarida 10 mingdan ortiq talaba o`qigan. Buxoroda 1920 yillardan boshlab sanoat korxonalarining soni va salmog`i ortib bordi.
O`zbek milliy davlatchiligi tizimidagi xonliklardan biri – Buxoro xonligi bo`lib, 1533 yilgacha mamlakatning markazi – Samarqand bo`lgan. Ubaydullaxon davrida poytaxt Buxoroga ko`chirilgan va xonlik Buxoro xonligi nomini olgan. 1510 yil Marv yonida Shayboniyxon shoh Ismoil I Safaviy qo`shinlaridan yengilib halok bo`lganidan keyin Movarounnahr Temuriylardan Zahiriddin Muhammad Bobur qo`liga o`tadi. Lekin ko`p o`tmay Shayboniylar yana Movarounnahrni egallaganlar. Shu vaqtdan boshlab Movarounnahr butunlay Shayboniylarga tobe bo`lgan. O`sha vaqtda xonlikka hozirgi O`zbekiston va Tojikistonning katta qismi, Balx va Badaxshon kirgan. Ubaydullaxon vafotidan keyin Buxoro xonligi mayda bo`laklarga bo`linib ketgan. Buxoroda Ubaydullaxonning o`g`li Abdulazizxon, Samarqandda esa Ko`chkunchixonning o`g`li Abdulatifxon mustaqillik e'lon qilgan. Balx va Badaxshonda shayboniylardan Pirmuhammadxon mustaqil hukmrolik qilgan. Shu yillarda shayboniy sultonlari va mahalliy mulkdorlarning hokimiyat uchun kurashi kuchaygan. Toshkent va Turkistonda Navro`z Ahmadxon (Baroqxon), Karmana va Miyonqolda Iskandarxon, Balxda Pirmuhammadxon va boshqa kichik-kichik hukmdorlar mustaqil bo`lib olganlar. 1551–1556 yillarda Shayboniylar o`rtasidagi Movarounnahr uchun kurashda Iskandarxonning o`g`li Abdullaxon g`olib chiqib, Buxoro xonligida o`z hokimiyatini o`rnatgan. 1557 yildan boshlab Buxoro uzil-kesil xonlikning poytaxtiga aylangan. Iskandarxon (1563-1583) va uning o`g`li Abdullaxon II davrida Buxoro xonligining siyosiy mavqei ortgan.
Abdullaxon II Balx (1573), Samarqand (1578), Toshkent (1582), Farg`ona (1583), Badaxshon (1584), Ko`lob (1585), Xuroson (1588), Xorazm (1595-1596) ustidan o`z hukmronligini o`rnatgan; markaziy davlat boshqaruv devonini mustahkamlagan. Shu tariqa 16 asr oxiriga kelib Buxoro xonligi markazlashgan ulkan davlatga aylangan. Sharqda Qashqar bilan chegaradosh bo`lgan, g`arbiy chekkasi Orol va Kaspiy dengizi sohillarigacha borib tutashgan. Xonlikning shimoldagi chegaralari Turkiston va Sayramgacha yetib, janubda Xurosonning sharqiy qismini o`z ichiga olgan.
Shayboniylar hukmronligi yillarida ayniqsa Abdullaxon II zamonida Buxoro xonligida dehqonchilik, hunarmandchilik, savdo – sotiq rivojlangan, madaniy hayot ancha yuksalib borgan. Juda ko`p sug`orish inshootlari Abdullaxon bandi, Tuyatortar kanali, Oqchopsoy to`g`oni va suv ombori, Vaxshdan chiqarilgan ko`plab ariqlarning qurilishi dehqonchilikni rivojlantirdi. Bu vaqtlarda Buxoro xonligida bug`doyning 10 xil turi, suli, qo`noq, jo`xori, mosh, no`xat, makkajo`xori, loviya, paxta, kunjut, beda, arpa, sabzavot va poliz ekinlari ekilgan, bog`dorchilik, chorvachilik va ipakchilik rivojlangan. Samarqand, Buxoro, Marg`ilon, Xo`jand, Andijon, Toshkent, Jizzax, O`ratepa, Shahrisabz kabi boshqa yirik shaharlarda hunarmandchilik taraqqiy qilgan. Samarqand qozi kalonining hujjatlaridan ma'lum bo`lishicha, 16 asrda Samarqandda hunarning 61 turi mavjud bo`lgan. Movarounnaxrlik kosiblar zo`r san'at bilan turli-tuman metall buyumlar, ip va ipak matolar, a'lo navli qog`ozlar ishlab chiqarganlar. Buxoro shahri bir muncha kengaytirilgan, devor va harbiy istehkomlar qaytadan qurilgan. Shaharda madrasa, karvonsaroy, honaqolar va yangi rastalar barpo qilingan. Shaharlar o`rtasidagi savdo yo`llarida tim (Abdullaxon timi), ko`chalar chorrahasi ustiga gumbaztoqlar, hammomlar, karvon yo`llarida sardobalar, karvonsaroylar, ko`priklar qurilgan. Shayboniylar zamonida Buxoro xonligining Hindiston, Turkiya, Rossiya bilan savdo va diplomatik munosabatlari rivojlangan.
O`zbek milliy davlatchiligi tarixi manbalaridan ma'lum bo`lishicha, 1572–1578 yillari Hindistonda Buxoro xonligining elchilari, Buxoroda esa Hindiston podshohi Akbarning elchilari bo`lgan. Abdullaxon davrida boshlangan ichki siyosiy nizolar natijasida 1598 yilda Abdullaxonning o`zi va shu yilda uning o`g`li Abdulmo`min o`ldirilgan. Taxtga Pirmuhammadxon II chiqqan. Ammo uning humronligi ham uzoqqa bormay, 1601 yilda taxtdan ag`darilgan
. Shu bilan qariyb 100 yil hukm surgan shayboniylar sulolasi barham topib, Movarounnahrda Jo`jixon naslidan bo`lgan Ashtarxoniylar (Joniylar) sulolasining hukmronligi boshlangan.
Ashtarxoniylar davrida xonlikda siyosiy nizo va beboshliklar deyarli to`xtamagan. Dastlab asli ashtarxonlik, Buxoroda qo`nim topgan shahzoda Jonibekning o`g`li Boqimuhammad (1601-1605), so`ngra uning ukasi Vali Muhammad (1605-1611) taxtga o`tkazilgan. Imomqulixon davrida (1611-1642) qozoq biylari va boshqa ko`chmanchilarning Buxoro xonligi yerlariga talonchilik yurishlari kuchaygan. Chunonchi, Imomqulixon 1612 yil Toshkentni egallab, o`g`li Iskandarni hokim etib tayinlaydi, ammo shaharda qo`zg`olon ko`tarilib Iskandar o`ldiriladi. Imomqulixon Toshkent aholisini shafqatsiz qirg`in qilib, shaharni yana xonlik tarkibiga qo`shib oladi. Uning davrida xonlik ancha mustahkamlanadi. Imomqulixon ko`r bo`lib qolgach, taxtni egallagan uning ukasi Nadr Muhammadxon shafqatsizligi va zolimligi bilan norozilik chiqaradi. Natijada muxolif kuchlar tazyiqi bilan taxtdan voz kechadi. Hokimiyat esa uning o`g`li Abdulaziz II (1645-1681) qo`liga o`tadi. U markaziy hokimiyatni mustahkamlashga harakat qiladi, lekin tobora kuchayib borayotgan tarqoqlikni bartaraf qila olmaydi. Bu vaqtda Eron shohi Abbos I Balxni egallaydi, keyinroq esa muzokaralar orqali Balx yana Erondan qaytarib olinadi. Abdulaziz II bilan uning ukasi Subxonqulixon o`rtasida hokimiyat uchun kurash boshlanadi.
Ashtarxoniylar hukmronligi yillarida Xiva xoni Abulg`oziy Bahodirxon va undan keyin o`g`li Anushaxon Buxoro va Samarqand atrofiga tez-tez hujum qilib turadi. Taxtni egallab olgan Subhonqulixon (1681-1702) o`z raqiblariga qarshi shafqatsiz kurashlar olib boradi. U Balx va Xurosonga harbiy yurishlarini amalga oshiradi. Uning o`g`li Ubaydullaxon (1702-1711) hukmronligi davrida Balx, Termiz, Shahrisabz hokimlari mustaqil bo`lib olishga harakat qilganlar. Xon ularga qarshi harbiy yurishlar qilishga majbur bo`lgan. Samarqand va Hisorda bosh ko`targan qabilalarga qarshi qo`shin yuborgan. O`zaro beto`xtov urushlar, harbiy yurishlardan keyin xazina bo`shab, iqtisodiy ahvol mushkullashgan. 1708-09 yillarda o`tkazilgan pul islohoti natijasida pul qiymati to`rt marta tushib ketgan. Islohotdan zarar ko`rgan aholi g`alayon ko`targan, biroq qo`zg`olon shafqatsizlarcha bostirilgan. Xonlikda siyosiy va iqtisodiy ahvolning yomonlashishi ichki ziddiyatlarni kuchaytirib yubordi. Ayrim nufuzli amirlar uyushtirgan fitna natijasida Ubaydullaxon 1711 yilda o`ldiriladi.
Taxtga marhum xonning ukasi Abulfayzxon (1711-1747) nomigagina xon qilib o`tkaziladi. Hokimiyatdagi muhim lavozimlar nufuzli amirlar qo`liga o`tib qoladi. Markaziy hokimiyat zaiflashgach, 1711 yilda Balx, 1723 yilda Samarqand viloyati Buxoro xonligidan ajralib chiqadi. 1720 yillarda Toshkent viloyatini qalmoqlar bosib oladi. Shu asnoda Xiva xoni Sherg`ozixon ham Buxoro xonligini boshqarishga da'vogar bo`ladi, ammo uning harakatlar samarasiz yakunlanadi. 1723 yilda qalmoqlar qozoq dashtlariga bostirib kirib qozoqlarni Movarounnahrga qochishga majbur qilgan. Qozoqlar chorva mollari Bilan Zarafshon vohasiga kirib bog` va ekinzorlarni payhon qilganlar. Buxoro xonligida iqtisodiy va siyosiy tanglik kuchaya borib xonlik tanazzulga yuz tutgan. Movarounnahr parchalanib, uchta xonlikka (Buxoro, Qo`qon va Xiva) bo`linib ketgan. Bundan foydalangan Eron hukmdori Nodirshoh 1740 yil bahorida Balxni egalladi va o`sha yili kuzda katta qo`shin bilan Amudaryodan o`tib, Buxoro xonligini buysundirdi. U mang`it qabilasidan bo`lgan Muhammad Hakim otaliqni ishonchli vakili sifatida taxtga o`tqazadi. Abulfayzxonning nufuzi pasayib ketadi.
O`zaro nizolar va tashqi dushmanlar hujumi tufayli tobora zaiflashib borayotgan, markaziy davlat hokimiyat boshqaruvi karaxt holga kelib qolgan ashtarxoniylar davrida katta siyosiy nufuzga ega bo`lgan o`zbeklarning mang`it urug`i biylari asta-sekin davlat boshqaruvida muhim o`rinni egallay boshladilar. Nodirshohning istilochilik yurishlari bu siyosiy o`zgarishlarni birmuncha tezlashtirdi. Abulfayzxonning o`limi (1747)dan so`ng taxtga to 1756 yilgacha uning avlodlari o`tkazilgan bo`lsa-da, amalda hokimiyat mang`itlar sulolasi vakili Muhammad Rahim qo`lida edi. U o`z hukmronligining dastlabki davridayoq, markaziy davlat hokimiyatini mustahkamlashga kirishdi. Mamlakatdagi siyosiy vaziyatning yaxshilanishidan manfaatdor bo`lgan kuchlar: yirik yer egalari, savdogarlar, ulamo-yu fuzalolar uning bu intilishlarini qo`llab-quvvatladilar. Ishni avvalo saroy amaldorlarini o`zgartirishdan, markaziy boshqaruvni tartibga olishdan boshlagan Muhammad Rahim asta-sekin viloyatlar hokimligiga ham o`ziga sodiq odamlarni qo`yishga kirishdi. Buning uchun u separatistik kayfiyat juda kuchli bo`lgan Shahrisabzga 1750-1752 yillarda 4 marta yurish qilib, bu yerdagi muhim mudofaa qo`rg`onlari (Kitob, Sangfurush, Govmish, Qushchi)ni egalladi va vohada to`liq o`z hokimiyatini o`rnatdi.
G`uzor ham Buxoro hokimiyatini tan oldi. Bu hukmdor shuningdek, Miyonqol, Nurota, Urgut, Kabodiyon, Boysun kabi markaziy hokimiyatni tan olmayotgan viloyatlarga biri necha bor harbiy yurishlar qilib, ularni bo`ysundirishga erishdi.
O`zbek milliy davlatchiligi tarixida mang`itlar hukmronligi o`ziga xos ulkan davr hisoblanadi. Ushbu davrda bo`lib o`tgan turli xil islohotlar, siyosiy voqealar o`sha davrda yashab ijod etib o`tgan tarixnavislarning asarlarida mavjud bo`lib, bugungi kunga kelib esa ular davlatchilik masalalarini tadqiq etishda asosiy manba bo`lib xizmat qiladi. Ushbu davr manbalarining o`ziga xoslik jihati shundaki, aynan bir davrga xos bo`lgan terminlarni, huquqiy atamalarni faqatgina bitta tarixnavisning qo`lyozma manbalarida uchratish mumkin. Masalan, davlat mansablarini, diniy va harbiy unvonlarni Mirza Badi Devonning “Majmu al-arqom” asarida uchratish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |