KIRISH
Mavzuning dolzarbligi.
O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan besh tamoyil asosida bosqichma - bosqich bozor iqtisodiyoti munosabatlari shakllantirilmoqda. Yurtimizda yuzaga kelgan vaziyat iqtisodiyotning rivojlanishini intensiv yo‘lga o‘tkazishni, resurslarning barcha turlaridan oqilona foydalanishni, ishlab chiqarishga tobora takomillashgan mehnat qurollarini joriy etishni juda ham muhim vazifa qilib qo‘ymoqda.
Korxonalarni texnik jihatdan qayta qurollantirish, kam chiqitli va chiqitsiz texnologiyalardan, ilg‘or konstruksiyali materiallardan foydalanish dasturlarini amalga oshirish asosidagina mehnat unumdorligini o‘stirish, mahsulot sifatini yaxshilash, aholining xarid talabini qondirish, ilm - fan ishlab chiqarish tarmoqlarini, ayniqsa, elektronika, asbobsozlik, hisoblash texnikasi, aloqa vositalari ishlab chiqarishlarini rivojlantirish vazifasi kelib chiqadi.
Bularning hammasi axborotlashtirishning ulkan imkoniyatlaridan eng samarali foydalanishni, uning bozor munosabatlariga o‘tish davridagi jarayonlariga ta'sirini kuchaytirishning eng dolzarb vazifasiga aylantirmoqda.
Axborotlashtirish zamonaviy dunyo taraqqiyotining eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanib, jahon fan texnikasining iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot yutuqlarini o‘zida mujassamlashtirgandir.
Bugungi kunda yoshlarni yuksak ma'naviyatli, ijtimoiy-siyosiy hayotda doimo o‘z mustaqil fikriga ega, kasb-hunar mahoratini egallagan shaxs sifatida shakllantirish eng dolzarb, yurtimizning bugungi va ertangi hayotini belgilab beruvchi muhim masala hisoblanadi. Shaxsni shakllantirish keng qamrovli tushuncha hisoblanib, unda bevosita ta'lim va tarbiya masalalari ham o‘rin olgan.
Prezident I.A.Karimov ta'kidlab o‘tganidek: “Yoshlarni zamonaviy fan-texnikaning, umuman, ilm-fanning yutuqlaridan bahramand qilmasdan turib, ularga yuqori malakali ixtisos egalari bo‘lib yetishishga sharoit tug‘dirmay turib, biz respublikamiz xalq xo‘jaligini, sanoat ishlab chiqarish sohalarni tubdan o‘zgartira olmaymiz.”1.
Respublikamizda yetuk malakali mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirilgan ta'lim tizimi ana shunday barkamol shaxsni tarbiyalashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”, “Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonun ta'limda olib borilayotgan ishlarning bosh mezoni hisoblanadi. Bu mezon asosida takomillashtirilgan, zamon talablariga javob bera oladigan dasturlar, o‘quv darsliklari yaratilmoqda. Ta'lim muassasalari, xususan, maktablar qayta rekonstruksiya qilinib, zamonaviy andozalar darajasiga tenglashtirilmoqda. Ana shu asosda ta'lim jarayoni ham bevosita shakllantirilib uning samaradorligini oshirishga ahamiyat berilmoqda.
Fan va texnika jadal sur'atlar bilan rivojlanayotgan, axborot oqimlari kengayib borayotgan bu davrda ta'lim tizimida sinf–dars tizimini qayta ko‘rib chiqish va unga qayta ishlov berishga ehtiyoj tug‘ilmoqda. Xususan, darslarda, darsdan tashqari vaqtda tashkil eti ladigan tarbiyaviy tadbirlarda axborot-kommunikasiya vositalarini qo‘llash va shu orqali ularning natijalarini kafolatlash lozimligi yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining jamoat ta'lim axborot tarmog‘ini tashkil etish to‘g‘risida” 2005-yil 28-sentyabrdagi PQ-191-sonli Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2002-yil 6-iyundagi 200-sonli, “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2006-yil 16 fevraldagi-25-sonli qarorlarning qabul qilinishi, 2012-yil 23-24 aprel kunlari Xalq ta'limi Vazirligining ta'lim-tarbiya jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘limi tomonidan o‘tqazilgan trener mashg‘ulotlari ta'lim jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida e'tibor qaratilayotganidan dalolatdir.
Barchamizga ma'lumki, ta'limda olib borilayotgan ishlarning samarasi bir qancha omillarga: darslarni to‘g‘ri tashkil eta olish, dars jarayonida axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan to‘g‘ri va unumli foydalana olishga bog‘liq. Bu borada hali ko‘pgina muammolar haligacha o‘z yechimini topmagan. Bunday muammolarni darslarda axborot-kommunikasiya vositalarini qo‘llash yuzasidan ko‘pgina o‘qituvchilarda hali ham ko‘nikmalarning shakllanmaganligida, ba'zi holatlarda esa, to‘g‘ri foydalana olmaganligida, o‘quvchilarning ana shunday darslarga yetarlicha tayyor emasligi, bunday darslarni bir qator muammolarning yechimi (o‘quvchilarni ijodiy fikrlash, mustaqil fikrlashi, ularning faolligini oshirish masalalari) sifatida ko‘ra olmasliklarini aytib o‘tishimiz mumkin.
Ta'lim-tarbiya jarayonida axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir. Tarixga nazar tashlasak, 1977 yil, DEC korporatsiyasi asoschisi va prezidenti Ken Olson «Odamlarning uylarida o‘z shaxsiy kompyuterlari bo‘lishiga xech qanday extiyoj yo‘q» deb aytganligini, 1981 yili Bill Geyts «640 kilobayt OHQ xar qanday foydalanuvchiga yetarli bo‘ladi» deganlari bugun eskirgan qarash ekanligi hatto maktab o‘quvchisiga ham ayon haqiqatdir.
Mazkur masalaga oid adabiyotlarni o‘rganish mobaynida ta'lim jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish ko‘p qirrali jarayon ekanligi, turli fan vakillari o‘z fanlari sohasi nuqtai nazaridan yondashib, muammoning yechimiga e'tibor qaratganliklarini ko‘rish mumkin. Ta'lim jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish zaruriyati bugungi kunda yanada ortdi. Shuning uchun biz malakaviy bitiruv ishi mavzusini “Boshlang‘ich ta'lim jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish” deb belgiladik.
Malakaviy bitiruv ishining ob'ekti: boshlang‘ich ta'lim jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish jarayoni.
Malakaviy bitiruv ishining predmeti: boshlang‘ich ta'lim jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish mazmuni.
Malakaviy bitiruv ishining maqsadi: boshlang‘ich ta'limda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini aniqlash.
Malakaviy bitiruv ishining vazifalari:
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tushunchasini yoritish.
Boshlang‘ich ta'limi va tarbiyaviy jarayoniga axborot texnologiyalarini tatbiq etishga doir vazifalarni aniqlash;
Boshlang‘ich ta'limda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga oid dars ishlanmalarini tayyorlash va amaliyotga tadbiq etish.
Malakaviy bitiruv ishining metodlari: mavzuga doir pedagogik, psixologik, metodik adabiyotlarni o‘rganish.
Malakaviy bitiruv ishining amaliy ahamiyati shundan iboratki, unda yoritilgan materiallardan, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari o‘z ish faoliyatlarida foydalanishlari mumkin.
Malakaviy bitiruv ishining tuzilishi: kirish, 3 bob, to‘rt fasl, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat.
I I-BOB. TA'LIM JARAYONIDA AXBOROT-KOMMUNIKATSIYA TEXNOLOGIYALARIDAN FOYDALANISH PEDAGOGIK MUAMMO SIFATIDA.
|
|
Do'stlaringiz bilan baham: |