1. 2. Ta'limda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining o‘rni va ahamiyati.
XXI asr – axborotlashtirilgan jamiyat sari asrida axborot texnologiyalarning roli va o‘rni kundan – kunga o‘sib boraveradi, hamda har bir jabhaning ajralmas qismiga aylanib boradi. Bugungi kunda hayotimizni axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tassavur etib bo‘lmaydi. O‘zbekistonda ta'lim jarayonida AKTni qo‘llash bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda va uning huquqiy va me'yoriy asoslari yaratilgan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 30-maydagi “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida”gi PF-3080 sonli farmoniga binoan:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 6-iyundagi “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora–tadbirlari to‘g‘risida”gi 200-sonli qarori;
O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 11-dekabrda qabul qilingan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 8-iyuldagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF 117-sonli qarori;
Xalq ta'limi vazirligi tomonidan 2004-yil 12-oktabrda qabul qilingan “Ta'lim muassasalarini yagona axborot makoniga aylantirish, integratsiyasini chuqurlashtirishni hisobga olgan holda zamonaviy maktabni jihozlash Konsepsiyasi”;
O‘zbekiston Respublikasiyning Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan “Ta'lim sektorini rivojlantirish dasturi” hamda “Umumta'lim maktablariga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish” loyihalari;
Xalq ta'limi vazirligining 2006-yil 3-avgustdagi “2006-2007-o‘quv yillarini “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kadrlarni salohiyatini oshirish o‘quv yili” deb nomlash to‘g‘risida”gi 6/5-sonli buyruqlari.
Yuqorida qayd etilgan konsepsiyalar, loyihalar va Xalq ta'limi vazirligining buyruqlari ta'lim jarayonida AKT ni qo‘llash va bu orqali ta'lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan.5
O‘zbekistonda axborotlashtirish jarayonida uning ham jamiyat, ham shaxsning o‘rni beqiyosdir. Axborotlashtirish har bir istagan sohasini tubdan o‘zgartirish qobiliyatiga ega. Bunday sharoitda jamiyatdagi har bir shaxsning barkamollik sari intilishlari ro‘yobga chiqadi. Chunki kerakli axborotlarni o‘z vaqtida olish bilan birga ulardan to‘g‘ri foydalana olish insonni ijtimoiy jihatdan rivojlanishiga sabab bo‘ladi.
Respublikamiz xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan shahar va tumanlardagi barcha maktab va maktabgacha ta'lim muassasalari, maxsus maktab-internetlarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish keng joriy etilmoqda. Maktablarda zamonaviy o‘quv kompyuter tarmoqlari tashkil etilmoqda. Shuningdek, maktablar “ZiyoNeT” jamoat ta'lim axborot tarmog‘iga ulangan bo‘lib, o‘qituvchi va o‘quvchilar undan samarali foydalanish uchun sharoitlar yaratilgan.
“O‘zbekistonda elektron kitob (Jet Book)lardan foydalanish” loyihasi esa o‘quvchilarning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirmoqda. Maktablarda veb-saytlar ochilib, maktabda amalga oshirilayotgan ishlar, o‘tkazilayotgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, o‘qituvchilar tomonidan yaratilayotgan elektron darsliklar mazkur veb-saytlarga joylashtirilib borilmoqda. O‘z navbatida ana shunday yo‘nalishda o‘zaro tajriba almashish (masalan “O‘rgan-o‘rgat” tadbiri) ishlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu ham albatta axborot texnologiyalarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarning samarasidir.
Yaratilayotgan ana shunday imkoniyatlar natijasida o‘quvchilar zamonaviy axborot texnologiyalarini puxta egallab, bu borada zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lib bormoqda.
Ta'lim jarayoniga axborot texnologiyalarini olib kirish zarurati 70-80 yillardan boshlab (o‘quvchilarning mashg‘ulotlarga qiziqishi pasayib ketgach) dars metodlarini, shakl va metodlarini o‘zgartirish, yangilik kiritishdan boshlandi. Nostandart (ular 40-50 tadan oshdi) darslarga axborot texnologiyasini (kompyuter, filmoskop, kodoskop va h.k) va pedagogik texnologiyalarni qo‘llash bilan takomillashtirib borilmoqda.
Mustaqillikka erishgach, ta'limda, umuman, barcha jabhalarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash, hyech qanday to‘siqlarsiz axborot izlash, olish, tekshirish, uzatish hamda axborotlarni yanada takomillashtirish yuzasidan qator chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilinmoqda. Ushbu chora-tadbirlarning uzluksiz amalga oshirilib borilishi O‘zbekiston Respublikasining “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi qonunlari va boshqa qator me'yoriy-huquqiy hujjatlar bilan kafolatlangan.
Globallashuv jarayoni ta'limda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) dan keng foydalanishni talab etadi. O‘qitishning zamonaviy usullari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llamasdan turib, o‘qituvchi o‘z kasbiy faoliyatida samarali natijalarga erisha olmaydi. Ammo bunda ta'limning maqsad va mazmuni, usul va vositalari hamda tashkiliy shakllarini to‘g‘ri tanlash muhim ahamiyatga ega.
Axborot texnologiyalari qo‘llanadigan darslarning qulayligi shundaki, unda o‘quvchining o‘quv materiallarini o‘zlashtirib olayotganligini doimiy ketma – ket kuzatishga, nazorat olib borishga, kerak holarda tuzatishlar kiritib borishga imkoniyat yaratiladi.
Shuning uchun ham axborot texnologiyalari asosidagi darslarda qiziqish, o‘zini - o‘zi boshqarish, yangi bilimlarni o‘zlashtirib borishga intilish dars oxirigacha saqlanib qoladi. Bunday darslarda o‘quvchining bilim olish motivatsiyasi oshib boradi.
Axborot texnologiyalarining ta'lim jarayoniga kirib kelishi bilan “Inson va kompyuter” muammosi markaziy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Ta'lim jarayoni - axborot, ayniqsa, uning oliy shakli bo‘lmish bilimlarni ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash va amalga oshirish jarayonidir. Bu jarayonning to‘g‘ri, maqsadli tamonga qaratilgan yo‘nalish, imkoniyatlarini topishga to‘g‘ri keladi.
O‘quv jarayoni axborotni taqdim qilishdek alohida va muhim funksiyani bajarishi lozim. Bu jarayonda “Inson – inson” va “Inson – kompyuter” o‘rtasidagi aloqa bog‘lovchi vosita “axborot” hisoblanadi. Ta'lim sohasining asosiy resursi – axborotdir, shuning uchun axborot tushunchasiga kengroq to‘xtalib o‘tamiz.
yer yuzida jonli mavjudotlarning paydo bo‘lishi bilan birgalikda ularning taraqqiyoti xamda atrof muhit to‘g‘risidagi, voqyea-hodisalar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bilish va ular to‘g‘risida axborot olish, shu axborotlar asosida yashash sharoitlarini belgilash, rivojlanish taraqqiyotini anglash katta ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, vaqt o‘tishi bilan birgalikda tabiatning insonlar tomonidan o‘rganilishi davomida bu axborotlarga yaratilayotgan va ishlatilayotgan mashinalar, apparatlar, o‘lchov asboblari, texnologik jarayonlar haqidagi axborotlar qo‘shilib bordi.
Ta'lim tizimi oldida keng o‘quvchilar ommasini axborot olish va qayta ishlash madaniyatini o‘stirish va shakllantirishdek vazifalar turibdi. Pedagog bolalarga axborot uzatish jarayonida ularga ta'limiy va tarbiyaviy ta'sir etib boradi. Bu jarayonning muvaffaqqiyatli kechishida o‘qituvchining o‘zi tobora maslahatchiga, yo‘l–yo‘riq ko‘rsatuvchiga, o‘quv jarayonining boshqaruvchisiga aylanib boradi. O‘qituvchi axborot egasi, tarqatuvchi funksiyalarni axborot texnologiyalari zimmasiga yuklab boradi. Bunda bosh masala bilimlar olamiga kirish, u bu olamning resurslaridan qanday foydalana olish va o‘zlashtira olishiga bog‘liq bo‘lib qoladi. O‘quvchi axborot ummonida yangicha qoidalarni o‘rganishi, barcha o‘quv fanlari kesimida axborot olishi, uni qayta ishlay olishi zarur bo‘ladi.
Ta'limda o‘qitishning va bilimlarni o‘zlashtirishrishning nutq, so‘z, tovush bilan bog‘langan usullari ikkinchi navbatga o‘tib, o‘qitishning tasavvurlar, shakllar, rang, tasviriy ko‘rsatuvlar bilan bog‘liq usullari birinchi o‘ringa o‘ta boshlaydi.
Global kompyuter tarmoqlarining vujudga kelishi kishilar muloqotining kitob, gazeta va televideniedan farq qiluvchi yangi o‘ziga xos usul va shakllarini vujudga keltirmoqda.
Bu usullar endi kishilik munosabatlarining yangi shakllari, faoliyatlarining yangicha turlari, tafakkur qilish va o‘zini – o‘zi anglashning o‘zgacha tarzi bilan xarakterlanadi.
Axborotlar ustida ish olib borish, ularni uzatish va foydalanuvchiga axborotlarni yetkazish axborot – kommunikatsiya texnologiyalari orqali amalga oshiriladi. Bunda kompyuter va inson o‘rtasida o‘zro kommunikatsiya o‘rnatiladi. Shuni ta'kidlab o‘tish lozimki, pedagogik jarayonda kommunikatsiya ushbu jarayonning eng muhim tashkil etuvchi qismi hisoblanadi.
Ba'zi hollarda muloqot va kommunikatsiya o‘zoro sinonim tarzida qo‘llanilib kelinadi. Ba'zi adabiyotlarda ular quyidagicha farqlanadi.
Muloqot (munosabat) birgalikda faoliyat ko‘rsatuvchilar o‘rtasida axborot ayirboshlashni o‘z ichiga oladi. Bunda munosabatning kommunikativ (o‘zaro aloqaga doir) jihati hisobga olinadi.
Kommunikatsiya – jonli va jonsiz tabiatdagi tizimlar o‘rtasida axborot almashinuvini anglatadi. Insonning texnik vositalar bilan aloqa qilishi bu - kommunikatsiya. Muloqot esa faqat insonlar o‘rtasidagina amalga oshirilishi mumkin. Inson bolasi aynan boshqalar bilan muloqotda va munosabatda bo‘lish jarayonida shaxsga aylanib boradi, ijtimoiy tajriba va madaniyatni egallab boradi.
Muloqot – odamlar o‘rtasida birgalikdagi faoliyat ehtiyojlaridan kelib chiqadigan bog‘lanishlar rivojlanishining ko‘p qirrali jarayonidir. Muloqot birgalikda faoliyat ko‘rsatuvchilar o‘rtasida axborot ayiraboshlashni o‘z ichiga oladi. Bunday axborot ayirboshlash munosabatining kommunikativ shakli sifatida ta'riflanadi. Odamlar muloqotga kirishayotganda ular tildan foydalanadilar. Muloqotning ikkinchi jihati – muloqotga kirishuvchilarning o‘zaro birgalikdagi harakati – nutq jarayonida faqat so‘zlar bilan emas, balki, xatti – harakatlar bilan ham bir – birini tushunishdan iborat.
Muloqot kishilarning hamkorlikdagi faoliyati ehtiyojlari asosida tug‘iladigan ular o‘rtasidagi aloqa rivojlanishining ko‘p qirrali jarayonidir. Muloqot hamqorlikdagi faoliyat qatnashchilari o‘rtasida axborot almashinishni o‘z ichiga oladi, bu muloqotning kommunikativ tomonida ifodalanadi. Odamlar bir-biri bilan munosabatga kirishishda tildan muomala vositasi sifatida foydalanadilar. Muloqotning ikkinchi tomoni muomalaga kirishuvchilarning o‘zaro ta'siridir. Bunda faqat so‘zlar emas, balki harakat va holatlar ham almashinadi. Masalan, sotuvchi bilan xaridor o‘rtasida biror so‘z aytmasdan muomalaga kirishish mumkin. Muloqotning uchinchi tomoni muomalaga kirishuvchilarning bir-birini idrok qilishidir. Shunday qilib, muloqotning shartli uch tomonini ajratish mumkin: kommunikativ (axborot berish), interaktiv (o‘zaro ta'sir) va perseptiv (o‘zaro idrok qilish).
Muloqotning bu uch tomonining birligi muomalaga kirishuvchi kishilarning o‘zaro munosabati va hamqorlikdagi faoliyatining tashkil etish usuli sifatida namoyon bo‘ladi. Muloqotning mazmuni - axborot almashish, o‘qituvchi tomonidan turli kommunikativ vositalar yordamida o‘quvchilar bilan o‘zaro tushunish va o‘zaro munosabatlarni tashkil etishdir. Pedagoglarning tarbiyaviy va didaktik vazifalarni o‘qituvchi hamda o‘quvchilar jamoasi o‘rtasida munosabatlarni ta'minlamay turib amalga oshirib bo‘lmaydi.
Ta'lim jarayoni – bu avvalo axborot almashinish jarayonidir. O‘qituvchi o‘quvchiga bilimlarni ma'lum qiladi (tegishli axborot beradi) va o‘z navbatida teskari aloqa tarzida undan bayon qilingan bilimlar qanday o‘zlashtirilganligi haqida tasavvur hosil qiladigan axborot oladi. Bu axborot o‘quvchilarning diqqat bilan o‘tirishlarida, o‘qituvchiga qarab turishlarida, yuz ifodalarida o‘z aksini topadi. Agar teskari aloqa bo‘lmaganda edi, o‘qituvchi bergan axborotining o‘quvchilar tomonidan qanday qabul qilinayotganini bilmagan bo‘lar edi. Teskari aloqa o‘qituvchiga o‘z nutqini davom ettirish yoki to‘xtatish, ish turini o‘zgartirish, umuman, faoliyatini korrektura qilish imkonini beradi.
Xuddi shu kabi kompyuter va ta'lim oluvchi o‘rtasida kommunikatsiyanining samaradorligini belgilovchi va natijalarini kafolatlovchi o‘qituvchi hisoblanadi.
Kommunikatsiya (lot kommunikatio) – informatsiyalarni (axborotlarni) almashish jarayoni. Jismoniy va ijtimoiy nuqtai nazardan yondashiladigan kommunikatsiyalar mavjud. Jismoniy nuqtai nazardan yondashiladigan kommunikatsiya aloqa ham deb ataladi. Inson yaratgan texnikaviy tizimlarda quyidagi 4 ta asosiy kommunikatsiya turi bor:
Inson – inson;
Inson – mashina;
Mashina – inson;
Mashina – mashina.
Texnikaviy darajadagi kommunikatsiya jarayonlarida turli xil sun'iy tillardan foydalaniladi. Ijtimoiy nuqtai nazardan yondoshiladigan kommunikatsiya guruh yoki tashkilot ichidagi, butun jamoa ichidagi alohida shaxslar o‘rtasida aloqa almashish jarayonini o‘z ichiga oladi. Bunday turdagi kommunikatsiya asosan, tabiiy til yordamida amalga oshiriladi. Yakka kommunikatsiyada inson axborotni aniqlashi va idrok etishi katta ahamiyatga ega. Guruh ichidagi kommunikatsiya uchun shu guruh yoki a'zolari o‘rtasida munosabatlarning taqsimlanishi, qabul qilingan kommunikatsiya qoidalarining xususiyatlari ahamiyatli6.
Ta'lim jarayoni kommunikatsiya va qaytar aloqa singari o‘zaro ta'sir jarayonlaridan iborat. Bu jarayon muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun u albatta qayta aloqaga ega bo‘lishi - sub'ekt o‘zaro ta'sir natijalari haqida axborot olishi kerak. Kommunikator o‘zi uzatgan axborotni retsipient (qabul qiluvchi) qanday qabul qilishini va qanday munosabatda bo‘layotganligini qayta axborot ma'lumotlariga asoslanib bilib oladi. Muomalada suhbatdoshni yoki tinglovchini idrok etish bir-birini tushunishning asosiy shartidir. Agar o‘qituvchi o‘quvchilari uni qanday idrok etayotganligini, tushunayotganligini anglay olmasa, pedagogik munosabat samarali natija bermaydi.
Zamonaviy axborot texnologiyalari. Texnologiya grekcha tildan tarjima qilinganda san'at, mahorat haqidagi ta'limot kabi ma'nolarni bildiradi. “Texnologiya – ishlov berish, holatni o‘zgartirish san'ati, mahorati, malakasi va metodlar yig‘indisi”(V.M. Shepel).7
Axborot texnologiyalarining maqsadi inson tahlil kilishi uchun axborotni ishlab chiqarish va uning asosida biror bir xatti-harakatni bajarish bo‘yicha qaror qabul qilishdir. Axborot texnologiyasi obekt, jarayon yoki hodisa (axborot mahsuloti)ning holati haqidagi yangi sifat axborotini olish uchun ma'lumotlarni to‘plash, qayta ishlash va uzatishning vosita va uslublari jamlanmasidan foydalanuvchi jarayondir.
Bundan tashqari, axborot texnologiyasining asosiy maqsadi - axborotni saqlash va uzatishni tashkil etish hisoblanadi.
Axborot tizimi axborotni qayta ishlashning axborot-kompyuter tizimini o‘zida ifodalaydi. Axborot tizimi – o‘z tarkibida kompyuterlar, kompyuter tarmoqlari, axborot va dasturiy ta'minot hamda odamlarning birgalikdagi faoliyat yuritish jarayonini aks ettirib, u iste'molchi uchun axborot ishlab chiqarishni o‘z zimmasiga oladi.
Axborot tizimlarining asosiy vazifasi hodisa va jarayonlar kechishini boshqarish imkoniyatlarini yaratishdan iborat. Shuningdek, axborotlarga asoslangan, maqsadi oldindan belgilangan va shu maqsadga erishish dasturi ishlab chiqarilgan boshqariluvchi jarayonga maqsadli ta'sir ko‘rsatadi.
Ta'lim – tarbiyada axborot tizimlarining asosiy vazifalari – bu o‘rganilayotgan ob'ektga tegishli barcha axborot resurslarini eng maqbul boshqarish usullari yordamida iste'molchiga kerakli bo‘lgan axborotlarni ishlab chiqish va ulardan ta'lim ob'ektni boshqarishda foydalanish uchun axborotli va texnikaviy ta'minot muhitini yaratishdir. Axborotlarni avloddan – avlodga uzatishning ahamiyati ta'lim – tarbiya ishining ahamiyati bilan hamohangdir.8
Axborot texnologiyalari (AT) – bu tizim masalalar yechimini topish maqsadida axborotlarni yig‘ish, qayta yig‘ish, qayta tiklash, saqlash, ifodalash, tizimlash, uzatish va uni iste'molchiga foydalanishga qulay holga keltirish jarayonini kompyuter va telekommunikatsiya vositalari yordamida amalga oshiriladigan, tartibga solingan amaliy dasturlar majmuasidir.
I bob yuzasidan xulosa.
Axborot texnologiyalari – jarayonlarni boshqarishdagi asosiy manba bo‘lib hisoblanadi. Tayyorlangan ma'lumotlarni tizimga ajratish va qayta ishlash hamda kerakli maqsadlar bo‘yicha qayta ishlangan ma'lumotlarni uzatishni o‘z ichiga oladi.
Axborotlashtirish faqatgina fan va texnika yutug‘i bo‘lmasdan, balki ular ta'lim, tarbiya, san'at, tibbiyot, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, sanoat va shu kabi sohalarning rivojlanishida ham doimo muhim omil bo‘la oladi.
Zamonaviy hisoblash texnikasi va aloqa vositalari asosida axborotlarni to‘plash, saqlash va kerakli manbalarga uzatishning zamonaviy usullari, ya'ni kompyuterlashtirilgan usullarigacha rivojlanib boraveradi.
Axborot texnologiyalarining paydo bo‘lishi, bu sohadagi ishlarni jonlantirib yubordi, ya'ni endigi hayot nafaqat axborotlar, axborot texnologiyalari, balki axborot tizimlarini yaratishni taqozo etib qoladi va ulardan bilim bazalari, vazifalar, mantiqiy xulosalarni yechuvchi mashina kabi xizmat tizimlarini ham o‘z ichiga olishini talab qilmoqda. Bu talablarni hal qilish esa ijtimoiy islohotlarga bog‘liqdir.
II BOB. TA'LIM JARAYONIDA AXBOROT-KOMMUNIKATSIYA TEXNOLOGIYALARIDAN FOYDALANISHNING SHART-SHAROITLARI.
|
|
2.1. Ta'lim jarayonida foydalaniladigan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining turlari.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan boshlab ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanib, xalqaro integratsiyaga qo‘shilmoqda. Jamiyatimizning turli sohalarida rivojlanish ketayotganligi uchun axborotlar almashuvi masalasi tug‘ildi.
Insoniyat ishlab chiqarish jarayonida tartibsiz mexanik operatsiyalardan tartibli boshqaruv operatsiyalari tomon jadal harakatlanmoqda. Elektron ofislar har xil axborotlashtirish vositalari bilan ta'minlangan. Insonning ish joyi o‘zgarmoqda.
Ma'lumotlarning elektron shakli hayotning barcha jabhalarida inson faoliyati xarakterini o‘zgartirmoqda.
Axborot texnologiyasi va uning apparat dasturiy ta'minotining rivojlanishi, ofisda ish o‘rinlarining evolyusion va informatsion to‘yinishiga sharoit yaratadi. Ta'lim muassasasi tomonidan yo‘qotilgan axborot - bu natija va boshqaruvning yo‘qotilganidir. Shuning uchun axborot tizimlari qurilishida qo‘yiladigan strategik maksad, ta'lim muassasasi erisha oladigan oqimlarining barchasini jamlashga sharoit yaratish muassasada avtomatlashgan ish joyini integratsiya qilishga kerak bo‘lgan axborot oqimlari: nutq, tasvir, matn, ma'lumotlarni olishdir.
Og‘zaki xabarlar (nutq).
Og‘zaki xabarlar xodimlarning ta'lim muassasasi ichida hamda tashqarida telefon tarmoqlari orqali bo‘ladigan og‘zaki muloqot paytida kelib chiqadi. Telefon og‘zaki kommunikatsiyaning muhim vositasi bo‘lib, 1878 yildan ekspluatatsiya qilina boshlagan. Bundan buyon o‘z funksiyalarini sezilarli darajada o‘zgartirdi. Ta'lim muassasasida telefon ikkita rolni bajaradi:
og‘zaki muloqotni ta'minlaydi;
ta'lim muassasasining bir qator texnik vositalarini uzoqda joylashgan abonentlar bilan ulaydi.
Zamonaviy telefon vositasining funksiyalari ko‘p: u - avtojavob beruvchi, qo‘ng‘iroq qilayotgan abonentning raqamini aniqlovchi, telefon raqamini bilib olishdan himoyalash va hokazo. Unga xotira va boshqarish bloklari birlashtirilgan. Telefonga radio signallarni qabul qilish imkoniyati o‘rnatilgan bo‘lsa, u o‘tkazgichsiz ishlashi va ta'lim muassasasi ichida joydan joyga ko‘chish imkonini beradi. Bugungi kunda “uyali” aloqa keng qo‘llanilmokda.
Qog‘oz hujjatlar.
Qog‘ozli hujjatning normativ qiymati - bu adolatning muhim tarkibiy qismidir. Inson qog‘oz bilan ishlash ko‘nikmasiga ega. Shuning uchun qog‘ozli xabarlarning qog‘ozsiz xabarlar tarafidan siqib chiqarilishi mumkin emas. Qog‘ozli xabarlarni uzatish vositalari ko‘p. Bunda oddiy telegraf aloqasi teletayp aloqasiga aylangan. Rivojlangan vositalardan yana biri - telefaks aloqasi.
Faks (lotincha - faxsimile, o‘xshashini yarat) - hujjat originalini xuddi o‘ziday aks ettiradi. Bunda, uzatishda xabar elementlarini skanerlash yo‘li bilan o‘zgartiriladi. Qabul qilish apparati qatordagi ketma-ket signallarni qabul qilib, qog‘ozdagi tasvirga aylantiradi. Matnni qog‘ozli tashuvchidan ajratib olish uchun o‘qish qurilmasi ishlatiladi.
Ta'lim muassasasidagi hujjatlarni kseroks yordamida nus’halash ommaviy tusga kirdi.
Zamonviy ofislarda elektron axborot oqimlarini qabul qilib, uzatishga mo‘ljallangan vositalar mavjud. Telefaks tarmog‘i orqali qog‘ozdagi xabarlar keladi. Turli xil og‘zaki xabarlar kompyuterga maxsus “o‘zgartirgichlar” yordamida kiritiladi yoki chiqariladi. Lokal yoki global tarmoq vositalari orqali elektron xabarlar kompyuterga modem yordamida kiritiladi yoki chiqariladi. Ofisda kompyuterlar axborot oqimlariga ishlov berib, birlashtirish vazifalarini bajaradi.
Elektron pochta kompyuterlar yordamida olingan korrespondensiyani yuborish va ishlov berishda elektron usullarni ishlatadi. U orqali hujjatlar, jadvallar, grafiklar, chizmalar, rasm va fotografiyalar, raznoma, oynamalar, og‘zaki xabarlar olish imkoni bor. Xabar jo‘natuvchi maxsus elektron pochta dasturini ishlatadi. Xabarlar maxsus elektron pochta qutisiga jo‘natiladi. Server adresat pochta qutisiga uning adresiga xat kelganligi to‘g‘risidagi xabarni qo‘yadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |