Quddus Muhammadiy ijodi
Quddus Muhammadiy (Muhammadiyev Quddus) (1907.25.10 — Toshkent — 1999.22.6) — bolalar shoiri. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1982). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi (1957). Qishloq xoʻjaligi texnikumini tugatgan (1930), Oʻrta Osiyo davlat universiteti (1931—32) va Toshkent tibbiyot instituti (1932—37)da oʻqigan. Maktabda oʻqituvchi (1930—32). Islom shoir kotibi (1941 — 45). Sheʼrlari 1928-yildan "Quddus" taxallusi bilan matbuotda bosilgan. dastlabki sheʼrlar toʻplami — "Oʻquvchiga esdalik" (1946) maktab bolalari hayotiga bagʻishlangan. "Sheʼr va ertaklar", "Sinov" (1947), "Orzu", "Bahor keldi" (1948), "Qirq oʻgʻil, qirq qiz" sheʼriy toʻplamlari (1951) hamda "Yangi uy" (1953), "Kitob", "Bu binoni kim qurgan?", "Oq togʻlar", "Tentaksoy" kabi asarlarida inson mehnati ulugʻlangan. "Qanday boʻlmogʻim kerak?" (1960), "Juda qiziq, juda chiroyli" (1961), "Ona-bola mehri" (1963), "Bola boshidan, oʻgʻlon yoshidan" (1964), "Qanotli doʻstlar" (1978), "Choʻpon bobo qoʻshigʻi" (1979) va boshqa sheʼr va ertaklar toʻplami nashr qilingan. Q.M. bolalarning yoshiga, saviyasiga mos qilib asarlar yaratgan, adabiybadiiy vositalarni izlab topgan, kinoya, satira va yumor unsurlaridan unumli foydalangan. Q.M. ijodiga xos boʻlgan asosiy xususiyat uning asarlarida badiiylik, maʼrifiylik va tarbiyaviylikning uygʻunligidadir. Shoir ijtimoiy hayot voqealari va tabiat hodisalariga teran nazar tashlaydi, ularning oʻziga xos ichki va tashqi tomonlarini, rivojlanish qonuniyatlarini chuqur idrok etadi hamda ularni bolalar adabiyoti talablariga muvofiq, yaʼni jonli va dinamik tarzda gavdalantiradi va badiiy umumlashgan obrazlar yaratadi. "Tabiat alifbesi" (5 kitob, 1974—80)da bolalarni Oʻzbekistonning boy va goʻzal tabiatini sevishga, suv va havosini musaffo saqlashga chaqirgan. "Kitob va Oftob" (1986), "Men sizga bir hikmat aytaman" (1987) kabi asarlar muallifi. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati
Zafar Diyor ijodi
Oʻzbek bolalar adabiyotining koʻzga koʻringan vakillaridan biri Zafar Diyor 1912 yili Namangan viloyatining Chust tumanida, kambagʻal dehqon oilasida tugʻildi. Avval eski maktabda, soʻng bolalar uyida taʼlim va tarbiya oldi. Boʻlgʻusi shoir 1927 yilda Oʻzbek erlar bilim yurtiga oʻqishga kirib, uni 1933 yilda aʼlo baholar bilan tugatdi; shu ilm oʻchogʻida adabiyot muallimi boʻlib xizmat qildi. 1941 yilda esa Toshkent Davlat pedagogika institutini tugatdi. Shoir ijodi garchi erta boshlangan va koʻpgina sheʼrlari yoshlar gazetalari va “Yosh kuch”, “Kolxozchi bolalar” kabi jurnallarda chop etilgan boʻlsa ham, “Qoʻshiqlar” nomli birinchi sheʼriy toʻplami 1938 yilda nashr etildi. Shoirning ijodiy faoliyati jurnalistika bilan chambarchas bogʻliqdir. U 1941 yildan to umrining oxirigacha respublika gazetalarida masʼul kotib, boʻlim mudiri vazifalarida ishladi. Shoirning “Qoʻshiqlar” toʻplamidan soʻng “Tantana” (1938), “Sheʼrlar” (1939), “Bizning qurolimiz”, “Bizning oila” (1942), “Sovgʻa” (1944) kabi sheʼriy toʻplamlari chop etildi. Zafar Diyor Ikkinchi jahon urushi yillarida rang-barang janrlarda samarali ijod qildi. Uning “Qurol bering menga ham!” sheʼri H. Olimjonning “Qoʻlingga qurol ol!” asariga hamohang. Shuningdek, “Orzu”, “Temurchilar maktubi”, “Otam kelar yaqinda”, “Tabassum”, “Toʻqqizinchi may” kabi sheʼrlari yoshlarni qahramonlik, vatanparvarlik va doʻstlik ruhida tarbiyalashda muhim rol oʻynaydi. Zafar Diyor mohir bolalar shoiri boʻlishi bilan birga, yana navqiron naslning suyukli dramaturgi ham edi. Uning uch qismdan iborat “Baxtli yoshlik”, “Uch ogʻayni” pyesalarida bolalar oʻrtasidagi doʻstlik, ahillik ardoqlanadi. U adabiy-tanqidiy maqolalar muallifi, tarjimon va nosir ham edi. Zafar Diyor 1946 yil 14 aprelda vafot etdi. Vafotidan keyin “Kichkina bogʻbon haqida doston” (1947), “Chaman” (1948), “Gunafsha” (1952), “Qanotli doʻstlar” (1958), “Suv bilan suhbat” kabi toʻplam va saylanmalari nashr etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |