Mavzu: Ekologiya va biz.
Ekologiya (yunoncha “oykos”-yashash joyi, “logos”-fan so`zlaridan olingan) tirik organizmlarning o`zaro va yashash muhiti bilan munosa
batlari to`g`risidagi fandir.
“Ekologiya” tushunchasini fanga birinchi bo`lib nemis biologi Ernest Gekkel 1866-yilda kiritgan. Ekologiya ayrim individlarning rivojlanishi, ko`payishi, yashashi, populyatsiyalari va jamoalarining tarkibi hamda o`zgarishlarini yashash muhitiga bog`liq holda o`rganadi. Ekologiya o`tgan asrda alohida fan sifatida yuzaga kelgan bo`lsada, hozirgi kunda koinot muammolarini o`z ichiga olgan fanga aylanib bormoqda.Tirik jonivorlar, ichimlik suvi, tuproq tarkibi, atmosferaning ozon qatlami, Orol dengizi borasida yuzaga kelgan muammolarni sanab adog`iga yetib bo`lmaydi. Hozirgi vaqtda insonning tabiatga ta`sir ko`rsatish doirasi kengayganligi shunga olib keldiki, antropogen omillarning ta`sirida tabiiy muhitda o`zgarishlar yuz bermoqda. Bunday o`zgarishlar esa hayotning moddiy asoslarini yo`q qilmoqda. Insonni o`rab olgan atrof-muhitni jamiyat hayot faoliyati uchun yaroqsiz holatga aylantirmoqda. Hayot kechirish vositalarini saqlab qolish muammosi asr mavzusiga aylanib, jahon jamoatchiligi diqqat markazida turibdi.Ishlab chqarish jarayonlari oqibatida muhitning ifloslanishi kelgusi avlodlar uchun mutlaqo ochiq ko`rinib turgan xavf bo`libgina qolmay, balki u hozirning o`zida ham ijtimoiy halokat yoqasiga kelib qolgan.
Tabiatni muhofaza qilish deganda barcha avlodlarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish va atrof-muhitni musaffo holida saqlashga qaratilgan, ilmiy asosda amalga oshiriladigan mahalliy, davlat va xalqaro tadbirlar majmuasi tushuniladi.
Atrof-muhit holatini kuzatish, nazorat qilish va boshqarish tizimi ekologik vaziyatni o`rganish va baholash imkoniyatini beradi. Shuning uchun hozirgi kunda atrof-muhitdagi o`zgarishlarni to`g`ri va ishonarli baholash muammoli vazifadir. Bunday vaziyat O`zbekiston Respublikasi uchun ham tegishli bo`lib, atrof-muhit holatini ishonarli baholash uchun monitoring tizimini takomillashtirish lozim.Atrof-muhit holatini to`g`ri va ishonarli baholash, kelajakda yuz berishi mumkin bo`lgan ekologik o`zgarishlarni oldindan bashorat qilish imkonini beradi. Insoniyatning atrof-muhitga ta`siri ortgan hozirgi davrda ijtimoiy ekologik vaziyatning kelajakdagi o`zgarishlari to`g`risida turli bashoratlar mavjud.
Tabiatni muhofaza qilish vazifalarini hal qilish yo`llari bo`yicha ilmiy ishlanmalarni bir necha guruhga bo`lish mumkin. Demografik konsepsiyalarda ba`zi olimlar aholi soni o`sishini chegaralash tarafdori, ba`zilari esa tabiatni muhofaza qilish masalalarini atrof-muhitni ifloslamaydigan texnologiyalar yaratish va ijtimoiy sharoitlarni hisobga olgan holda hal qilishni taklif qiladi. Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, ijtimoiy ekologik bashoratlar ekologik inqirozning oldini olishda muhim rol o`ynaydi.
Tabiatdan foydalanishda iqtisodiy mexanizmni takomillashtirish muhim ahamiyatga ega. Hozirgi kunda tabiiy muhitning me`yoridan ortiq ifloslanganligi, tabiiy resurslardan foydalanganlik uchun jarima va to`lovlar joriy qilingan. Buning natijasida to`plangan mablag`lar turli ekologik tadbirlarga sarflanishi mumkin.O`zbekistonda yangi iqtisodiy munosabatlarga o`tish jarayonida tabiatdan foydalaniahning o`ziga xos iqtisodiy mexanizmi shakllanmoqda. Inson va tabiat o`rtasidagi munosabatlarni muvozanatga keltirishda muhim rol o`ynaydi.
Eng muhim chora-tadbirlardan biri, tabiatni muhofaza qilish, tabiatdan oqilona foydalanish va ekologik sharoitlarni yaxshilashda o`sib kelayotgan yosh avlodga ekologik ta`lim-tarbiya berishni to`g`ri yo`lga qo`yish va bu borada olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirishdir. Turli mamlakatlardagi ekologik vaziyat, tabiatdan foydalanish xususiyatlari ko`p jihatdan aholining ekologik savodxonlik darajasi, ekologik madaniyatiga bog`liqdir. Ekologik tarbiya oiladan boshlanadi. Ekologik ta`lim tarbiya bog`chadan oily o`quv yurtigacha uzluksiz davom etishi lozim. Tabiatga mehr-muruvvat ko`rsatish, kelajagimizni saqlashga qaratilgan qadamlardan biridir. O`zbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimov “O`zbekiston XXI asr bo`sag`asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” kitobida ta`kidlaganidek:”Asrlar tutash kelgan pallada butun insoniyat, mamlakatimiz aholisi juda katta ekologik xavfga duch kelib qoldi. Buni sezmaslik, qo`l qovushtirib o`tirish o`zini o`zi o`limga mahkum etish bilan barobardir”. Ekologik vaziyatni yaxshilashga ta`sir ko`rsatuvchi omillardan biri jamiyatning har bir a`zosida zamonaviy ekologik dunyoqarashni shakllantirishdan iborat.
Ekologik ta`lim-tarbiya BMT, YUNESKO va YUNEPning diqqat markazidagi masaladir. Har bir soha mutaxassisi ekologik savodxon bo`lishi va o`z faoliyatida tabiatga zarar yetkazmasligi, ekologik ta`lim-tarbiyani rivojlantirishga hissasini qo`shishi lozim.
O`zbekiston Respublikasida ekologik ta`lim-tarbiyani rivojlantirish sohasida muayyan tadbirlar o`tkazilmoqda. Mamlakatimizda ekologik ta`lim-tarbiyani amalga oshirishning uzluksiz konsepsiyasi ishlab chiqilgan.
XXI asr – ekologiya asri bo`lishi shubhasiz. Har bir inson ona sayyoramiz tabiatiga ziyon yetkazmasdan, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanishi va yashash muhitini saqlashdek muqaddas ishga o`zining munosib hissasini qo`shishi lozim.
“Men o`qituvchiman” mavzusidagi taqdimot.
Hozirgi ta`lim tizimida o`qituvchining asosiy vazifasi o`quvchilarning mustaqil bilim olish faoliyatini tashkil etish, olgan bilimlarini amalda qo`llay olishga o`rgatishdan iborat. Buning uchun o`qituvchi faqat tayyor bilimlarni o`zlashtirishga yordam beradigan metodlardan foydalanish bilan cheklanmasligi, balki yangi bilimlarni mustaqil o`zlashtirishi, ular dunyoqarashini shakllantirishga imkon beradigan metodlarni tanlab olishi lozim.
O`qituvchilar Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma`naviyat-yengilmas kuch” asaridagi quyidagi gaplarni yodda saqlashlari kerak: “Vatanimiz kelajagi, xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obro`-e`tibori avvalambor farzandlarimizning unib-o`sib, ulg`ayib, qanday inson bo`lib hayotga kirib borishiga bog`liqdir. Biz bunday o`tkir haqiqatni hech qachon unutmasligimiz lozim.” Hozirgi kunda yangicha tafakkur, ijodiy fikrlash, yuksak madaniyatli mutaxassislarni tarbiyalash jamiyatimiz oldida turgan eng dolzarb vazifalar sirasiga kiradi.Ta`lim islohotlari sharoitida ta`lim muassasalarida turli pedagogik yangiliklarni joriy etishga qaratilgan innovatsion faoliyat muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ta`limni yangi qadriyatlar va imkoniyatlar bilan boyitib borishda o`qituvchilarning kasbiy mahorati va ilmiy-nazariy malakasi, ijodiy imkoniyatlari muhim ahamiyatga ega.
Biologiya fani barcha tibbiyot va agronomik fanlarning asosini tashkil qilganligi bois uni o`qitishda o`qituvchidan yuksak pedagogic mahorat va zamonaviy ta`lim texnologiyalarini qo`llash malakasi talab qilinadi. Botanika fanidan ta`lim texnologiyasi quyidagilardan kelib chiqqan holda ishlab chiqiladi:
-biologik fanlar qatori botanika fanida ta`limni texnologiyalashtirish qoidasiga amal qilish;
-fan bo`yicha o`quv axborot maqsadi, tuzilmasi, mazmuni va hajmi;
-DTS tomonidan belgilangan, o`quv rejasida ko`rsatilgan vaqtda va berilgan shiroitda ta`lim berish maqsadiga erishishni kafolatlovchi ta`lim berish, muloqot, axborot va boshqaruvning yo`l va vositalarini tanlashga konseptual yondashuvlar.
Ta`lim texnologiyasining konseptual asoslarida o`quv fanining dolzarbligi, maqsad va vazifalari, auditoriya soatlarining umumiy hajmi va o`quv fanining namunaviy dasturiga muvofiq ular mavzular bo`yicha taqsimotga mos bo`lishi lozim. Botanika fanining mazmuni, o`quv fanining namunaviy dasturiga muvofiq o`quv fanining mavzu mazmuni bayon etiladi.
O`qituvchi sinf xonasida ro`y beradigan har qanday muhitga moslasha olishi kerak. Ba`zi o`qituvchilar dars vaqtida iloji boricha ko`proq gapirishga harakat qilishadi, maqsadga erishish masalasi e`tibordan chetda qolib ketadi. Uning gaplari, harakatlari hamisha qo`yilgan maqsadga qaratilmog`I lozim. O`qituvchi darsning qiziqarli bo`lishini ta`minlashi, ko`rgazmali qurollardan to`g`ri foydalanishi, o`quvchilarni darsga faol qatnashtirib, o`quv jarayonidan barcha o`quvchilar chetda qolmasligini ta`minlasa, o`quvchilar darsni yaxshi o`zlashtiradi. Yangi mavzuni tushuntirishda soddaroq usul qo`llashga harakat qilishi lozim.
Dars davomida o`quvchilar charchashining oldini olish dars berish gigiyenasining asosi hisoblanadi. Dars davomida 3-4 daqiqalik jismoniy mashqlarni o`tkazish muhim ahamiyatga ega. Jismoniy mashqlar o`quvchilarning nerv faoliyatining faolligini va dars materiallarini o`zlashtirish imkoniyatlarini oshiradi. Bu mashqlar og`ir jismoniy mashqlar bo`lmasdan, yengil harakatli mashqlar bo`lishi kerak. Masalan, bir necha marotaba o`tirib-turish, qo`llarning 1,2,3,4 tipidagi harakatli mashqlari. Ko`p yozish natijasida barmoqlar charchaydi, shu sababli barmoqlarni harakatli mashqlar qildirish kerak. Dars davomida o`quvchilarning ko`zlari toliqishi mumkin, shu sababli ularga 0,5-1 daqiqa davomida derazadan tashqariga bir nuqtaga e`tiborini qaratib turish mashqlarini qildirish maqsadga muvofiq bo`ladi. Mashqlar tartibli, o`ylab tuzilgan bo`lsa, o`quvchilar to`g`ri dam oladi va o`quv faoliyati kuchayadi.
Dars jadvalida qo`yilgan fanlar qiyin va oson bo`lishi kerak va bu darslar almashinib kelsa o`quvchilar qiynalmaydi. Dars mazmuni o`qituvchining dars berish metodikasi, o`quvchilarning shu darsga qiziqishi va faolligi, o`qituvchining o`quvchilar bilan muomalasi, kiyinish madaniyatini e`tiborga olish kerak. Dars jarayonini boshlashdan avval o`quvchilarning ruhiy holatlariga ham e`tibor berilsa, maqsadga muvofiq bo`ladi. Chunki jismonan va ruhan sog`lom bo`lgan o`quvchigina darsda to`liq ravishda qatnashib mavzuni to`liq o`zlashtiradi. Agar biror o`quvchining kayfiyati yomon bo`lsa, uning shaxsiyatiga tegmagan holda, kayfiyatini ko`tarib jamoaga qo`shilishiga yordam berish kerak. Bu ham o`qituvchining pedagogic va psixologik mahoratiga bog`liq.
Mustaqil bilim olishning eng qulay yo`li test topshiriqlari yordamida uyda darslik va o`quv qo`llanmalarini o`qib, tayanch konspekt tuzishdan iborat. O`quvchilarga ularning yosh xususiyatiga qarab yangi mavzu yuzasidan 10-15 tadan test tuzish topshirig`ini berish va keyingi darsda o`qituvchi o`quvchilar tuzib kelgan test savollarining shakli va mazmunini o`quvchilar bilan birga tahlil qilishi mumkin. Bunda o`quvchining mustaqil ishlashga ishtiyoqi oshishi bilan birga o`zi tuzgan testning mazmun-mohiyatini chuqurroq anglashga, yanada teranroq fikrlashga yordam beribgina qolmay, o`z tengdoshlari ichida birinchi bo`lish, mehnatdan qochmasdan olg`a intilish tuyg`usini o`stiradi.
O`qituvchi darsda asosiy “rol”ni o`ynamasdan, dars jarayonini to`g`ri tashkil etish orqali har bir o`quvchining o`zini to`liq namoyon etishiga ko`maklashishi lozim. Dars davomida o`qituvchi “Aqliy hujum” texnologiyasidan foydalanar ekan, quyidagi qoidalarga amal qilmog`I lozim:
berilayotgan g`oyalar sayoz va yoki juda yaxshi bo`lsa ham ularni baholashga shoshilma;
tanqid qilma – barcha berilayotgan g`oyalar qimmatli;
gapirayotganni bo`lma;
tanbeh berishga shoshilma.
O`qituvchi o`quvchilarning darsdagi erkin faoliyatini ta`minlash bilan bir vaqtda dars jarayonida nazoratni ham qo`ldan bermasligi lozim.
O`qituvchi faoliyatining samaradorlik imkoniyatini tadqiq qilish shuni ko`rsatadiki, samarador pedagog o`z-o`zini faollashtirishga nisbatan umumiy yo`naltirilganligi bilan ajralib turadi. O`qituvchining yaxshi muomalasi, o`quvchilarni e`zozlash xislati uning faoliyat samaradorligini oshirish omilidir. Bu bilan u o`quvchilarda o`ziga hurmat, ishonch munosabatini o`rnatishga erishadi.
Xulosa qilib aytganda, hozirgi zamon o`qituvchisi yuksak bilim va salohiyat egasi bo`libgina qolmay, g`amxo`r pedagog, sinchkov psixolog, samimiy do`st bo`lib o`quvchi ko`ngliga yo`l topishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |