Fermer xo‘jaligi o‘ziga tanlov asosida va ijara shartnomasiga ko‘ra uzoq muddatli ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi tovar mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi, yuridik shaxs huquqlariga ega bo‘lgan mustaqil xo‘jalik yurituvchi subyekt hisoblanadi.
Asalarichilik fermer xo‘jaliklarini tashkil etish va rivojlantirish.
Mustaqillik yillarida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasidagi qator Davlat dasturlari, konsepsiya va chora-tadbirlar majmuyi hayotga tatbiq etilishi natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari miqdori doimiy ravishda o‘sishi ta’minlandi. 2009–2011-yillarda asalarichilik subyektlarining 1937 taga ko‘payib, ya’ni 38 foizga o‘sishi, shu bilan birga, asalari oilalari 96499 taga ko‘payib, ya’ni 71 foizga o‘sishi natijasida asal ishlab chiqarishda ham salmoqli natijalarga erishilgani kuzatilgan. 2009-yilda 2329,4 tonna asal, 2010-yilda 3171,9 tonna , 2011-yilda 3789 tonna asal ishlab chiqarilgan bo‘lib, 2011-yilda 2009-yilga nisbatan 1459,6 tonna asal ko‘p ishlab chiqarilgan, ya’ni 2011-yilda 2009-yilga nisbatan asal ishlab chiqarish 61,5 foizga oshgan. 2014-yilda 8700 tonna asal ishlab chiqarilgan bo‘lib, 2011-yilga nisbatan 4911 tonnaga, ya’ni 229,6 foizga oshgan. 2000–2001- yillarda «O‘zbek-asal» uyushmasi tasarrufidagi xo‘jaliklarda 160 mingdan ziyod asalari oilasi mavjud bo‘lgan. Asalarichilik xo‘jaliklari o‘rnida fermer xo‘jaliklari tashkil etilishi munosabati bilan ularning soni teng yarmiga kamayib ketgan. Asalari oilasini boqish texnologiyasini bilmaslik, asalarichilik jihozlarining noyobligi, asalari oilasini ko‘chirish xarajatlari, yonilg‘i-moylash mahsulotlarining qimmatligi, asalarichilar bilan yer egalari o‘rtasidagi tushunmovchiliklar, yetishtirilgan asalni sotishdagi ovoragarchiliklar (hozirgi kunda ayrim asalarichilar uyida 20–25 tonnagacha 10– 15 yillik asal to‘planib qolgan), asalari oilasini ko‘paytirish va asalari kasalliklariga qarshi kurash maqsadida beriladigan har xil faol preparatlar va dori-darmonlarning taqchilligi asalari oilasining kamayishiga olib keldi. Qishloq xo‘jaligida asalarichilik sohasini yanada taraqqiy ettirishda 2009- yilda qabul qilingan «2009–2011- yillarda asalarichilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar» Dasturi muhim omil bo‘lmoqda. 2011- yilda 2009- yilga nisbatan asalarichilik subyektlarining o‘zgarishi Qoraqalpog‘iston Respublikasida 201 taga, Andijon viloyatida 293 taga, Buxoro viloyatida 82 taga, Jizzax viloyatida 62 taga, Qashqadaryo viloyatida 77 taga, Navoiy viloyatida 56 taga, Namangan viloyatida 235 taga, Samarqand viloyatida 295 taga, Surxondaryo viloyatida 162 taga, Sirdaryo viloyayatida 50 taga, Toshkent viloyatida 197 taga, Farg‘ona viloyatida 56 taga, Xorazm viloyatida 171 taga ortgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |