Texnikaning inson estetik manfaatlari va faoliyati bilan bog‘liqligi. Har qanday ishlab chiqaruvchi yaratayotgan mahsulotining xajmi, tashqi ko‘rinishi, foyda keltirish darajasi qanday bo‘lishidan qatiy nazar mahsulot ishlab chiqarish jarayoniga ijodiy yondashishga harakat qiladi. Bu ijodiylik moddiy olam bilan estetik munosabat natijasida yuzaga keladi. Shu o‘rinda «moddiyat» tushunchasiga to‘htalib o‘tmoq joiz.
Ma’lumki, mahsulotning go‘zalligi yangi texnologik jarayonlarni vujudga keltirish orqali barqarorlashadi. Aksincha, mahsulotni ishlab chiqarish eskirgan texnologiyalar, eskicha talablar asosida olib borilsa, bunday mahsulot har qancha ko‘p kuch sarflanmasin kishilarni o‘ziga jalb qila olmaydi. Ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni olib kirish o‘z navbatida, moddiy buyumlarda go‘zallikni namoyon qilish imkoniyatlarini kengaytiradi. Biroq, mazkur jarayon o‘z-o‘zicha tayyor hollarda emas, balki texnikaviy tafakkur salohiyati orqali ro‘yobga chiqadi. Shuning uchun kengroq olib qaraydigan bo‘lsak, texnika go‘zalligi ham fan go‘zalligi singari bilvosita va bevosita mazkur jarayonni amalga oshiruvchi asosiy kuch sanalgan mutaxassisga bog‘liq bo‘ladi.
Inson hayoti, faoliyati nafaqat tabiiy ehtiyojlarga, balki o‘zi tomonidan yaratilgan narsalar olamiga ham bog‘liq. Inson o‘zini qurshab turgan olamning qanday bo‘lishini ko‘p xollarda o‘zi belgilaydi. Ana shu jarayonning asosida esa zamonaviy amaliyotning muhim ko‘rinishi hisoblangan narsalar olamini badiiy loyihalash masalasi yotadi. Fan-texnikaning taraqqiy etib borishi natijasida badiiy loyihalash ham takomillashib boradi. Dastlabki yaratilgan texnika vositalarini kishilar go‘zallik olamiga mutlaqo begona bo‘lgan hodisa sifatida idrok etishgan edi. Keyinchalik loyihachilar tomonidan texnikaga nisbatan badiiy yondashuv natijasida u o‘zining avvalgi dag‘al, qo‘pol, noqulay ko‘rinishini yo‘qotdi. Endilikda texnika o‘zining bejirimligi, qulayligi, jozibasi bilan insonga yaqinlasha boshladi. Mazkur holatning rivojlanib borishi bilan birga texnika loyihasiga nisbatan ikki xil munosabat ham shakllanib bordi. Birinchidan, loyihaning asosida texnikaning mexanik faoliyati, uning ishlash jarayoni ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ikkinchidan, uning tashqi ko‘rinishiga e’tibor qaratildi. Keyinchalik mazkur ikki munosabatning uyg‘un faoliyati natijasida mashinaning insoniylashgan yangi uchinchi olami, zamonaviy ibora bilan aytganda- dizayn yuzaga keldi.
M.Xaydeggerda texnika voqelikning mohiyatan chuqur bo‘lgan xususiyatlarini aniqlashning muhim usuli sifatida talqin etiladi. U jumladan texnika imkoniyali voqelikni ochishning va uni real voqelikka aylantirishning vositasidir, deydi. «Texnika- sir-asrorlarni ochishning turidir. Agarda shuni nazarda tutadigan bo‘lsak, u holda texnika mohiyatida biz uchun mutlaqo o‘zga bo‘lgan soha bizga namoyon bo‘ladi. Bu sir-asrorlar sohasidan chiqishning, haqiqatning qaror topishidir».2 Bu holatni u bir necha bor takrorlaydi va har safar antik faylasuflar merosi, yoki voqelikdagi sababiylik to‘g‘risidagi an’anaviy yondoshuvlar bilan asoslaydi.
Yaspers bo‘yicha texnika-tabiat ustidan bilimli inson hukmronligiga yo‘naltirilgan harakatlarning majmuasidir; uning maqsadlari-inson hayotiga shunday qiyofa berilsaki, qaysiki u ehtiyojlardan xoli qila olsa va uni qurshab turgan atrof-muhit o‘zi hohlagan shaklda namoyon bo‘lsa.Texnika ta’sirida tabiat o‘z ko‘rinishini o‘zgartirgani singari, insonga uning texnik faoliyati qanday aks ta’sir ko‘rsata oladi, ya’ni mehnatning xarakteri, mehnatni to‘ ri tashkil etish va o‘zining muhitga ta’siri qanday bo‘lishi tarixiy taraqqiyotning asosiy omilini tashkil etadi.3
Yaspers konsepsiyasida, texnikaning mohiyati, insonning tabiat bilan muloqotda qayta shakllanishi, atrof-muhitni texnizatsiyalashtirishning kuchayib borayotganligi, texnikaning demonistik vazifasi kabi dunyoqarashlik loihatidan o‘ta muhim bo‘lgan qarashlari o‘z ifodasini topgan. Ularning ayrimlari xususida asosli kamchiliklarni ko‘rsatish mumkin. Birinchidan, bizning fikrimizcha, Yaspers namoyish qilayotgan qo‘rquv, insonni o‘z-o‘zini anglashidagi hukmronlik qilayotgan mafkurada. Bu mafkuradagi faqat olish orqali tabiat va jamiyatda hukmronlik o‘rnatishga yo‘naltirilgan xudbinlik tamoyilining, hukmronlik qilmagan holda berish tamoyiliga almashgan taqdirdagina, tabiat va inson, inson va jamiyat o‘rtasidagi haqiqiy hamkorlikka real imkoniyat yaratilishi mumkin. Bu sharoitlarda ham sun’iy, ham tabiiy tabiat va jamiyat muhiti garmonik taraqqiyotning yagona platformasini topishlari mumkin bo‘ladi.
Ikkinchidan, inson ehtiyojlarining va imkoniyatlarining muvofiqligining muayyan qonuniyatlari buzilgan taqdirdagina texnika va tabiat yovuz qiyofa kasb etishi mumkin. qadimgilar inson barcha narsalarning o‘lchovidir deb bejiz aytmaganlar.
Texnika insoniyat tomonidan yaratilgan barcha yutuqlarni o‘ziga singdirib, inson qudrati va aqliga xizmat qilishi lozim. Har qanday rivojlangan texnika ham ijtimoiy masalalarni insonsiz hal eta olmaydi. Biroq, taraqqiyot taqdirini ma’naviy jihatdan yetuk odamlar hal qiladi. Texnikaviy bilim, murakkab texnologiyani egallash qobiliyati ma’naviy barkamollik va mustaqil tafakkur bilan birgaborishi kerak. Texnik taraqqiyotni, uning jamiyatdagi o‘rni va rolini to‘xtatish, inkor etish mumkin emas. Shunday ekan, texnogen sivilizatsiyada inson texnogen madaniyat-fan amaliyoti, texnikaning yangidan-yangi shakllari, ularni ishlata bilish uquvi va mahoratiga ega bo‘lishi taqozo etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |