MAVZU: Arab xalifaligi madaniyati va san’ati. IX-XIII asrlarda Movarounnahrda madaniyat va san’at taraqqiyoti.
Reja:
1. O‘rta Osiyo moddiy va ma’naviy madaniyatining yuksalishi (renessans)ni ta’min etgan tarixiy shart - sharoitlar.
2. Islom mintaqa madaniyatining paydo bo’lishi va rivojlanishi.
3. Me'morchilik, san'at va musiqa.
1. O‘rta Osiyo moddiy va ma’naviy madaniyatining yuksalishi (renessans)ni ta’min etgan tarixiy shart - sharoitlar. Uyg‘onish davri, Renessans - O‘rta Osiyo, Eron, Xitoy (IX - XII va XV asrlar), G’arbiy Evropada yuz bergan aloxidda madaniy va tafakkuriy taraqqiyot davri. «Renessans» (fran, renaitre - qayta yuzaga kelmoq, yangidan tug’ilmoq) atamasi dastlab Italiyadagi madaniy - ma’naviy yuksalish (XIV - XVI asrlar) ga nisbatan qo‘llanilgan, uni o‘rta asrchilik turg’unligidan yangi davrga o‘tish bosqichi deb baxolaganlar. Birinchi marotaba «uyg‘onish» atamasini XVI asr italyan rassomi va tarixchisi J.Vazari o‘z asarlarida ishlatadi. «Uyg‘onish», «uyg‘onish davri» atamalari XIV - XVI asr ijtimoiy - iqtisodiy rivojlanish moxiyatini ochib bermasdan, ko‘prok antik davr merosini, ya’ni antik madaniyatga o’xshash madaniyatni qaytadan «tirilishi», «uyg‘onishi» ma’nosida ishlatila boshlandi. Keyinchalik fanda bu atama keng qo‘llanila boshlandi.
Renessans, ya’ni Uyg‘onish faqat Evropa hodisasi emas. Dunyo madaniyatini yaxlit olib o‘rgangan olimlarning ishlari shuni ko‘rsatdiki, Osiyo markazida joylashgan Movarounnahr, Xuroson va Eronda Italiyaga qaraganda bir necha asr oldin (IX - XII asrlar) ulkan madaniy ko‘tarilish yuz bergan, ilm - fan, falsafa, adabiyot kuchli rivojlanib, ilg‘or insonparvarlik g‘oyalari jamiyat fikrini band etgan, aqliy va ijodiy faollik gurkiragan. Bu davr dunyo ilmida «Musulmon Renessansi» (A. Mets) yoki «Sharq Uyg‘onishi» (N. I. Qonrad) nomi bilan atalib kelinmoqda. Sharq Uyg‘onish davrida Evropa uyg‘onish davrining asosiy belgilari mujassam: jo‘shqin ijodiy faoliyat, ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilgani, aqlni xayratga soluvchi bemisl asarlarning yaratilgani shundan dalolat beradi. Sharq Uyg‘onish davri ham ulug‘ allomalar, qomusiy bilim sohiblari, mashhur mutafakkirlarni etishtirdi.
VIII asrda Arab xalifaligi hozirda O‘rta Osiyo deb atalmish hududni fatx, etib bo‘lgan, bosib olingan erlarda islom dini keng yoyilib, ijtimoiy -iqtisodiy va ma’naviy hayot Arab xalifaligi tartib - qoidalariga butunlay buysundirilgan edi. Xalifalik tarkibiga kiritilgan o‘lkalarda faqat islom dinigina emas, balki arab tili va uning imlosi ham joriy etildi. Chunki, arab tili xalifalikning davlat tili bo‘lsa, islom dini uning mafkurasi edi. Shu sababli bu mamlakatlarda arab tilini o‘zlashtirishga intilish kuchli bo‘lgan. Islomni qabul qilgan aholining arab tili bilan muloqati, ibodat vaqtlarida Qur’on suralarini tilovat qilishdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, mahalliy zodagonlar arab tilini xalifalik ma’murlari bilan yaqinlashish va mamlakatda o‘z siyosiy mavqelarini tiklab uni mustahkamlashning garovi deb hisoblaydilar. Arab tiliga bo‘lgan bunday extiyoj va intilish tufayli ko‘p vaqt o‘tmay Movarounnahrda xatto o‘z ona tilidan ko‘ra arab tili va yozuvi o‘zlashtirib olgan bilimdonlar pay do bo‘ldi. Chegaralari borgan sari kengayib, ulkanlashib boryotgan xalifalik uchun ilm axli suv va xavodek zarur bo‘lib qoldi. Davlatni boshqarishda xalifalik ma’muriyati bilimdon siymolarga muxtoj edi. Chunki arablar orasida bu paytda davlat ishiga yaroqli bo‘lgan bilimdonlar ham oz bo‘lib, borlari ham zaif edi. Bu xol o‘z navbatida arab tili va yozuvini Movarounnahrda keng yoyilishiga imkoniyat yaratib berdi.
Arab tili va islom dini bo’yicha mukammal bilim va malakaga ega bo‘lganlar arab xalifaligining markaziy shaharlariga borib o‘qishni odat tusiga, an’anaga aylantirdilar. Damashq, Qoxira, Bog‘dod, Kufa, Basra va boshqa shuning singari katta shaharlarda Movarounnahr va Xorazmdan borib fan, madaniyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo’shgan ajdodlarimiz soni borgan sayin ko‘payib bordi. Xususan, bu borada Bog‘dod shahri Sharqning ilm -ma’rifat markazi sifatida katta ahamiyat kasb etdi. IX asrda bu shaharda xalifa Xorun - ar - Rashid xukmronligi davri (786 - 809) da «Bayt ul -xikmat» («Xikmat xonasi») ga asos solinib, xalifa Ma’mun xukmronligi davri (813 - 833) da «Bayt ul - xikmat»ning faoliyati yanada rivoj topgan, uning rasadxonasi va katta kutubxonasi bo‘lgan (buyuk matematik Muso Xorazmiy va astronom Axmad Farg‘oniy shu erda ishlagan). Sharqning fanlar akademiyasi hisoblangan «Bayt - ul - Xikma» - O‘zbekcha asarlarda «Bilimdonlar uyi» yoki «Donishmandlar uyi» deb yuritiladi. Xuddi shunga monand X asr oxirlarida Xorazmda ham podsho Ma’mun ibn Ma’mun davri (995 - 997) da «Donishmandlar uyi» tashkil etildi. 1010 yilda Urganchda tashkil etilgan bu «Bayt - ul - Xikma» - «Ma’mun akademiyasi» (Xorazm akademiyasi) deb nomlanadi. Abu Rayxon Beruniy shu akademiyaning rahbari bo‘lgan (bu akademiya doirasida Abu Ali ibn Sino, faylasuf Abu Saxl Masixiy, tabib Abul - Xasan Hammor va boshqalar ish olib borishgan).
Ammo VIII asr oxiri IX asr boshlarida buysundirilgan xalqlarni mutloq itoatda saqlab turish nafaqat xalifalik markazi ma’murlariga, balki o‘lkalarga tayinlangan noib uchun ham tobora qiyinlasha boshladi. Bu davrda xalifalikni larzaga keltirgan og‘ir siyosiy vaziyat abbosiylarning Movarounnahr va Xurosonda olib borayotgan siyosatini o‘zgartirishiga majbur etdi. Birin - ketin O‘rta Osiyoda Toxiriylar, Safforiylar, Somoniylar davlatlari tashqil topdi. Mamlakatda sodir bo‘lgan bunday siyosiy o‘zgarishlardan so‘ng Movaunnahr Xurosondan ajralib o‘z mustaqilligini tiklab olish imkoniga ega bo‘ldi. IX asrda Somoniylar davlatining tashkil topganidan so‘ng XII asrga qadar asta - sekin Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar va Xorazmshohlar davlati vujudga keldi. IX - XII asrlarda O‘rta Osiyoda ushbu mustaqil markazlashgan davlatlarning vujudga kelishi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotni ta’minladi. Xalqaro maydonda katta e’tibor va nufo‘zga ega bo‘lgan bu davlatlar Axmad Nasr, Ismoil Somoniylar, Alptakin, Maxmud G‘aznaviy, Tug‘rulbek, Sulton Sanjar Anushtegin, Otsiz, Takash singari tadbirkor va uzoqni ko‘ra oladigan davlat arboblari davrida har tomonlama rivojlanib, madaniy taraqqiyotda yuksak darajaga ko‘tarildi. Chunki bu xukmdorlar davrida mamlakatda davlat hokimiyati mustahkamlandi, nisbatan tinchlik-osoyishtalik va barqarorlik vujudga keldi. Natijada moddiy ishlab chiqarish rivoj topdi, xunarmandchilik va savdo taraqqiy etdi, madaniyat gurkirab o’sdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |