Mavzu: Anbar otinning pedagogik fikrlari
Reja:
Anbar Otin ijodining o`rganilishi.
Shoiraning hayoti haqida.
Anbar Otin lirikasi.
Shoira asarlarida ijtimoiy-siyosiy masalalarning ko`tarilishi.
«Qarolar falsafasi» asari.
Kelajak haqida o`ylarining badiiy ifodasi.
Ayol ijodkorlar orasida Anbar Otin Nodiradan keyingi davrning yorqin adabiy siymosidir. Uning asarlarida milliy ongni uyg`otish, jamiyatni taraqqiyotga undash, o`z xalqini boshqa xalqlar bilan solishtirgan holda ilg`or davlatlarga tenglashishga da`vat g`oyalari yoniq so`z bilan tashviq qilingan.
Anbar Otinning hayoti va ijodiga bo`lgan e`tibor o`zbek adabiyotida 1960 yillardan boshlandi. Shoira ijodiyotini o`rganish, to`plash, nashr etish ishlari bilan professor A.Qayumov va F.Husainovalar shug`ullanganlar. Ularning say`i harakatlari bilan 1963 yilda shoira she`rlari topildi va majmua holiga keltirilib, “Anbar Otin. SHe`rlar” nomi bilan chop etildi. Shoira ijodini ommalashtirish maqsadida ushbu tadqiqotchilarning 1964 yilda shoira hayoti va ijodini yorituvchi “Demokrat shoira Anbar Otin” nomli risolasi bosilib chiqdi. 1970 yili shoira asarlarining to`ldirilgan nashri chop etildi. Adabiyotshunosligimizda shoira ijodi bo`yicha izlanishlar izchil amalga oshirildi. 1966 yilda arab alifbosiga bag`ishlangan “Yakka baytlar”i topildi. 1977 yilda esa adabiyotshunos M.Qodirova uning 17 she`rini o`zbekcha tarjimasi bilan nashr ettiradi. 1991 yilda A.Jalolov “XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi o`zbek adabiyoti” nomli kitobida Anbar Otin ijodining tahliliga keng o`rin ajratdi.
Shoira 1870 yilda Qo`qonda Buzrukxo`ja mahallasida tug`ildi. Uning otasi asli Marg`ilondan bo`lib, shoira tug`ilmasdan avval turmush taqozosiga ko`ra Qo`qonga ko`chib kelgan. Shoiraning otasi Farmonqul shoira Uvaysiyga jiyan bo`lgan, bo`zchilik kasbi bilan shug`ullangan. Onasi ham qo`qonlik oddiy kosib oilasidan edi. Bu haqda shoiraning o`zi shunday yozadi:
Otam - Farmonquliyi Marg`iloniy,
Onam -Ashurbibiyi Qo`qoniy.
Alar belboqchi-bo`zchi erdi kasbi,
Hamisha makkayidin erdi noni.
Xalqimiz orasida «Bo`zchi belboqqa yolchimas» degan maqol bekorga yurmaydi. Demak, bu kasbning egalari deyarli hech qachon iqtisodiy tanglikdan chiqa olmaganlar. Xuddi shuningdek, Farmonqul oilasi ham moddiy tanglikda yashaganligini shoira quyidagicha ifodalaydi:
Ki «bo`zchi yolchimas belboqqa doim»,
Yana juft bo`lmas erdi bir choponi.
Yana Anbar Otin taniqli shoira Dilshod Barno qo`lida ta`lim olgan. Ustozining ijodkor ekanligi, Sharq mumtoz adabiyotining namoyondalari ijodiyotiga shogirdlarni qiziqtira olganligi, qolaversa, badiiyatga intilish uning qonida bo`lganligi sababli Anbaroy juda berilib o`qiydi, she`rlar mashq qiladi. Ustoz o`z shogirdi haqida mana bunday iliq va umidli so`zlarni aytgan edi: «Anbar Otin bug`doyrang, sunbulsoch, ohu ko`z, oy yuzli, ahloqi hamda odobi pisandida sohibidur. Bu sakkiz yashar qizchaligiga qaramasdan hazrati Navoiy nazmiyotlarini o`rganishga behad qiziqadi. Bu ojiza sakkizdan o`n to`rt yoshgacha adab ta`limiga mashg`ul bo`ldi. Umidim borki, bu qizcha katta shoira bo`lg`usi».
O`n to`rt yoshlarida Anbaroyni Zohidxo`ja ismli kambag`al novvoy yigitga uzatishadi. Zohidxo`ja ham she`riyatga ixlosmand kishi bo`lib, ko`pgina shoirlarning g`azallarini yoddan bilar va baland ovozda o`qib yurar edi. Shuningdek, o`z davrining deyarli barcha makondosh shoirlari bilan tanish bo`lgan. Bu ziyoli oilada Mo`minxo`ja, Bibixon, Usmonxo`ja, Ominaxon ismli farzandlar dunyo yuzini ko`radilar.
Anbaroy o`tkir zehni, iste`dodi bilan mahalla ayollari o`rtasida hurmat qozongan. Xalq uni otincha, Anbar otin deb e`zozlaydi. Xalq qo`ygan bu nomdan mamnun bo`lgan shoira o`ziga «Anbar otin» taxallusini qabul qilgan.
Shoira to`g`riso`zligi, ikkiyuzlamachilik, munofiqlikni, muttahamlikni yomon ko`rganligi va tekinxo`rlarni, zolimlarni qoralab yurganligi uchun boy xonimlarga yoqmaydi. Kunlardan birida uni Olim mingboshining uyida bo`ladigan ziyofatga taklif qilishadi, u yerda kaltaklab baland zinadan itarib yuborishadi. Shoiraning ikki oyog`i sinadi, shol bo`lib qoladi. Muolajalar foyda bermaydi. Buning ustiga o`pkasi ham xastalanib qoladi. Shoira uzoq yillar to`shakda yotib qoladi. Ammo noumid bo`lmaydi, ijod qilishda davom etadi. Farzandlarining tarbiyasi va tahsiliga alohida e`tibor beradi. Shoira o`zining yotib qolganligi va farzandlari haqida shunday yozadi:
Mani farzandlarim to`rt bo`ldiyu bas,
Mo`minxo`jam edi andak yomoni.
Bibixon - rohati jonim, anisim,
G`ariblik, dardmandlik darmoni.
Yotib qoldim, murabbim bo`ldi shu qiz,
Aning birla topib jonim omoni.
Usmonxo`ja – halimu qobilimdur,
O`qitdi ustod Xayrulloxoni.
Mani dardimga qo`shdi ming alamlar,
Vafot etkan qizim ul Ominaxoni.
Misralardan ham ayonki, xastamand shoiraga qizi Ominaning bevaqt vafoti qattiq zarba bo`ladi.
Shoira taxminan 1914 -1917 yillar oralig`ida vafot etadi.
Anbar Otinning ijodiy merosi deyarli she`riy asarlardan iborat. Uning o`z qo`li bilan yozgan devoni saqlab qolingan. Bu devon shoiraning o`g`li Usmonxo`ja Zohidov tomonidan Qo`qon adabiyot muzeyiga taqdim etilgan. Devonning hajmi 685 misra bo`lib, unga kirgan she`rlarni shoira asosan hayotining keyingi yillarida yaratgan bo`lishi kerak, degan taxminlar bor. Yuqorida e`tirof etganimizdek, 60-yillarda shoiraning farzandlari va boshqa ularga yaqin bo`lgan kishilar tomonidan bir necha she`rlari, alohida she`riy to`plami taqdim etildi. To`plam «hurufi hijo» tarzidagi asarlardan iborat, ya`ni shoira ularni yakka baytlar deb aytadiki, bunda arab harflarining har biriga alohida kichik she`rlar bitilgan.
Anbar Otin lirikasi alohida o`ziga xos ijoddir. Shoira an`anaviy tarzdagi intim asarlarni juda oz yaratgan. U hayotda ro`y berayotgan har bir voqeaga bee`tibor bo`lmaydi, aksincha, sinchkovlik bilan kuzatib o`z qarashlarini nazmiy yo`l bilan ifoda etadi:
Ey bolam, Xayrulloxon maktab ochibdur boringiz,
Albatta, shu yangi maktabda o`qungiz, boringiz.
Yerda o`lturmay xarrakda o`ltururmish bolalar,
Toza turgay ust-boshu jomai dastoringiz.
O`rgatarmish turk tilida har ilmdan borini,
Kelgusida shu bilimlar birla bo`lg`ay koringiz.
Bu she`r hayotiy voqelik asosida yaratilgan, ya`ni o`sha davrning yirik va nomdor ma`rifatparvarlaridan Xayrulloxon ismli mudarris shoira istiqomat qilayotgan Buzrukxo`ja mahallasida birinchilardan bo`lib “usuli jadid” maktabini ochadi. Maktab o`z-o`zidan eski, “qadimiya” maktablaridan tubdan farq qiladi. Bolalar endi yerlarda emas, “xarrak”- stullarda o`tiradilar, ust boshlari ham ozoda saqlanib, darslar turk tilida olib boriladi. Shoira bu manzarani yuqoridagidek sodda va ta`sirli misralarda bayon etadi. Nazarimizda, bu oddiy she`r emas, qalbi qaynoq shoiraning yangilik va yaxshilikka chaqiruvchi da`vatnomasi edi.
Quyidagi misralarda shoiraning vataniga bo`lgan muhabbati sodda, samimiy izhor qilinadi, u Vatanni ikkinchi ona sifatida talqin qiladi:
Odam ersang ma`ni bil dona-dona,
Vatan erur sanga ikkinchi ona.
Uning Vatanga sodiq farzand bo`lishlik haqidagi xitobi ham sodda, ammo o`zgacha:
Odam ersang, tashqi surat berma zeb,
Ona yurtingni hamisha ayla zeb.
Anbar otin ijodining o`ziga xosligi shundaki, Turkiston ayollarining qismatlarini she`riyatga olib kirdi. U she`rlarida haq-huquqi poymol bo`lgan, toptalgan Sharq ayollari nomidan isyon ko`taradi:
“Ayollar sochi uzun, aqli qisqadur” deganlarga,
Tovuqcha aqli yo`q, axlatni titkonlarga o`t tushsun...
“Xotunlar mol qatori sotilur”, deb mushtiparlarni
Zulayho, Layli, Shirinni tan olmaganlarga o`t tushsun.
Shoira xalq hayotini ko`p o`ylagan, o`zicha tahlil qilgan. Xayolga berilib, undan zavqlangan, xayollarini reallikka aylanishini astoydil istagan. Quyidagi misralar shoiraning ana shunday orzu-umidlari:
Bir zamonni o`ylagayman, hech zamonga o`xshamas,
Bu jahon burchida to`rtdan bir tomonga o`xshamas.
Dashtu sahro bosh oyoq bo`lgay tamomi bo`ston,
Bu zamonning bo`stoni, bo`stonga o`xshamas.
Tog`laridin ko`p xazina meni ol, deb qichqirur,
Jilg`alar shahri azimu ko`histonga o`xshamas.
Anbar otin ijodida ishqiy g`azallar ko`p bo`lmasada, ular sifat jihatdan salmoqlidir. Shoira ishqiy tasvirlarda originallikka intilganligi yaqqol seziladi:
Sensiz bahor o`lmadi, gul ham biror bor kulmadi,
Ta`bim biron ochilmadi, san dilrabodin o`rgulay.
Shoira lirikasi asosan adab va hayoga yo`g`rilgan kechinmalar ifodasidan iborat. Ehtirosli tuyg`ular bayonida ham shoira o`ta odob va andisha bilan dildagi sirlarini bayon etadi:
Qay kuni bo`lgayki, bo`stonimga bir mehmon kelur?
Gul ochilg`on chog`ida bir bulbuli handon kelur?
Shuningdek, u ko`ngil rozlari bayonida soddalik yo`l tutadi va ayni paytda quyma satrlar, yangi tashbeh, mubolag`alarni qo`llaydi: Bir she`rida dildagi sirlarni yozish uchun yerning kengligidagi g`oz qanoti lozimligini aytadi:
Patlaringni kengaytirgil shunchaki,
Har birini yer kengligida san yoz.
Qanotingga yurak sirlarin bitay,
G`amgusorim tarafiga et parvoz.
Anbar Otin she`rlarining asosiy qismi ijtimoiy-siyosiy masalalar yuzasidan fikr va mulohazalar, munozaralar, tanqidiy qarashlardan iborat bo`lgan asarlardir. Shoira hayotda ikki narsa bilan kelisha olmaydi: birinchisi, odamlar orasidagi tengsizlik, zo`ravonlik bo`lsa, ikkinchisi, birinchisi bilan bog`liq holda birovlarni mensimaslik, takabburlik, boylik tufayli ilmga qiziqmaslikdir.
Hayotda ulug` maqsadlar bilan yashagan shoira ijodda o`ziga ham, boshqa ijodkorlarga ham yuksak talablarni qo`yadi:
Shoira ersang vaqti-vaqti birla mushoira qil,
Ul Haziniy to`dasi kiribon munozara qil…
Kimsakim xalq g`amidin g`ami bo`lursa, ango san,
Yondoshib har ishda ul ila mutoyiba qil.
Shoiraning «Yakka bayt»lari asosan didaktik xarakterdadir. Ammo ularda ijtimoiy-siyosiy qarashlar ham mavjud. Shoiraning bu turkumdagi she`rlari bugungi kunda ham o`z qimmatini yo`qotgan emas va kelajakda yo`qotmaydi ham. Har bir kitobxon quyidagi baytlarni o`qib, bu fikrning to`g`riligiga iqror bo`ladi:
So`zlamasdin oldin so`zingni sina.
Har bir so`zdur umring ichinda zina.
Odami ersang, tashqi surat berma zeb,
Ona yurtingni hamisha ayla zeb.
Mashaqqatsiz hunardan chiqmaydi dur,
Hayonsiz ilm durdin ko`b erur dur.
Kimki ma`rifatni etsa e`zoz,
Ani irfon etar albatta mumtoz.
Anbar Otinning «Qarolar falsafasi» (“Falsafai siyohon”) asari alohida xususiyatga ega. Muallif uning kirish qismidan tashqari, to`rt faslga bo`lgan. Kirish qismida o`z rejalarini bayon etadi. Jumladan, shunday deydi: «…barcha baxti qaro, farqi qaro, garchi qarolar ul qazo zulmat ichra zulm qaydida madfundurlarki, alar holi ostidagi qaro mo`rchani ko`rguvchi mutafakkir donishmand adib ahli nafis choralar bilan ifoda eturlar, bayon etgum».
Birinchi faslda shoira qaro narsalar: qaro baxt, qaro niyat, qaro tusli xalqlarni ta`rif-tavsif etadi; ikkinchi faslda onalar hayoti va ularning o`z zamonasidagi taqdiri haqida fikr yuritadi; uchinchi faslda shoira baxti qarolikning asl falsafiy mohiyatini ko`rsatib beradi; to`rtinchi faslda qaro zulmat, ya`ni o`sha zamondagi ijtimoiy hayot kirdikorlari fosh etiladi.
Anbar Otin bu asari orqali o`zbek xalqining, o`zbek ayollarining isyonkor shoirasi sifatida namoyon bo`ldi.
Shoiraning hayoti va ijodidan fanimiz XX asrning 60-yillarida xabar topdi. 1963 yili professor L.Qayumov va F.Husayinova shoira asarlarini topib, e`lon qildilar. 1964 yili ushbu tadqiqotchilarning «Demokrat shoira Anbar Otin» risolasi bosilib chiqdi. 1970 yili shoira asarlarining to`ldirilgan nashri amalga oshirildi.
Anbar Otin Qo`qonda kosib oilasida tug`ilgan. Otasi Farmonquli asli marg`ilonlik bo`lib, mashhur shoira Jahonotin Uvaysiyning jiyanidir. Onasi Ashurbibi Abdulg`ani qizi ham kosib oilasidan edi. Oila doimiy muhtojliklar ichida yashagan. Anbaroy yetti yoshga kirganida uni Dilshod Otin maktabiga beradilar. U o`z shogirdi haqida «Tarixi muhojiron» asarida shunday yozadi: «Anbaroy bug`doyrang, sunbul sochli, ohu ko`z, oy yuzli, axloqi hamida va odobi pisandida sohibidur. Bu sakkiz yashar qizcha yoshligiga qaramay, hazrati Navoiy g`azallarini o`rganishga behad qiziqadi. Bu ojiza sakkizdan o`n to`rt yoshgacha odob ta`limiga mashg`ul bo`ldi. Umidim borki, bu qizcha katta shoira bo`lg`usi».
Bo`lajak shoirani o`n to`rt yoshlarida o`ratepalik novvoy Zohidxo`ja ismli yigitga uzatadilar. Zohidxo`ja she`riyat muxlisi bo`lib, qo`qonlik mashhur shoirlarni yaqindan bilar edi. Ular faqirona, lekin baxtli turmush kechiradilar. Mo`minxo`ja, Bibixon, Usmonxo`ja, Ominaxon degan farzandlar ko`radilar. Anbaroy hassos she`rlari bilan «Anbar Otin» bo`lib taniladi. Biroq baxtsizlik yuz beradi. Anbaroy o`ttiz yoshlarida Olim mingboshining uyida bo`lgan bir ziyofatda baland zinadan yiqilib, oyog`i sinadi va bir umr to`shakka bog`lanib qoladi. Uning ustiga qizi Ominaxonning bevaqt vafoti shoira ijodidagi mahzunlikni ustuvor qilib qo`yadi.
Shoira shafqatsiz taqdirga achchiqma-achchiq ijod etdi. Qo`lidan qalamini qo`ymadi. Aksincha, qalami unga kuch berdi. 1910 yili adabiyotimiz tarixining yorqin bir sahifasi bo`lib qolgan «Qarolar falsafasi» asarini yaratdi.
Anbar Otinning qachon vafot etgani ma`lum emas. Ayrim she`rlarida Birinchi Jahon urushi bilan bog`liq voqealar tasviri ham uchraydi. Shundan kelib chiqib, mutaxassislar uning vafotini 1914-1917 yillar qilib belgilaydilar.
Anbar Otin ijodining asosini uning she`riyati hamda «Qarolar falsafasi» nomli nasriy asari tashkil qiladi. Uning e`lon qilingan she`rlari adadi 90 ga yaqin. 1966 yili arab alifbosi harflariga bag`ishlangan «Yakka baytlar»i topildi. Nihoyat, u o`zbek va tojik tillarida birday ijod qila olgan shoiradir. 1977 yili adabiyotshunos M. Qodirova uning 17 she`rini o`zbekcha tarjimasi bilan nashr etgan edi.
Shoira she`rlarida ijtimoiy-siyosiy mazmun kuchli. Uning uchun adolatsizlik konkret tushuncha. U buni, avvalo, jannatday yurtning o`z egalari xor bo`lib, kelgindilar tasarruf etayotganligida ko`radi. Shu sababli yurtdoshlariga murojaat qilib, uni ozod va obod etmoqqa chaqiradi. U yozadi:
Ey go`zal Farg`ona, o`zingni kel emdi, shod qil,
Har g`azalni boshida, sen, o`z otingni yod qil,
Qaydi bandni pora aylab, o`zlugung ozod qil,
Qayg`ulik qunlarni kuydur, barchasin barbod qil,
Emdi Turkistonda haqgo`ylik ila faryod qil.
Bog`laring pajmurda bo`ldi zog`larning poyidin,
Ko`kraging sadpora bo`ldi daydilarning yoyidin,
Katra-qatra qon tomodur o`q teshkon joyidin,
Kip-qizil qonlar oqodur jabr ko`rgon soyidin,
O`z qo`ling birla bu yurtingni o`zing obod qil.
Adabiyotlar:
Do'stlaringiz bilan baham: |