«Yevropa temurshunoslik maktabi» bobida, birinchidan, Amir Temur va temuriylar davridagi diplomatik munosabatlar xususida fikr yuritilgan, ikkinchidan, Amir Temur diplomatik xatlari xususiyatlariga to‘xtab o‘tilgan.
«Amir Temur va Fransiya» nomli bobda Amir Temur va Fransiya Qirolining diplomatik aloqalariga alohida urg‘u berilgan. O‘tgan davr mobaynida Pave de Kurteyl, Volter, Monteske, Deni Didro, Viktor Gyugo, Fransua Peti de la Krua, Silvester de Sasi, Lui-Matyo Langle, Marsel Brion, Lyusen Keren, Vensan Furniyo, Jan-Lui Bake-Grammon, Amin Maaluf, Milena Nokovich kabi fransuz olimlari va adiblarining Amir Temur va temuriylarga doir asarlari haqida so‘z yuritilgan.
Jan Oben, Jan Pol Ru, Lyusen Keren, Fredirik Bopertyui-Bressan, Jan-Lui Bake-Grammon, Terri Zarkon kabi hozirgi zamon fransuz sharqshunoslarining Amir Temur va temuriylar haqidagi asarlaridan namunalar havola etilgan.
Ushbu bobning «Temuriylar Renessansi durdonalari – Luvr muzeyida» nomli faslida Fransiyaning Luvr muzeyida saqlanayotgan Amir Temur va Sohibqiron avlodlari davriga oid ko’plab tarixiy ashyolar haqida qiziqarli ma’lumotlar berilgan. Ana shu nodir osori atiqalarning suratlari taqdim etilgan.
Bundan tashqari, «Yana Amir Temurning oltin haykalchasi haqida» nomli faslda keyingi yillardagi izlanishlar natijasida Amir Temurning oltin haykalchasi bilan bog’liq bir qator yangi ma’lumotlar aniqlangani haqida so’z boradi. Hozirgi kunga qadar ushbu san’at asarining muallifi, yaratilgan vaqti, joyi noma’lum edi va ayni paytda qayerda saqlanayotgani jumboq bo’lib kelmoqda. Bu faslda ana shu savollarga muayyan aniqliklar kiritilgan.
Kitobning alohida, «Fransuz olimlarining Amir Temur va temuriy-larga oid asarlari haqida» nomli bobidan fransuz sharqshunoslari, jumla-dan, mashhur fransuz temurshunos olimi Lui-Matyo Langle haqida muxtasar ma’lumot hamda uning «Temur tuzuklari» tarjima asariga yozilgan Muqaddimasi, Lyusen Kerenning ushbu sohadagi tadqiqotlari shuningdek, «Amir Temur saltanati» kitobiga Lui Bazen yozgan so‘z boshi o‘rin olgan.
Ushbu kitobning «Temurxonlik muloqotlari» bobi mualliflarning Amir Temur hayot yo‘li haqidagi suhbatidan iborat.
«Lyusen Keren ilmiy-ijodiy faoliyatidan namunalar» bobida fransiyalik taniqli temurshunos olim, professor L. Kerenning ilmiy ijodiga alohida ahamiyat qaratilgan. L. Keren 1996-yilda YUNESKOning Bosh qarorgohida Amir Temur tavalludining 660 yilligini nishonlash doirasida tashkil etilgan turli mamlakatlar temurshunoslari ishtirokidagi xalqaro konferensiya hamda «Temuriylar davrida fan, madaniyat va ta’lim taraqqiyoti» haftaligini tayyorlash va o‘tkazishda faol ishtirok etgan taniqli jamoat arbobidir. O‘sha yili L. Keren O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning Farmoniga muvofiq «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.
Kitobning «Lyusen Kerenning Amir Temurga bag‘ishlangan sahna asari» bobida «Buyuk Temur» pyesasi ilk bor e’lon qilinmoqda.
Kitob hammualliflaridan biri Akmal Saidov 1994–1996-yillarda O‘zbekistonning Fransiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi hamda YUNESKOdagi doimiy vakili sifatida faoliyat olib borgani bois har ikki tarixiy tadbirni xalqaro miqyosda yuksak darajada o‘tkazish ishlarida bevosita ishtirok etgan. O‘sha yillarda atoqli fransuz temurshunos olimi professor Lyusen Keren bilan tanishgan. U bilan Amir Temur va temuriylar sulolasi tarixi bo‘yicha hamkorlikda kitob va maqolalar chop etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |