Mavzu: Amir Temur siymosi va yevropa xalqlarining munosabati.
Reja:
Sohibqiron Temurning yevropa davlatlari bilan munosabatlari;
Sohibqiron Amir Temur va Fransiya qiroli Karl VI o’rtasidagi yozishmalar;
A. Temur shaxsiga yevropa xalqlarining munosabati.
XIV asrning oxirida Yevropa davlatlari juda tang ahvolga tushib qoldi. Usmoniy turklar davlatining hujumi xavfiga yetarli tarzda javob qaytara olmasligini bilgan Yevropa qirollari va Rim papasi yordam koʻzini Sharqqa, Amir Temurga qaratdilar. Uning shaxsiga va hukmronligiga qiziqish ortib bordi. Qirollar va Rim papasi Amir Temur bilan yozishmalar olib bora boshladilar.
Sohibqiron huzuriga elchilar va sayohatchilar yuborilib, uning eʼtiborini jalb qilishga harakat kuchaydi. Amir Temur huzurida boʻlgan va u bilan muloqot qilgan elchilar, uning harbiy yurishlari guvohi boʻlgan sayyoh va savdogarlarning Amir Temur haqidagi kitoblari yevropaliklarda katta qiziqish uygʻotdi. Shu tarzda XV asrdan boshlab Temur va uning davlati haqida Yevropada bir necha tarixiy manbalar yaratildi. Ularning orasida elchi va monax Ioann Grinlo, savdogarlar Paole Zane, Beltramus de Mignanelli va Emmanuil Pilotti, ispan elchisi Rui Gonzales de Klavixo, asirga tushgan nemis askari Yoxannes Shiltberger xotiralari muhim ahamiyat kasb etadi.
Aytib oʻtish kerakki, XIV asrning oxiri — XV asr boshlarida Yevropada toʻplangan Amir Temur, uning saltanati, qoʻl ostidagi yerlari, qoʻshini, urush olib borish uslublariga oid maʼlumotlar nashr etish maqsadida emas, balki Yevropa qirollari va Rim papasi uchun toʻplangan boʻlib, asosan maxfiy hujjatlar hisoblangan. Shuning uchun ham bu maʼlumotlar asrlar davomida oʻrganilmagan va qoʻlyozma holatida qolib ketgan.
Rim papasi va Frantsiya qiroli Karl XVning elchisi Ioann Grinlo Amir Temur suhbatlarida ishtirok etgan, uning saltanatini oʻz koʻzi bilan koʻrgan va bu haqda asar yozgan yevropalik birinchi muallif hisoblanadi. U 1401 yilning avgustida Amir Temur bilan uchrashadi. Grinloning asari "Temur va uning saroyiga oid xotiralar", deb ataladi. Bu asar frantsuz va lotin alifbosida yozilgan boʻlib, 23 bobdan iborat. Asarda muallif Amir Temur taxtga chiqqan vaqtdan boshlab 1402
yil avgust oyigacha boʻlgan voqealar haqida imkon qadar maʼlumot berishga harakat qilingan.
Emmanuil Pilotti 22 yil davomida Misrda yashagan, arab tilini mukammal bilgan Misr sultoni Farajning yaqin kishisi boʻlgan. U Amir Temurning Damashq yurishi haqida maʼlumotlar toʻplagan. Uning Amir Temur haqidagi maʼlumotlari Venetsiya arxivida saqlanadi va haligacha nashr qilinmagan.
Paole Zane esa 1400 yilda Venetsiyaning Damashqdagi konsuli boʻlgan. U Venetsiya senatining topshirigʻi bilan Amir Temur haqida maʼlumotlar toʻplagan. Uning maʼlumotlaridan iborat yigʻma jild ham haligacha Venetsiya arxivida saqlanmoqda va chop etilganicha yoʻq.
Italiyalik savdogar Beltramus de Mignanelli tomonidan yozilgan "Temurlang hayoti" asari muhim manbalardan biridir, chunki bu asar shaxsan muallifning koʻrganlari asosida yozilgan. Beltramus de Mignanelli uzoq muddat davomida Damashqda yashab, u yerda katta mulk va obroʻ orttiradi. Amir Temur Damashqni egallaganda u shaharda boʻlgan va voqealarni shaxsan ishtirokchisidir.
Anqara va Smirnaning olinishi haqidagi haqqoniy maʼlumotlarni ham toʻplagan. Asar 1416 yilda lotin alifbosida yoziladi. 1764 yilda asarning Venadagi milliy kutubxonada saqlanayotgan qoʻlyozma nusxasi Stefan Bazilius tomonidan nashr qilinadi. Amir Temur yurishlaridan juda katta zarar koʻrganligiga qaramay muallif voqealar rivojini haqqoniy tarzda yoritib bergan.
Esdalik va asarlar orasidagi eng qimmatbaho manbalardan biri ispaniyalik elchi Rui Gonzales de Klavixo kundaliklari hisoblanadi. Rui Gonzales de Klavixo badavlat oiladan chiqqan, otasi ham, oʻzi ham saroydagi nufuzli amaldorlardan boʻlgan.
Klavixo 1404 yilda Leon va Kastiliya qiroli Genrix III (1390-1406)ning topshirigʻi bilan Samarqandga keladi. Unga Alfonso Paes de Saita Mariya va Gomes de Salazar hamroh boʻladilar. Uning asari "Samarqandga, Temur saroyiga sayohat kundaligi" deb ataladi. Klavixo kundaliklari ikki qismdan iborat boʻlib, birinchisida elchilarning Samarqandgacha boshidan oʻtkazgan voqealari, turli hududlar tabiati, xalqlari turmushiga oid maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Ikkinchi qismda muallif Kesh va Samarqandda Temur saroyidagi uchrashuvlarni tasvirlaydi. De Klavixo mamlakat, saroy, xalq va uning turmushi haqida ajoyib va takrorlanmas maʼlumotlar beradi.
Bugungi kunda Rui Gonzales de Klavixo kundaliklarining asl nusxasi Madriddagi Milliy kutubxonada saqlanadi. Birinchi marta kundalik Sevilyada noshir Argote de Molina tomonidan «Buyuk Temurlang hayoti, uning imperiyasi yerlari bilan» nomi bilan 1582 yilda nashr qilingan. Klavixo kundaliklari ilk marta I.I. Sreznevskiy tomonidan 1881 yilda Peterburgda rus tiliga tarjima qilinib, chop etilgan. Oʻzbek tiliga taniqli adabiyotshunos olim, professor Ochil Togʻayev tomonidan tarjima qilingan.
Albatta, Temur davri manbalari orasida eng beqiyos — bu Amir Temurga yevropalik qirollar tomonidan yuborilgan maktublar va ularga joʻnatilgan javob xatlaridir. Amir Temurning Frantsiya qiroli Karl VIga, Angliya qiroli Genrix IVga yuborgan maktublari uning tashqi siyo-sati va diplomatik sanʼati toʻgʻrisida fikr yuritishda katta yordam beradi. Amir Temurning Karl VIga yuborgan maktubi 1996 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Frantsiyaga rasmiy tashrifi chogʻida Frantsiya Prezidenti Jak Shirak tomonidan tuhfa qilingan boʻlib, bugungi kunda maktub Toshkentdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida saqlanadi.
Shu oʻrinda Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimovning quyidagi soʻzlarini keltirishni lozim topdik. "Buyuk shaxslarni tarix yaratadi. Amir Temur bosqinchi toʻdalarning Yevropa ichkarisiga qilayotgan harakatiga chek qoʻyganini, boshqa tajovuzkorlik yurishlarini uzoq muddatga toʻxtatib qoʻyishini hozir inkor qilib boʻlmaydi. — Unga "Yevropaning xaloskori" degan ramziy unvon berilgani bejiz emas".
Bugungi kungacha Sohibqiron bobomiz tariximiz osmonidagi eng yorqin yulduzlardan biri hisoblanadi va albatta, bu har birimizda faxr tuygʻusini kuchaytiradi. Xalqimiz kelgusi avlodi ham u bilan gʻururlanishiga ishonchimiz komil.
Do'stlaringiz bilan baham: |