II-BOB. XADISSHUNOS OLIM AT-TERMIZIY XAYOTDA TUTGAN O`RNI.
2.1. Al-Hakim At-Termiziyning Shogirdlari
1. Abu Muhammad Yahya ibn Mansur al-Qoziy
Uning haqidagi ma'lumotlar tarixchi Ibn Imod al-Hanbaliyning «Shazarat uz-zahab» («Oltin bo‘lakchalari») nomli asarida keltirilgan[8]. U o‘n yildan ortiq Nishopurda qozilik qilgan Abu Abdurrahmon as-Sullamiyning ustozi hisoblanadi. Yahya ibn Mansur Ali ibn Abdulaziz al-Bag‘aviy va Ahmad ibn Salma va ular tabaqalariga mansub olimlardan hadis rivoyat qilgan. Yoqut al-Hamaviyning «Mu'jam al-buldon» asarida yozilishicha, hijriy 350 (melodiy 960) yilda, Ibn Imod al-Hanbaliyning yozishicha, hijriy 351 (melodiy 961) yilda vafot etgan.
2. Abu Mansur Ali ibn Abdulloh ibn Xolid az-Zuhliy al-Hiraviy
Uning haqidagi muxtasar ma'lumotlarni al-Xatib al-Bag‘dodiyning «Tarixi Bag‘dod» asarida uchratamiz. U asli Hirot ahlidan bo‘lib, bir guruh xurosonlik olimlardan g‘aroyib va afsonaviy tusdagi hadislar rivoyat qilgan. So‘ngra Bag‘dodga kelib, unda hadislardan saboq bergan. Abu Sa'iyd Abdurrahmon ibn Muhammad al-Idrisiy: «Mansur ibn Abdulloh al-Hiraviy kazzobdir, uning rivoyatiga e'tiqod qilmaydilar», - degan.
3. Abu Ali al-Hasan ibn Ali al-Jurjoniy
Uning haqidagi ma'lumotlarni as-Sullamiyning «Tabaqot as-sufiyya», as-Subkiyning «At-Tabaqot al-kubro» nomli asarlarida uchratamiz. Al-Jurjoniy mashhur asarlar muallifi, Xurosonning eng ulug‘ mashoyixlaridan biri hisoblanardi. As-Sullamiy o‘zining malomatiyya haqidagi risolasida undan hadislar rivoyat qilgan.
4. Ahmad ibn Muhammad ibn Iso
U haqidagi muxtasar ma'lumotlar al-Xatib al-Bag‘dodiyning «Tarixi Bag‘dod», as-Sullamiyning «Tabaqot as-sufiyya» va boshqa asarlarda keltirilgan. Ahmad ibn Muhammad Iroqning eng yirik mashoyixlaridan biri bo‘lib, Junayd va uning safdoshlari bilan bahs yuritganlardan edi. E'tiqodda uning tariqati mo‘‘tadilligi bilan ajralib turardi.
5. Abu Bakr Muhammad ibn Umar al-Hakim al-Varroq
U asli termizlik bo‘lib, lekin ko‘p yillar Balhda istiqomat qilgan. Abu Bakr al-Varroq Ahmad ibn Hadravayh, Muhammad ibn Sa'iyd ibn Ibrohim az-Zohid, Muhammad ibn Umar ibn Xashnom al-Balxiy kabi taniqli olimlarning suhbatidan bahramand bo‘lgan. Hadislar isnodini keltirib ko‘plab mashhur asarlar yaratgan. Uning asarlari riyazat (matematika), muomalatlar va adab-axloqning turli masalalariga bag‘ishlangan. O'z ilmiy salohiyati va donishmandligi bois Abu Bakr al-Varroq ham o‘z ustozi al-Hakim at-Termiziy kabi al-Hakim degan yuksak laqabga sazovor bo‘lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |