II BOB bo‘yicha xulosa
Abu Ali ibn Sino jismoniy barkamol inson tarbiyasiga alohida ahamiyat beradi. U axloq qoidalarini egallashga, insonning axloqiy munosabatlarini rivojlantirishga yordam beradigan tadbir orqali ta’lim va tarbiyani izchil amalga oshirish mumkinligini aytadi. U inson yoshligidan o‘sib borishi bilan ta’lim va tarbiya vazifalari ham o‘zgarib borishini ta’kidladi.
Ibn Sinoning ta’kidlashicha, bola tug‘ilganidan boshlab oyoqqa turguncha ma’lum tartibda tarbiyalanib borishi lozim. Bu tartib o‘z vaqtida ovqatlantirish, cho‘miltirish, uxlatish, yo‘rgaklash kabi tartiblardan iborat. Bularni ham ma’lum qoidalar asosida amalga oshirish darkor.
Bolaning tabiatini mustahkamlashdagi muhim vositalar asta-sekin tebratish, musiqa eshittirish, ashula aytishdan iborat bo‘lib, ular tartib bilan amalga oshirilsa, bola yaxshi uxlaydi. Bolalarning o‘spirinlikka o‘tish davri tarbiyasi o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, bu davrda ularda xulq-atvor shakllanadi. Ibn Sinoning fikricha, bola xulqini mo‘tadillikda saqlashga alohida e’tibor berish kerak. Bundan ikki manfaat bor. Birinchisi - bolaning ruhi uchun bo‘lib, u yoshlikdan boshlab yaxshi xulqli bo‘lib o‘sadi va keyinchalik bu unga ajralmas malaka bo‘lib qoladi. Ikkinchisi - uning badani uchundir, chunki yomon xulq turli mijoz buzilishlaridan bo‘ladi. Shuningdek, agar yomon xulq odatga kirib qolsa, u mijoz buzilishiga sabab bo‘ladi. Bola 6 yoshga to‘lgandan so‘ng uni maktabga berish kerak. O‘qish, bilim berish, o‘rgatish ham asta-sekin amalga oshirilishi kerak. Bolaning kitob o‘qishga haddan tashqari berilishi uning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qiladi. Bolaning o‘spirinlikka o‘tish davrida unga ish topshirishda uning xohishi, istagi hisobga olinishi lozim.
Abu Ali ibn Sino o‘rta asrda yetishgan buyuk donishmand edi. U falsafa, tabobat, falakkiyot, zoologiya, botanika, geologiya, musiqa, psixologiya, axloq, mantiq, tilshunoslik, adabiyot kabi fan sohalariga bag‘ishlab asarlar yozdi.
Ibn Sino sharqning buyuk faylasufi edi. Bu sohaga ko‘p asarlar bag‘ishladi, hatto o‘zidan keyingi asr falsafasiga katta ta’sir ham ko‘rsatdi.
Ta’lim-tarbiya sohalarida ijod etgan va dunyoga mashhur yirik asarlar meros qoldirgan olim, mashhur alloma Abu Ali ibn Sinoning «Tib qonunlari» necha asrlar davomida Yevropaning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlarida asosiy tibbiyot darsliklaridan biri sifatida o‘qib kelingani, dunyo miqyosida «Meditsina», «Sog‘lom turmush tarzi» degan tushunchalarning fundamental asosi bo‘lib xizmat qilgani, albatta, chuqur hayotiy va ilmiy zaminga ega. Aniqroq etib aytganda, bu benazir allomaning butun ilmiy faoliyati dunyo taraqqiyotini insonparvarlik ruhida, ya’ni ma’naviy negizda rivojlantirishga ulkan ta’sir o‘tkazdi, deb aytishga barcha asoslar bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |