2.2. Abu Ali ibn Sino asarlaridagi jismoniy barkamol inson g‘oyalaridan ta’lim-tarbiya jarayonida foydalanish mazmuni, usul va vositalari
Abu Ali ibn Sino jismoniy barkamol inson tarbiyasiga alohida ahamiyat beradi. U axloq qoidalarini egallashga, insonning axloqiy munosabatlarini rivojlantirishga yordam beradigan tadbir orqali ta’lim va tarbiyani izchil amalga oshirish mumkinligini aytadi. U inson yoshligidan o‘sib borishi bilan ta’lim va tarbiya vazifalari ham o‘zgarib borishini ta’kidladi.
Ibn Sinoning ta’kidlashicha, bola tug‘ilganidan boshlab oyoqqa turguncha ma’lum tartibda tarbiyalanib borishi lozim.
Bu tartib o‘z vaqtida:
ovqatlantirish,
cho‘miltirish,
uxlatish,
yo‘rgaklash kabi tartiblardan iborat. Bularni ham ma’lum qoidalar asosida amalga oshirish darkor. Bolaning tabiatini mustahkamlashdagi muhim vositalar asta-sekin tebratish, musiqa eshittirish, ashula aytishdan iborat bo‘lib, ular tartib bilan amalga oshirilsa, bola yaxshi uxlaydi. Bolalarning o‘spirinlikka o‘tish davri tarbiyasi o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, bu davrda ularda xulq-atvor shakllanadi. Ibn Sinoning fikricha, bola xulqini mo‘tadillikda saqlashga alohida e’tibor berish kerak. Bundan ikki manfaat bor:
Birinchisi - bolaning ruhi uchun bo‘lib, u yoshliqidan boshlab yaxshi xulqli bo‘lib o‘sadi va keyinchalik bu unga ajralmas malaka bo‘lib qoladi.
Ikkinchisi - uning badani uchundir, chunki yomon xulq turli mijoz buzilishlaridan bo‘ladi.
Shuningdek, agar yomon xulq odatga kirib qolsa, u mijoz buzilishiga sabab bo‘ladi. Bola 6 yoshga to‘lgandan so‘ng uni maktabga berish kerak. O‘qish, bilim berish, o‘rgatish ham asta-sekin amalga oshirilishi kerak. Bolaning kitob o‘qishga haddan tashqari berilishi uning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qiladi. Bolaning o‘spirinlikka o‘tish davrida unga ish topshirishda uning xohishi, istagi hisobga olinishi lozim.
Ibn Sino bola katta bo‘lib, yetilgan chog‘ida jismoniy tarbiyaga ahamiyat berish zarurligini aytadi. Uning uqdirishicha, jismoniy mashg‘ulot inson ruhini ham tetiklashtiradi. Ammo jismoniy mashg‘ulotlar ortiqcha bo‘lmasligi kerak, aks holda, badanning tezda charchab qolishiga olib keladi. Ilm-fanga intilish insonning eng oliy ma’naviy harakatlaridandir. Chunki ilm odamni ma’naviy yuksaklikka ko‘taradi, jamiyat ravnaqining asosiy omili bo‘lib xizmat qiladi.
Ibn Sino shunday deydi:
Tark qil bor narsani, jon barchadin a’lodurur,
Jon kamoli ilmdandir, ilmdandir so‘lu sog‘.
Jon agar bir shisha bo‘lsa, ilm sham chirog‘,
Hikmati insonni bilgil ul chirokda misli yog‘.
Ul agar so‘nsa, sening ham o‘lganingmasmu shu chog‘.
Ibn Sinoning ta’kidlashicha, axloqiy tushunchalar bir-birlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, sharoitga qarab turlicha ahamiyat kasb etadi: lazzat tushunchasi hissiy va ma’naviy mazmunga ega bo‘lib, inson uchun ahamiyatlidir. Axloqiy boylik, Ibn Sinoning ta’kidlashicha, adolatdir. Adolat muvozanat, o‘rtalik tushunchalari bilan bog‘liq. Axloqiy tushunchalar aqlga, aqliy bilimga asoslanishi lozim. Lekin inson qanchalik bilimdon, olim bo‘lmasin, axloqiy qoidalarga tayanmasa, u odobsizlik va yomonlikka yo‘l qo‘yadi.
Ibn Sinoning uqdirishicha, insonning eng yaxshi fazilatlaridan biri o‘zining yomon axloqiy xislatlarini anglab, ularni yo‘qotishga intilishidir. Uning yaxshi xislatlarida boshqalarga e’tibor va g‘amxo‘rlik bilan munosabatda bo‘lishi alohida o‘rinda turadi. Kimki, o‘zining axloqini tarbiyalash uchun o‘z oldiga qo‘ygan vazifasini bajarib, o‘z xulqini tuzatishga intilsa, unga hech narsa qo‘rqinchli emas. Kimki, o‘z xatosini tuzata olsa, u boshqalarning tarbiyasi haqida g‘amxo‘rlik qila olishi mumkin. Boshqa odamni tarbiyalamoqchi va uning axloqini tuzatmokchi bo‘lgan tarbiyachi, avvalo, uni yaxshi o‘rganishi va barcha kamchiliklarini yaxshi bilib olishi kerak. Aks holda, tarbiyachi o‘z oldiga qo‘ygan vazifasini bajara olmaydi.
Ibn Sino bolada axloqiy xislatlarni mehnat, jismoniy va aqliy tarbiya bilan uzviy birlikda shakllantirishni bolani haqiqiy inson qilib kamol toptirishda asosiy omil deb biladi.
Ibn Sino axloqiy tarbiyada eng muhim vositalar bola bilan, nafsiga, g‘ururiga tegmagan holda, yakkama-yakka suhbatda bo‘lish, unga nasihat qilishni ma’qul usul hisoblaydi.
Nasihat qilishda suhbatdoshga nihoyatda hurmat bilan yondashish, uni kamsitmaslik, ortiqcha so‘z aytib, uni zeriktirmaslik kerak.
Bir xil nasihatlarni qaytaraverish bolaga ta’sir qilmaydi. U deydi: „Sening fikrlaring (bolaning) yuragiga yetib borib, unga o‘ylab, fikr yuritib ko‘rishga imkon bersin... Agarda suhbatdoshing yoki do‘sting sening
so‘zlaringga va nasihatingga e’tibor bermayotganini sezsang, suhbatni boshqa vaqtga ko‘chir".
Ibn Sinoning fikricha, bolaning tarbiyasi - bu izchil va asta-sekin amalga oshiriladigan tartibdan iboratdir.
Ibn Sino birinchi bo‘lib jismoniy tarbiyaning ilmiy-pedagogik jihatdan bir butun tizimini yaratdi. Jismoniy mashqlar, to‘g‘ri ovqatlanish, uyqu, badanni toza tutish tartibiga rioya etish inson sog‘ligini saqlashda muhim omillardan ekanligini ham ilmiy, ham amaliy jihatdan asosladi. Bolaga ham hali u tug‘ilmasdan turib g‘amxo‘rlik qilish, go‘daklik davridan boshlab tarbiyani boshlash zarurligini ta’kidlaydi. «Bolaning yetuk inson bo‘lib shakllanishida unga g‘amxo‘rlik, poklik, mas’uliyatni his etish, do‘stona munosabatlar tuyg‘usini singdirib borish zarur», deydi olim “Tib qonunlari” asarida. Ayniqsa, inson salomatligini saqlashni faoliyatning boshqa barcha tomonlari bilan bog‘lab olib borish g‘oyasini ilgari surdi.
Jismoniy tarbiyani ilmiy asosda tashkil etish inson organizmining rivojlanishini, uni tashqi muhit bilan bog‘liqligini, yoshining turli bosqichlarida potensial va moslashuvchanlik imkoniyatlarini bilishni taqozo etadi.
Ibn Sino odam yoshini to‘rt qismga bo‘ladi:
1. O‘sish yoshi, bunga o‘smirlik ham kiradi, bu 30 yoshgacha davom etadi.
2. O‘sishdan to‘xtash yoshi, bu 30 dan 40 yoshgacha bo‘lgan davr.
3. Cho‘kish yoshi, bu o‘rtacha yoshdagi odamlarga mansub bo‘lib, 60 yoshgacha davom etadi.
4. Kuchsizlanish yoshi: bu umr oxirigacha cho‘ziladigan qariyalarning yoshidir.
Ibn Sino odamlar yoshini to‘rt qismga bo‘lish bilan qanoatlanmay, shu yosh uchun badantarbiya mashqlarining tasnifini (klassifikatsiya) qoldirgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |