2.3. Bo`limdagi hikoyalarni o`rganish metodikasi.
Yosh avlodni barkamol inson qilib tarbiyalash masalasi hozirgi ta’lim jarayonining asosiy ustuvor vazifalaridan biridir. Bu vazifa boshlang`ich ta’limda hikoya o`qish darslarida ham amalgam oshiriladi. Hikoya o`qish darslari boshlang`ich ta’lim o`qish va nutq o`stirish dasturi asosida tashkil qilinadi. Dastur asosida tuzilgan “O`qish kitobi” darsliklaridagi materiallar o`quvchilarda o`qish ko`nikmasi, o`qilgan matn mazmunini to`g`ri tushunish va unda ishtirok etgan personajlarning xatti-harakatlarini, voqea-hodisalarni to`g`ri baholay olish ko`nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
3-sinf “O`qish kitobi” darsligining “9-may – Xotira va qadrlash kuni” bo`limida Ullibibining “E’zoz” hamda Sobit G`ofurovning “Mag`zi shirin” hikoyalari berilgan. Mazkur hikoyalar ham o`quvchilarning xalqimiz hayotida keng nishonlanadigan tarixiy sana 9-may kuni haqida, uning nomlanishi haqidagi tushunchalarini kengaytirishga xizmat qiladi. Zero, bolalar yoshligidan bu kunning shonli kun ekanligini, barcha odamlar tomonidan nishonlanib bayram qilinishini biladilar. Ularning o`zlari ham bevosita shu narsalarning ishtirokchilari bo`lganlar. Endi ular bo`limda berilgan hikoyalarni o`qish, uni mazmunini o`zlashtirish jarayonida bu kun haqidagi tasavvurlarini yanada kengaytiradilar. Chunki, hikoya mazmunan boshlang`ich sinf o`quvchilari uchun mos janr hisoblanadi. Binobarin, o`quvchilarni qahramonlarning xatti-harakati, tashqi ko`rinishi, portret tasviri, voqea-hodisalari haqidagi hikoyalar ko`proq qiziqtiradi. Shundan kelib chiqqan holda o`quvchilarni badiiy asar turi hisoblanmish hikoya bilan tanishtirish uning syujetini tushuntirishga bog`lab olib boriladi.
3-sinflarda hikoyani o`qishga bag`ishlangan izohli o`qish darslarida o`qilgan hikoya mazmunini ochish, lug`at ustida ishlash, o`qilgan matnni qayta hikoyalash kabilar asosiy ish turlaridan hisoblanadi.
“E’zoz” va ”Mag`zi shirin” hikoyalarining mazmuni savollar asosida tahlil qilinadi. O`quvchilarga beriladigan so`roqlardan ikki maqsadda: hikoya mazmunini tahlil qilish hamda dalillar, mulohazalar, xulosalarni taqqoslash, voqea-hodisalar, xatti-harakat o`rtasidagi bog`lanishni aniqlash va umumlashtirish uchun foydalaniladi. Shu bilan birga bu hikoyalarni o`qish darslarida o`quvchilar tushunmaydigan so`z va iboralar ma’nosini tushuntirish ham muhim, bo`lmasa o`quvchilar hikoya mazmunini tushuna olmaydilar.
Bu hikoyalarni o`qishda uning mazmunini tahlil qilish va shu asosda o`quvchilar nutqini o`stirish markaziy o`rin egallaydilar. Hikoya o`qib bo`lingach, o`quvchilar o`ylashi, o`z mulohazalarini aytishi uchun tayyorlanishga vaqt berish kerak. O`qilgan asar yuzasidan beriladigan dastlabki savollardan maqsad, hikoya bolalarga yoqqan-yoqmaganligi, undagi qaysi qahramonning xarakteri bolaga ta’sir etganini bilishdan iborat. Shundan keyingina hikoya syujeti, voqeaning yo`nalishini ochishga, personajlar xarakterini tushunishga, nihoyat , asarning asosiy g`oyasini bilib olishga yordam beradigan savollardan foydalaniladi.
Badiiy asarni tahlil qilishda syujetni to`liq tushuntirishga berilib ketib, qahramonlarga tavsif berish, asar qurilishi va tilini tahlil qilish kabi ish turlari e’tibordan chetda qolmasligi lozim.
Ma’lumki, ertak janriga xos matnlar jozibadorligi bilan bolani o`ziga tortadi. Lekin hikoya janri ham hayotiyligi bilan o`ziga xos. Hikoyada voqealar tez rivojlanib boradi. Unda inson hayoti, u bilan bog`liq hayotiy lavhalar bayon etiladi. O`quvchilar qahramonlarning xarakteri, ulardagi xususiyatlar bilan qiziqadilar. O`quvchilar “E’zoz” hikoyasida Bob ova uning nevarasi Nodir suhbatidan 9-may kunining qanday kun ekanligini, nima uchun bu kunning Xotira va qadrlash kuni deb atalishini bilib oladilar. Hikoyaning mazmunini anglatish uchun quyidagi savollar beriladi:
9-may qanday kun?
Bobo bilan nodir qayerda yonma-yon o`tirishdi?
Bobo “Motamsaro ona” yodgorligi haqida nimalarni aytdi?
Keksalar qanday tilak bildirishdi?
O`quvchilar bilan shu tarzda savol-javob o`tkazilgach, ularning hikoya mazmuni va g`oyasini qanday anglaganliklarini aniqlash, o`z xulosalarini bayon etish uchun ham “Aqliy hujum” uyushtirish mumkin. Bunda quyidagi savollarni berish maqsadga muvofiq bo`ladi:
“Motamsaro ona” yodgorligi qanday yodgorlik, u haqida nimalarni bilib oldingiz?
“Xotira va qadrlash kuni” ning ma’nosi nimadan iborat ekan?
Siz 9-mayda Mustaqillik maydonida bo`lganmisiz?
O`quvchilar bu savollarga javob berishga ijodiy yondashadilar, bunda ularning tafakkurlari bilan birga nutqlari ham rivojlanib borishiga sharoit yaratiladi.
S.G`ofurovning “Mag`zi shirin” hikoyasi yuzasidan quyidagi savollarni berish mumkin:
Nima uchun otaning ko`zlarida yosh qalqidi?
Ota hayol surib nima dedi?
Bolalar otani yupatib nima dedilar?
Bu kabi savollar o`quvchilarni o`ylanishga, mulohaza yuritishga undaydi, ularning bilim doirasini kengaytiradi. Voqea-hodisalarga o`z shaxsiy munosabatlarini paydo qilishga yordam beradi. Shu bilan birga o`qituvchi o`quvchilarning o`ziga hikoya bo`yicha savollar tuzdirishi va shu asosda savol-javob orqali o`quvchilarning hikoya mazmunini o`zlashtirib olishlariga erishish mumkin.
3-sinf hikoyalarni o`qish darslarida amalga oshiriladigan ish turlaridan yana biri lug`at ustida ishlash hisoblanadi. Zero, hikoyalarni o`qish darslarida matndagi o`quvchilar tushunmaydigan so`z va iboralar ma’nosini tushuntirish juda muhim, bo`lmasa o`quvchilar hikoya mazmunini tushuna olmaydilar.
“E’zoz” hikoyasi matnidagi xotira, yodgorlik, motamsaro, majmua, qadr kabi so`zlar ma’nosini izohlash muhim hisoblanadi.
“Mag`zi shirin” hikoyasidagi hasrat, navqiron o`g`il kabi so`z va so`z birikmalarining ma’nosini tushuntirish yaxshi samara beradi.
Boshlang`ich sinflarda hikoya tahlili adabiy tur sifatida o`ziga xos xususiyatlari va vazifasidan kelib chiqib ish ko`rishni taqozo etadi. Undagi har bir so`z, ibora gap yozuvchining fikrini ifodalashga xizmat qiladi. Hikoya matni uning mazmunini yoki badiiy xususiyatlarini o`rganishdagina emas, tahlilning ifodali, adabiy, shartli yoki ijodiy o`qish, muammoli usullardan foydalanish uchun ham manba bo`lishi lozim.
3-sinfda “E’zoz” va “Mag`zi shirin” hikoyalari syujeti, kompozitsiyasi, qahramonlarni o`rganish bo`yicha turli tahlillar matn ustida ishlash asosida olib boriladi. Bunda o`quvchining ijodiy faolligi ortadi, ijodiy fikrlash doirasi kengayadi.
“E’zoz” hikoyasi qahramonlarini, ularning xatti-harakatlarini o`rganish va tahlil qilishni matnga tayangan holda quyidagi reja asosida amalgam oshirish mumkin;
Bobo bilan nabira.
“Motamsaro ona” yodgorligi.
Keksalar ko`rindi.
Keksalar tilagi.
Shundan so`ng o`quvchilar xotira va qadrlash kuni haqida ongli fikr yuritadilar. Tinchlikning oily qadriyat ekanligi xususida fikr yuritadilar.
Mazkur hikoyalar mazmunini o`zlashtirish bo`yicha matn asosida quyidagicha ishlar amalga oshiriladi.
Matn mazmuni yuzasidan o`qituvchi savollarga javob berish;
Hikoya matniga berilgan savol-topshiriqlarni bajarish;
Hikoya mazmuni yuzasidan o`quvchilarning savollar tuzishi;
Hikoya mazmuniga mos rasmlar chizish;
Hikoya matnini qismlarga bo`lish;
Har bir qismga sarlavha topish;
Hikoyaga reja tuzish;
Reja asosida qayta hikoyalash (to`liq, qisqartirib va ijodiy qayta hikoyalash)
Reja asosida bayon yozish.
Hikoyalarni o`rganishda qo`llaniladigan metodlardan yana bir hikoya matnini qismlarga ajratish va ularning har biriga sarlavha topishdan iboratdir. Masalan, “Mag`zi shirin” hikoyasi uch qismga bo`linishi, har bir qismga quyidagicha sarlavha qo`yilishi mumkin:
Otaning hasrati.
Bolalar otani yupatdi.
Ota va bolalar quvonchi.
Tahlilida o`qilayotgan hikoya matnining tushunarliligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Tushunarlilik deganda yozuvchi yaratgan badiiy olamning o`ziga xosligi, obrazli tasvirning o`quvchi hayotiy tajribasi, bilim darajasiga muofiqligi nazarda tutiladi.
Hikoyani o`rganishda savollarni, odatda, o`qituvchi beradi, ammo asar mazmuni, qatmashuvchi shaxslarning xulq-atvorini ochish yuzasidan o`quvchilarga ham savol tuzdirish juda foydali. Bu usul bolalarga juda yoqadi va ishni jonlantiradi, asar mazmunini yaxshi tushunish, o`z fikrini izchil bayon qilish malakasini egallash, mazmun va voqealar orasidagi bog`lanishli to`liq esda saqlab qolishda o`quvchilarga yordam beradi.
“E’zoz” va “Mag`zi shirin” hikoyalarini izohli o`qish darsini quyidagicha reja asosida olib borish mumkin:
Hikoyani o`qishga tayyorlash ( hikoyadagi kabi odamlar hayoti va davrga xarakteristika berish va boshqa);
Hikoyani o`qish ( bunda to`liq va ma’no jihatdan tugal qismini o`qituvchi yoki oldindan tayyorlangan o`quvchi ifodali o`qishi mumkin);
Lug`at ustida ishlash;
Idrok etishni tekshirish ( qatnashuvchilarning xatti-harakatlari, shaxslar va voqealar o`rtasidagi munosabatlar yuzasidan qisqacha suhbat);
Hikoyani qayta o`qish ( qismlarga bo`lib, rollarga bo`lib o`quvchilarga o`qitish);
Hikoyaning har bir bo`limi ( qismi) yuzasidan uyushtirish, hikoya rejasini tuzish;
Reja asosida qayta hikoyalash;
Hikoya asosida ijodiy va mustaqil ishlar;
Hikoyani ifodali o`qishga yoki sahnalashtirishga tayyorlanish ( sinfda yoki uyda);
Hikoyani ifodali o`qish va ifodali qayta hikoyalash.
Yuqoridagilardan ko`rinadiki, bo`limdagi hikoyalarni o`qish darslarini tashkil qilishda o`qituvchi to`g`ri ish metodlaridan foydalanadi va bulardan barchasi dars samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga bu hikoyalar o`qish bilan o`quvchilarda Vatan uchun jon fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini muqaddas bilish, el-yurt uchun xizmat qilganlarni qadrlash tuyg`ularini hosil qilishga erishiladi.
Xulosa
Har bir avlоd оldida insоniyat yaratgan jamiki bоyliklarni-bilimlarni o`rganish, o`zlashtirish va rivоjlantirish vazifasi turadi. Hayot taraqqiyoti va jamiyat rivоjini shusiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Bu vazifani amalga оshirishning birdan – bir yo`li ta’lim standart tizimini tinmay takоmillashtirish оrqali yosh avlоdni ilm – fan asоslari bilan chuqur qurоllantirishdir. Zеrо, ilm оlish yo`lidagi izlanish insоnning e’tiqоdi va dunyoqarashini shakllantiradi, ma’naviy – aхlоqiy kamоlоt sari еtaklaydi.
“Ta’lim to`g`risida” gi qоnunda ta’limning ravnaqi, uning insоnparvarligi, ta’lim va tarbiya tizimining uzluksizligi, ilmiyligi va dunyoviyligi, ta’limda umuminsоniy va ilmiy qadriyatlarning ustuvоrligi Davlat ta’lim standartlari dоirasida hammaning bilim оlish imkоniyatlarini yaratilishi bilan bеlgilanishi bеjiz emas.
Bоshlag`ich ta’lim davlat qоnunini hayotga tadbiq etishda muhim bоsqich hisоblanadi va unda оna tili o`qitish asоsiy o`rin egallaydi. Оna tili o`qitish dasturida sinfda, sinfdan tashqari o`qish va nutq o`stirish juda muhim sanaladi. Undagi asоsiy tamоyil nutq o`stirish hisоblanadi. Nutq o`stirish bоshlang`ich sinfda оngli o`qish, o`qigan va eshitganlarini ravоn gapirib bеrishni o`rgatadi.
Bоshlang`ich sinflarda nutq o`stirish bilan bir qatоrda quyidagi muhim masalalarni hal etishni ko`zda tutadi.
bоlalarda aхlоqiy va estеtik tasavvurlarni shakllantirish;
bоlalarga atrоf – muhit, kishilar, tabiat va jamiyat haqida tushuncha bеrish;
nafоsat hissini tarbiyalash;
mantiqiy tafakkur yuritishga o`rgatish;
o`quv mashg`ulоtlarga, bilim manbai bo`lgan kitоbga qiziqish uyg`оtish.
Bu vazifalar 3-sinf o`qish darslarida ham amalgam oshirib boriladi. 3-sinfda sinfda o`qish va nutq o`stirish o`quvchilarning umumiy kamоlоtiga, ularda do`stlik, o`rtоqlik qadriyatlarini shakllantirish, jamоa ichida o`zini bоshqarish, mеhnatsеvarlik, halоllik, rоstgo`ylik, o`qishga оngli munоsabatda bo`lish kabi ijоbiy хususiyatlarni tarbiyalashga ko`maklashuvi lоzim bo`ladi. Bunda 3-sinf “O`qish kitobi” darsligidan o`rin olgan “9-may-Xotira va qadrlash kuni” bo`limi materiallarini ham o`rganish katta ahamiyat kasb etadi. Bo`limda berilgan “Eng muqaddas kun” ilmiy-ommabop maqolasi, M.Yusufning “Yurtim, ado bo`lmas armonlaring bor” she’ri, Ullibibining “E’zoz” va S.Fofurovning “ Mag`zi shirin” hikoyalari o`quvchilarni xalqimiz tarixida muhim bo`lgan tarixiy sana haqidagi tasavvurlarini kengaytirishga, ularni yangi bilimlar bilan qurollantirishga xizmat qiladi.
Bo`lim materiallarini o`rganishda o`qituvchi ularni o`rganishdan ko`zlangan maqsadni ko`zda tutgan holda ish olib borishi muhimdir. Shuningdek, bo`limdan o`rin olgan ilmiy ommabop va badiiy asarlarning janr xususiyatlaridan kelib chiqib ularni o`rganish yo`llarini belgilaydi. Xususan, ilmiy ommabop maqolani o`rganishda o`qiladigan matn yuzasidan bolalar tajribasi va bilimini aniqlash, ularni matn mazmunini tushunishga tayyorlash maqsadida taxminiy suhbat o`tkazish, asarni o`aish, o`quvchiga notanish bo`lgan so`zlar ma’nosi ustida ishlash, asar rejasini tuzish, o`qilgan maqola yuzasidan suhbat uyushtirish, matnga reja tuzish va reja qismlarini yoritish, maqolani yaxlit o`qib reja asosida qayta hikoyalash kabi ish turlaridan unumli foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Bo`limdagi hikoyalarni o`qish darslarida o`qilgan hikoya mazmunini ochish, lug`at ustida ishlash, o`qilgan matnni qayta hikoyalash kabilar asosiy ish turlari hisoblanadi. Shuningdek, hikoya asosida ijodiy va mustaqil ishlar o`tkazish ham yaxshi natija beradi.
Bo`limdagi M.Yusufning “Yurtim, ado bo`lmas armonlaring bor” she’rini o`qish darsida asosiy ish turi ifodali o`qish sanaladi. Bunda she’rni o`quvchilar hayajon bilan yaxlit idrok etishlariga erishish muhim. Shuningdek, she’r matnidagi ayrim o`quvchilar tushunmaydigan si`zlar ma’nosini izohlash, she’rda qo`llangan badiiy tasvir vositalarini tushuntirish va she’r mazmuni yuzasidan savol-javob ham o`tkazish dars samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Ko`rinadiki, bo`lim materiallarini o`rganish o`qituvchidan katta pedagogic va metodik mahoratni talab qiladi. Shu bois o`qituvchi tinmay o`z ustida ish olib borishi, yosh avlodni barkamol inson ruhida tarbiyalashga o`z hissasini qo`shmogi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |