Mavzu : Yurtim, ado bo`lmas armonlaring bor. (M.Yusuf)
O`quv materiali: Yurtim, ado bo`lmas armonlaring bor. (M.Yusuf)
Darsning maqsadlari:
Ta’limiy maqsad: M.Yusufning “Yurtim, ado bo`lmas armonlaring bor” she’rini ifodali o`qish.
Tarbiyaviy maqsad: Ona yurt ozodligi uchun jon fido qilgan insonlarni ulug`lash, bugungi osoyishta va baxtli hayotimiz qadriga yetish tuyg`ularini o`quvchilar qalbiga singdirish.
Rivojlantiruvchi maqsad: She’r matni ustida ishlashga o`rgatish; o`quvchilarning lug`at boyligini, mustaqil ishlash, ijodiy fikrlash qobiliyatlarini oshirish.
Darsning turi: Yangi bilim beruvchi, lirik she’r o`qish darsi.
Darsning metodi: Ifodali o`qish, suhbat, mustaqil ish metodi, tarmoqlash metodi.
Darsning jihozi: Vatan sarhadlari, uning fidoiy farzandlari tasvirlangan rasmlar. M.Yusuf portreti, shoir haqidagi ma’lumotlar.
Darsning borishi:
O`quvchilarda yangi mavzuni o`rganishga qiziqish uyg`otish, maqol aytish yo`li bilan bugungi darsning mavzusini aniqlashtirish:
Bulbul chamanni sevar, odam Vatanni.
Ona yurting omon bo`lsa rangi ro`ying somon bo`lmas.
Savol: Bugungi o`qish darsimiz qaysi mavzu haqida ekan?
Ona yurt haqida kirish suhbati. Doskaga O`zbekistonning davlat ramzlari, tabiati hayoti tasvirlangan rasmlar ilinadi. Savollar:
Vatan nima?
O`zbekiston tarixi haqida nimalarni bilasiz?
Yurtimizda qanday buyuk zotlar o`tgan?
Vatan haqida qanday maqollarni bilasiz?
O`quvchilarning ona yurt haqidagi tushunchalarini aniqlash. Topshiriq.
Ona yurtimizni tavsiflang. O`qituvchi Klaster ( tarmoqlash) usulida yozib boradi:
Doskaga “Yurtim, ado bo`lmas armonlaring bor” Muhammad Yusuf deb yoziladi. O`qituvchi -She’r muallifi kim ekan? U haqida nimalarni bilasiz?
O`qituvchi hikoyasi.
Muhammad Yusuf – istedodli o`zbek xalqi shoiri. U qisqa umr ko`rgan. Shoir o`z ijodini yosh avlodni ilmga ishtiyoq, ona – Vatanga, jonajon yurtimizga sadoqat ruhida tarbiyalashga bag`ishladi.
Muhammad Yusufning ”Chamanistonim”, “Vatanni seving”, “Turkiston madhiyasi”, “Vatanim”, “Inshaalloh”, “Tavallo” kabi she’rlarida ona- Vatanimiz O`zbekiston, uning istiqloli va hur hayotimiz madh etiladi. Undan bir qancha she’riy to`plamlari nashr qilingan. Jumladan, 2008-yilda “Biz baxtli bo`lamiz” kabi kitoblari bosildi.
Kitoblari ko`rsatiladi, ularni o`qishga da’vat etiladi. O`qituvchi uning biror she’rlaridan parcha berishi ham mumkin.
Ona yurtim o`zbekistonim,
Poylaringga sadha bu jonim.
Dunyolari ichra bir dunyo,
O`xshashi yo`q chamanistonim.
Yuragimda bir orzu-havas,
Senga sodiq o`gil bo`lsam bas.
She’r bilan tanishtirish.
O`qituvchi she’rni ifodali o`qib (yoki yod aytib) beradi.
She’r yuzasidan kirish suhbati.
She’r nima haqida ekan? She’rdagi qaysi jumlalar sizga juda yoqdi?nima uchun?
She’rdagi ma’nosi qiyin so`zlarga izoh beriladi. Shahid – bevaqt, o`z tabiiy o`limi bilan vafot etmagan shaxs; fig`on – nola.
She’r ichda o`qitiladi.
She’rni topshiriqlar asosida o`qitish.
Birinchi to`rtlikni o`qing. Unda qaysi so`z va iboralar o`z ma’nosida qo`llanmagan? Ularning qaysi ma’noda qo`llanganini izohlashga harakat qiling.
Yurtim, ado bo`lmas armonlaring bor.
Toshlarni yig`latgan dostonlaring bor
O`tmishingni o`ylab og`riydi jonim,
Ko`ksing to`la shahid o`g`lonlaring bor.
Qo`ling qadog`iga bosay yuzimni. Bu misrada jonlantirish qo`llanganmi? Jonlantirish deganda nimani tushunasiz?
Mustaqil ish. 2-topshiriq
To`rtinchi to`rtlikni o`qing
Qurboning bo`layin, ey onajonim,
Sening faryodlaring-mening fig`onim.
O`tmishingni o`ylab o`rtanar jonim,
Aytsam ado bo`lmas armonlaring bor.
Shu to`rtlikning keyingi ikki misrasidagi so`zlarning ma’nosini tushuntirishga harakat qiling.
She’r navbat bilan o`quvchilarga ifodali o`qitiladi. She’r ifodali o`qilganda o`quvchilardan o`rtog`I o`qiganda kuzatib boorish, kamchiliklarini aniqlash va to`g`irlash ta’lab qilinadi. Shunda o`quvchilarning o`qishga bo`lgan sezgirligi oshadi.
Shundan so`ng o`qituvchi bolalar bilimini baholab, mavzuga yakun yasaydi.
Uyga vazifa. She’rni yod olish.
“9-may – Xotira va qadrlash kuni” bo`limida berilgan M.Yusufning “Yurtim, ado bo`lmas armonlaring bor” she’rini o`qib-o`rganish orqali ona yurtiga sadoqatli har bir inson aziz ekanligi o`quvchilar ongiga singdiriladi. Yosh avlodni ma’naviy yetuk inson qilib tarbiyalashda katta ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |