MAVZU №. 6. SOSIAL GURUHLAR. SOSIAL STATUS VA ROLLAR
Maqom so’zi sosiologiyaga lotinchadan kirib kelgan bo’lib, u qadimgi Rimda u jismoniy shaxsning moddiy axvoli va huquqiy holatini ifodalar edi. Biroq, XIX asrning oxiridan boshlab olimlar unga yangicha ma’no bera boshlashdi. Unga muvofiq maqom bu – kishining jamiyatdagi ijtimoiy holatidir. Demak, ijtimoiy holat deganda umumlashtirilgan hodisani tushunish mumkin bo’ladi, ya’ni insonning iqtisodiy ahvoli, siyosiy imkoniyatlari va demografik xususiyatlari kabilar shunga taalluqlidir.
Masalan, shoferlik – kasbiy, unga mehnati uchun to’lanayotgan ish haqi – iqtisodiy, siyosiy partiyaga a’zoligi – siyosiy, 40 yosh atrofida erkak jinsiga mansubligi esa demografik holatini bildiradi. Yuqoridagilarni barchasi aynan bir kishining ijtimoiy holatini tasvirlaydi, lekin har tomondan qaraganda albatta.
Shaxsning ijtimoiy munosabatlar subyekti sifatida mavjud bo’lishi uning shu munosabatlardagi subyekt sifatidagi maqomini belgilaydi. Shaxs ma’lum sosial xususiyatli hodisalarning oqibatigina emas, balki sababi hamdir. Jamiyatning tarixiy shakllangan turining iqtisodiy, siyosiy, ideologik va sosial sifatlari o’zgaradi va turlicha namoyon bo’ladi. Har bir shaxsning sosial sifatlari, uning amaliy faoliyatining mazmun va xarakterini belgilaydi. Aynan faoliyat jarayonida kishi atrofidagi muhitning o’ziga xos xususiyatlarini ishlab chiqadi. Sosial hususiyatlar shaxsning ichki holati ta’sirida uning faoliyatida o’rab turgan voqyealikka shaxsiy munosabat sifatida namoyon bo’ladi. Sosial xususiyatlar bu ma’lum sosial muhit sharoitlarida individlar orasidagi o’zaro ta’sirlar jarayonida yuzaga kelgan aloqalar sistemasidir.
Goffman (1956) demeanor atamasiga ta’rif berar ekan u bir insonning ikkinchi bir inson munosabatini ifodalaydigan xulq-atvorning o’ziga xos uslubisosial kuchga asoslanadi dominant pozisiyadagi odam o’zining sub ordinasiyasidaga odamga nisbatan kengroq xarakat qilishi va uning uslubi boshqalardan farq qilishi keltirib o’tilgan. Ular xatti-harakatidagi xulq-atvorlar o’rtasidagi farqlar simvolik harakterga ega. Bu farqlarga yana ular o’rtasidagi mavjud tengsizlik ham ta’sir ko’rsatadi.30
Shaxsning sosial xususiyati kishining faoliyati va hatti-harakatida, uning sosial sifati shaklida namoyon bo’ladi. Shaxsning sosial sifati o’zida ma’lum tarzda o’zaro bog’liq va shaxsning boshqa odamlar bilan konkret tarixiy sharoitlarda ma’lum tarzda shartlangan elementlari majmuasini namoyon qiladi. Shaxsning sosial sifatlarini tashkil qiluvchi elementlarga, shaxs faoliyatining sosial belgilangan maqsadi: o’z faoliyati jarayonida amal qiluvchi norma va qadriyatlar; foydalanadigan belgilar sistemasi; o’z rolini bajarish va tashqi dunyoga nisbatan erkin harakat qilishi uchun yordam beruvchi bilimlar majmuasi: bilim va qaror qabul qilishda mustaqillik darajasi kiradi.
Sosiologiyada Amerikalik D.J.Mid va G.Mintonlar tomonidan asos solingan shaxsning roli nazariyasi ham diqqatga sazovordir. Keyinchalik bu nazariya G.Merton va T.Parsons, g’arbiy Olmoniya sosiologi G.Darendorflar tomonidan yanada rivojlantirilgan. Bu nazariya ikki asosiy tushunchalar: shaxsning ijtimoiy mavqyei va ijtimoiy roli orqali tushuntiriladi. Unga ko’ra, har bir inson muayyan ijtimoiy tizimida bir necha o’rinni egallashi mumkin. Har bir egallangan o’rin ijtimoiy mavqye deb ataladi. Shaxs o’z xayoti davomida bir necha ijtimoiy mavqyega ega bo’lishi mumkin. Binobarin, bu o’rinlardan qaysi biridir uning asosiy ijtimoiy mavqyeini belgilaydi. Bosh mavqye shaxsning egallab turgan mansabi (masalan, direktor, rais, professor, kabi) bilan belgilanadi.
Shaxs ijtimoiy mavqyei uning tashqi xulqida ham, tashqi qiyofasida, yurish turishida va xatto muomalasida ham o’z ifodasini topadi. Shaxsning ijtimoiy roli nazariyasida belgilangan va erishilgan ijtimoiy mavqyelari o’zaro farqlanadi. Belgilangan mavqye - bu shaxs xizmati va xatti-harakatidan qat’iy nazar, jamiyat tomonidan belgilab qo’yiladi. Shaxsning etnik kelib chiqishi, tug’ilgan joyi, oilasi, zoti va boshqalar shular jumlasidandir. Erishilgan mavqye deganda, shaxsning o’z xatti-harakati, qabiliyati bilan erishgan mavqyei tushuniladi. Masalan: yozuvchi, firma boshlig’i, direktor, professor va shu kabilar. Bulardan tashqari, yana shaxsning tabiiy va kasbiy lavozim mavqyei ham o’rganiladi. Shaxsning erkak va ayoli, bolalik, o’smirlik, yoshlik, o’rta yosh, keksalik davrlarini bildirsa, kasbiy lavozim mavqyei shaxsning ijtimoiy - iqtisodiy va ishlab chiqarish - texnik holatini (muhandis, temirchi, xaydovchi va boshqalar.) bildiradi.
Ijtimoiy mavqye shaxsning muayyan ijtimoiy tizimida egallagan konkret o’rnini ifodalaydi. Ijtimoiy rol esa shaxsning ijtimoiy tizimida egallagan mavqye bilan bajaradigan faoliyati majmuini ifodalaydi. Masalan, ma’muriy - buyruqbozlikka asoslangan. Sovet tizimi buyruqboz shaxslar tipini shakillantirib qo’ydi. Bunday shaxs tipiga “yuqori” ko’r- ko’rona, so’zsiz bo’ysunish, dunyoqarashi tor, bir tomonlama, o’z mansabini saqlab qolish va yuqori mansablarga erishish yo’lida har qanday qabihlikdan qaytmaydigan, munofiqlik kabi xususiyatlarga ega bo’lganlar kiritildi. Bunday kishilarning shaxs xususiyatlari ular bajaradigan vazifasiga o’z o’rnini bo’shatib beradi. Shaxs tipining bunday ko’rinishi hozirda ham jamiyat hayotini yangi sharoitda erkin rivojlanishiga to’sqinlik qilmoqda. Shaxs faoliyati deganda, uning ichki va tashqi tendensiyalarining ijtimoiy hayotda nomoyon bo’lishi xususiyatlariga aytiladi. Ijtimoiy faollik insonning shaxs sifatidagi darajasining asosiy ifodasi bo’lib uning yuksak qadriyatli ehtiyojlarini qondirishlari va sifat ko’rsatkichdir. Demak, ijtimoiy faollik shaxsning muhim sifatidir. Shaxs faolligi deb uning xayotini boshqarish bilan, qadriyatlarini nomoyon bo’lish xususiyatlariga aytiladi. Ijtimoiy faollik insoning shaxs sifatidagi darajasining asosiy ifodasi bo’lib, uning yuksak qadriyatli ehtiyojlarini qondirish usuli va sifat ko’rsatkichidir. Shu jihatdan shaxs faoliyati sosiologiyada keng va kichik (tor) ijtimoiy darajalarda o’rganiladi. Shaxsning bunday darajalarda o’rganilishi metodologik ahamiyat kasb etadi.
2. Agarda jamiyatning har a’zosi o’z maqomi doirasida ma’lum bir ijtimioiy rolni bajarar ekan, tabiiy savol paydo bo’ladi: rollarni to’g’ri o’ynash qanday qilib amalga oshriladi. Mazkur holat sosiologiyada «ekspektasiya» deb nomlanadi, ya’ni bunda rolni bajarayotgan odamga uni o’rab turganlar tomonida kutilayotgan talablar nazarda tutiladi. Shuning uchun rolni ijro etayotgan kishi haqida yaxshi yoki yomon: ota-ona, rahbar, tadbirkor, matematik dasturlovchi sifatida fikr bildirish imkoni bo’ladi.
Demak, maqom va rol orasida yana bo’lak mavjud bo’lib, u yuqorida ta’kidlangandek (ekspektasii), ya’ni kishilarning kutishidir. Faqat aynan shunday hulq-atvor, mazkur maqom bilan funksional bog’liq bo’lgan kishilar kutishiga mos bo’lsa u rol deb ataladi. Boshqa hulq-atvor esa rol bo’la olmaydi.
O’qituvchidan o’quvchilar aniq hulq-atvorni: bilimlarni berilishi, intizomni nazorat qilishni, bilimlarni baholash va hakazolarni kutishadi.
Tasavvur qilaylik, sinfga o’zini o’qituvchi deb tanishtirgan kishi kirib, o’zini g’ayri-tabiiy tutdi: sumkasidan turistlar palatasini olib sinfga o’rnatdi, kitoblar turgan shkafni ag’darib, o’quvchi qizlarning sochidan torta boshladi.
Albatta, biz bu yerda hulq-atvor bilan duch kelib turibmiz, lekin rolli hulq-atvor bilan emas. Chunki, bu kishi o’zini o’quvchilar kutganidek o’qituvchi tarzda tutmadi. Ammo, umrida o’qituvchini ko’rmagan va unga xos sifatlarni umuman bilmaydigan kishi uchun bunday hulq-atvor kutilmagan bo’lmaydi va u o’qituvchi o’zini shunday tutishi lozim va uning rolliy shunday ekan degan fikrga kelishi mumkin. O’quvchilar esa buning aksi, ular o’qituvchi maqomiga qanday maqom mos kelishini yaxshi bilishadi.
Nafaqat atrofdagilar, balki rolni ijro etayotgan kishi ham o’z hulq-atvorini ma’qullanishi yoki qoralanishini kutadi. Masalan, hodim agarda boshlig’i uni ma’qullab tursa yanada unumli mehnat qiladi. Ma’qullash – bu rolni to’g’ri ijro etilayotganini e’tirof etishdir. Sportchilar ham ulardan yuksak natijalarni kutishayotganini xis qilsalar, o’shanda yangi rekordlarni o’rnatishga intiladilar.
Rolli kutish o’zida ikki elementni mujassamlashtiradi: masalan o’qituvchidan nafaqat mashg’ulotni olb borish, uy vazifalarini tekshirish va imtixonlarni olish, balki xolislik, kompetentlik, halollik va ma’sulyatlilik talab qilinadi.
Rol kishiga konktret vaziyatda faoliyat ko’rsatish namunasini topshiradi. Teatrda bo’lgani kabi jamiyatda ham rollar xilma hildir. Kasbiy rollar o’zining murakkabligi darajasi bilan bir-biridan keskin faoq qiladi. Masalan, farrosh rolini xirurg roli bilan, qorovul rolini esa yadroviy fizika mutaxassisi bilan solishtirib bo’lmaydi.
Rolning mazmunini tashkil etuvchi me’yor va kutish o’zaro bog’liqdir. Me’yor bu – namuna, yoki jamoviy kutilayotgan hulq-atvordir. Me’yor bu – komanda beriladigan punkt. Undan turib rol bajarayotgan millionlab ijrochilarga farmoyishlar beriladi. Ijtimoiy-madaniy me’yorlarsiz biror bir rol haqida gapirishning o’zi mushkul. Me’yorlarga rioya qilish jamiyat tomonidan keskin va qati’iy tarzda amalga oshiriladi. Ijtimoiy me’yorlar jamiyatda o’ta muhim vazifalarni bajaradi:
1. Ijtimoiylashuvning umumiy yo’nalishini muvofiqlashtiradi.
2. Individlarni guruhlarga, guruhlarni esa jamiyatga intgrasiyalashtiradi.
3. Deviant hulq-atvorni nazorat qiladi.
4. Hulq-atvor uchun namuna va etalon bo’lib xizmat qiladi.
XIX asrning ZO yillarida sosiologiyada ilmiy yo’nalish strukturaviy yo’nalish (yoki oddiy aytganda funksionalizm) paydo bo’ldi. Bu yo’nalishning asoschilari bo’lib, E.Dyurkgeym, A.R.Redkliff-Braun (1881-1995) va boshqa tadqiqotchilar bo’lishgan. Bu ilmiy maktab turli holatlarda kishi o’zini qanday tutishi to’g’risidagi normalarni tadqiq qilishni boshladi. Funksionalizm rol deb ataladigan institusional normalar muammosiga asosiy e’tiborni qaratdi. Funksionalistlar fikricha, sosiologiyada sosial taxlilning birligi harakat qilayotgan individ emas, balki roldir. Turli guruhlardagi har bir kishi qandaydir ma’lum maqomga ega bo’ladi. Bu maqomlarda xatti-harakat namunalari ko’rsatilgan bo’ladi.Bunda individ a’zo bo’lgan guruh individdan ushbu namunalarga mos keladigan hatti-harakatni kutadi. Shu asosda biz otaning, onaning, do’stning roli to’g’risida gapirishimiz mumkin.
Shunday qilib, sosial rolni guruh o’z a’zolaridan kutayotgan qat’iy ko’rsatilgan namunalarga muvofiq chiqadigan, hatti-harakatlarning nisbatan doimiy va ichki aloqali tizimi sifatida ta’riflash mumkin.
Agar biz mazkur tushunishdan kelib chiqadigan bo’lsak, individning hatti-harakat rolini insonning turli sosial birliklarda bajarayotgan funksiyasidan kelib chiqib tahlil qilish mumkin. Shuning uchun amerikalik olimlar Don Moreno (1892-1974) va Robert Merton (1910t) shaxsni individ jamiyatda bajaradigan sosial rollar majmuining funksiyasi sifatida ta’rifladilar.
Rollarni amalga oshirish jarayoni ko’pgina omillarga bog’liq.
-insonning biopsixologik imkoniyatlari. Ular u yoki bu sosial rollarni bajarishga imkon berishi yoki imkon bermasligi mumkin.
-ideal xususiyatlar kompleksini belgilaydigan shaxs o’rnaklari. Individ bu o’rnaklarni rollarni bajarish chog’ida, hamda individdan guruh kutayotgan hatti-harakatning ideal usullarni namoyon etishi kerak.
-guruh tomonidan qabul qilingan rollar va sosial nazorat xarakteri.
-guruh strukturasi, uning mustahkamligi va individning o’sha guruh bilan mos kelish darajasi.
Garchi sosial rol sosiologik tahlilning yagona birligi deb hisoblanmasada, (chunki u individdarning o’zaro harakatidan kelib chiqadi) lekin rol jamiyatdagi institusional munosabatlarni o’rganishda juda foydali hisoblanadi.
«Sosial guruh» tushunchasi sosiologiya fanining asosiy kategoriyalaridan biri hisoblanadi. Bizni o’rab turgan jamiyat ko’plab sosial guruhlarning majmuasi sifatida namoyon bo’ladi. Inson butun umri davomida bir necha sosial guruhlar a’zosi sifatida yashab o’tadi: oila, maktab, mahalla, qarindosh-urug’, do’stlar davrasi va h.k. Hyech qanday guruhga a’zo bo’lmay turib yashash, jamiyatda o’z o’rniga ega bo’lishni tasavvur etish mumkin emas. Sosial guruh jamiyat va inson o’rtasida bog’lovchi ko’prik sifatida xizmat qiladi. Demak, «shaxs-guruh-jamiyat» tamoyili asosida inson ma’lum bir guruh a’zosi sifatida jamiyat hayotida ishtirok etadi va shu jamiyat a’zosi ekanligini anglaydi. Insonning turli guruhlarga a’zoligi uning jamiyatdagi maqomini belgilaydi.
Sosial guruh jamiyatning poydevori hisoblanadi. Inson sosial guruhning muhimligini o’zi ko’nikkan birlikni, masalan, o’z oilasini tark etganda, o’quv yurtini tamomlaganda anglaydi, shu guruhni, u bilan uzilgan aloqalarni qo’msay boshlaydi. Sosial guruhlar insonlar o’zaro ta’sirlashuvi asosida birlashadigan ijtimoiy yacheykalar asosida tashkil topadi: oila, komanda, millat, irq, klub, korporasiya va h. k
Ilk marotaba «sosial guruh» termini shaxs (individ) va jamiyat tushunchalari kabi mustaqil tushuncha sifatida Arastu tomonidan ishlatilgan. T.Gobbs birinchilardan bo’lib guruhni «umumiy manfaat yoki umumiy ish bilan birlashgan insonlarning ma’lum miqdori» deb ta’riflaydi. U guruhlarni tartibli va tartibsiz turlarga ajratadi. Tartibli guruhlarni, o’z navbatida, absolyut, mustaqil (faqatgina davlat), qaram (tobe) guruhlarga ajratadi. Qaram guruhlarni siyosiy va xususiy, xususiylarini esa qonuniy va noqonuniy turlarga ajratadi.
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida E.Dyurkgeym, G.Tard, G.Zimmel, L.Gumplovich, Ch.Kuli, F.Tyonnis kabilar guruh sosiologik nazariyasini yaratishga urindilar. XIX asrning oxirgi 30 yilligida sosial jamoa va guruhlarni o’rganish bo’yicha tadqiqotlar amalga oshirilgan bo’lsada, XX asrga kelib ular muntazam olib boriladigan bo’ldi va fundamental ahamiyat kasb etib bordi. Sosial guruhlarni o’rganishda E.Dyurkgeymning hissasi katta.
Shuni ham alohida ta’kidlab o’tish lozimki, sosial guruh tushunchasiga ijtimoiy fanlarda turlicha ta’rif beriladi. Xususan, sosial psixologiya va sosiologiya fanlari ham sosial guruhga turlicha yondoshadi. Sosiologiya fani doirasida ham hozirgi davrgacha sosial guruhga berilgan ta’riflar, ularga xos xususiyatlar borasida xilma-xil qarashlar mavjud. Shunday bo’lsada, ko’pchilik sosiologlar nisbatan turg’un sosial o’zaro munosabat modellarida bir-biriga bog’langan va umumiy qarashga ega ikki yoki undan ortiq individlar yig’indisini guruh deb yuritadilar. Rollar insonlarni sosial munosabatlar doirasida birlashtiradi. Bu munosabatlar uzoq muddat davom etsa, ularga guruh xususiyati beriladi. Bu jarayon natijasida quyidagilarni kuzatishimiz mumkin bo’ladi: birinchidan, biz munosabatlarga ma’lum bir chegara doirasida amalga oshiriladigan xatti-harakatlar sifatida qaray boshlaymiz, shunday qilib, insonlar guruhning yoki «ichida», yoki «tashqarisida» bo’lib qoladilar; ikkinchidan, biz ularni voqyelik sifatida qabul qilamiz; uchinchidan, guruh biz uchun o’ziga xos submadaniyat yoki kontrmadaniyat tashuvchisi, ya’ni o’ziga xos me’yor va qadriyatlar yig’indisi hisoblanadi; to’rtinchidan, bizda guruhga nisbatan sodiqlik tuyg’usi paydo bo’ladiki, biz o’zimizni boshqalardan farq qiluvchi yaxlit birlik sifatida tasavvur qilamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |