umumiylik va xususiylikni, ma’naviyatdagi vorisiylik va yangilanishni, tarixiylik
va mantiqiylikni, taraqqiyot bosqichlarini tahlil qiladi va yoritadi.
Ma’naviyatshunoslik, boshqa fanlar singari, insonga yangi bilim beradi,
dunyoqarashini kengaytiradi va o‘rganayotgan sohasiga muayyan munosabatni
tarbiyalaydi. U ma’naviy tarbiyaning maqsad va vazifalarini oydinlashtiradi,
ularni har bir jamiyatning o‘ziga xos talablari bilan bog‘laydi. Inson tarbiyasi
oilada bolaga kundalik, oddiy bilimlar berishdan boshlab, bog‘cha,maktab, kollej,
oliy o‘quv yurti, mehnat jamoasi saboqlarigacha hamda uning ongiga OAV va
jamiyat institutlari ta’siri ko‘rinishida butun umr bo‘yi davom etadi. Har qaysi
tuzilma va institut, har bir fan va predmet o‘zining
tarbiyaviy usullari va
vositalariga ega. Ma’naviyatshunoslik fani ulardan birortasining o‘rnini egallab
almashtirmaydi, balki ularga umumiy yo‘nalish, yo‘l ko‘rsatadi.
Ma’naviy yuksalishga jamiyat rivojlanishining umumiy qonunlari ta’sir
ko‘rsatadi, ma’naviyatda ular o‘ziga xos tarzda voqe bo‘ladi. Biz ma’naviy
yuksalishning xususiyatlarini hisobga olib uning quyidagi qonunlarini alohida
ajratib ko‘rsatishimiz mumkin:
1.Jamiyat taraqqiyoti jarayonida ma’naviy ehtiyojlarning muttasil o‘sib
borish qonuni;
2.Ma’naviyat rivojlanishining umumtamadduniy (sivilizatsion) taraqqiyot
darajasiga bog‘liqlik qonuni;
3.Ma’naviyat rivojlanishining ijtimoiy ong shakllari rivojlanish darajasiga
bog‘liqlik qonuni.
Insonning birlamchi moddiy ehtiyojlarining qondirilishi unda ruhoniy,
ma’naviy ehtiyojlarni o‘yg‘otadi. Qorni to‘q, xavf-xatardan xoli inson qo‘shiq
aytgisi, raqsga tushgisi, xursandchilik qilgisi, biror narsa o‘ylab topgisi, yaratgisi
keladi. O‘z navbatida mazkur ehtiyojlarning qondirilishi, ularning yanada
sifatliroq, yanada mukammalroq, yanada mazmunliroq bo‘lishiga nisbatan yangi
ehtiyoj tug‘diradi. Inson ehtiyojlari, jumladan ma’naviy ehtiyojlari uzluksiz
yuksaladigan mavjudotdir. Bu ijtimoiy taraqqiyot, jumladan ma’naviyat
rivojlanishi qonunidir.
Ma’naviy hayotning o‘ziga xosligini ko‘pincha jamiyat umumiy
taraqqiyotining erishilgan darajasi belgilagan.
Agrar jamiyatda yashagan
kishining dunyoqarashi, qadriyatlar tizimi, hayotga munosabati, ma’naviyati
sanoat, texnika, transport va aloqa tizimi taraqqiy etgan, radio, televidenie,
kompyuter, internet zamonida yashaydigan kishilarnikidan keskin farq qilgan.
Texnologiya yutuqlari ishlab chiqarish usuli va munosabatlari pirovardida qanday
bo‘lishini, yetishtirilgan mahsulot qanday tamoyillar asosida taqsimlanishini,
savdo-sotiq va almashuv qanday vositalar va qoidalar yordamida amalga
oshirilishini belgilaydi. Taqsimot va almashuvdan iste’mol mazmuni kelib
chiqadi. Umumtamadduniy (sivilizatsion) taraqqiyot darajasi odamlarning
dunyoqarashini, tafakkurini, mavjud
jamiyatga beradigan bahosini, amaliy
munosabatini shakllantiradi. Ular asosida qadriyatlar, ijtimoiy me’yorlar qaror
topadi. Kimdir amaldagi me’yor va qoidalarni adolatsiz, ularni o‘zgartirish kerak
deb hisoblaydi. Kimdir aksincha, ularni himoya qiladi. Keskin radikal va
konservativ fikrlar o‘rtasidagi bahs, kurashlar oqilona yo‘l topishga, mavjud
qoida va me’yorlarni, urf-odatlar va diniy marosimlarni takomillashtirib borishga
xizmat qiladi. Ushbu o‘zaro bog‘liqlik barcha zamonlar, barcha jamiyatlar uchun
xos, doimiy va takrorlanuvchi bo‘lib, ma’naviyat rivojlanish qonunlaridan yana
birini tashkil etadi.
Uchinchi qonun to‘g‘risida shuni aytish mumkinki, odamlarning ongiga,
dunyoqarashiga e’tiqod (mifologiya, din falsafa), axloq, adabiyot va san’at, ilm-
fan, huquq, siyosat, ta’lim-tarbiya tizimi rivojlanishi ta’sir ko‘rsatadi. Qayd
etilgan hodisalar,
bir tomondan, jamiyat taraqqiyoti mahsuli, natijasi bo‘lsa,
ikkinchi tomondan, jamiyatni taraqqiy ettiruvchi omillardir. Ilm-fan, birinchi
galda tabiatshunoslik va texnika fanlari bevosita ishlab chiqarish texnologiyalari
yuksalishiga, odamlarning dunyoqarashi turli irim-sirimlar, xurofotdan, noilmiy,
g‘ayriilmiy qarashlardan xalos bo‘lishiga xizmat qiladi. Adabiyot va san’at inson
ongi-tafakkuri evrilishlari, ruhiy kechinmalari ulug‘vorligi-yu tubanligi, har xil
qirralari, yashirin imkoniyatlari to‘g‘risida bilim beradi. Odamlarning ma’naviy
dunyosini insonparvarlik, ezgulik, go‘zallik, adolat, ishq, muhabbat,
vatanparvarlik va shu kabi g‘oyalar bilan boyitadi, yuksak idealarga
ilhomlantiradi. Axloq, huquq, siyosat ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi va
rivojlanishiga hissa qo‘shadi. Qo‘lga kiritilgan barcha
yutuqlarni inson bolasi
ta’lim-tarbiya orqali o‘zlashtiradi. Xulosa qilish mumkinki, ma’naviy yuksalish
insonning pozitiv bilimlari o‘sishi, jamiyatda hurfikrlik, tafakkur erkinligi
rivojlanishi va ta’lim-tarbiya tizimi takomillashishi bilan bog‘liq.
Xalqning iqtisodiy va ma’naviy hayoti boshqa xalqlar bilan aloqalar
o‘rnatishga, iqtisodiy-madaniy, ilmiy-texnikaviy, siyosiy sohalarda hamkorlik
qilishga, o‘zaro yordam ko‘rsatishga, bir biridan o‘rganishga ham bog‘liq. Turli
tarixiy davrlarda ularning aloqalari intensivligi, bir biridan o‘rganish
imkoniyatlari har xil bo‘lgan.
Jamiyatni moddiy-iqtisodiy, texnologik va ilmiy-intellektual taraqqiyoti
darajasidan kelib chiqib, ibtidoiy jamiyatga, quldorlik va feodalizmga (agrar, yoki
sanoatlashishga qadar bo‘lgan jamiyatga), industrial, postindustrial va zamonaviy
postmodern jamiyatlariga bo‘lish va ularning ma’naviyatini bir biridan farqlash
mumkin. Jamiyatning moddiy-iqtisodiy va ijtimoiy – ma’naviy hayoti o‘zaro
chambarchasdir. Ushbu birlik jamiyat hayotining negizini tashkil qiladi.
Mehnatsiz,
ishlab
chiqarishsiz
jamiyat
bo‘lmaganidek,
e’tiqodsiz,
dunyoqarashsiz, hech qanday bilimlarsiz, qoida – tartiblarsiz, me’yorlarsiz,
muayyan maqsad va orzu - havaslarsiz inson, binobarin, jamiyat yo‘q.
Iqtisodiyot va ma’naviyat uyg‘un rivojlanadigan
jamiyat barqaror va
insonparvar bo‘ladi. Iqtisodiyot olg‘a ketib, ma’naviyat ortda qolsa, jamiyatda
iste’molchilik psixologiyasi ustunlik qilib,tarbiya izdan chiqadi, inson qadr-
qimmatiga putur yetadi. Va, aksincha, iqtisodiyot unutilib, faqat tarbiyaga zo‘r
berilsa, jamiyatda turg‘unlik, safsatabozlik, mafkuraviy mutaassiblik, dogmatizm
kuchayadi.
Ma’naviyatshunoslik fani ma’naviy yuksalishning mezonlari (kriteriylari)ni
aniqlaydi. Ma’naviy yuksalishning asosiy mezoni inson erkinlik darajasining
o‘sishi, deyish mumkin. Haqiqatan, ibtidoiy jamiyatga nisbatan agrar jamiyat
insonga ko‘proq erkinlik bergan, unga nisbatan esa industrial jamiyat ko‘proq
erkinlik bergan. Industrial jamiyat barcha a’zolarini qonun oldida tenglashtirdi,
tabaqaviy imtiyozlarini bekor qildi. Postindustrial
va postmodern jamiyatlarida
inson erkinligi yanada o‘sdi. Hatto, afsuski, ba’zi hollarda u birdan bir maqsadga
aylanib, axloqiy chegaralardan chiqib ketmoqda. Ma’naviy yuksalishning boshqa
mezonlari: ijtimoiy munosabatlarning insonparvarlashuvi, tafakkur erkinligi va
mafkuraviy plyuralizm, jamiyatning demokratiyalashuvi va inson huquqlarining
davlat huquqidan ustunligi, shaxs va jamiyat manfaatlari uyg‘unlik darajasi oxir
oqibatda inson erkinligiga borib taqaladi. Mazkur mezonlar ham jamiyatning
ma’naviy yuksalishini ko‘rsata oladi. Lekin ular asosiy mezonning konkret
voqeligidir.
Shunday qilib, ma’naviyatshunoslik fani boshqa fanlardan farq qiladigan
xususiyatlariga, tushunchalariga, g‘oyalariga, tamoyillariga, qonunlariga va
mezonlariga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: