Ilm olishning va uning afzalliklari.
Ilm olish butun umr davom etadigan sayohatdek gap. Sayohatingiz davomida sizni hursand qiladigan ba’zan xafa qiladigan ko’pincha asabiylashtiradigan holatlarga duch kelasiz. Bu safarda yo’qolib qolishingiz hech gap emas! Ammo ilmning afzalligi shularda ko’rinadi-ki, u ko’paygani sayin o’zingiz va atrofingizdagi olamni yaxshiroq taniy boshlaysiz. Ilmning afzalligi sizni hech narsangiz qolmaganida ham tark etmasligi, ishlatilgani sayin ko’payib borishi va albatta oldigizga qo’ygan maqsadlaringizga ertaroq yetishishingizga ko’maklashishidir.
Buyuk alloma Mahmud az-Zamaxshariy “Ey inson farzandi, sen ilmli va adabli bo‘l. Ilm va adab senga mushfiq otangdek bo‘lsin” degan ekan. Sharqda azaldan kitob ko‘rgan odamlarning ilmi va amali bir bo‘lgan. Ammo bugun zamonaviy bilimlarni puxta egallayotgan ayrim yoshlar adab masalasida biroz xomdek… Mayli, zohiriy ko‘rinish mayda gapdir, ammo qalb tarbiyasi dolzarb masala. Inson hayotida ilm nechog‘lik muhim? Adab-chi?
— Ilm-ma’rifat, odob-axloq masalasi kishilik jamiyatida, bashariyat hayotida hamisha alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. Xalqimiz qadimdan elning ilmli kishilariga ishongan, ularga ergashgan. Misol uchun, Islom dini bizning mintaqamizda 725—730 yillarda mahalliy aholi tomonidan qabul qilindi. Birinchi galda ilmli kishilar din bilan tanishib, Qur’oni Karimni o‘qib, hadislarni o‘rganib, bu nafaqat muqaddas din, balki buyuk ta’limot ekanini o‘z vaqtida to‘g‘ri anglashdi, xalqqa ham to‘g‘ri tushuntira olishdi. Ziyoli, ma’rifatli insonlar imon keltirishgachgina el-ulus ham Islomni qabul qildi. Bizning baxtimiz shundaki, ilmli ajdodlarimiz haq yo‘lni tanlay bilishdi.
Qur’oni Karimda 800 dan ortiq o‘rinda ilm haqida bayon qilingan. Ilm-ma’rifat yuksak ta’riflangan. Ilmning xosiyati haqida ko‘plab hadislar bor. “Eng yaxshi ibodat ilm olmoqdir” deyiladi hadisi sharifda. Demakki, ilm olmoq ibodat darajasida ulug‘langan.
Har bir mo‘min kishi u kim bo‘lishidan qat’i nazar, professormi, tadbirkormi, dehqonmi yuragining bir burchida “Menga ham jannat nasib bo‘larmikan?” degan o‘y bilan yashaydi. Hadislardan birida “Hamma narsaning bir yo‘li bor. Jannatga yo‘l ilm olish bilan egallanadi” deyiladi. Garchi hayotning turli jabhalarida faoliyat yuritsa-da, ilmga tashnaligi, kitobga mehri bo‘lgan odam, albatta, solih kishidir.
Yana bir o‘rinda “Islom — bu ilmdir” deyiladiki, bunda faqatgina diniy bilimlar nazarda tutilmaydi. Ezgulikka boshlovchi hamma ilmlarni o‘rganmoq farzdir. Bizning dono ajdodlarimiz bu hadislarga qat’iy amal qilganlar. Islomning ustunlari ilm deganlar. Alohida faxr bilan aytish kerakki, musulmon olamida dastlabki madrasalar bizda ochilgan. Ularni o‘z davrining universitetlari darajasida tushunish kerak. Chunki madrasada diniy ta’limot bilan birga, tarix, falsafa, astranomiya, tabobat kabi dunyoviy fanlar ham o‘qitilgan. Buxoro, Samarqand, Shosh, Termiz, Nasaf kabi qadimiy shaharlarimizda ana shunday ziyo maskanlari bo‘lgan. Taassufki, biz hali madrasalarimiz tarixini to‘la tadqiq qilganimiz yo‘q. Ularni o‘rganishga ajdodlar oldida qarzdormiz.
Men o‘tgan asrning 70-yillarida uch yil Bag‘dodda tarjimon bo‘lib ishladim, yashadim. U yerda chiqadigan “Jumhuriya” gazetasida doktor Noji Ma’ruf degan olimning “Madrasalar tarixi” nomli maqolasini o‘qib qoldim. Bu maqoladan shunday ta’sirlandimki, uning muallifini izlab Bag‘dod universitetiga bordim.
“Men Movarounnahrdan keldim”, deya uning xonasiga kirdim. U ochiq chehra bilan “Xush kelibsan” deya kutib oldi-yu, vatanim haqida, tarixi haqida so‘radi. Men u paytlarda yosh edim, hozirgidek to‘liq ma’lumotlarga ega emasdim. Shu suhbatda doktor Noji Ma’ruf “Birinchi madrasalar sizlarda ochilgan” degan edi. Bu so‘zdan shunchalik faxrlangan edimki, buni shunchaki ta’riflab bo‘lmaydi.
Darvoqe, odob haqida. Abdulloh ibn Muborak al-Marvaziy(736—798) degan alloma haqida o‘qigandirsiz. U Turkmanistonda tug‘ilgan, ammo umrining ko‘p qismi Samarqand va Buxoroda o‘tgan. Qashqadaryoning Muborak tumanida mutafakkirning ramziy qabri bor. Imom Buxoriy, Imom at-Termiziylar undan hadislar rivoyat qilishgan. Shu alloma asarlaridan birida “Men ilmni yigirma yil o‘rgandim, odob-axloqni esa o‘ttiz yil” degan ekan.
Agar inson ilm nuri bilan o‘z yo‘lini yoritmasa, zulmat va nodonlik ko‘chasida qoladi. Kishi qalbining nuri ilm va ma’rifat bilan baquvvat bo‘ladi. Insoniyatning qadri ilm bilan hosil bo‘ladi. Ilmdan hali hech kim zarar ko‘rgan emas. Ilmni egallab olish esa bir san’atdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |