1.1 Mavsumiy marosimlar folklori
Dunyodagi boshqa xalqlar qatori o’zbeklarning hayoti ham ko’p jihatdan tabiatdagi o’zgarishlarga bog’liq bo’lgan. Yil fasllarining o’zgarishi, har bir faslning o’z xalq tasavvurida shakllangan tarzda kelishi oxir pirovardida hosilning mo’lligini yoki dehqon mehnatining zoye ketishini belgilagan. Shuning uchun yil boshlanishi- bahor biz o’zbeklarda umidlar fasli sifatida kutib olingan. “Har faslning o’z xislati bor. Har faslning o’z fazilati”- deganlaridek, xalqimiz boshqa fasllarni ham o’ziga xos ravishda qabul qilgan va har qaysisiga alohida-alohida marosimlar o’ylab topgan. Bir fasldagi udumlar ikkinchisida takrorlanmagan. Jumladan, bahorda “Loy tutish”, “Shox moylar”, “Navro’z”, “Sust xotin” marosimlari o’tkazilgan. Loy tutishda ariqlar tozalangan, butun aholi bu ishda faol ishtirok etgan. Bevosita ariq tozalash ishini bajarayotganlar, ularning yonidan o’tib ketayotgan odamga ketmon yoki belkurakda loy tutishgan. Yo’lovchi o’ziga loy tutilganidan so’ng yo biron qo’shiq, yo boshqa hunarni ko’rsatib, ishlayotganlarni mamnun qilish lozim hisoblangan. Aks holda u ham odamlar bilan ariq tozalashga majbur qilingan. Ariq tozalash ishlarining tugashi odatda maxsus uyushtirilgan sayil, holi baqudrat tayyorlagan ziyofat bilan nihoyasiga yetgan. Shox moylar esa bahorda birinchi yer haydash ishlarining boshlanishi bilan o’tkazilgan. Bo’lajak hosilning mo’l bo’lishiga niyat qilib, qo’shga qo’shilgan ho’kiz shoxi yog’ bilan moylangan va dastlab piri badavlat, uvali- juvali bobo dehqon qo’sh haydab bergan. Keyinchalik ishni yoshlar davom ettirgan. Bu marosim ham gavjum to’plangan odamlar ishtirokida sayil o’tkazish, xursandchilik bilan amalga oshirilgan. Bahor quruq kelgan kezlarda “Sust xotin” marosimi tayyorlangan. Bu marosimda mahalla, qishloq ayollari yig’ilib mo’la (poliz qo’riqchisiga o’xshagan qo’g’irchoq) yasashgan va uning ustidan suv sepib, qo’shiq aytishgan:
Sust xotin, suzma xotin
Ko’lankasi maydon xotin!
Yomg’ir yog’dir ho’l bo’lsin
Yer-u jahon ko’l bo’lsin.
Maysalar quloq yozsin,
Sut-u qatiq mo’l bo’lsin.
Albatta, bahor faslidagi eng aziz va har bir o’zbek uchun qadrli marosim Navro’z bayramidir. Navro’z haqidagi dastlabki ma’lumot Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida uchraydi. Shuningdek, Umar Xayyomning “Navro’znoma” risolasi va Muhammad Rizo Ogahiyning bevosita Navro’z bayramiga bag’ishlangan she’riy asarlari bor. Navro’z ayyomi yilning 21- mart kuni nishonlanadi. Bayramning Navro’z deb atalishi yangi kun, ya’ni yangi yilning kirib kelishi bilan bog’liq. Bu kunda kecha va kunduzning uzayishi boshlanadi. Shuninng uchun ham Navro’z diniy emas, balki, dehqonchilik, bog’dorchilik ishlarining qizg’in pallaga kirishi bilan aloqador alohida bayramdir. Navro’z bayramini faqat o’zbeklar emas, qozoqlar, qirg’izlar, turkmanlar, tojiklar, ozarbayjonlar va boshqa millatga mansub xalqlar nishonlaydilar. Avvalo, uni o’tkazishga katta tayyorgalik ko’riladi: halim, sumalak, ko’k somsa, ko’k chuchvara, har xil shirinliklar tayyorlanadi. Professor B. Sarimsoqovning ma’lumot berishicha, katta bir idishda yetti xil don ekinining urug’i undirilgan. Ular bug’doy, arpa, zig’ir, tariq, no’xot, jo’xori, sholilardan iborat bo’lgan. Ogahiyning ma’lumot berishicha, Navro’zda hamma qayiqda daryo sayiliga chiqqan. Bog’larda o’yin-kulgilar o’tkazidgan. Ammo eng muhimi, har bir odam, avvalo, betob, dili xasta, hech kimi yo’q kimsalarni, ota-ona ajdodi ko’milgan mozorlarni ziyorat qilgan. Bu kunda hamma nizolar unutilgan. Ginali qarindoshlar o’z da’volaridan voz kechganlar va bayramni totuvlik bilan o’tkazishgan. Hatto, davlatlar, podsholar o’rtasidagi urushlar ham bayram munosabati bilan to’xtatilgan.
O’zbekistonda Navro’z bayrami 1990- yilda katta uyushqoqlik va tantanalar bilan o’tkazildi . Bayram kuni Respublika Milliy Bog’ida katta teatrlashtirilgan sahnalar tayyorlanadi. Sayil boshlanadi. San’at ustalarining ommaviy chiqishlari uyushtiriladi. Hech ikkilanmay aytish mumkinki, Navro’z bayramining bu qadar katta e’tibor berib, tantana qilinishi O’zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishgani bilan uzviy bog’liqdir. Navro’z bayrami odatda 21- martdan boshlanadi va mevali daraxt gullari meva tukkuniga qadar davom etadi.
Odatda yoz fasli, kuzda hosilning mo’l bo’lishi uchun tayyorgarlik ko’rish, erta pishar meva va poliz ekinlarini yig’ish ishlari bilan o’tkaziladi. Kuzgi bug’doyni o’rish, davlatvoy, asati kabi qovunlarni; chillaki, tog’ uzumlarini uzish, shubhasiz, qandaydir marosimlar bilan boshlangan. Ammo mustabid sovet tuzumi davrida bu an’analar yodimizdan ko’tarildi. Ehtimol, qovun, qulupnay, uzum sayillari o’sha an’analarning bir ko’rinishidir. Professor Bahodir Sarimsoqovning ko’p yillar mobaynida olib borgan izlanishlari natijasi o’laroq “Choy momo” marosimi haqida ayrim ma’lumotlar to’planadi. Olimning aytishicha, bu odat yozgi marosimlar qatoriga qo’shilib, Janubiy Qozog’istonda yashovchi o’zbeklar orasida uyushtiriladi. Dalada pishib etilgan bug’doy surunkali shamol oqibatida yerga egilib ketishi natijasida nobud bo’lishi mumkin. Ana shunday kezlari “Choy momo” marosimi o’tkaziladi va tabiatdan shamolni to’xtatish so’raladi. “Choy momo” aslida “Shamol ona” ma’nosini beradi. Sayram atrofidagi keksa ayollar “Choy momo” qo’shig’ini aytishadi:
Choy, Choy, Choy momo,
Choy momosi o’libdi,
O’g’li yetim qolibdi,
Bosa-bosa beringlar
Bosilib qolsin bu shamol.
Ucha-ucha beringlar
Uchilib qolsin quv shamol.
Oblo-hu, Oblo-hu.
Bir yosh bola eshakka minib xonadonlardan berilgan xayr- ehsonlarni yig’ib boradi. Keyinchalik “choy momo” ga atab yig’ilgan narsalardan xudoyi qilinadi.
Turkiston atrofida esa bu marosim boshiga kuloh kiyib, yuziga qora surib olgan chollar ishtirokida amalga oshirilgan. Bu yerda quyidagi qo’shiq aytilgan:
Chuy, Chuy, Chuy momo,
Chuy momoning o’lganiga uch kun bo’ldi,
Chuy, Chuy, Chuy momo.
Ucha-ucha beringlar,
Uchilib qolsin chuy momo.
Ma’lum bo’ladiki, shamol to’xtatish marosimi mazmunan uzoq, qadim zamonlardagi mifik dunyoqarash belgilari sifatida baholanishi mumkin. Unda so’zning mo’jizaviy qimmati va xudoyining ta’sir kuchiga ishonish yetakchilik qiladi.
Kuzda esa shamol chaqirish marosimi o’tkazilgan. Endi yig’ilgan don hosilini po’chog’idan ajratish uchun shamol kerak. Don yanchilgach, uni shamolda shopiradilar va somonni shamol uchirib, don tozalanadi. “Yo, Haydar” qo’shig’i aynan ana shu marosim belgisi hisoblanadi. Professor Bahodir Sarimsoqov qo’shiqda Haydarga, ya’ni Hazrati Aliga murojat qilib, ajdodlarimiz shamol chaqirishgan, degan xulosaga keladi:
Haydar, ota-onang o’libdir,
Moli senga qolibdir.
Bolang suvga oqibdir,
Shamolingni qo’yvor.
Bu marosim ham qadim zamonlardan bizgacha faqat ayrim hududlarda saqlanib etib kelgan.
qish o’zbeklarda, asosan, yil bo’yi qilingan mehnatdan dam olish fasli hisoblangan. Gap-gashtaklar, turli yig’inlar, mumtoz adabiyotimiz namunalarini sharhlash suhbatlari ko’pincha, qishda bo’lar edi. SHu bilan birga, o’zbeklar qishda o’tkazadigan alohida marosim ham bor. Uni “Yas-yusun” deb atashgan. Bu marosim, asosan, bo’za ichish bilan bog’liq. Ma’lumki, yaqin o’tmishgacha o’zbek xonadonlarida mehmonlarni qabul qilish uchun maxsus mehmonxonalar bo’lgan. “Yas-yusun” o’ttiz-qirq ulfat ishtirokida ana shu mehmonxonalarda o’tkazilgan. Marosimda kosagul piyolaga quyib bergan bo’zani bir nafasda ichish, uni to’kmaslik, maxsus ruxsatgacha faqat cho’kka tushib o’tirish, odob saqlash, ruxsatsiz ketib qolmaslik, marosim boshlig’iga itoat etish kabi shartlar bo’lgan. Marosimda quyidagi mazmunda qo’shiq aytilgan:
Alyor bo’lsin-ay,
Xo’jam yo bo’lsin-ay,
Xo’jam bergan bu davlatga,
Ushman zor bo’lsin-ay.
Xullas, mavsum- marosimlari xalqimizning yil fasllari bilan bog’liq yig’inlaridan iborat edi. Bu marosimlar bir tomondan, o’zbek xalqi qadriyatlari tarkibining boyligini, qadimiyligini dalillasa, ikkinchi tomondan, o’zbeklarning qadim zamonlardan uyushgan millat ekanini isbotlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |