I BOB O’zbek marosim folklori
1.1 Mavsumiy marosimlar folklori
Marosim arab tilidagi “marsum” so’zidan olingan bo’lib, 1-chizilgan; 2-rasm qilingan; 3-odat bo’lgan ma’nolarini anglatadi. Har bir inson umri davomida turli maqsadlarda uyushtirilgan va xalq orasida odat tusiga kirgan marosimlarda ishtirok etadi. Ular to’ylardan, yig’inlardan, ma’rakalardan iborat bo’lishi mumkin. Ayni paytda, butun xalq qatnashadigan bayramlarni ham marosimlar qatoriga qo’sha olamiz.
“Insonga sihat-salomatlik tilash, uning turmushida to’kin-sochinlik, kundalik hayotida omad keltirish yoki inson hayotining muhim nuqtalarini qayd etish, nishonlash maqsadida maxsus o’tkaziladigan, xalq orasida qat’iy an’anaga aylanib qolgan xatti-harakatlar marosim deyiladi” mazkur ta’rifdan ma’lum bo’layaptiki, marosim xalq orasida qat’iy an’anaga aylangan tadbir hisoblanar ekan. Haqiqatan ham, qizni turmushga berish to’yi yigit tomonidan qiz yashaydigan oilaga sovchi kelishidan boshlanadi. “Sovchi” Mahmud Koshg’ariy ma’lumotiga ko’ra, xabarchi ma’nosini anglatad. Demak, sovchi bo’lajak kelin oilasiga kuyov haqida ma’lumot beradi va kelin haqidagi xabarni yigitnikiga olib ketadi. Shundan so’ng, ikki tarafning kelishuviga binoan fotiha to’yi o’tkaziladi. To’y marosimi ham to’y olib kelish, ziyofat berish, yor-yor aytish, tortishmachoq kabi o’nlab kichik-kichik sahnalardan iborat bo’ladi. San’atshunoslik sohasi bo’yicha fikr yuritsak, har bir to’y ma’lum hududda yashovchi xalq tomonidan ko’p yillar mobaynida maxsus ishlab chiqilgan ssenariy asosida o’tkaziladi. Faqat uning ishtirokchilari ayrim ojdatlari, sababchilari, uyushtirish sifati, darajasi, oilaviy va hudud sharoiti taqozosi bilan boshqa bo’ladi. Millat vakillarining an’analari, odatlari, rasm- rusumlari, mentaliteti (tabiati) ana shu ssenariyda, ya’ni marosimni o’tkazishda o’ziga xos lavhalardan iborat. Insonning tug’ilishi, uylanishi, turmushga chiqishi bor ekan, marosimlar ham bo’laveradi. Demak, marosimlar xalq tarixidagi eng qadimgi qadriyatlar hisoblanadi. Qadim zamonlarda yigit qizga uylanish uchun o’zining jismoniy quvvatini u bilan kurash tushish yoki boshqa yo’l bilan namoyish qilishi zarur edi. Zamonlar o’tishi bilan bu odat yo’qolgan. Uning o’rniga yangi-yangi odatlar paydo bo’lgan. Marosimlar o’tkazilish vaqti, ko’rinishlari, odamlarning ishtiroki, maqsadga ko’ra mavsumiy va oilaviymaishiy turlarga bo’linadi.
Jumladan, mavsumiy marosimlarida qon-qarindoshlik jihatidan yaqinlikdan qa’ti nazar, ma’lum hududda yashaydigan butun aholi ommaviy tarzda ishtiroq etadi. Navro’z, Mehrijon, Ramazon hayiti, Qurbon hayit kabi yirik bayram- marosimlar ham borki, ularni bir yoki bir necha xalq vakillari o’tkazadilar. Shox moylar, Sust xotin marosimlari esa kichik bir qishloq, mahalla yoki juda bo’lmaganda tuman miqyosida uyushtiriladi. Oilaviy marosimlarda esa, asosan, marosim egasining qarindoshlari, do’st-birodarlari, hamkasb xizmatchilari qatnashadilar. Ammo marosimlar turidan, maqsadidan qat’i nazar, jamoadagi odamlarni bir-biriga yaqinlashtirish, o’rtada mehr-oqibat tushunchalarini shakllantirish, har bir odamni topshirilgan vazifani bajarish ruhida mas’uliyatli qilib tarbiyalashi bilan ahamiyatlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |