Badiiy tarjimani ilmiy tavsiflash – so‘zni so‘z bilan emas, balki ma’noni ma’no bilan, ohangni ohang bilan, obrazni obraz bilan, yumorni yumor bilan berish san’ati.
Bayon – ifoda yo‘llari haqidagi ilm. Muhammad Fazlihaq Rompuriyning “Mahorat quyoshlari” (شموس البراعة) asarida ta’riflanishicha, bayon ilmi shunday qoidalardan iboratki, ular bir ma’noni turli shaklda, o‘sha ma’noga ochiq dalolat qiladigan har xil jumlalar orqali ifodalashni o‘rgatadi.
Bayoz – lug‘aviy ma’nosi “oqlik” bo‘lib, atama sifatida “she’rlar to‘plami”ni anglatadi. Bayozlar odatda ikki yoki undan ortiq shoirlar she’rlaridan tashkil topadi.
Bayoz tarkibi – sarbayoz (so‘z boshi), lirik she’rlar (asosiy qism), xotima va ilovadan tashkil topadi. Ayrim bayozlarda asarlari kiritilgan shoirlar nomi mundarija sifatida beriladi. Bu xil to‘plamlar mualliflarning o‘zi yoki adabiyot ixlosmandlari va xattotlar tomonidan tuziladi.
Devon – lug‘aviy ma’nosi “yozish, ro‘yxatga olish, to‘plam”. Devon sharq mumtoz adabiyotidagi she’riy to‘plamlarning asosiy turi. Devonga shoirlarning o‘zlari yoki boshqa shaxslar, masalan, kotiblar, shogirdlar, muxlislar tomonidan tartib berilgan.
Devon tartib berish an’anasi – bu an’ananing o‘ziga xos qonuniyatlari bor. Devonga kiritilgan she’rlar, bir tomondan, janriga ko‘ra, ikkinchi tomondan esa g‘azallarni alifbo tartibiga ko‘ra joylashtiriladi. Devonlar, asosan, g‘azal janri bilan, ba’zan esa qasida bilan boshlanadi.
Ehtiyoj – tirik organizmlar faolligining boshlang‘ich shakli.
Eksteriorizatsiya – oldin ichida o‘ylab, so‘ngra bevosita tashqi munosabatga o‘tish jarayoni.
Ekzegetika – diniy matnlarni filologik jihatdan tahlil etishda matnshunoslik ishlari bilan bevosita bog‘lanadi.
Faoliyat - odamga xos bo‘lgan, ong tomonidan boshqariladigan, ehtiyojlarni qondirishda yuzaga keladigan, tashqi olam va insonni bilish, shuningdek, ularni o‘zgartirishga qaratilgan faollik.
Fiqhiy tafsir – turida fiqhiy hukmlarning dalillari keltirilgan. Mufassir o‘z mazhabiga muvofiq ravishda fiqhiy masalalarni hal qilgan, dalillarining kuchliligi boshqa mazhab dalillariga qiyosan isbotlangan.
Germenevtika – tushuntirish ilmi. XVIII-XIX asrlarda nemis olimlari tomonidan fan sifatida tafakkur maydoniga tashlangan falsafiy germenevtika boshqa ko‘rinishda azaldan Sharqda ham mavjud bo‘lgan bilish, tushunish, sharhlash va izohlash bilan bog‘liq ta’limotdir. Germenevtika metodi bilan G‘arbda Injil matnlarini izohlaganlaridek, bizda ham Qur’oni karim oyatlarini tafsir va ta’vil qiladigan, hadisi sharif ma’nolarini izohlaydigan, mutafakkir ajdodlarimizning asarlarini sharhlaydigan mufassirlar, muhaddislar, faqihlar ilmi azaldan shakllanib, rivojlanib kelgan.
Gloss – qo‘lyozma nusxalarning hoshiyalarida uchraydigan izohlar, to‘ldirishlar, aniqlik kirituvchi mulohazalar, boshqa manbalarga havolalar, oyat va hadislarning hoshiyadagi tafsirlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |