Xatdur sababi taroshi xoma, Ziynatbaxshi uzori noma. So‘z maxzanining nishonasi ham, Ma’ni durining xizonasi ham. Har so‘zki ko‘nguldin o‘ldi mavjud, Xat bo‘lmasa, bo‘lg‘ay erdi nobud82. Shoir yozuvning jamiyat taraqqiyotidagi tarixiy zaruriyat ekanligini ta’kidlab, inson ilmining yarmi xat tufayli deb baholaydi:
Bu nav’ buyurdi shohi abror, Kim, ilmi yorimi xatdur, ey yor. Bas, mundoq esa xat e’tibori, Izzat darin och xat ahli sorsligi83. O‘zbek matnshunosligining rivoji, yangi imkoniyatlari kengayishida XIX asr ikkinchi yarmida Turkistonda ochilgan tipo-litografik korxonalarning o‘rni beqiyos bo‘ldi. Asli litografiya so‘zi grekcha “lithos” – tosh, “grapho” – yozmoq so‘zlaridan olingan. Toshbosma kitob bosish uchun toshning sirti bosma shakl bo‘lib xizmat qilgan, matn yoki tasvir toshbosma toshiga quyuq tush yoki maxsus qalam bilan tushirilgan va nusxalar ko‘paytirilgan. Litografiya usulida kitob tayyorlashni ba’zi olimlar yassi chop etish deb yozishadi. Jumladan, Sh.Ziyodovning yozishicha, harf terilmaydigan, poligrafiya terminologiyasi bo‘yicha yassi chop etish usuli litografiya bo‘lib, ya’ni yassi chop etish – matn oldindan qog‘oz varag‘iga bitilgan va tosh shaklga teskarisi tushirilgan aksdan nusxa ko‘chirish usuli hisoblanadi84.
Litografiya usuli nemis noshiri Alonziy Zenefelder tomonidan 1796-1798 yillarda kashf etilgan bo‘lib, Sharq o‘lkalariga 19 asrning ikkinchi yarmidan kirib kelgan. Qo‘lyozmalarni ko‘paytirish ishlarida litografiya juda katta qulaylik yaratgan. Hindistonda litografik usulda kitob nashr etish ishlarining rivojlanishi Sharq qo‘lyozma nashrlarining keng tarqalishiga olib keldi. 19 asrning oxiri va XX asrning boshlarida O‘rta Osiyo va Hindiston o‘rtasida savdo aloqalari jonlanib, O‘zbekiston hududiga ko‘plab Sharq adiblari va tarixchilari asarlarining litografik nashrlari kirib keldi. Qo‘lyozma asarlarning bunday qulay ko‘paytirish imkoniyati O‘zbekistonda ham litografik nashriyotlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Otajon Abdullaev tomonidan Xivada 1880 yilda Xiva xoni rahnamoligida ochilgan litografiyada Alisher Navoiyning “Xamsa”si nashr etildi. Shu davrda Toshkentda S.Laktin bosmaxonasi ishga tushdi. 1893 yilda O.Porsev nashriyoti, 1896 yilda O. Breydenbax va V.Ilin nashriyoti tashkil etilib, arab, fors, o‘zbek tillarida turli badiiy va tarixiy asarlar chop etila boshladi. 1907 yilda Toshkentda Ko‘kcha dahasining Chaqichmon mahallasida ochilgan Mulla G‘ulom Hasan maxsum Orifjon o‘g‘li bosmaxonasi, ayniqsa, o‘zbek matbaachiligi tarixida o‘zining mahsuldorligi bilan alohida o‘rin tutadi. Ushbu bosmaxonada o‘sha davrning mashhur xattot, rassom va bosmaxona ustalari jamlangan edi. Ular tomonidan xalq ehtiyojidan kelib chiqib, “Ustodi avval”, “Adibul-avval”, “Haftiyak” kabi darsliklar, Hind xalqining falsafiy-didaktik asari ”Kalila va Dimna” tarjimasi, Firdavsiy “Shohnoma”sining tarjimasi, So‘fi Olloyor, Bedil, Alisher Navoiy asarlari bilan birga zamonaviy shoirlarning bayozlari va turli tazkiralari chop etilgan.
Toshkent va Xivada ochilgan bosmaxonalar shu davrda o‘zbek mumtoz adabiyoti namunalari bilan xalqni ta’minlashda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Markaziy Osiyoda ilk tipografiya rasman Toshkentda 1868-yili harbiy shtabda tashkil etildi. Toshkentdagi bu bosmaxona xizmat doirasi uchungina tashkil etilgan bo‘lib, tipo-litografiyada, asosan, Turkiston gubernatorligi rasmiy xatlari, buyruqlari, telegramma va boshqa hujjatlarini chop etish mo‘ljallangan edi. Toshkentda birin-ketin matbaalar ish yurita boshladi.
Turkistonda kitob bosishning ikki xil usuli qo‘llandi. Birinchisi tipografik (mixbosma) usul bo‘lib, unda mix shaklidagi metall harflarni qo‘lda terish orqali kitob bosilgan. Bunda arab yozuvining nasx yozuvidan keng foydalanilgan. Ikkinchisi esa litografiya (toshbosma) usul, unda dastlabki, asosiy ishni xattot bajargan. Xattot bosiladigan kitobning matnini maxsus qog‘ozga ko‘chirgan. Bu qog‘ozdagi matn toshqolip sirtiga o‘tkazilgan va unga kimyoviy ishlov berilgan. So‘ngra ana shu toshqoliplardan nusxalar olingan. Xattot toshbosmaga matn ko‘chirganda asosan nasta’liq xatidan foydalangan. Lito-tipografikka nisbatan litografik usul keng qo‘llangan. Bunga Alisher Navoiy asarlarining 1879–1917 yillar davomida Turkiston shaharlaridagi ko‘p matbaalarda bosilgan 70ga yaqin nashri faqat toshbosma usulida amalga oshirilganligi misol bo‘la oladi85.
O‘rta Osiyoda toshbosma usulidagi dastlabki matbaa Xivada Muhammad Rahimxon II saroyida yuzaga keladi. “Sharqda birinchi matbaa 1832 yili Eronda paydo bo‘lgan edi. Shuning uchun Erondan Ibrohim Sulton nomli matbaachi Xiva saroyiga taklif etiladi. Ibrohim Sulton mahalliy yoshlardan Otajon Abdalovga matbaachilik sirlarini o‘rgatadi, 1874 yildan boshlab ba’zi hujjatlar toshbosma usulida chop etila boshlaydi”86.
XIX asrning oxiri – XX asrning boshlarida Xiva xonligi madaniy va ijtimoiy hayotida muhim rol o‘ynagan Muhammad Rahimxon II kutubxonalar tashkil etish hamda qo‘lyozma manbalarni asrash va ko‘paytirishga katta ahamiyat qaratgan. Boshqa Xiva hukmdorlaridan farqli o‘laroq Muhammad Rahimxon II o‘z zamonining etuk shoiri bo‘lgan. U tarixiy, adabiy asarlarni sevgan va ularni ko‘plab ko‘chirtirgan hamda saroyga to‘plagan. Muhammad Rahimxonning ikkita kutubxonasi bo‘lib, biri qishki qarorgoh – Ark ichkarisida, yana biri yozgi qarorgoh – shahar tashqarisidagi Tozabog‘ saroyida joylashgan edi. Bu kutubxonalarda ixcham fehrist – kataloglar tuzilgan, kitoblarning muqovalariga ularning nomlari bitilgan yorliqlar yopishtirilgan. Fihrest-katalogda qo‘lyozma va litografik asarlardan jami 914 jild kitob bayoni keltirilgan. Ular 893 asarni tashkil etib, bularning 604 jildi qo‘lyozma bo‘lib, 310 jildi toshbosma nusxalardir87.
Shu davrda Toshkentda ham birinchi xususiy litografik matbaa – S.I.Laxtin matbaasi ish boshladi. 1877-yili ochilgan bu bosmaxona rus tilidagi kitoblar bilan birga mahalliy tillardagi kitoblarni ham nashr qilishga e’tibor qaratdi. Toshkentdagi yirik matbaalardan yana biri – O.A.Porsev matbaasi edi. U 1888 yili ochilib, kitoblari ancha sifatli, qog‘ozi va muqovalari alohida e’tibor bilan tanlanar edi. V.M.Ilin matbaasi esa 1899 yili tashkil topgan, unda o‘zbek adabiyoti tarixiga oid ko‘pgina kitoblar bosib chiqarilgan88.
Samarqand, Buxoro, Qo‘qon, Andijon, Marg‘ilon kabi shaharlarda keyinchalik rivoj topgan matbaalar o‘zaro bir-biridan keskin farqlanmaydi. Lekin shunga qaramay ularning ayrim tomonlari, jumladan, nashr etish texnikasi va sifati, asosan chop etgan asarlari mavzu ko‘lami bilan turlicha bo‘lgan.
XIX asr oxiri – XX asr boshidagi toshbosma nusxa tayyorlash jarayonida olib borilgan amaliy ishlar o‘zbek matnshunosligi bilan bevosita bog‘liq. Nashr uchun nusxalarning tanlanishi, ularni nashrga tayyorlash chog‘ida muayyan tahrir ishlarining olib borilishi matnshunoslik izlanishlarini talab qilardi. Ko‘plab nusxalar orasidan bosma nashr uchun nusxalarni saralash hamda nashrga tayyorlash jarayonida ularni qiyosan o‘rganish, lozim bo‘lganda, matniy tafovutlarni bartaraf etish, xatolarni aniqlab, yagona matnni tuzish ishlari keyingi davr matnshunosligida muayyan prinsiplarning shakllanishiga zamin yaratdi. Shu jihatdan toshbosma nusxadagi kitoblar O‘rta Osiyo xalqlari tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘lish bilan birga matnshunoslikning shu davrga xos xususiyatlarini o‘rganish nuqtai nazaridan ham ahamiyatli hodisa hisoblanadi.
O‘zbek matnshunosligi taraqqiyotida bu davrning o‘ziga xos xususiyatlari shu bilan ajralib turadiki, toshbosma nusxa tayyorlash uchun aynan matnshunosning ishini bevosita o‘z vazifasi bilan aloqador holda kotib, noshir, muharrir kabilar amalga oshirgan. Toshbosma nusxa uchun asarni ko‘chirayotgan xattot yoki kotib o‘z ishiga ilmiy yondashib, qo‘l ostidagi matnga tanqidiy qaragan. Albatta, bunday yondashuvni hozirgi davrdagi tanqidiy munosabat bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Ammo xattot va kotiblar matnni nafaqat ko‘chirish bilan shug‘ullanganlar, balki uni badiiy, falsafiy va tarixiy aspektlari bilan birga kompleks tadqiq etganlar, jiddiy tekshiruvdan o‘tkazib, tegishli tuzatishlar kiritganlar. O‘rta Osiyo xattotlik san’ati tarixini o‘rgangan A.Murodov Sharqda kotiblik bilan nom chiqargan har bir shaxs oddiy texnik vazifasini bajaruvchi kishi emas, balki o‘z zamonasining madaniy hayotida favqulodda katta rol o‘ynagan ilm-ma’rifat ahli va yirik madaniyat arbobi bo‘lganini alohida ta’kidlaydi89.
Toshbosma nashr uchun matn tayyorlashda xattot qo‘lyozmalarni ma’lum darajada o‘rganib, ularning ishonchlilari asosida toshbosma uchun matn tayyorlagan va muayyan matnshunoslik faoliyatini olib borgan.
Kotiblarning ko‘pchiligi filologik bilimga ega savodli, ilmli kishilar bo‘lgan. Xususan, A.Murodov mashhur Shohmurod kotib shogirdlaridan Husniddinxon haqida so‘z yuritarkan, uni “Sharq adabiyoti tarixi va nazariyasi bo‘yicha olim hamda arab, fors tillariga tarjimon edi”90, – deb yozadi. XIX asrning ikkinchi yarmida tarjimonlik faoliyati bilan tanilgan Almaiy Qori Fazlulloh Mirjalol o‘g‘li mashhur shoir va xushnavis xattot bo‘lgan. Sharq didaktik adabiyotining o‘zbek tilidagi tarjimalari orasida eng mashhurlaridan biri bo‘lgan “Kalila va Dimna” asari Almaiy qalamiga mansub bo‘lib, toshbosmada bir necha bor nashr etilgan va xalqimiz tomonidan sevib o‘qilgan. “Kalila va Dimna”ning o‘zbek tiliga qilingan keyingi tarjimasida qahramonlar hamda personajlar, mamlakat, shahar va qushlar nomi ham turli tarjimalarda turlicha bo‘lganligidan ko‘proq Almaiy tarjimasiga tayanilgan91. Bunday kotiblar asar matnining mukammal bo‘lishini ta’minlaganlar. Toshbosma nusxalar tayyorlanishida kotibning matn mazmunini qay daraja tushunishi, muallif g‘oyasini idrok etishi muhimdir. Jumladan, 1323/1905 yili Toshkentda Porsev matbaasida tayyorlangan “Xamsa” asari toshbosma nusxa matni Abdumannof Hoji tomonidan ko‘chirilgan. Kotibning to‘la ismi Abdumannof Abdulvahhob o‘g‘li bo‘lib, xalq o‘rtasida Qori Abdumannof, Abdumannof Hoji nomlari bilan ham mashhur bo‘lgan. Toshbosma uchun ko‘chirib bergan qo‘lyozmalariga ham Qori Abdumannof yoki Abdumannof Hoji deb imzo qo‘ygan.
Abdulmannof Hoji Toshkentning Hofiz Ko‘yki mahallasida yashagan. U Buxoroda ta’lim olgan. So‘ngra Toshkentda mashhur xattot Abdulhaq Kotib Alim o‘g‘li (1808–1886)ga shogird tushib xattotlik san’atini o‘rgangan va tez yozuvchi xattot sifatida tanilgan. Abdulmannof Hoji 1945 yili 65 yoshida poezd ostida qolib halok bo‘lgan. Kotibning arab va fors tillarida ko‘chirgan qo‘lyozmalari saqlanib qolgan92. Matnshunos P.Shamsiyev tayyorlagan “Xamsa” dostonlari ilmiy-tanqidiy matni bilan Abdumannof Hoji ko‘chirgan nusxa matni o‘zaro solishtirilganda diqqatimizni Abdumannof Hoji asarni ko‘chirishda juda e’tiborli bo‘lgani tortdi. U muallif matnini asli holicha saqlashga harakat qilgan ekan. “Farhod va Shirin” asari ilmiy-tanqidiy matni bilan Abdumannof Hoji tayyorlagan nusxa matni bir-biriga deyarli mos keladi va dostondagi baytlar soni ham boshqa toshbosma nusxalariga nisbatan kam tafovut qiladi. Misol uchun, Abdumannof Hoji tomonidan tayyorlangan litografik nashrning ba’zi joylarini asar ilmiy-tanqidiy matni bilan o‘zaro qiyosiy solishtirib ko‘rsak: