Asosiy adabiyotlar
Lixachev D.S. Tekstologiya. –M.-L.: ANS. 1962.
Sodiqov Q. Matnshunoslik va manbashunoslik asoslari. – T.: 2017, – 216 b.
Sirojiddinov Sh. Matnshunoslik saboqlari. – T:. Navoiy universiteti, 2019. 9-16-betlar
Sirojiddinov Sh., Umarova S. O‘zbek matnshunosligi qirralari. –T.: “Akademnashr”. 2015. 122 b.
Zufarov T. Xat ta’limi. –T.: Meriyus, 2010.
2-MAVZU. ISLOM VA YOZUV. ARAB YOZUVI VA MUSULMON KITOBATCHILIGI AN’ANALARI, QO‘LYOZMA MATNLAR VA ULARNING UMUMIY BELGILARI, XAT TURLARI
Reja:
1. Yozuvning paydo bo‘lishi va tarixiy ildizlari.
2. Dastlab kitoblarning paydo bo‘lishi.
3. Islom va arab yozuvining turkiy xalqlar madaniyatidagi o‘rni.
4. Hijriy va qamariy yil hisoblari.
5. Abjad, ta’rix, muammo
Glossariy: islom, yozuv. arab xati, hijriy, qamariy, melodiy, ta’rix, muammo, abjad.
Matnshunoslikning tarixiy ildizlari eng qadimgi davr yozma yodgorliklari matnini o‘rganishga borib taqaladi.
Insoniyat tarixida ixtiro qilingan har bir kashfiyot, avvalo, ijtimoiy hayot ta’sirida yuzaga keladi va ko‘pasrlik an’analar doirasida shakllanib boradi. Yozma yodgorliklar matni bevosita yozuv tarixi bilan bog‘lanadi. Ma’lumki, dastlab piktografik yozuv kashf qilingan. Bu yozuvda chizilgan shakllar asosida odamlar mantiqiy fikr yuritib, gap tuzgan. Piktografik yozuv taraqqiyoti asosida logografik yozuv paydo bo‘ldi. Piktogramma to‘g‘ridan-to‘g‘ri predmetni rasm orqali ko‘rsatsa, logogramma so‘zning ma’nosini tushuncha orqali ifodalaydi. Bunda tildagi har bir so‘z o‘z ramziy timsoliga ega bo‘ldi. Ieroglifik yozuv logografik yozuvning rivojlangan, mukammal ko‘rinishidir. Piktografik, logografik va ieroglifik yozuvlar taraqqiyoti natijasida fonografik yozuv paydo bo‘ldi. So‘z tovush orqali idrok etilib, har bir eshitilayotgan tovushga alohida belgi (harf) qabul qilish istagi fonografik yozuvni yuzaga keltirdi.
Miloddan avvalgi VI–IV asrlardayoq Turonzaminning turli o‘lka mahalliy tillari tovush sistemasiga mustaqil holda moslashgan. Xorazmiy, sug‘diy, pahlaviy, boxtariy kabi yozuvlar shakllanganligi yozma madaniyatimiz ildizlari naqadar uzoq davrlarga borib taqalishidan dalolat beradi. Mana shu yozuvlar ichida sug‘d yozuvi yodgorliklari keng miqyosda va uzoq vaqt iste’molda bo‘lganligi bilan alohida ajralib turadi. Qog‘ozga bitilgan va bizgacha yetib kelgan sug‘dcha matnlarning eng qadimiysi IV asr boshlariga mansub bo‘lib, fanda “Eski maktublar” deb nom olgandir. Bu maktublar 1906 yili ingliz olimi A.Steyn boshchiligidagi ekspeditsiya tomonidan SHarqiy Turkistonda topilgan. Sug‘d yozma yodgorliklarining yana biri Talas vodiysidagi qoyatoshlar sirtiga bitilgan tashrifnomalardir. Bu yozuv oromiy yozuvi asosida paydo bo‘lganligi bois oromiy yozuviga o‘xshaydi. II asrning oxiri–III asrning boshlarida xorazm yozuvi xo‘jalik hisobot hujjatlari, tangalar, qabrlarga o‘rnatilgan haykallar va boshqa joylarda uchraydi43.
O‘zbek (turkiy) matnshunosligi tarixi xususida so‘z ochar ekanmiz, uning ibtidosi sifatida qadimgi manbalar matni bilan bog‘liq holda olib borilgan ishlar haqida gapirish o‘rinlidir.
Miloddan keyingi davrda, aniqrog‘i, qadimgi turkiy tilning ilk yozma namunalari paydo bo‘lgan davrlardagi matn yaratish ishlarida biz yagona shaxs (xoqon yoki sarkarda) faoliyati bilan aloqadorlikni kuzatamiz. Jumladan, O‘rxun–Enasoy toshbitiklaridagi ma’lumotlardan shu ayon bo‘ladiki, unda xoqon yoki sarkarda tomonidan toshga bitilgan esdaliklar o‘sha davr jamiyatida ro‘y bergan voqealarni aks ettirgan. Bu xuddi miloddan avvalgi Eron podshohlaridan Doroning Behistun qoyasiga o‘yib yozdirgan esdaliklarini eslatadi. Demak, davlat arboblari uchun bu holat qaysidir ma’noda an’ana tusiga kirib qolgan udum bo‘lgan.
Adib va tarixchi Yo‘llug‘ tigin bevosita turkiy matnshunoslarning birinchisi ham hisoblanadi. U matnni tiklash, ya’ni rekonstruksiya qilish bilan birga, kerakli joylarini qayta tahrir ham etgan. Albatta, matnshunoslik tarixi o‘rganilishida bunday amaliy jarayonlarni tahlil qilish masalasi, so‘zsiz, bitiglar matni bilan aynan ish olib borishni taqozo etadi. Shuning uchun mavjud ma’lumotlar asosida shunday xulosaga kelamiz: matniy tadqiqlarning bu davrdagi asosiy xususiyati – matn mazmuni va shakliga bo‘lgan munosabatning paydo bo‘lishidir. Yo‘llug‘ tigin matnning mazmun va tuzilish jihatidan yaxlitligi hamda ularning o‘zaro munosabatga kirishuvini ta’minlashga harakat qilgan. U matnni tahrir etishda yagona mavzu, g‘oya ifodasi yo‘lida izchil qatorni tuzib chiqqan. Yo‘llug‘ tigin Kul tigin bitigidan olgan parchani Bilga xoqon bitigi matniga kiritishda mantiqiy va gnoseologik bog‘lanishni e’tiborga olgan. Turk xoqonligi davrida yozilgan mazkur yodgorliklar xususida tadqiqotlar olib borgan olimlar – Q.Sodiqov va Q.Omonov shunday yozishadi: “Ko‘k turk bitiglari o‘tganlar xotirasiga tiklangan yodgorliklar bo‘lishiga qaramay, ularda matn tuzishning aniq prinsiplari ishlab chiqilgan edi. Qiziq bir hodisa: adib va tarixchi Yo‘llug‘ tigin 732 yili, otasining topshirig‘iga ko‘ra, amakisi Kul tigin xotirasiga atab bitig yozgan. Oradan ko‘p o‘tmay, 735 yili o‘z otasi Bilga xoqon xotirasiga atab o‘rnatilgan bitigni yozishda ham xuddi o‘sha yo‘lni tutgan: hatto birinchi bitigdagi matnning katta bir bo‘lagini olib, uni tahrir qilib, ikkinchi bitigga ham kiritgan. Yo‘llug‘ tiginning matnshunoslikdagi yutuqlaridan biri shunda ediki, u tarixiy matn tuzish prinsiplarini ishlab chiqdi”44.
Garchi bu yodgorliklar ko‘proq tarixiy manbashunoslik ob’ekti bo‘lsa-da, uning tilini o‘rganish, o‘sha davr jamiyatining ahvolini badiiy nuqtai nazardan yorituvchi o‘rinlari bo‘lgani bois ular filologik matnshunoslik jihatidan ham tadqiq etilgan. Bu sohada akademik olim Alibek Rustamov va Nasimxon Rahmonovning hissalari katta. Professor N.Rahmonov turkiy yozuvlar xarakteri haqida gapirar ekan, shularni qayd etadi: “O‘rxun yozuvlarining ham, Enisey yozuvlarining ham, Talas yozuvlarining ham orfografiyasi ancha murakkab. Ana shunday murakkab sistemadagi orfografiyada ijod qilish har bir ijodkordan, shubhasiz, katta tayyorgarlik, aql-zakovat talab qilar edi”45. Bundan tashqari, olimning boshqa asarlarida ham bu haqda mulohazalar yuritilgan.
O‘rxun – Enasoy yozuvlarining yana bir e’tiborli tomoni – matn tuzuvchi haqidagi ma’lumotlarning mavjudligidir. Tilshunos I.Yo‘ldoshevning “O‘zbek kitobatchilik terminologiyasi” asarida keltirilishicha, Kultigin bitiktoshidagi matnda qo‘llangan “bädiz” va “bädizchi” so‘zlari naqqoshlik, o‘ymakorlikka oid ma’nolarni anglatish bilan birga xoqonlar nutqini toshga bituvchi – “kotib” ma’nosini ham ifodalaydi46.
O‘rxun–Enasoy yozuvi bilan birga uyg‘ur alifbosidan ham foydalanilgan va bu yozuv turkiy xalqlar orasida XVI asrgacha ancha keng ishlatilgan. Qadimdan kotiblar yuksak mas’uliyatli vazifani bajaruvchi kishilar hisoblangan. Hatto qadimgi manbalarda ham ular ulug‘langan. “Uyg‘ur yozuvli manbalarda kotiblar bitigçi, ïlïmγa (alïmγa), baxşï, ka:tib deb atalgan”47.
Matnshunoslik ishlari shakllanishi bilan bog‘liq yana bir hodisa kitob tuzish ishlarining joriy etilishi bo‘ldi. Q.Sodiqovning yozishicha, “turk buddaviylari orasida ancha keng tarqalgan kitob turi potxidir. Bunday usul bilan kitob tayyorlash uchun, dastavval, kitobga mo‘ljallanayotgan varaqlar o‘rtasiga bir o‘lchamda doirachalar chizib chiqilgan. Matnni yozayotgan paytda esa satr doiraga kelib tutashganda to‘xtatilib, doirachaning ikkinchi yog‘idan davom ettirilavergan. Shunday qilib, doiracha ichi bo‘sh qolgan. Qo‘lyozma to‘liq qo‘ldan chiqqach, haligi doirachalar o‘rtasidan teshib chiqilgan. Varaqlarni dastalab turib, ularning teshigidan ipga tizilgan. So‘ngra qog‘oz bichimiga teng ikki payraxa olib, taxlog‘liq qog‘ozning ikki yog‘idan qoplangan va tizimchasi mahkamlab qo‘yilgan. O‘z navbatida, payraxalar muqova vazifasini o‘tagan hamda kitobni yaxshi saqlash imkonini bergan. Kitobni o‘qish zarur bo‘lgan taqdirda tizimchasi bo‘shatilib, foydalanib bo‘lgach, yana joylab qo‘yilavergan”48. Potxi usulida kitob tartib berishni qadimgi hindlar kashf etgan bo‘lib, turklarga Tibetdan o‘tganligi qayd etiladi.
Kitob bosishning ilk namunalari qadimgi Xitoy tarixidan ham o‘rin olgan. “Milodiy 868 yili Xitoy ustasi Van Sze kitob bosish uchun yog‘och gravyuradan foydalangan. Kitob bosishning bunday usuli ksilografiya deb atalgan, unda kitob bosish texnologiyasi juda oddiy, lekin mashaqqatli bo‘lgan”49.
O‘zbek (turkiy) matnshunosligi shakllanishining tarixiy ildizlarini yoritishda turkiytilli xalqlar orasida e’tiborga molik bo‘lgan yozma yodgorliklardan biri “Oltin yorug‘” muhim o‘rin tutadi. “Oltin yorug‘”ning asl matni taxminan milodiy I asrda yaratilgan bo‘lib, asar X–XVIII asrlar davomida o‘n marta ko‘chirilgan va Sharqdagi ko‘p tillarga tarjima qilingan50. N.Rahmonov X asrda Beshbaliq (Sharqiy Turkiston) shahrida yashagan Sengi Seli Tug‘ung “Oltin yorug‘”ni xitoy tilidan uyg‘ur tiliga tarjima etish davomida yig‘ma matnini ham tuzib chiqqanligini ta’kidlaydi. U xitoy tilidagi matnga kirmay qolgan o‘rinlarni boshqa tillardan tarjima qilib asarga kiritganligining o‘zi turkiy matnshunoslikda matn tuzish prinsiplari qadimdan shakllanib kelganligini anglatadi.
Matnshunoslikning qat’iy prinsiplari Turonzamin yerlariga islom dini va arab yozuvi bilan birga kirib keldi. Islom madaniyatida kitobat san’ati alohida e’tiborga loyiq loyiq sifatida qaralib, matn tuzishning o‘ziga xos qat’iy strukturasi ishlab chiqilgan edi. Basmala, hamd, na’t, bag‘ishlov kabi asar kirish qismiga taalluqli qoidalar paydo bo‘ldi. Tammat yoki xatmul-kitob, sana va kotib ismi zikr etilishi lozim bo‘lgan kolofon matnshunoslikda qo‘lyozma nusxa kotibining mualliflik huquqini kafolatlash mexanizmi prinsipiga aylandi.
O‘rta Osiyoda hadis ilmining rivoji, mashhur muhaddislarimizning hadislarni sanadlariga ko‘ra sahih, nosahih, hasan, qudsiy kabi turlarga ajratib chiqishlari, mufassirlarning esa Qur’oni Karimni tafsirlash, sharhlash, fiqhiy masalalar bilan bog‘liq ijmo’, aqoyid ilmlarning keng yoyilishi manbashunoslikda va matnshunoslikda muayyan an’analar paydo bo‘lishiga zamin yaratdi. Hadis to‘plamlari, fiqhiy majmualar, diniy naql va rivoyatlardan xrestomatiyalar tuzish va ularni ko‘chirish maktablari shakllandi. Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy merosi keng o‘rganilib, ularning asarlari matnlari ustida turli tajribalar olib borilgan. Jumladan, ularning asarlari to‘liq holda yoki juzvlarga bo‘lingan holda ko‘chirilgan. Ko‘pincha muayyan boblar alohida matn sifatida shakllantirilib, majmualar tarkibiga kiritilgan. Ayrim holatlarda asarlar qisqartirib ko‘chirilgan.
Allomalarning asarlariga ko‘plab sharhlar yozilishi bilan qo‘lyozma nusxalar matni strukturasida ham o‘zgarishlar paydo bo‘ldi. Bir qo‘lyozma jildda ikki asar – birini asosiy jadvalda, ikkinchisini hoshiyada joylashtirish prinsiplari shakllandi. Muayyan asarlarni sharhlari bilan birga ko‘chirish an’anaga aylandi. Matn turlarining ko‘payishi bir asarning turli shakllarda ko‘chirilishiga va turli nomlar bilan mashhur bo‘lib ketishiga sabab bo‘ldi.
Matnshunoslikning tarixiy taraqqiyotini kuzatish bu davrlarda yig‘ma matnlar, juzv-bo‘laklar holidagi alohida matnlar, sharh-matnlar ancha keng tarqalganini ko‘rsatdi. Albatta, bu jarayonlar o‘zbek matnshunosligida muayyan prinsiplarning shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi. Turkiy til grammatikasini ishlab chiqqan birinchi tilshunos olim Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit turk” qomusiy asarini yaratishda eng qadimgi manbalarni to‘pladi, matnlarni o‘rgandi va ularni tavsiflash orqali o‘z asariga kiritdi. Asarda jamlangan xalq og‘zaki ijodi namunalarining ko‘pi asar yozilgan davrdan besh–olti asr qadimiyroqdir. Masalan, Alp Er To‘nga marsiyasi, “Oltin qon” rivoyati, ayrim shaxs va joylar bilan bog‘liq afsonalar shular jumlasidandir.
Shu davrlarda yashab, ijod etgan ko‘plab mutafakkir adiblarimiz matn tuzish ishlari qanchalik muhim ekanligiga e’tibor qaratganliklarini alohida ta’kidlash kerak. Masalan, qomusiy olimlar Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Koshg‘ariy faoliyatida buni ko‘rish mumkin. Forobiy “Xattotlik haqida kitob” (“Kitob fi san’at at-kitobat”) asarida aynan yozuv turlari va xattotlik mahorati masalalariga ahamiyat qaratdi.
XI asrning mashhur mutafakkir shoirlaridan YUsuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bitigchi, ya’ni kotib to‘g‘risida mulohaza qilib, uning jamiyatdagi mavqeidan shunday bahs yuritadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |