Hudhudning Tovusga javobi. Hudhud unga javob berish uchun nafasini rostlab, shunday dedi:
- Ey jaholat ahli kabi har narsani havas qiluvchi! Sen shunday holatlarni bayon etdingki, bu ish faqat devonalar va yosh bolalar qo‘lidangina kela oladi, xolos. Odam degan tashqi go‘zallik haqida so‘z aytmaydi. Kimki undan faxr etar ekan, uni odam qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi! Noz va husn faqat dilbar qizlargagina yarashadi. Er kishi esa dard va mashaqqat chekishi bilan yaxshidir. Barcha shakl ahli uchun eng sharafli ish ana shudirki, u shakldan ma’no tomon olib boradi. Sen o‘z shaklingga bino qo‘yding, buning uchun kishilar tomonidan masxara etilishga loyiqsan. CHunki, inson o‘z tashqi go‘zalligi bilan faxrlanmaydi, agar faxrlansa, u masxaralanishga sazovordir! (Alisher Navoiy)
***
Donishmand debdiki: har qanday yaxshi qonunning muqaddimasi, shuningdek, xotimasi ham shundan iboratkim, har bir inson bir burda nonini yaxshi mehnati bilan topa olsin va ayni choqda mehnatiga loyiq yaxshi non ola olsin (T.Malik).
***
Demishlar: moru qushni bir qafasda asratib bo‘lmas,
Vatandin ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas (A.Oripov).101
Didaktemalarni keltirishdan asosiy maqsad shu orqali pand-nasihat berish, muammoli masalani echishga ko‘maklashish, qandaydir murakkab vaziyatdan chiqish yo‘llarini ko‘rsatish, to‘g‘ri yo‘lni topishda keltirilgan misoldan ibrat chiqarishga da’vat qilish yohud bo‘lib o‘tgan voqeaga munosabat bildirishdan iborat. Lingvopoetik tahlilda didaktemalarning estetik mohiyati muhim hisoblanadi.
5. Xabar mazmunli matnlar (Le texte informatif – informativ matn). Biror voqea-hodisa haqida xabar berish maqsadida tuzilgan yoki havola qilingan matn informativ matn hisoblanadi. Badiiy matnda informativlik o‘ziga xos tarzda bo‘ladi. Oddiy xabardan farq qiladi. Estetik maqsad yuklangan bo‘ladi. Narrativ, deskriptiv, argumentli, didaktik kabi matn tiplari tarkibida keladi. Masalan, Abdulla Qodiriy «O‘tkan kunlar» romani yakunida shunday bir xabarni keltiradi:
Keyingi Marg‘ilon borishimda yaqin o‘rtoqlardan Yodgorbek to‘g‘risini surishtirib bildim: Yodgorbek ushbu asrning o‘n to‘qqiz va yigirmanchi ochliq yillari miyonasida vafot qilib, undan ikki o‘g‘ul qolibdir. O‘g‘ullaridan bittasi bu kunda Marg‘ilonning mas’ul ishchilaridan bo‘lib, ikkinchisi Farg‘ona bosmachilari orasida ekan. Bu kunda nomu nishonsiz, o‘luk-tirigi ma’lum emas, deydilar.
Bu ham xabar mazmunli matn hisoblanadi. Lekin asar ichida emas balki, ilova sifatida keltirilgan. Asar qahramonlarining hayotdan olinganligini ta’kidlash, bunga kitobxonni ishontirish istagi bilan kiritilgan. Bu haqda asar avvalida ham yozuvchi alohida ta’kidlagan edi: «xalqimizni shu zamonning «Tohir-Zuhra»lari, «Chor darvesh»lari, «Farhod-Shirin» va «Bahromgo‘r»lari bilan tanishdirishka o‘zimizda majburiyat his etamiz.» Balki, yozuvchi, ushbu qahramonlar taqdiri qanday kechganligi haqida kitobxonlarga xabar berishni xohlagandir, balki, romanni davom ettirajagini, agar davom ettirilsa voqealar shu mazmunda bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berayotgandir. Bu bizga qorong‘u, lekin keltirilgan matn xabar mazmuniga ega. Asar ichida yozuvchi tomonidan keltirilgan turli havolalar ham informativ xarakterda bo‘lishi mumkin. «O‘tkan kunlar»da muallif Musulmonqulning dovyurakligi haqida shunday havolani keltiradi:
Musulmonqulning o‘zi ham favqulodda yuraklik edi. 1853 m. tarixida Musulmonqul qo‘qonlilarga asir tushib, uni to‘pdan otib o‘ldirish uchun dordek bir narsaning ustiga o‘tquzurlar. Ikkinchi tomondan to‘pka o‘t berish kutiladir. Shu vaqtda kishilar Musulmonquldan so‘raydilar: «Endi qalaysan, cho‘loq?» Musulmonqul kulibkina javob beradir: «Alhamdulilloh, hali ham sizlardan yuqori bir erda o‘ltiribman!»
Do'stlaringiz bilan baham: |