Matematika
IV sinf
O’qituvchi kitobi
Kirish
"Matematika 4" darsligi "Talim to'g'risida" gi qonun talablari va uni amalga oshirish yo'lidagi ehtiyojlarini qondirish maqsadida yaratilgan bo'lib, ertangi kunimiz egalari bo'lgan yoshlarni milliy istiqlol mafkurasi ruhida, bilimdon qilib tarbiyalashga, ularning ma'naviyati yuksak erkin va pok insonlar bo'lib yetishishiga xizmat qiladi degan umiddamiz.
Darslikda ilgari surilgan va bayon qilingan o'quv ma'lumotlarini o'quvchilar ongiga yetkazish hamda o'zbekona odob, milliy an'analar ruhi va xalqaro bilimdonlik mezonlariga muvofiq ta'lim berishda o'qituvchiga amaliy yordam vazifasini bajaradi deb o'ylaymiz
O'qituvchi ta'lim jarayonida bolalarning nafaqat ma'lum bilim va malakalarini o'zlashtirib olishi, balki ularda kuzatuvchanlik, idrok, ijodiy tasavvur, diqqat, xotira, tafakkur kabi bilish qobilyatlarining ilmiy rivojlanishini ham nazarda tutadi. Bu ishlar mantiqiy tafakkur bilan bog'liq ravishda of'zaki va yozma matematik nutqni o'ziga xos aniq, ixcham, sodda va to'g'ri bayon qilish kabi zarur sifatlarni rivojlantirishi kerak.
Yuqoridagi maqsadlardan kelib chiqib o'quvchilar aqliy faoliyatining muhim usullari: tashkil qilish, taqqoslash, umumlashtirish, aniqlik kiritish, o'xshashini topish kabi murakkab vazifalarni bajarish ko'nikmalarini ham hosil qilish lozim. O'qituvchi bolalarga darsda o'rganilayotgan tushuncha qoidalarning hammasi amaliy faoliyatida ishlatilishini, ular turmush talablari tufayli kelib chiqqanligini tushuntirishi kerak. Shu bois darslikda berilgan o'quv ma'lumotlari o'zbekona milliy ruhda yozilgan bo'lib, masalalar mazmuni mahalliy, korxonalar, milliy hunarmandchilik va fermer xo'jaliklari hayotidan olingan.
Shuningdek qo'llanmada darslik va boshqa didaktik materiallardan unumli foydalanish, darsning ta'limiy imkoniyatlarini yuzaga chiqarish haqida maslahatlar beriladi.
Darsga tayyorlanishda o'qituvchi darslikdagi o'quv ma'lumotlari va qo'llanmadagi ko'rsatmalar bilan to'liq tanishib chiqib, ularning mazmunini va maqsadini puxta idrok qilganidan keyingina dars rejasini tuziadi, kerakli ta'lim vositalarini tayyorlaydi
Qo'llanmada har qaysi mavzu bo'yicha oldin uni o'rganishga doir asosiy vazifalar belgilanadi, dars tarkibi va bosqichlari bo'yicha uslubiy maslahat va tavsiyalar keltiriladi. Albatta, bu ishlar o'qituvchining ongli ijodiy mehnati orqali amalga oshiriladi.
Mazkur qo'llanma har bir mavzu, har bir darsga mustaqil tayyorlanishda yordam berishga mo'ljallangan tavsiyalardan iboratdir. Bu tavsiyalar bolalarga berilishi kerak bo'lgan topshiriqlar, mashqlar va savollarning namumalari bo'lib, ularning miqdorini o'qituvchi sinf bilan ishlash vaqtida mavjud sharoitni hisobga olgan holda o'zi aniqlashi lozim.
Darslikdagi og'zaki, yozma, uyda bajarish uchun tavsiya etilgan mashqlardan boshqa mashqlarni, hatto o'zgartirish zarur bo'lgan deb hisoblangan hollarda ularni ham, o'quvchilarga vazifa qilib berishda o'qituvchi topshiriq turini mustaqil tanlashi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |