Uchinchidan, oliy o‘quv yurtlarida tegishli davlat idoralari va tashkilotlari hamda tadbirkorlarning maxsus buyurtmalari asosida kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yish lozim. Shunda aksariyat talabaning ish joyi ular diplom olguncha aniq bo‘ladi. Ular ertaga qayerda, qanday ishlashi kerakligini biladi. Talabaning amaliyotni o‘taydigan joyi ham aniq shu korxona hisoblanadi. Bunday holatda talaba oliy o‘quv yurtini bitirguncha nazariya bilan amaliyotning uyg‘unligini ta’minlashga erishadi. U shunchaki o‘qimaydi, balki buyurtmachining talabiga mos mutaxassis bo‘lishga harakat qiladi. Ushbu masalada hali ancha ishlarni amalga oshirishga to‘g‘ri keladi. Bu borada 2019/2020 o‘quv yilidan ish boshlandi. Buni kengaytirish va takomillashtirish lozim bo‘ladi.
Yana bir muhim jihat, talaba bir mutaxassislik bo‘yicha diplom olib, shu sohada ish bo‘lmasa, butunlay boshqa sohada faoliyat ko‘rsatishga majbur bo‘ladi. Bu aynan shu talaba uchun ham, jamiyat uchun ham katta zarar. Ya’ni, jamiyatga o‘z sohasi bo‘yicha nafi tegadigan bitta mutaxassis besamar “yo‘qoldi”, degani bu.
To‘rtinchidan, oliy ta’lim tizimida ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqot ishlari mujassam bo‘lgan intellektual mulkni tijoratlashtirish muammosini hal qilish uchun intellektual mulkning bahosi va bozori bo‘lishi kerak.
Bugungi kunda moddiy ne’matlarning bozori va bahosi aniq. Shu tufayli ushbu soha jamiyat taraqqiyotiga mos holda rivojlanib bormoqda. Ammo intellektul mulkni shakllantirish unchalik oson ish emas. Unga yillar davomida mashaqatli mehnat evaziga erishiladi. Biroq ushbu mehnat qadrlanmayotganligi uning rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan asosiy omillardan biri hisoblanadi. Shu sababli birinchi galda intellektual mulkning bahosini aniqlaydigan nizom ishlab chiqilishi lozim.
Hozir jamiyatdagi muammoni o‘ylab topadigan ham, uning yechimi bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadigan ham, so‘ngra amaliyotga shu ishni joriy qiling, deb “yalinib” yuradiganlar ham ilmiy xodimlar, olimlar. Bunday holat ilmiy ishga, intellektual mulkning sohibi bo‘lishga qiziqish uyg‘onmayapti olimlarda. Hozir olimlarimiz faqat oylik maoshi oshirilganligi tufayli mazkur sohada faoliyat ko‘rsatishga qiziqib, harakat qilmoqda. Ammo bu yerda ham ancha kamchiliklarimiz bor. Turli intellektual mulk sohiblari mavjud. Lekin ularga haq to‘lash o‘rtasidagi tofovut, shu intellektual mulkdagi tafovut bilan mos kelmaydi. Shu nuqtai nazardan murojaatnomada ta’kidlangan pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega bo‘lgan, o‘z ishida aniq natijalarga erishgan o‘qituvchilarga yuqori maosh to‘lash tizimi joriy etilishi intellektual mulkning qadrlanishiga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |