Oliy ta’limda nimalarni o‘zgartirish lozim?
TelegramFacebookTwitterOdnoklassniki
O‘zbekiston taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarildi. Bu bosqichda rivojlanish darajasi o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Eng avvalo, shunga mos kadrlar, texnika va texnologiyalar kerak. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 24 yanvarda Oliy Majlisga Murojaatnomasida qayd etilganidek “Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a’zolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-ma’rifat, yuksak ma’naviyat kerak. Ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va albatta, to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi”.
Endi masalaga real qaraylik. Bugungi ahvolimiz qanday, malakali kadrlarning jamiyatdagi hissasi va o‘rni talabga javob beradimi? Albatta, bu savollarga juda ko‘tarinki mamnuniyat bilan javob berish qiyin. Chunki, bugungi kunda mehnatga qobiliyatli aholining atigi 35 foizidan sal ortiqrog‘igina oliy ma’lumotli. Qolgan 65 foiz aholi o‘rta maxsus yoki o‘rta ma’lumotli kishilar. Rivojlangan mamlakatlarda mehnatga qobiliyatli aholining 80-90 foizi oliy ma’lumotga egaligini inobatga oladigan bo‘lsak, o‘zimizda ahvol qay holatda ekanligiga izohning hojati yo‘q. Murojaatnomada 2020 yilda maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazish vazifasi belgilandi.
Bugungi kunda har bir kishi zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirgan, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lishga harakat qilishi lozim. Bunday odat, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak.
Bizning havodan nafas olishimiz, har kuni oziqlanishimiz – uzluksiz hayotiy ehtiyojimizdir. Xuddi shunday chinakam ma’rifatli va madaniyatli bo‘lish uchun intilib yashash ham kundalik hayotiy ehtiyojimizga aylanishi kerak. Zero, bugungi shiddat bilan o‘zgarayotgan zamonda, bilimni o‘zlashtirish ham, chinakam ma’rifatga intilish ham, yuksak mdaniyat sohibi bo‘lish ham bir lahza kechiktirib bo‘lmaydigan jarayonga aylandi. Bunga befarqlikni, eng avvalo o‘zining, taraqqiyotning va nihoyat, jamiyatning dushmani, deb baholash mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida mamlakatimizda oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishga oid ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi. Ushbu keng ko‘lamli vazifalarni bajarishda nafaqat oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, balki butun xalqimizning faol ishtiroki taqozo etiladi.
Oliy ta’lim tizimini isloh qilish borasida qo‘yilgan ustuvor vazifalar va bugungi holatdan kelib chiqib, ta’lim sohasida qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligiga e’tiborni qaratishni lozim, deb topdik.
Do'stlaringiz bilan baham: |