O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
TOSHKENT KIMYO-TEXNOLOGIYA INSTITUTI YANGIYER FILIALI
”UMUMIY FANLAR”
KAFEDRASI SILINDRSIMON TISHLI UZATMALARNI HISOBLASH VA LOYIHALASH ASOSLARI (USLUBIY QO’LLANMA)
YANGIYER – 2021
Annotatsiya Ushbu o’quv – uslubiy qo’llanma “Texnik mexanika” fanini “Mashina detallari” bo’limidan kurs loyiha topshiriqlarini bajarishi lozim bo’lgan bo’limlarni o’z ichiga olgan va texnika oliy o’quv yurtlari talabalari uchun mo’ljallangan.
Uslubiy qo’llanmada “Tishli uzatmalar”ga doir qisqacha nazariy ma’lumotlar va yuritmani turli mexanik uzatmalari qismlarini hisoblash va loyihalashga doir misol keltirilgan.
“Mashina detallari” bo’limi bo’yicha kurs loyiha ishlarini bajarish, talaba tomonidan ilk bor aniq misollar asosida, mustaqil ravishda bajariladigan muhandislik – konstruktorlik ishi hisoblanadi. Shuning uchun mazkur qo’llanma talabalar uchun yozilishi ayni muddaodir.
Mazkur o’quv – uslubiy qo’llanma Respublika oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tavsiyalari va ko’rsatmalari hamda ishchi dastur asosida sodda tushunarli tilda yozilgan.
Tuzuvchilar: dots. Shernayev A., kat.o’q. Mo’minov X.T.
Taqrizchilar: t.f.d. Rizayev A.N.
Mazkur uslubiy ko’rsatma “Umumy fanlar” kafedrasi majlisida muhokama qilindi va TKTI Yangiyer filiali ilmiy kengashiga tavsiya etildi.
Bayonnoma № “___” _______ 2021 y
Uslubiy ko’rsatma TKTI Yangiyer filiali ilmiy kengashida muhokama qilindi va ko’p nusxada nashr etilishga ruxsat berildi.
Bayonnoma № “___” _______ 2021 y
I.TISHLI UZATMALAR 1.1.Umumiy ma’lumotlar
Harakatni bir valdan ikkinchi valga tishli g’ildiraklar vositasida uzatish mexanizmi tishli uzatma deb ataladi. Tishli uzatmalar ikki turli bo’ladi, ya’ni ochiq va yopiq. Talabalarni kurs loyihalash ishlarida yopiq tishli uzatmalar loyihalanadi.
Yopiq uzatmalar alohida korpuslarga (masalan, reduktor ko’rinishida) yoki mashinani o’ziga o’rnatilgan holda bo’lishi mumkin.
Loyihalashda tishlarni yuzalarini toliqishdan emirilishiga chidamliligini aniqlash maqsadida g’ildirak tishlarini eguvchi kuchlanish va kontakt kuchlanishga hisoblanadi. Bu hisob asosida g’ildirak o’lchamlari va ilashish o’lchamlari aniqlanadi, so’ng tishlarni chidamliligi eguvchi kuchlanish bo’yicha hisoblanadi, natijada tishlarni toliqishdan emirilishini oldi olinadi. Asosan tishlarni egilishdagi kuchlanish, kontakt mustahkamlikka hisoblashdagi qiymat ruxsat etilgandan kichik bo’ladi. G’ildirak tishlari soni 200 tadan ko’p bo’lganda yoki tish sirtiga termoximik ishlov berish natijasida qattiqligi (NRC>40) yuqori bo’lgan tishlarni sinishi xavfi yuzaga kelishi mumkin. Bu holni chetlab o’tish uchun tish o’lchamlari, chidamlilikka eguvchi kuchlanish asosida hisoblanadi.
Ochiq tishli uzatmalar, asosan, tishlarni ishlash davrida emirilishini hisobga olgan holda, chidamliligi eguvchi kuchlanish bo’yicha hisoblanadi. Bunday holda tish sirtini kontakt kuchlanish bo’yicha tekshirish shart emas, chunki tish sirtini obraziv emirilishi, o’zgaruvchi kontakt kuchlanish ta’siridan qiyshayishini oldini oladi.
Vaqtli katta yuk ta’sirida ishlovchi tishli uzatmalarni tishlarini mo’rt emirilishiga, tishlarni ish yuzalarini plastik deformastiya ta’siridan egilishini oldini olish maqsadida, egilishga va kontakt kuchlanishga tekshirish shart. Bu ochiq va yopiq uzatmalar uchun teng kuchli ahamiyatga ega. Vaqtli yuk ta’siri tishlarni tashqi yuzalari va umumiy toliqishga mustahkamligiga ta’sir etmaydi. Shuning uchun, bunday kuchlar ta’siridan hosil bo’ladigan kuchlanishlarni aniqlashni, tishlarni yuzaviy va umumiy statik mustahkamlik bo’yicha tekshirish deb qarash mumkin. Hisob tenglamalari toliqishdan mustahkamlikka hisoblash tenglamasi bilan bir xil, lekin bu hisobda ishlatiladigan ruxsat etilgan kuchlanishlar har xil bo’ladi.