Bundan tashqari, pedagogik texnologiyalar o‘z ichiga quyidagi omillarni qamrab oladi:
ta’limda umumiy maqsadning qo‘yilishi;
tuzilgan umumiy maqsaddan aniq maqsadga o‘tish;
o‘quvchilarning bilim darajalarini dastlabki (tashxisli) baholash;
bajariladigan o‘quv tadbirlar majmuasi (bu bosqichda o‘quvchilar bilan muloqot asosida ta’limga joriy tuzatishlar kiritilishi lozim);
natijani baholash.
Bundan ko‘rinib turibdiki, ta’limda texnologik yondashuv bolaning o‘zlashtirish darajasini, dunyoqarashini sezilarli darajada o‘zgartiradi. Shu bilan birga ta’lim jarayoniga qiziqishining ortishiga xizmat qiladi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning jismoniy rivojlanishi, o`z-o`ziga xizmat va gigiyena, ijtimoiy-hissiy rivojlanish, nutq, o`qish va savodga tayyorgarlik, bilish jarayoni, atrof-muhit to`g`risidagi bilimlarga ega bo`lishlarida mashg`ulotlarda berib boriladigan bilimlarning tizimli, izchil olib borilishi, ma’lumotlarning tushunarli, bolaga qulay hamda sodda usullarda yetkazish tarbiyachidan mahorat va izlanishni talab etadi.
Tarbiyachi mashg`ulotlarda bolalarning o`zaro inoqligini yuzaga keltirishi, zerikishining oldini olish maqsadida har xil ta’limiy o`yin va mashqlar tashkil etishi, bu orqali bolalarning turli bilimlarni o`zlashtirishiga shart-sharoit yaratishi lozim.
Quyida mashg`ulotlar orasida bolalarning faolligini ta’minlaydigan, ularda bilishga qiziqishni oshiradigan mashqlar, ta’limiy o`yinlar tavsiya etiladi.
“Qalamdon” o`yini
O`yinning borishi: bolalar stullarga aylana shaklda o`tirishadi. Har bir bolaga qalamlar rangining nomi beriladi va rangli qog`ozlar bolaning kiyimiga ildiriladi. Masalan, Aziza – qizil qalam, Manzura – ko`k qalam, Madina – oq qalam, Sardor – yashil qalam… Bolalar soni 20–25 nafar bo`lsa, yetti xil qalam rangi bolalar soniga qarab teng bo`linadi va natijada bitta rang uch-to`rt nafar bolaga to`g`ri keladi. Masalan, qizil rangli qalamlar: Aziza, Komron, Otabek…
Ranglar taqsimlab bo`lingach, bolalardan diqqatni jamlash so`raladi. Tarbiyachi bolalarga “Qalamdondan ko`k qalamlar chiqsin!” deganida, ko`k rangli qalam berilgan bolalar o`rnidan turib, joylarini almashtirib olishi lozim. Tarbiyachi esa chaqqonlik bilan 3–4 boladan birining bo`shagan stuliga o`tirib oladi. Shunda bir bolaga stul yetmay, davrani olib borish unga o`tadi. Agar tarbiyachi “Qalamdondan hamma qalamlar chiqsin!” desa, barcha bolalar o`rnidan turib boshqa stulga o`tishi lozim. Tarbiyachi kimnidir joyiga o`tirib olsa, bir bola o`rinsiz qoladi va yetakchilikni davom ettiradi. Bolalar ham stullar soni kabi kamayib boraveradi.
Maqsad: bolalar diqqatini oshirish, ranglarni farqlashga o`rgatish.
“Qadrdon do`stlar” o`yini
O`yinning borishi: bolalar ikki qator bo`lib, bir-birlariga qarama-qarshi tarzda o`tiradi. Birinchi qatordagi bolalarga mevalarning o`zbekcha nomi beriladi. Masalan, olma, nok, anor, uzum, limon, ananas… Ikkinchi qatordagi bolalarga shu mevalarning inglizcha tarjimasi beriladi. Masalan, apple, pear, pomegranate, grape va h.k.
Mevalarning o`zbekcha va inglizcha nomlari bolalarga aytilgandan keyin, o`yinning sharti tushuntiriladi. Mevaning inglizcha nomi aytilganida, o`zbek tilidagi tarjimasi berilgan bola turib, o`zaro joy almashishadi. Masalan, “Apple” deganida, olma joyidan turib, sherigi bilan so`rashib, keyin o`rin almashishadi. Tarbiyachi tez-tez meva nomlarini almashtirib, goh o`zbekcha, goh inglizcha nomlarni aytadi. Bolalar o`zlariga tegishli meva nomini eshitib, sherigini topib, joy almashadi.
Maqsad: bolalar ziyrakligini, inglizcha so`z boyligini oshirish.
“Geometrik shakllar” o`yini
O`yinning borishi: tarbiyachi bolalarni gilam ustida ikki guruhga bo`ladi (uch-to`rtta guruh qilish ham mumkin). Guruhlarda bolalar soni teng bo`linadi. Bolalar gilam ustida aylana bo`lib o`tirib olishadi. Bolalar orasiga turli xil geometrik shakllar yig`ib qo`yiladi. Tarbiyachi tomonidan biror geometrik shaklning nomi aytiladi va bolalarga shaklni aytilgan joyga tezroq olib kelish topshirig`i beriladi.
Masalan, kvadrat, aylana, uchburchak… Bolalar aytilgan shaklni topib, manzilga tezroq olib borishlari lozim bo`ladi.
To`g`ri va tez topgan jamoa har safar yulduzcha bilan taqdirlanadi. Musobaqa oxirida yulduzchalar soni sanaladi va g`olib jamoa aniqlanadi.
Maqsad: bolalarning geometrik shakllarga oid bilimlarini mustahkamlash, ziyraklik, chaqqonlikka undash.
XULOSA
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 30-sentabrdagi farmonida uzluksiz ta’lim tizimining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, samarali davlat boshqaruvi tizimini yaratish, maktabgacha ta’lim muassasalari davlat va nodavlat tarmog‘ini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash belgilab berilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 528-son qarori asosida “Davlat maktabgacha ta’lim muassasasi to‘g‘risida” nizom tasdiqlangan. Ushbu nizomda maktabgacha ta’lim muassasasining quyidagi vazifalari keltirilgan:
– bolalarning hayotini muhofaza qilish va sog‘lig‘ini mustahkamlash;
– bolalarda xalqimizning yuksak ma’naviyati va insonparvarlik an’analariga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish;
– bolaning rivojlanishidagi (nutqi, ko‘rishi, eshitishida) yengil nuqsonlarni korreksiyalashni amalga oshirish;
– ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini joriy etish;
– bolaning shaxsi va boshqa jihatlarini rivojlantirgan holda uni boshlang‘ich ta’limni olish va ta’limning keyingi bosqichiga tayyorlash.
Do'stlaringiz bilan baham: |